XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 52-§.

Ituzumdoshlar oilasi

Mavzular

Oila va vegetativ a’zolar

Ituzumdoshlar oilasi vakillari Yer kurrasining mo‘tadil iqlimli mintaqasida va tropiklarda keng tarqalgan.

Ituzumdoshlarning ko‘pchiligi bir yillik va ko‘p yillik o‘tlar, qisman yarim butalar yoki butalardir. Ildizi – o‘qildiz tizimli. Poyasi tik, yonboshlab yoki yotib o‘suvchi, ba’zan shakli o‘zgargan yerosti novdalarini hosil qiladi (masalan, kartoshkada). Barglari oddiy, butun yoki bo‘lingan.

Gul va meva

Gullari biroz qiyshiq, ba’zan to‘g‘ri ikki jinsli, yakka-yakka holda barglar qo‘ltig‘ida yoki shoxlar uchidagi gajak to‘pgullarda joylashgan. Kosachasi bir-biri bilan qo‘shilgan 5 ta gulkosachabargdan tashkil topgan. Gultoji yarmigacha yoki uchigacha bir-biri bilan qo‘shilgan 5 ta gultojbargdan tashkil topgan, turlicha rangda. Changchilari 5 ta, gultojbargining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan nayga o‘rnashgan. Urug‘chisi bitta. Mevasi rezavor meva yoki ko‘sakcha.

Qora ituzum

Ituzumdoshlarga mansub yovvoyi turlarning ko‘pchiligi begona o‘tlardan iborat. Ular orasida hammaga tanish qora ituzum ham bor (112-rasm).

112-rasm. Qora ituzum: umumiy ko‘rinishi, guli, mevasi.
112-rasm. Qora ituzum: umumiy ko‘rinishi, guli, mevasi.

Qora ituzum – ituzum turkumiga oid bir yillik o‘t. Uni paxtazorlarda, polizlarda va boshqa ekinzorlarda, yo‘l yoqalarida ham uchratish mumkin. Qora ituzumning bo‘yi 25–50 sm. Poyasi sershox. Barglari oddiy, uzunchoq tuxumsimon. Gullari oqish, shoxlari uchidagi gajak to‘pgullarda 3 tadan 10 tagacha gul joylashgan. Gulkosachasi va gultoji 5 bo‘lakli. Changchilari 5 ta. Urug‘chisi 1 ta.

Ituzum mevasi va ekinlar

Qora ituzum iyun oyi oxiridan to tupini sovuq urguncha gullayveradi. Sharsimon rezavor mevalari avgustning oxirida qorayib pishadi. Mevalari «C» darmondoriga boy, undan xalq tabobatida foydalaniladi. O‘zbekistonda ituzum turkumiga oid 10 turdagi o‘simliklar o‘sadi. Bulardan kartoshka va baqlajon sabzavot ekini sifatida ko‘p ekiladi (113-, 115-rasmlar).

113-rasm. Kartoshka; 114-rasm. Pomidor; 115-rasm. Baqlajon; 116-rasm. Garmdori
113-rasm. Kartoshka; 114-rasm. Pomidor; 115-rasm. Baqlajon; 116-rasm. Garmdori

Ituzumdoshlarning O‘zbekistonda ko‘p ekiladigan vakillaridan yana biri pomidordir. Ituzumdoshlarga garmdori (qalampir) va tamaki ham kiradi (114-, 116-rasmlar).

Zaharli turlar va tamaki

Ituzumdoshlardan keng tarqalgan begona o‘tlar qatoriga mingdevona va bangidevona turkumlari ham kiradi (117-, 118-rasmlar). Bularning har ikkalasi ham qo‘lansa hidli, o‘ta zaharli, shu bilan bir qatorda dorivor o‘simlik hamdir.

Tamaki barglari maxorka, papiros, sigara, zararli hasharotlarni nobud qiluvchi preparatlar va dorilar tayyorlash uchun ishlatiladi. Barglari tarkibida kishining asab va qon-tomir tizimi (sistemasi)ga zararli ta’sir qiluvchi zaharli modda – nikotin bor.

117-rasm. Bangidevona; 118-rasm. Mingdevona
117-rasm. Bangidevona; 118-rasm. Mingdevona

Qizil kitobdagi tur

Ituzumdoshlar oilasidan faqat bitta tur – Oloy xiyoli O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan.

Bilimingizni sinang

Ituzumdoshlarda ba’zan shakli o‘zgargan qaysi organ hosil bo‘ladi (masalan, kartoshkada)?
  1. Ildizmevalar
  2. Yerosti novdalari
  3. Yerustki jingalaklar
  4. Havo ildizlari

To‘g‘ri javob: Yerosti novdalari. Kartoshkada poyaning shakli o‘zgargan yerosti novdalari hosil bo‘ladi.

Ituzumdoshlar guli haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Kosachasi bir-biri bilan qo‘shilgan 5 ta gulkosachabargdan iborat. II. Changchilari 5 ta, gultoj nayiga o‘rnashgan. III. Urug‘chisi ko‘p.
  1. II va III
  2. I va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. Ituzumdoshlarda urug‘chi bitta, III noto‘g‘ri.

Ituzumdoshlarning mevasi qanday bo‘ladi?
  1. Dukkak yoki yong‘oqcha
  2. Danakli meva yoki yig‘ma meva
  3. Rezavor meva yoki ko‘sakcha
  4. Qo‘zoq yoki qo‘zoqcha

To‘g‘ri javob: Rezavor meva yoki ko‘sakcha. Ituzumdoshlar mevasi rezavor meva yoki ko‘sakcha.

Qora ituzumning shoxlari uchidagi gajak to‘pgullarida nechtadan gul joylashadi?
  1. 10 tadan 30 tagacha
  2. 2 tadan 4 tagacha
  3. Yakka gul
  4. 3 tadan 10 tagacha

To‘g‘ri javob: 3 tadan 10 tagacha. Qora ituzum gajak to‘pguli 3 tadan 10 tagacha gulli.

Qora ituzumning sharsimon rezavor mevalari qachon qorayib pishadi?
  1. Iyun oyi boshida
  2. Dekabr oyida
  3. Avgustning oxirida
  4. May oyining oxirida

To‘g‘ri javob: Avgustning oxirida. Mevalari avgustning oxirida qorayib pishadi.

Moslang: 1) tamaki; 2) mingdevona va bangidevona; 3) qora ituzum. a) mevalari «C» darmondoriga boy; b) qo‘lansa hidli, o‘ta zaharli, dorivor; c) tarkibida asab va qon-tomir tizimiga zararli nikotin bor.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Tamakida nikotin, mingdevona va bangidevona zaharli, qora ituzum mevasi «C» darmondoriga boy.

O‘zbekistonda ituzum turkumiga oid nechta tur o‘sadi va ulardan qaysilari sabzavot ekini sifatida ko‘p ekiladi?
  1. 10 ta tur; bangidevona va tamaki
  2. 3 ta tur; pomidor va tamaki
  3. 10 ta tur; kartoshka va baqlajon
  4. 25 ta tur; garmdori va mingdevona

To‘g‘ri javob: 10 ta tur; kartoshka va baqlajon. Ituzum turkumidan 10 tur o‘sadi; kartoshka va baqlajon sabzavot ekini sifatida ekiladi.

Ituzumdoshlar oilasidan O‘zbekiston «Qizil kitob»iga kiritilgan yagona tur qaysi?
  1. Oloy xiyoli
  2. Qora ituzum
  3. Bangidevona
  4. Mingdevona

To‘g‘ri javob: Oloy xiyoli. Oiladan faqat Oloy xiyoli «Qizil kitob»ga kiritilgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBurchoqdoshlar (dukkakdosh) oilasiKeyingi →Tokdoshlar oilasi