Ochiq urug‘li o‘simliklar bo‘limi. Archa
Mavzular
Ochiq urug‘li o‘simliklar
Yer yuzida ochiq urug‘li o‘simliklarning 700 ga yaqin turi borligi aniqlangan.
Ochiq urug‘li o‘simliklar bo‘limi daraxt va butalardan tashkil topgan. Ular urug‘laridan ko‘payadi. Ochiq urug‘li o‘simliklarning urug‘lari gulli o‘simliklarnikiga o‘xshash meva ichida yopiq holda emas, balki qubbalarning tangachalarida ochiq holda yetishadi. Shuning uchun ham ular ochiq urug‘li o‘simliklar deyiladi.
Ochiq urug‘li o‘simliklarga misol qilib archa, saur, qarag‘ay va qoraqarag‘ay, sekvoyadendron kabi o‘simliklarni keltirish mumkin.
Archaning tuzilishi
Archalar bo‘yi 20 m gacha yetadigan, doimo yashil daraxtdir (91-rasm). Tog‘larning 3500–4500 m balandlikdagi yonbag‘irlarida, sovuq va doimiy shamol ta’sirida archaning yer bag‘irlab o‘sishga moslashgan turlari ham uchraydi.

Archalarning barglari juda mayda, yashil rangli, tangachasimon yoki ignasimon.
Changlanish va urug‘lanish
Zarafshon archasi ikki uyli o‘simlik. Bahor oxirlarida ayrim archa tuplarining yosh novdalarida mayda qubbachalar hosil bo‘lib, ularda juda ko‘p miqdorda chang yetishadi. Bu qubbachalar changchili qubbalar deb ataladi. Shu vaqtda archaning boshqa tuplarida uzunligi 0,5–1 sm keladigan sharsimon qubbalar hosil bo‘ladi. Bu qubbalar urug‘kurtakli qubbalar deb ataladi. Urug‘chi qubbalarning tangachalarida urug‘kurtak joylashadi. Urug‘kurtakdagi arxegoniy ichida esa tuxum hujayra yetishadi.
Changchi qubbachalarda yetilgan chang boshqa tupda yetilgan urug‘chi qubbalarga kelib tushadi va uni changlantiradi.
Urug‘kurtakka tushgan chang donasining vegetativ hujayrasi o‘sib chang nayini hosil qiladi. Generativ hujayradan hosil bo‘ladigan spermiylardan biri arxegoniydagi tuxum hujayrani urug‘lantiradi. Urug‘langan tuxum hujayradan murtak, urug‘kurtakdan urug‘ rivojlanadi.
Urug‘ning pishishi
Urug‘lanishdan so‘ng urug‘chi qubbani tashkil qilgan tangachalar tezda o‘sadi, yo‘g‘onlashadi va o‘zlaridan ajralib chiqqan mum (smola) orqali bir-birlari bilan qo‘shilib, qubbani o‘rab turuvchi etdor, yumshoq po‘stga aylanadi.
Archaning urug‘chi qubbalari urug‘langandan keyin ikkinchi yoki uchinchi yilda pishadi.
Archaning turlari
O‘rta Osiyoda archaning 7 ta yovvoyi turi o‘sadi, ulardan 3 tasi O‘zbekiston tog‘larida o‘sadi (Zarafshon archasi, Turkiston archasi va Saur archa). Bundan tashqari, shahar ko‘chalarida, manzarali daraxt sifatida Virgin archasi ekiladi. Virgin archasining vatani Shimoliy Amerika.
Manzarali o‘simliklar qatorida archadoshlar oilasiga mansub daraxtlardan yana biri Sharq sauri ekiladi. U tana va bargining tuzilishi bilan archaga o‘xshaydi, lekin yosh novdalarning o‘ziga xos shoxlanishi va pishgan qubbalarining notekis choklar orqali ochilishi bilan archalardan farq qiladi.
Qarag‘ay turkumi
Qarag‘ay turkumi qarag‘aydoshlar oilasiga mansub bo‘lib, yer yuzida turkumning 100 ga yaqin turi o‘sadi. Ular, asosan, Shimoliy Yarimsharda tarqalgan. Yevropa, Osiyo va Amerikada katta-katta maydonlarda qarag‘ay o‘rmonlari mavjud.
O‘zbekistonda qarag‘aylar tabiiy holda o‘smaydi. Ularning 10 ga yaqin turi O‘zbekistonda eng yaxshi xushmanzara va yog‘ochbop o‘simlik sifatida ekib o‘stiriladi.
Qarag‘aylardan eng keng tarqalgani oddiy qarag‘ay hisoblanadi (92-rasm). Oddiy qarag‘ay bir uyli yorug‘sevar, doimo yashil daraxt. Ochiq joylarda o‘sgan tuplari juda ham sershox va salobatli bo‘ladi. Barglari novdalarda 2 tadan bo‘lib o‘rnashgan, uzunligi 5–7 sm, och yashil rangli. Oddiy qarag‘ay urug‘idan yaxshi o‘sadi.

Qarag‘ay qubbalari
Changchili qubbalar bahor oylarida yosh novdalarning pastki qismida hosil bo‘ladi. Qubbalarning o‘rtasidan o‘tadigan o‘qda spiral shaklida tangachalar, tangachalarning ostki qismida changdonlar o‘rnashgan. Changdonlar ichida chang donalari hosil bo‘ladi va shamol yordamida urug‘chi qubbalarga uchib o‘tadi.
Urug‘kurtakli qubbalar bittadan yoki ikkitadan uzun novdalarning uchida paydo bo‘ladi. Qubbaning o‘rtasidan o‘tgan o‘qqa urug‘chi tangachalar birlashadi. Bu tangachalarning ustida 2 tadan urug‘kurtak joylashadi.
Oddiy qarag‘ayning qubbalari 2 yilda yetiladi va shamol ta’sirida to‘kila boshlaydi.
Qarag‘aylardan oliy nav qog‘ozlar tayyorlashda va texnik spirtlar olishda foydalaniladi.
Bilimingizni sinang
Yer yuzida ochiq urug‘li o‘simliklarning nechta turi borligi aniqlangan?
- 7 ta
- 70 ga yaqin
- 7 000 ga yaqin
- 700 ga yaqin
To‘g‘ri javob: 700 ga yaqin. Ochiq urug‘li o‘simliklarning 700 ga yaqin turi aniqlangan.
Archa qanday daraxt va bo‘yi qanchagacha yetadi?
- Yozda bargini to‘kadigan, bo‘yi 5 m gacha
- Yozda bargini to‘kadigan, bo‘yi 20 m gacha
- Doimo yashil, bo‘yi 60 m gacha
- Doimo yashil, bo‘yi 20 m gacha
To‘g‘ri javob: Doimo yashil, bo‘yi 20 m gacha. Archalar bo‘yi 20 m gacha yetadigan, doimo yashil daraxtdir.
Zarafshon archasi changchili va urug‘kurtakli qubbalarning joylashuviga ko‘ra qanday o‘simlik?
- Uch uyli
- Ko‘p uyli
- Ikki uyli
- Bir uyli
To‘g‘ri javob: Ikki uyli. Zarafshon archasi ikki uyli o‘simlik: qubbalar turli tuplarda hosil bo‘ladi.
Shahar ko‘chalarida manzarali daraxt sifatida ekiladigan Virgin archasining vatani qayer?
- Shimoliy Amerika
- Yevropa
- Markaziy Osiyo tog‘lari
- Yaponiya
To‘g‘ri javob: Shimoliy Amerika. Virgin archasining vatani Shimoliy Amerika.
Oddiy qarag‘ayning barglari novdalarda qanday o‘rnashgan va uzunligi qancha?
- bittadan, 5–7 sm
- 2 tadan, 20 sm
- 2 tadan, 5–7 sm
- 3 tadan, 1–2 sm
To‘g‘ri javob: 2 tadan, 5–7 sm. Oddiy qarag‘ay barglari novdalarda 2 tadan o‘rnashgan, uzunligi 5–7 sm.
Ochiq urug‘li o‘simliklar nima uchun shunday ataladi?
- Urug‘lari mevaning ichida yopiq holda yetishadi
- Urug‘lari meva ichida emas, qubbalarning tangachalarida ochiq holda yetishadi
- Urug‘lari faqat shamol bilan ochiq maydonga uchib tarqaladi
- Gullari ochiq holda joylashadi
To‘g‘ri javob: Urug‘lari meva ichida emas, qubbalarning tangachalarida ochiq holda yetishadi. Urug‘lari meva ichida emas, qubbalarning tangachalarida ochiq holda yetishgani uchun ular ochiq urug‘lilar deyiladi.
Urug‘lanishdan so‘ng archaning urug‘chi qubbasi etdor, yumshoq po‘stga qanday aylanadi?
- Tangachalar o‘sib, yo‘g‘onlashib, smola orqali o‘zaro qo‘shiladi
- Tangachalar quriydi va qubba o‘qidan ajralib to‘kiladi
- Tangachalar o‘zaro qo‘shilmay, alohida ochiq qoladi
- Tangachalar ingichkalashib, chang bilan qoplanadi
To‘g‘ri javob: Tangachalar o‘sib, yo‘g‘onlashib, smola orqali o‘zaro qo‘shiladi. Tangachalar o‘sadi, yo‘g‘onlashadi va ajralgan mum (smola) orqali qo‘shilib, etdor po‘stni hosil qiladi.
Archada chang donasining vegetativ hujayrasi urug‘lanishda qanday vazifani bajaradi?
- Spermiylarni hosil qiladi
- O‘sib, chang nayini hosil qiladi
- Arxegoniy ichida tuxum hujayraga aylanadi
- Urug‘kurtakni po‘st bilan o‘raydi
To‘g‘ri javob: O‘sib, chang nayini hosil qiladi. Vegetativ hujayra o‘sib chang nayini hosil qiladi; spermiylar esa generativ hujayradan hosil bo‘ladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash