Qirqquloqlar bo‘limi
Mavzular
Qirqquloqlarning umumiy tavsifi
Yer yuzida qirqquloqlarning 10 000 ga yaqin turi tarqalgan. Qirqquloqlarga ildizpoyali ko‘p yillik o‘tlar kiradi. Faqat tropik va subtropik mintaqalardagina ularning daraxtsimon vakillari uchraydi.
Yer betiga qirqquloqlarning bir to‘p patsimon qirqilgan uzun barglari o‘sib chiqadi. Yosh barglarning uchi o‘ralgan bo‘lib, barg o‘sgan sari yozila boradi.
Qirqbo‘g‘imdan farqi va sporalar
Qirqquloqlar o‘sishi jihatidan qirqbo‘g‘imlarga o‘xshasa ham, lekin bargining yirikligi va spora beruvchi boshoqlarining bo‘lmasligi bilan ulardan farq qiladi. Qirqquloqlarning sporalari barglarining ostki tomonida yoki chetida joylashgan qo‘ng‘ir rangli bo‘rtma (sorus)lar ichiga joylashgan sporangiylarda yetishadi.
Ko‘payishi: sporadan gametofitgacha
Qirqquloqlarning ko‘payishi ham xuddi qirqbo‘g‘imlarnikiga o‘xshash jinssiz va jinsiy bo‘g‘inlarning gallanishi bilan sodir bo‘ladi. Soruslardagi sporangiylar ichida yetilgan sporalar sporangiy po‘sti yorilgach tashqariga chiqadi va shamol yoki suv yordamida tarqaladi.
Nam tuproqqa tushgan sporadan gametofit o‘sib chiqadi. Qirqquloqlarning gametofit bo‘yi 1 sm keladigan, yashil, yupqa va yuraksimon o‘simta bo‘lib, pastki qismidagi rizoidlari bilan tuproqqa yopishib turadi. Lekin u uzoq yashamaydi.
Urug‘lanish va hayot sikli
Gametofitdagi anteridiylarda ko‘p xivchinli harakatchan spermatozoidlar, arxegoniylarda esa tuxum hujayra yetiladi. Yomg‘ir paytida anteridiy va arxegoniy uchidan ochiladi va anteridiydan chiqqan spermatozoidlar arxegoniylar ichiga kirib, tuxum hujayra bilan qo‘shiladi. Urug‘langan tuxum hujayradan murtak hosil bo‘ladi. Murtak esa o‘sib, undan yangi qirqquloq – sporofit rivojlanadi (88-rasm).


Qirqquloqlardagi vegetativ ko‘payish ildizpoyalari orqali sodir bo‘ladi.
O‘zbekistonda qirqquloqlar asosan tog‘lardagi o‘rmonlarda, qoyalar soyasida, g‘orlar ichidagi sernam tuproqlarda o‘sadi.
Zuhrasoch qirqquloqi
Bularga misol qilib, zuhrasoch qirqquloqi va suv qirqquloqini keltirish mumkin (89-rasm).

Zuhrasoch – ildizpoyali, ko‘p yillik o‘t. Bargi (poyasi) keng nashtarsimon, uzunligi 10–40 sm, 2–3 karra patsimon bo‘lingan. Barg bo‘laklari ham qisqa bandli, barglarning ostki tomonida soruslar joylashgan, undagi sporangiylarda sporalari yetiladi.
Suv qirqquloqi
Qirqquloqlarning O‘zbekistonda suvda o‘sadigan vakili suv qirqquloqidir. Suv qirqquloqi bir yillik ildizsiz o‘simlik. Ingichka, kalta poyasidagi bo‘g‘imlarda uchtadan barg joylashgan. Ikkita bargi butun bo‘lib suv yuzasida, uchinchi bargi ipsimon qirqilgan bo‘lib suv ostida turadi. Suv ostidagi barglari asosida soruslar joylashgan. Ularda ikki xil sporalar yetiladi (90-rasm).
Bilimingizni sinang
Yer yuzida qirqquloqlarning nechta turi tarqalgan?
- 10 000 ga yaqin
- 1 000 ga yaqin
- 20 000 dan ortiq
- 30 dan ortiq
To‘g‘ri javob: 10 000 ga yaqin. Yer yuzida qirqquloqlarning 10 000 ga yaqin turi tarqalgan.
Qirqquloqlarning gametofiti qanday tuzilgan?
- Bo‘yi 1 sm li, yashil, yupqa, yuraksimon o‘simta
- Bo‘yi 1 sm li, qo‘ng‘ir rangli, boshoqsimon o‘simta
- Bo‘yi 40 sm li, patsimon bargli o‘simta
- Bo‘yi 10 sm li, ipsimon, uzoq yashaydigan o‘simta
To‘g‘ri javob: Bo‘yi 1 sm li, yashil, yupqa, yuraksimon o‘simta. Gametofit bo‘yi 1 sm li, yashil, yupqa, yuraksimon o‘simta bo‘lib, rizoidlari bilan tuproqqa yopishadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qirqquloqlarning daraxtsimon vakillari faqat tropik va subtropik mintaqalarda uchraydi; II. Yosh barglarining uchi o‘ralgan bo‘lib, barg o‘sgan sari yozila boradi; III. Qirqquloqlar bir yillik o‘tlardir.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: qirqquloqlarga ildizpoyali ko‘p yillik o‘tlar kiradi.
Qirqquloqlar vakillari va tuzilmalarini moslang: 1) Zuhrasoch qirqquloqi; 2) Suv qirqquloqi; 3) Gametofit; a) bir yillik ildizsiz o‘simlik; b) ildizpoyali ko‘p yillik o‘t; c) bo‘yi 1 sm li yuraksimon o‘simta.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Zuhrasoch – ildizpoyali ko‘p yillik o‘t; suv qirqquloqi – bir yillik ildizsiz; gametofit – yuraksimon o‘simta.
Qirqquloq hayot siklini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) murtak hosil bo‘lib, undan yangi qirqquloq (sporofit) o‘sadi; 2) spora nam tuproqqa tushadi; 3) spermatozoid tuxum hujayra bilan qo‘shiladi; 4) gametofit o‘sib chiqadi.
- 2-3-4-1
- 2-4-3-1
- 4-2-3-1
- 2-4-1-3
To‘g‘ri javob: 2-4-3-1. Spora nam tuproqda gametofitni beradi, urug‘lanishdan so‘ng murtak o‘sib sporofit hosil qiladi.
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- zigota
- sporofit
- arxegoniy
- yosh barglar
To‘g‘ri javob: sporofit. 88-rasm. Qirqquloqning hayot sikli: 1 – sporofit; 2 – sorusdagi sporangiylar; 3 – sporangiy; 4 – sporaning unishi; 5 – gametofit; 6 – anteridiy; 7 – arxegoniy; 8 – spermatozoidlar; 9 – zigota; 10 – mu
Rasmda «spermatozoidlar» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 2
- 4
- 8
- 10
To‘g‘ri javob: 8. 88-rasm. Qirqquloqning hayot sikli: 1 – sporofit; 2 – sorusdagi sporangiylar; 3 – sporangiy; 4 – sporaning unishi; 5 – gametofit; 6 – anteridiy; 7 – arxegoniy; 8 – spermatozoidlar; 9 – zigota; 10 – mu
Rasmda 7 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- yosh barglar
- zigota
- anteridiy
- arxegoniy
To‘g‘ri javob: arxegoniy. 88-rasm. Qirqquloqning hayot sikli: 1 – sporofit; 2 – sorusdagi sporangiylar; 3 – sporangiy; 4 – sporaning unishi; 5 – gametofit; 6 – anteridiy; 7 – arxegoniy; 8 – spermatozoidlar; 9 – zigota; 10 – mu
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash