XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 53-§.

Tokdoshlar oilasi

Mavzular

Oilaning umumiy belgilari

Bu oilaga asosan tropik va subtropik mintaqalarda tarqalgan 600 dan ortiq tur kiradi. Tokdoshlar oilasi jingalaklari yordamida boshqa narsalarga ilashib o‘sadigan buta va daraxtlarni o‘z ichiga oladi. Tokdoshlardagi jingalaklar novda shaklining o‘zgarishidan hosil bo‘lgan. Barglari oddiy, murakkab, uzun bandli, yonbargchali.

Gul va meva tuzilishi

Gullari mayda, to‘g‘ri, ikki yoki bir jinsli, rangsiz, ro‘vak (murakkab shingil) to‘pgulga yig‘ilgan. Gulqo‘rg‘oni murakkab, gulkosachasi yaxshi taraqqiy etmagan. Gultojbarglari 5 ta, erkin yoki uchi bilan bir-biriga qo‘shilgan. Changchilari 5 ta. Urug‘chisi bitta, asosan, ikkita mevabargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Mevasi – rezavor meva.

Madaniy tok

Tokdoshlarning keng tarqalgan vakillaridan biri madaniy tokdir. Uning bo‘yi 2–4 (6–10) m gacha yetadi. Vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriladi.

Bargi oddiy, uzun bandli, panjasimon bo‘lingan. Gullari mayda, ikki jinsli, odatda murakkab shingil (bosh) deb ataladigan to‘pgulga joylashgan.

Madaniy tok gulining tuzilishi oila uchun xos bo‘lgan gul tuzilishiga o‘xshaydi, lekin bunda 5 ta gultojbarg bir-biriga qo‘shilgan bo‘lib, urug‘chi va changchilarini ustidan qalpoqqa o‘xshab qoplab turadi va gul ochilishi paytida tushib ketadi.

119-rasm. Madaniy tok: 1 – novdasi; 2 – gultoj; 3 – changchilari; 4 – urug‘chi; 5 – mevasi.
119-rasm. Madaniy tok: 1 – novdasi; 2 – gultoj; 3 – changchilari; 4 – urug‘chi; 5 – mevasi.

Tok navlari va Rizamat ota

O‘zbekistonda tokning 500 ga yaqin navi o‘stiriladi. Bulardan kishmish, kattaqo‘rg‘on, qorago‘zal, daroyi, buvaki, hiloliy, qirmizi, husayni, sohibi, rizamat, toyipi, charos, soyaki, chillaki kabi navlari keng tarqalgan (119-rasm).

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining faxriy akademigi, xalq seleksioneri Rizamat ota Musamuhamedov (1881–1979) O‘zbekistonda uzumchilikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.

O‘zbekistonda tok tabiiy holda ham o‘sadi. U O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan.

Tokdoshlarning boshqa vakillari

Yozgi oshxona va choyxonalar, dala shiyponlari va ayvonlar oldiga yovvoyi uzum nomi bilan manzarali o‘simlik – beshyaproqli partenotsissus ekiladi. Bu partenotsissus turkumiga oid poyasi ingichka, uzun jingalaklari bilan ilashib tikkasiga 10–15 (20) metrgacha ko‘tarila oladigan, barglari panjasimon murakkab o‘simlik. Guli va mevasining tuzilishi toknikiga o‘xshaydi. Vatani Shimoliy Amerika.

Respublikamizning janubiy viloyatlaridagi tog‘larning toshloq va qoyali yonbag‘irlarida terakbargli liftok o‘sadi. Bu liftok turkumiga oid yotib o‘suvchi buta. Barglari butun, cheti yirik tishli. Gulining tuzilishi toknikiga o‘xshash. Mevasi qora, mayda, rezavor meva, iste’mol qilishga yaramaydi.

Bilimingizni sinang

Tokdoshlardagi jingalaklar qaysi organning o‘zgarishidan hosil bo‘lgan?
  1. Novdaning
  2. Bargning
  3. Ildizning
  4. Gulning

To‘g‘ri javob: Novdaning. Tokdoshlar jingalaklari novda shaklining o‘zgarishidan hosil bo‘lgan.

Tokdoshlarning mayda, rangsiz gullari qanday to‘pgulga yig‘ilgan va mevasi qanday?
  1. Soyabon to‘pgul, danakli meva
  2. Ro‘vak (murakkab shingil), rezavor meva
  3. Savatcha to‘pgul, dukkak
  4. Boshoq to‘pgul, yong‘oqcha

To‘g‘ri javob: Ro‘vak (murakkab shingil), rezavor meva. Tokdoshlar gullari ro‘vak (murakkab shingil) to‘pgulga yig‘ilgan, mevasi rezavor.

Tokdoshlar guli haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Changchilari 5 ta. II. Urug‘chisi bitta, asosan ikkita mevabargdan hosil bo‘lgan. III. Gultojbarglari 4 ta.
  1. I va III
  2. I va II
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Tokdoshlarda gultojbarglar 5 ta, III noto‘g‘ri.

Madaniy tok gulining gultojbarglari qanday xususiyatga ega?
  1. Soni 4 ta, naycha hosil qiladi
  2. Rivojlanmagan, deyarli sezilmaydi
  3. Bir-biriga qo‘shilib, qalpoq kabi qoplab turadi va gul ochilganda tushib ketadi
  4. Erkin, rangli, hasharotlarni jalb qiladi

To‘g‘ri javob: Bir-biriga qo‘shilib, qalpoq kabi qoplab turadi va gul ochilganda tushib ketadi. Madaniy tokda 5 ta gultojbarg qo‘shilib qalpoq hosil qiladi va gul ochilishida tushadi.

Madaniy tok qanday yo‘l bilan ko‘paytiriladi?
  1. Faqat payvand yo‘li bilan, urug‘siz
  2. Urug‘ yo‘li bilan
  3. Vegetativ yo‘l bilan
  4. Sporalar yordamida

To‘g‘ri javob: Vegetativ yo‘l bilan. Madaniy tok vegetativ yo‘l bilan ko‘paytiriladi.

Xalq seleksioneri Rizamat ota Musamuhamedov (1881–1979) qaysi sohani rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan?
  1. Paxtachilikni
  2. Bog‘dorchilikda olmachilikni
  3. Uzumchilikni
  4. Poliz ekinlarini

To‘g‘ri javob: Uzumchilikni. Rizamat ota O‘zbekistonda uzumchilikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.

O‘zbekistonda tokning taxminan nechta navi o‘stiriladi?
  1. 150 ga yaqin
  2. 50 ga yaqin
  3. 500 ga yaqin
  4. 5000 ga yaqin

To‘g‘ri javob: 500 ga yaqin. O‘zbekistonda tokning 500 ga yaqin navi o‘stiriladi.

Rasmda 4 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. gultoj
  2. mevasi
  3. urug‘chi
  4. changchilari

To‘g‘ri javob: urug‘chi. 119-rasm. Madaniy tok: 1 – novdasi; 2 – gultoj; 3 – changchilari; 4 – urug‘chi; 5 – mevasi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiItuzumdoshlar oilasiKeyingi →Qovoqdoshlar oilasi