Sho‘radoshlar oilasi
Mavzular
Oila va uning o‘simliklari
Bu oilaga deyarli hamma qit’alarning sahro va cho‘llarida, qumlarda va sho‘rtob yerlarda o‘sadigan 1500 turga oid daraxtlar, butalar, yarim butalar, ko‘p yillik, ikki yillik va bir yillik o‘tlar kiradi.
Bu o‘simliklar ko‘pincha etdor-sersuv bo‘ladi. Barglari oddiy, yonbargsiz, ketma-ket yoki qarama-qarshi o‘rnashgan. Bargi juda kichrayib ketgan yoki butunlay yo‘qolib ketganlari ham bor.
Gul va mevaning tuzilishi
Gullari mayda, yashil yoki rangsiz, to‘g‘ri yoki qiyshiq, ikki jinsli, ba’zan ayrim jinsli, boshoqsimon yoki shingilsimon to‘pgulda o‘rnashgan. Gulqo‘rg‘oni oddiy, kosachasimon, 5 ta yashil yoki rangsiz pardasimon bargchalardan tashkil topgan yoki gulqo‘rg‘on butunlay yo‘qolib ketgan. Changchilari 2–5 ta. Urug‘chisi 2–5 mevabargdan iborat. Mevasi asosan yong‘oqcha.
Oddiy lavlagi
Sho‘radoshlarning keng tarqalgan vakillaridan biri oddiy lavlagidir (99-rasm).

Oddiy lavlagi – lavlagi turkumiga mansub ikki yillik o‘simlik. U urug‘dan birinchi yili uzun bandli yirik barglar va oziq moddalarga boy, yo‘g‘onlashgan ildiz (ildizmeva) hosil qiladi. Ikkinchi yili unda mayda bargli, sershox, uchi to‘pgullar bilan tugovchi novda vujudga keladi. U may oyida gullaydi. Gullari mayda. Gulqo‘rg‘oni oddiy, gulkosachasimon, changchilari 5 ta. Urug‘chisi 3 ta mevabargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Lavlagining mevasi yong‘oqcha, sentabrda pishadi.
Ismaloq va saksovul
Sho‘radoshlarga mansub ismaloq turkumining O‘zbekistonda 2 turi o‘sadi. Ulardan biri rezavor ismaloq bo‘lib, u ziravor o‘simliklar qatorida ekiladi. Rezavor ismaloq bir yillik o‘simlik, poya va barglari ovqatga ishlatiladi. Ikkinchisi Turkiston ismalog‘i. U bir yillik, ikki uyli begona o‘t.
Qumli cho‘llarda saksovul turkumiga oid oq va qora saksovul o‘sadi. Bularning ikkalasi ham uncha yirik bo‘lmagan daraxtlardir. Barglari juda mayda. Saksovullar martning oxiri – aprelning boshlarida o‘sa boshlaydi va gullaydi. Sentabrning ikkinchi yarmidan boshlab saksovullarning yong‘oqcha mevalari yetiladi. 5 ta gulqo‘rg‘on bargchalardan qanotchalar hosil bo‘ladi (100-rasm).

Saksovulning moslashishi va ahamiyati
Saksovul barglarining mayda, tangachasimon bo‘lishi va bir yillik novdalardan bir qismining to‘kilishi uning issiq va quruq cho‘l sharoitida yashashga moslashganligining belgisidir.
Saksovulning poyasi qimmatbaho yoqilg‘i, bir yillik novdalari va mevalari chorva mollari uchun ozuqa hisoblanadi.
Bundan tashqari, saksovullar ko‘chma qumlarni mustahkamlashda keng qo‘llaniladi.
Yem-xashak va dorivor turlar
Sho‘radoshlarning aksariyat turlari gipsli va sho‘rli cho‘l o‘tloqlaridagi asosiy yem-xashak o‘simliklari qatoriga kiradi. Masalan, teresken, izen, sho‘rak, donasho‘r turkumlariga oid o‘simliklar tuyalar va qorako‘l qo‘ylari uchun to‘yimli ozuqadir. Cherkezning bargi va mevasidan olinadigan dori tibbiyotda qon bosimini pasaytirish uchun ishlatiladi. Itsigakdan olinadigan zaharli modda – anabazin qishloq xo‘jaligiga zarar keltiruvchi hasharotlarga qarshi kurashda qo‘llanadi (101-rasm).

Bilimingizni sinang
Sho‘radoshlar oilasining 1500 ga yaqin turi asosan qayerlarda o‘sadi?
- Tog‘ yon bag‘irlarida va yaylovlarda
- Sernam o‘rmonlarda va botqoqliklarda
- Daryo sohillaridagi to‘qaylarda
- Sahro va cho‘llarda, qumlarda va sho‘rtob yerlarda
To‘g‘ri javob: Sahro va cho‘llarda, qumlarda va sho‘rtob yerlarda. Sho‘radoshlar sahro, cho‘l, qum va sho‘rtob yerlarga moslashgan.
Sho‘radoshlarning gulqo‘rg‘oni qanday tuzilgan?
- Murakkab, 4 ta gulkosachabarg va 4 ta gultojbargli
- Oddiy, 10 ta yirik rangli gultojbargdan iborat
- Murakkab, gulkosacha va gultojga ajralgan
- Oddiy, kosachasimon, 5 ta yashil yoki rangsiz pardasimon bargchali
To‘g‘ri javob: Oddiy, kosachasimon, 5 ta yashil yoki rangsiz pardasimon bargchali. Sho‘radoshlarda gulqo‘rg‘on oddiy, kosachasimon (ba’zan butunlay yo‘qolgan).
Sho‘radoshlar haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Gullari mayda, yashil yoki rangsiz. II. Changchilari 2–5 ta. III. Mevasi asosan rezavor.
- I va III
- II va III
- I, II va III
- I va II
To‘g‘ri javob: I va II. Sho‘radoshlar mevasi asosan yong‘oqcha, III noto‘g‘ri.
Oddiy lavlagi birinchi yili nimalarni hosil qiladi?
- Gul va yong‘oqcha mevalar
- Mayda bargli, sershox, to‘pgulli novda
- Uzun bandli yirik barglar va yo‘g‘onlashgan ildiz (ildizmeva)
- Faqat tangachasimon barglar
To‘g‘ri javob: Uzun bandli yirik barglar va yo‘g‘onlashgan ildiz (ildizmeva). Birinchi yili lavlagi barglar va ildizmeva hosil qiladi, ikkinchi yili gullaydi.
Oddiy lavlagi, rezavor ismaloq va oq saksovulning hayotiy shakllari qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Lavlagi – bir yillik, ismaloq – ikki yillik, saksovul – buta
- Lavlagi – ikki yillik, ismaloq – bir yillik, saksovul – daraxt
- Lavlagi – ikki yillik, ismaloq – ko‘p yillik, saksovul – daraxt
- Lavlagi – ko‘p yillik, ismaloq – ikki yillik, saksovul – o‘t
To‘g‘ri javob: Lavlagi – ikki yillik, ismaloq – bir yillik, saksovul – daraxt. Lavlagi ikki yillik, rezavor ismaloq bir yillik, saksovul esa uncha yirik bo‘lmagan daraxt.
Saksovulning issiq va quruq cho‘l sharoitida yashashga moslanganligini qaysi belgilar ko‘rsatadi?
- Barglarining mayda, tangachasimon bo‘lishi va ba’zi bir yillik novdalarining to‘kilishi
- Ildizmeva hosil qilishi
- Gullarining yirik va rangli bo‘lishi
- Barglarining yirik va yupqa bo‘lishi
To‘g‘ri javob: Barglarining mayda, tangachasimon bo‘lishi va ba’zi bir yillik novdalarining to‘kilishi. Mayda tangachasimon barglar va novdalarning to‘kilishi suv sarfini kamaytiradi.
Saksovullar amaliyotda qaysi muhim maqsadda keng qo‘llaniladi?
- Ko‘chma qumlarni mustahkamlashda
- Suv havzalarini tozalashda
- Sho‘rtob yerlarni sho‘rsizlantirishda
- Tog‘ yon bag‘irlarida o‘rmon barpo etishda
To‘g‘ri javob: Ko‘chma qumlarni mustahkamlashda. Saksovul ko‘chma qumlarni mustahkamlashda keng ishlatiladi.
Moslang: 1) cherkez; 2) itsigak; 3) teresken. a) tuyalar va qorako‘l qo‘ylari uchun to‘yimli ozuqa; b) bargi va mevasidan qon bosimini pasaytiruvchi dori olinadi; c) zaharli moddasi anabazin hasharotlarga qarshi qo‘llanadi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Cherkezdan qon bosimiga dori, itsigakdan anabazin olinadi; teresken – yem-xashak.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash