XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 47-§.

Ra’nodoshlar oilasi

Mavzular

Oila va uning barglari

Bu oilaga Shimoliy Yarimsharning mo‘tadil iqlimli mintaqalarida o‘sadigan 3000 ga yaqin turdagi daraxt, buta va ko‘p yillik o‘tlar kiradi.

Ra’nodoshlarning barglari yonbargchali, oddiy, murakkab uch bargchali yoki murakkab toq patsimon bo‘ladi, poyada navbat bilan o‘rnashadi.

Gul va meva tuzilishi

Gullari yakka-yakka, barg qo‘ltig‘ida o‘rnashgan yoki shingil, qalqon, soyabon shaklidagi to‘pgullarda joylashgan, ikki jinsli, to‘g‘ri gul, hasharotlar yordamida changlanadi.

Gulqo‘rg‘oni murakkab, to‘g‘ri, ko‘pincha 5 a’zoli. Gultojbargi 5 ta, qo‘shilmagan. Changchilari ko‘p. Urug‘chisi bitta yoki ko‘p. Mevalari bir danakli (shaftoli, o‘rik), ko‘p danakli (malina, olma, nok) mevalar.

Oila turkumlari

94-rasm. Ra’nodoshlar oilasiga mansub o‘simliklar: qulupnay, olxo‘ri, malina, olcha, nok, shaftoli.
94-rasm. Ra’nodoshlar oilasiga mansub o‘simliklar: qulupnay, olxo‘ri, malina, olcha, nok, shaftoli.

Bu oilaga tobulg‘i, olcha, na’matak, olma, olxo‘ri, bodom, nok, shaftoli, kamxastak, gilos, qulupnay, maymunjon kabi turkumlar kiradi (94-rasm).

Mazkur oilaga kiruvchi tur va turkumlarning ko‘pligi tufayli ularning gul tuzilishini yagona formula va diagramma bilan ifodalab bo‘lmaydi.

Oddiy na’matak

Tog‘ va to‘qaylarda na’matak turkumiga mansub turlar o‘sadi. Ulardan biri oddiy na’matak (ra’no)dir (95-rasm).

U bo‘yi 2–3 m ga yetadigan, poyasi ko‘p, tikanli, sershox buta. Barglari murakkab, toq patsimon, 5–9 yaproqchali. Iyun-iyul oylarida gullaydi. Gullari yirik, eni 8–9 sm, asosan och pushti, gulkosacha va gultoji 5 tadan. Gulda juda ko‘p changchi va urug‘chilari bor.

95-rasm. 1 – na’matak novdasi; 2 – na’matak guli; 3 – na’matak mevasi.
95-rasm. 1 – na’matak novdasi; 2 – na’matak guli; 3 – na’matak mevasi.

Na’matak mevasi va atirgul

Na’matakning soxta mevasi to‘q qizil, etdor, uzunchoq tuxumsimon, uzunligi 2–3 sm, ichida juda ko‘p qattiq urug‘lari bor. Meva tarkibida inson salomatligi uchun zarur moddalardan darmondori, limon kislota, oshlovchi va boshqa moddalar bo‘ladi. Tabobatda avitaminoz kasalligining oldini olish va davolashda ishlatiladi.

O‘zbekistonda bu turkumga mansub 13 tur o‘simlik o‘sadi. Na’matak madaniy atirgullarning yovvoyi turi hisoblanadi. Hozirgi vaqtda yer yuzida atirgullarning 10 mingga yaqin, O‘zbekistonda 340 dan ortiq navi ekiladi.

Olma va nok

Olmalar olma turkumiga mansub daraxtlar bo‘lib, O‘zbekistonda ularning 5 ta turi bor.

Nok guli va mevalari bilan olmaga o‘xshaydi. Lekin mevasining etida tosh hujayralari – sklereid hujayralari borligi bilan olmadan farq qiladi. O‘zbekistonda nok turkumiga oid 7 ta tur bor.

Oilaning ahamiyati

Yovvoyi olma, nok, olcha va boshqa mevali o‘simliklar qurg‘oqchilik, sovuq va zararkunandalarga chidamliligi tufayli yangi navlar yaratishda, chatishtirish yoki payvandtag qilish uchun muhim ahamiyatga ega.

Ra’nodoshlar oilasiga tegishli o‘simliklar respublikamizda madaniy holda ham ko‘p tarqalgan. Ularga o‘rik, shaftoli, gilos va olxo‘ri, qulupnay, malina kabilar kiradi va ular xalq xo‘jaligida katta ahamiyatga ega. Oila vakillaridan ikkitasi (O‘rta Osiyo noki, Olga sorbariyasi) O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan.

Bilimingizni sinang

Ra’nodoshlar oilasiga qaysi hududlarda o‘sadigan 3000 ga yaqin tur kiradi?
  1. Tropik mintaqalarda
  2. Janubiy Yarimsharning cho‘llarida
  3. Shimoliy Yarimsharning mo‘tadil iqlimli mintaqalarida
  4. Faqat Arktika mintaqasida

To‘g‘ri javob: Shimoliy Yarimsharning mo‘tadil iqlimli mintaqalarida. Oila vakillari Shimoliy Yarimsharning mo‘tadil iqlimli hududlarida o‘sadi.

O‘zbekistonda o‘sadigan turlar sonini moslang: 1) na’matak turkumi; 2) olma turkumi; 3) nok turkumi. a) 5 ta tur; b) 7 ta tur; c) 13 ta tur.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Na’matakning 13, olmaning 5, nokning 7 ta turi o‘sadi.

Nok mevasi olma mevasidan qaysi belgisi bilan farq qiladi?
  1. Mevasi ko‘p danakli emas, bir danakli
  2. Daraxt emas, buta bo‘ladi
  3. Guli butunlay boshqacha tuzilgan
  4. Mevasining etida tosh hujayralari – sklereid hujayralari bor

To‘g‘ri javob: Mevasining etida tosh hujayralari – sklereid hujayralari bor. Nok guli va mevasi olmaga o‘xshaydi, lekin mevasi etida sklereid hujayralari bor.

Nima uchun ra’nodoshlar oilasi vakillarining gul tuzilishini yagona formula va diagramma bilan ifodalab bo‘lmaydi?
  1. Tur va turkumlarining ko‘pligi tufayli
  2. Gultojbarglari bir-biriga qo‘shilib ketgani uchun
  3. Gullari faqat bir jinsli bo‘lgani uchun
  4. Gullari to‘pgulga yig‘ilmagani uchun

To‘g‘ri javob: Tur va turkumlarining ko‘pligi tufayli. Oiladagi tur va turkumlar ko‘p, gul tuzilishi ularda turlicha.

Oddiy na’matak (ra’no) barglari qanday tuzilishga ega?
  1. Murakkab uch bargchali, yonbargsiz
  2. Murakkab, toq patsimon, 5–9 yaproqchali
  3. Oddiy, butun, qarama-qarshi joylashgan
  4. Murakkab juft patsimon, 2–3 yaproqchali

To‘g‘ri javob: Murakkab, toq patsimon, 5–9 yaproqchali. Na’matak bargi murakkab, toq patsimon, 5–9 yaproqchali.

Na’matak haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Soxta mevasi to‘q qizil, etdor, ichida juda ko‘p qattiq urug‘lari bor. II. Mevasida darmondori va limon kislota bo‘ladi. III. Tabobatda qon bosimini pasaytirish uchun ishlatiladi.
  1. II va III
  2. I va III
  3. I va II
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Na’matak mevasi avitaminozning oldini olish va davolashda ishlatiladi; III noto‘g‘ri.

Qaysi o‘simlik madaniy atirgullarning yovvoyi turi hisoblanadi?
  1. Kamxastak
  2. Tobulg‘i
  3. Na’matak
  4. Olxo‘ri

To‘g‘ri javob: Na’matak. Na’matak madaniy atirgullarning yovvoyi turi hisoblanadi.

Yovvoyi olma, nok va olcha yangi navlar yaratishda nima uchun muhim ahamiyatga ega?
  1. Ular faqat tez pishadigan mevalar beradi
  2. Ular hasharotlar yordamisiz urug‘lanadi
  3. Ular suvga bo‘lgan ehtiyojini umuman sezmaydi
  4. Ular qurg‘oqchilik, sovuq va zararkunandalarga chidamli

To‘g‘ri javob: Ular qurg‘oqchilik, sovuq va zararkunandalarga chidamli. Chidamlilik xususiyatlari chatishtirish va payvandtag sifatida qo‘llash uchun qimmatli.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiYopiq urug‘li o‘simliklar haqida ma’lumotlarKeyingi →Karamdoshlar oilasi