XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 48-§.

Karamdoshlar oilasi

Mavzular

Oila va vegetativ organlari

Karamdoshlar oilasining vakillari Yer sharining deyarli barcha qit’alarida o‘sadi. U 3000 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi.

Karamdoshlarning ko‘pchiligi bir yillik, ikki yillik va ko‘p yillik o‘tlardir. Ildizi – o‘qildiz tizimli. Poyasi tik o‘suvchi. Barglari oddiy, yonbargsiz, butun yoki qirqilgan, poyada ketma-ket o‘rnashgan.

Gul va meva tuzilishi

Gullari to‘g‘ri va ikki jinsli, shingil to‘pgulda o‘rnashgan. Gulqo‘rg‘oni murakkab gulkosacha va gultojga ajralgan. Gulkosacha to‘rtta, bir-biri bilan qo‘shilmagan gulkosachabargdan, gultoj ham to‘rtta erkin holdagi gultojbargdan tashkil topgan. Gulida ikkita urug‘chibargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan bitta urug‘chi va oltita changchisi bor.

Mevasi – qo‘zoq (bo‘yi enidan 3 marta va undan ham uzun) yoki qo‘zoqcha (bo‘yi eni bilan bir xil yoki 2 marta uzun), ko‘pincha tubidan ikki pallaga bo‘linib ochiladi (96-rasm).

Oddiy jag‘-jag‘

Karamdoshlarga mansub yovvoyi turlarning ko‘pchiligi bahorda cho‘llarda, tog‘ etaklaridagi qirlarda tarqalgan. Oila vakillaridan biri oddiy jag‘-jag‘dir (97-rasm).

97-rasm. 1 – Jag‘-jag‘ning umumiy ko‘rinishi; 2 – guli; 3 – mevasi.
97-rasm. 1 – Jag‘-jag‘ning umumiy ko‘rinishi; 2 – guli; 3 – mevasi.

Oddiy jag‘-jag‘ jag‘-jag‘ turkumiga oid, bo‘yi 10–30 sm keladigan bir yillik o‘t. Ildiz bo‘g‘izida joylashgan barglari qisqa bandli, patsimon qirqilgan, poyadagilari esa bandsiz. Gullari poyada shingil to‘pgul hosil qiladi. Changchilari 6 ta. Urug‘chisi bitta. Oddiy jag‘-jag‘ mart oyidan boshlab mayning oxirigacha gullaydi va meva (qo‘zoqcha) hosil qiladi.

O‘zbekistonda jag‘-jag‘ turkumiga oid faqat bitta tur – oddiy jag‘-jag‘ o‘sadi.

Jag‘-jag‘ va karamdoshlar ahamiyati

Oddiy jag‘-jag‘ tarkibida «C» va «K» darmondorilari, olma va limon kislotalari bor. Erta ko‘klamda to‘pbarglari ovqatga ishlatiladi. Jag‘-jag‘dan ko‘k chuchvara, ko‘k somsa tayyorlanadi. Uning yerustki qismidan tayyorlangan dorilar tabobatda qon ketishini to‘xtatishda ishlatiladi.

O‘zbekistonda karamdoshlar oilasiga mansub sabzavot ekinlariga karam (98-rasm), sholg‘om, rediska va turp kiradi.

98-rasm. Karamning iste’mol qilinadigan turlari.
98-rasm. Karamning iste’mol qilinadigan turlari.
98-rasm. Manzarali karam navlari.
98-rasm. Manzarali karam navlari.

Bo‘yoq beradigan o‘simlik sifatida esa o‘sma ekiladi.

Bu oilaga mansub 8 ta tur O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitob»iga kiritilgan.

Bilimingizni sinang

Karamdoshlar gulida gulkosachabarglar, gultojbarglar va changchilar soni qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
  1. 5 ta, 5 ta, 6 ta
  2. 4 ta, 4 ta, 6 ta
  3. 5 ta, 5 ta, 10 ta
  4. 4 ta, 4 ta, 4 ta

To‘g‘ri javob: 4 ta, 4 ta, 6 ta. Karamdoshlar gulida 4 ta gulkosachabarg, 4 ta gultojbarg va 6 ta changchi bor.

Karamdoshlarning qo‘zoq va qo‘zoqcha mevalari bir-biridan qanday farq qiladi?
  1. Qo‘zoq ikki pallaga ochilmaydi, qo‘zoqcha ochiladi
  2. Qo‘zoqning bo‘yi enidan 2 marta uzun, qo‘zoqchaniki 3 marta
  3. Qo‘zoqning bo‘yi eni bilan bir xil, qo‘zoqchaniki 3 marta uzun
  4. Qo‘zoqning bo‘yi enidan 3 marta va undan uzun, qo‘zoqchaniki eni bilan bir xil yoki 2 marta uzun

To‘g‘ri javob: Qo‘zoqning bo‘yi enidan 3 marta va undan uzun, qo‘zoqchaniki eni bilan bir xil yoki 2 marta uzun. Qo‘zoq enidan kamida 3 marta uzun, qo‘zoqcha esa eniga teng yoki 2 marta uzun.

Oddiy jag‘-jag‘ haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Bo‘yi 10–30 sm keladigan bir yillik o‘t. II. Mart oyidan mayning oxirigacha gullaydi. III. O‘zbekistonda jag‘-jag‘ turkumining uchta turi o‘sadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. O‘zbekistonda jag‘-jag‘ turkumidan faqat bitta tur – oddiy jag‘-jag‘ o‘sadi.

Moslang: 1) karam; 2) o‘sma; 3) oddiy jag‘-jag‘. a) bo‘yoq beradigan o‘simlik; b) sabzavot ekini; c) «C» va «K» darmondorilariga boy yovvoyi tur.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Karam – sabzavot, o‘sma – bo‘yoq beruvchi, jag‘-jag‘ tarkibida «C» va «K» darmondorilari bor.

Karamdoshlarning barglari qanday tuzilgan va qanday joylashgan?
  1. Murakkab, yonbargsiz, qarama-qarshi
  2. Oddiy, yonbargsiz, butun yoki qirqilgan, ketma-ket
  3. Murakkab, yonbargli, qarama-qarshi
  4. Oddiy, yonbargli, halqa shaklida

To‘g‘ri javob: Oddiy, yonbargsiz, butun yoki qirqilgan, ketma-ket. Karamdoshlar barglari oddiy, yonbargsiz, poyada ketma-ket o‘rnashgan.

Oddiy jag‘-jag‘ning yerustki qismidan tayyorlangan dorilar tabobatda qanday maqsadda ishlatiladi?
  1. Yo‘talni davolash uchun
  2. Ichni yumshatish uchun
  3. Qon bosimini pasaytirish uchun
  4. Qon ketishini to‘xtatish uchun

To‘g‘ri javob: Qon ketishini to‘xtatish uchun. Jag‘-jag‘ yerustki qismidan tayyorlangan dorilar qon ketishini to‘xtatadi.

Karamdoshlar oilasidan O‘zbekiston «Qizil kitob»iga nechta tur kiritilgan?
  1. 13 ta
  2. 8 ta
  3. 3 ta
  4. 5 ta

To‘g‘ri javob: 8 ta. Oiladan 8 ta tur «Qizil kitob»ga kiritilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiRa’nodoshlar oilasiKeyingi →Sho‘radoshlar oilasi