Gulxayridoshlar oilasi
Mavzular
Oila va vegetativ belgilar
Bu oilaga asosan tropik, qisman mo‘tadil iqlimli mintaqalarda tarqalgan 70 turkumga mansub 900 o‘simlik turi kiradi.
Gulxayridoshlarga, asosan o‘tlar, qisman butalar va daraxtlar kiradi. Ildizi o‘q ildiz tizimli. Poyasi asosan tik. Barglari oddiy, yonbargli, uzun bandli, panjasimon tomirli, butun yoki o‘yilgan, ko‘pincha panjasimon bo‘lakli.
Gul va mevaning tuzilishi
Gullari to‘g‘ri, ikki jinsli, barg qo‘ltig‘ida yakka yoki shoxlar uchidagi to‘pgulda joylashgan. Gulkosachasi 5 ta gulkosabargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Ko‘pchilik vakillarida kosacha ikki qavatli. Ostki gulkosacha erkin holdagi yoki qo‘shilgan gulbargchalardan tashkil topgan. Gultojbarglari 5 ta, erkin. Changchilari ko‘p, iplari bir-biri bilan qo‘shilib, urug‘chini o‘rab turadi. Urug‘chisi bitta, uch yoki undan ko‘p urug‘chibarglarning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Mevasi 3–5 uyli ko‘sak yoki juda ko‘p bir urug‘li mevachalarga bo‘linadigan yig‘ma meva.
Yerbag‘ir tugmachagul
Gulxayridoshlarning ko‘p tarqalgan vakillaridan biri yerbag‘ir tugmachaguldir (102-rasm).

U bo‘yi 10–40 sm keladigan, bir yillik begona o‘t. Uni barcha sug‘oriladigan yerlarda, ariqlar bo‘yida va ekinlar orasida uchratish mumkin. Poyasi sershox, yer bag‘irlab yoki yonboshlab o‘sadi. Barglari uzun bandli, yaprog‘i deyarli yumaloq, cheti 5–7 ga bo‘lingan. Gullari barg qo‘ltig‘ida o‘rnashgan. Gultojbarglari 5 ta, erkin, gulkosachabarglarga nisbatan 2 marta uzun. Changchilari ko‘p, iplari birikkan, urug‘chini o‘rab turadi.
Tugmachagul mevasi va dorivor gulxayri
Yerbag‘ir tugmachagul apreldan sentabrgacha gullaydi. Mevasi quruq meva, 12–16 ta mevachadan tashkil topgan yig‘ma meva.
Tugmachagulning quritilgan bargi, guli va urug‘i xalq tabobatida ichni yumshatuvchi dori sifatida ishlatiladi.
Daryo va ko‘llar sohilidagi to‘qaylarda, sernam yerlarda dorivor gulxayri o‘sadi. U gulxayri turkumiga oid, bo‘yi 70–150 sm keladigan ko‘p yillik o‘t. Ildizidan tayyorlangan damlama ilmiy tabobatda yo‘talga qarshi ishlatiladi.
G‘o‘za va uning turlari
Respublikamizda ekiladigan, gulxayridoshlarga mansub o‘simliklar orasida g‘o‘za asosiy o‘rinni egallaydi.
O‘zbekistonda g‘o‘za turkumiga mansub asosan 3 tur o‘sadi. Bularning hammasi ham bir yillik madaniy o‘simlik sifatida o‘stiriladi (103-rasm).

Jaydari g‘o‘za – ko‘saklari mayda. Tolasi mallarang, qisqa va dag‘al. Vatani Afrika. Hozirgi vaqtda uni faqat tajriba maydonlarida uchratish mumkin.
Meksika va Misr g‘o‘zasi
Meksika g‘o‘zasi yoki oddiy g‘o‘za. Ostki gulkosachabarglari 3 ta, kosachabarglari 5 ta. Gullari yakka, yirik, gultojbarglari och sariq, tubi qizil, dog‘siz. Ko‘saklari yirik, 4–5 chanoqli, yaxshi ochiladi, tolasi mayin, uzun, oq, ba’zan qo‘ng‘ir rangda. Vatani Markaziy Amerika. Hozir O‘zbekistonda shu tur asosida yetishtirilgan ko‘plab navlar ekiladi.
Misr g‘o‘zasi yoki Barbadoss g‘o‘zasi. Ostki gulkosachabarglari 3 ta. Gullari yakka, yirik, kosachabarglari 5 ta, gultojbarglari sap-sariq limon rangida. Ko‘saklari yirik, 3–4 chanoqli, yaxshi ochiladi. Tolasi uzun, ipakka o‘xshash mayin, och sariq. Vatani Janubiy Amerika (Peru, Kolumbiya, Braziliya) (103-rasm).
Kanop va baobab
Gulxayridoshlarga mansub tolali o‘simliklardan yana biri bo‘ritaroq turkumiga mansub kanopdir.
Bu oilaga Afrika savannalarining timsoli baobab ham mansub (104-rasm).

Bilimingizni sinang
Gulxayridoshlar barglarining tuzilishi qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Murakkab, yonbargsiz, patsimon tomirli
- Oddiy, yonbargsiz, parallel tomirli
- Oddiy, bandsiz, yoysimon tomirli
- Oddiy, yonbargli, uzun bandli, panjasimon tomirli
To‘g‘ri javob: Oddiy, yonbargli, uzun bandli, panjasimon tomirli. Gulxayridoshlar barglari oddiy, yonbargli, uzun bandli, panjasimon tomirli.
Gulxayridoshlarning mevasi qanday bo‘ladi?
- Bir urug‘li yong‘oqcha
- 3–5 uyli ko‘sak yoki juda ko‘p bir urug‘li mevachalarga bo‘linadigan yig‘ma meva
- Ikki pallaga ochiladigan qo‘zoq
- Etdor danakli meva
To‘g‘ri javob: 3–5 uyli ko‘sak yoki juda ko‘p bir urug‘li mevachalarga bo‘linadigan yig‘ma meva. Meva 3–5 uyli ko‘sak yoki mevachalarga bo‘linadigan yig‘ma meva.
Gulxayridoshlar guli haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Gulkosachasi 5 ta gulkosabargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. II. Gultojbarglari 5 ta, erkin. III. Changchilari 5 ta, iplari erkin.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Changchilari ko‘p, iplari qo‘shilib urug‘chini o‘rab turadi, III noto‘g‘ri.
Yerbag‘ir tugmachagul qanday o‘simlik va qayerlarda uchraydi?
- Buta, tog‘ yonbag‘irlarida
- Ikki yillik o‘t, cho‘l qumliklarida
- Ko‘p yillik o‘t, to‘qaylarda
- Bir yillik begona o‘t, sug‘oriladigan yerlarda, ariqlar bo‘yida va ekinlar orasida
To‘g‘ri javob: Bir yillik begona o‘t, sug‘oriladigan yerlarda, ariqlar bo‘yida va ekinlar orasida. Tugmachagul bo‘yi 10–40 sm bir yillik begona o‘t bo‘lib, sug‘oriladigan yerlarda uchraydi.
Yerbag‘ir tugmachagul va dorivor gulxayri qaysi javobda to‘g‘ri taqqoslangan?
- Ikkalasi ham ko‘p yillik, bo‘yi 70–150 sm
- Tugmachagul to‘qaylarda, gulxayri sug‘oriladigan yerlarda o‘sadi
- Tugmachagul – ko‘p yillik o‘t, gulxayri – bir yillik begona o‘t
- Tugmachagul – bir yillik begona o‘t, gulxayri – bo‘yi 70–150 sm ko‘p yillik o‘t
To‘g‘ri javob: Tugmachagul – bir yillik begona o‘t, gulxayri – bo‘yi 70–150 sm ko‘p yillik o‘t. Tugmachagul bir yillik begona o‘t, dorivor gulxayri to‘qaylarda o‘sadigan 70–150 sm ko‘p yillik o‘t.
Dorivor gulxayri ildizidan tayyorlangan damlama ilmiy tabobatda nima uchun ishlatiladi?
- Qon ketishini to‘xtatish uchun
- Qon bosimini pasaytirish uchun
- Ichni yumshatish uchun
- Yo‘talga qarshi
To‘g‘ri javob: Yo‘talga qarshi. Dorivor gulxayri ildizidan damlama yo‘talga qarshi ishlatiladi.
G‘o‘za turlarini vatani bilan moslang: 1) Jaydari g‘o‘za; 2) Meksika g‘o‘zasi; 3) Misr g‘o‘zasi. a) Janubiy Amerika; b) Markaziy Amerika; c) Afrika.
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Jaydari – Afrika, Meksika – Markaziy Amerika, Misr g‘o‘zasi – Janubiy Amerika.
Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- guli
- mevasi
- to‘p mevasi
- umumiy ko‘rinishi
To‘g‘ri javob: to‘p mevasi. 102-rasm. Yerbag‘ir tugmachagul: 1 – umumiy ko‘rinishi; 2 – guli; 3 – to‘p mevasi; 4 – mevasi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash