XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 51-§.

Burchoqdoshlar (dukkakdosh) oilasi

Mavzular

Oila va ildiz

Burchoqdoshlar oilasiga Yer sharining deyarli barcha qismida tarqalgan 12 000 ga yaqin o‘simlik turlari kiradi.

Bu oila vakillarining ko‘pchiligi bir, ikki va ko‘p yillik o‘tlardan iborat. Burchoqdoshlar orasida qisman yarim buta, buta va daraxtlar uchraydi.

Oila vakillarining ildizi – o‘q ildiz tizimli. Ildizida tugunak bakteriyalar hamkorlikda hayot kechiradi. Ular shu o‘simliklar ildizida yashab, havodagi erkin azotni o‘zlashtiradi. Tugunak bakteriyalar tuproqni azotli birikmalarga boyitib, tuproq hosildorligini oshiradi.

Poya, barg va gul

Poyalari tik o‘suvchi, ilashuvchi, o‘raluvchi yoki yotib o‘suvchi bo‘ladi. Barglari, ko‘pincha, murakkab, ba’zan oddiy, hamisha yonbargchali, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari qiyshiq, ikki jinsli, shingil, bosh (kallak)cha xilidagi to‘pgulga joylashgan. Gulkosachasi yarmigacha qo‘shilgan 5 ta gulkosachabargdan tashkil topgan.

Kapalak shaklidagi gultoj

Gultoji kapalak shaklida bo‘lib, 5 ta gultojbargdan hosil bo‘lgan. Ulardan ustidagi yirikrog‘i «yelkancha» yoki «bayroqcha» deb ataladi; ikki yonida joylashgani «qanotcha» yoki «eshkakcha» deyiladi. Bir-biri bilan qo‘shilgan bir juft ostki gultojbarg esa «qayiqcha» deyiladi. Changchilari 10 ta, ulardan 9 tasining iplari bir-biri bilan qo‘shilib ketgan, o‘ninchisi esa erkin, urug‘chisi 1 ta. Mevasi dukkak (105-rasm).

105-rasm. Burchoqdoshlar gulining tuzilishi: A – umumiy ko‘rinishi; B. Qismlari: 1 – yelkancha; 2 – eshkakchalar; 3 – qayiqcha; 4–5 – changchilar; 6 – urug‘chi.
105-rasm. Burchoqdoshlar gulining tuzilishi: A – umumiy ko‘rinishi; B. Qismlari: 1 – yelkancha; 2 – eshkakchalar; 3 – qayiqcha; 4–5 – changchilar; 6 – urug‘chi.

O‘tloq sebargasi va yantoq

Burchoqdoshlarga mansub, respublikamizda keng tarqalgan o‘simliklardan biri o‘tloq sebargasidir (106-rasm).

O‘tloq sebargasi bo‘yi 25–50 sm keladigan ko‘p yillik o‘t. Barglari uzun bandli, uch yaproqchali. Gullari mayda, 2–3,5 sm keladigan kallakcha shaklidagi to‘pgulga joylashgan.

Burchoqdoshlarga mansub o‘simliklar qatoriga yantoq ham kiradi.

Yantoqning yoshi oshgan sari uning ildizi ham chuqurlikka va yoniga qarab uzaya boradi. Chuqurlikka qarab o‘sgan ildiz ko‘p vaqt o‘tmay yerosti suvlariga yetib boradi. Shuning uchun unga «uning boshi olovda, oyog‘i esa suvda» deyishadi.

Yovvoyi va madaniy turlar

Tabiatda burchoqdoshlarning turli maqsadlarda ishlatiladigan isirg‘ao‘t, shirinmiya, oqquray, qashqarbeda, afsonak, astragal, burchoq, beda kabi turkumlarining turlari o‘sadi.

Bu oilaning madaniy o‘simliklari – mosh, no‘xat, loviya, soya va yasmiq alohida ahamiyatga ega (107–109-rasmlar).

106-rasm. O‘tloq sebargasi; 107-rasm. Loviya; 108-rasm. Yeryong‘oq; 109-rasm. No‘xat
106-rasm. O‘tloq sebargasi; 107-rasm. Loviya; 108-rasm. Yeryong‘oq; 109-rasm. No‘xat

Respublikamizning sug‘oriladigan yerlarida burchoqdoshlar oilasiga kiruvchi yeryong‘oq ekiladi. Bu o‘simlikning vatani Braziliya. Yeryong‘oq bir yillik o‘t, barglari juft patsimon, murakkab. Guli to‘q sariq, dukkagi cho‘ziq. Gullari changlanib va urug‘lanib bo‘lgach, gulli novdalari qayrilib, tuproq ichiga kiradi va meva hosil qiladi.

Manzarali daraxtlar va Qizil kitob

Respublikamizning shahar va qishloqlaridagi istirohat bog‘larida, xiyobonlarda va ko‘chalarda manzarali daraxt sifatida ekiladigan o‘simliklardan tuxumak (yapon saforasi), tikan daraxt (gledichiya) va oq akatsiya burchoqdoshlar oilasiga kiradi (110–111-rasmlar).

110-rasm. Oq akatsiya; 111-rasm. Gledichiya
110-rasm. Oq akatsiya; 111-rasm. Gledichiya

Burchoqdoshlar oilasi O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan o‘simliklarga boyligi, ya’ni 60 turni o‘z ichiga olishi bilan alohida o‘rinda turadi. Turlar sonining ko‘pligi jihatidan astragal (37 tur), oksitrops (13 tur) va tangao‘t (8 tur) turkumlari ajralib turadi.

Bilimingizni sinang

Burchoqdoshlar ildizida yashovchi tugunak bakteriyalar tuproq hosildorligini qanday oshiradi?
  1. Ildizni yog‘ochlantirib, chuqurroq o‘sishini ta’minlaydi
  2. Havodagi erkin azotni o‘zlashtirib, tuproqni azotli birikmalarga boyitadi
  3. Tuproqdagi oshlovchi moddalarni parchalaydi
  4. Tuproqdagi suvni o‘simlikka yetkazib beradi

To‘g‘ri javob: Havodagi erkin azotni o‘zlashtirib, tuproqni azotli birikmalarga boyitadi. Bakteriyalar havodagi azotni o‘zlashtiradi va tuproqni azotli birikmalarga boyitadi.

Kapalak shaklidagi gultoj qismlarini moslang: 1) yelkancha; 2) qanotcha; 3) qayiqcha. a) ikki yonida joylashgan gultojbarglar; b) bir-biri bilan qo‘shilgan bir juft ostki gultojbarg; c) ustidagi yirikrog‘i.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Yelkancha – ustdagi yirik barg, qanotcha – ikki yondagisi, qayiqcha – qo‘shilgan ostki juft.

Burchoqdoshlar gulidagi changchilar soni va ularning tuzilishi qaysi javobda to‘g‘ri?
  1. 5 ta; hammasining iplari qo‘shilgan
  2. 10 ta; hammasi erkin
  3. 6 ta; 4 tasi qo‘shilgan, 2 tasi erkin
  4. 10 ta; 9 tasining iplari qo‘shilgan, 1 tasi erkin

To‘g‘ri javob: 10 ta; 9 tasining iplari qo‘shilgan, 1 tasi erkin. Changchilari 10 ta: 9 tasining iplari qo‘shilgan, o‘ninchisi erkin.

Burchoqdoshlar haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Ildizi o‘q ildiz tizimli. II. Barglari hamisha yonbargchali. III. Gullari to‘g‘ri va bir jinsli.
  1. II va III
  2. I va II
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Burchoqdoshlar gullari qiyshiq, ikki jinsli; III noto‘g‘ri.

O‘tloq sebargasi qanday o‘simlik?
  1. Bir yillik o‘t, barglari juft patsimon
  2. Ikki yillik o‘t, barglari bandsiz, oddiy
  3. Buta, barglari panjasimon, 5–9 yaproqchali
  4. Bo‘yi 25–50 sm keladigan ko‘p yillik o‘t, barglari uzun bandli, uch yaproqchali

To‘g‘ri javob: Bo‘yi 25–50 sm keladigan ko‘p yillik o‘t, barglari uzun bandli, uch yaproqchali. O‘tloq sebargasi – ko‘p yillik o‘t, bargi uch yaproqchali, uzun bandli.

Yantoq haqida «uning boshi olovda, oyog‘i esa suvda» deyilishiga sabab nima?
  1. Poyasi suv ichida o‘sadi
  2. Ildizi yon tomonga yer yuzasida yoyiladi
  3. Gullari faqat suv bo‘yida ochiladi
  4. Ildizi chuqurlikka o‘sib, ko‘p o‘tmay yerosti suvlariga yetadi

To‘g‘ri javob: Ildizi chuqurlikka o‘sib, ko‘p o‘tmay yerosti suvlariga yetadi. Yantoqning chuqurlikka o‘sgan ildizi tez orada yerosti suviga yetib boradi.

O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan burchoqdoshlardan astragal turkumi nechta turni o‘z ichiga oladi?
  1. 60 ta
  2. 8 ta
  3. 37 ta
  4. 13 ta

To‘g‘ri javob: 37 ta. Astragal – 37, oksitrops – 13, tangao‘t – 8 tur; 60 – oilaning umumiy soni.

Tuxumak (yapon saforasi) bilan birga manzarali daraxt sifatida ekiladigan va burchoqdoshlarga kiruvchi o‘simliklar qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
  1. Olma va o‘rik
  2. Chinor va qayrag‘och
  3. Tikan daraxt (gledichiya) va oq akatsiya
  4. Terak va tol

To‘g‘ri javob: Tikan daraxt (gledichiya) va oq akatsiya. Gledichiya va oq akatsiya burchoqdoshlar oilasiga mansub manzarali daraxtlardir.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiGulxayridoshlar oilasiKeyingi →Ituzumdoshlar oilasi