Qovoqdoshlar oilasi
Mavzular
Oilaning umumiy belgilari
Yer yuzida mazkur oilaga mansub 800 ga yaqin tur o‘simlik o‘sadi.
Qovoqdoshlar oilasiga asosan bir yillik va ko‘p yillik o‘tlar kiradi. Ularning poyasi (palagi) yoyilib yoki jingalaklar bilan ilashib o‘sadi. Barglari oddiy, gullari to‘g‘ri, ayrim jinsli, hasharotlar yordamida changlanadi.
Gul va meva tuzilishi
Gulkosachasi 5 ta, gultoji 5 ta gultojbargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Changchilari 5 ta, ulardan 4 tasi 2 tadan juft bo‘lib qo‘shilgan, 1 tasi erkin. Urug‘chisi bitta, 3 ta urug‘chibargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan.
Qovoqdoshlarga mansub o‘simliklarning gullari ayrim jinsli bo‘lganligi uchun ularning changchi va urug‘chi gullariga alohida-alohida formula va diagrammalar beriladi.
Qovoqdoshlarning mevasi – etdor, sersuv, soxta qovoq meva (120-rasm).
Oshqovoq tuzilishi
Oshqovoq qovoq turkumiga mansub bir yillik poliz o‘simligidir. Poyasi silindrsimon, mayin tuklar bilan qoplangan, o‘rmalab yoki jingalaklari bilan ilashib o‘sadi. Barglari yirik, buyraksimon, yaprog‘i 5–7 ga bo‘lingan. Uning changchi va urug‘chi gullari bitta tupda yetishadi. Gullari sariq. Changchili gullari nisbatan yirik bo‘lib, urug‘chili gullardan oldinroq ochiladi, changchilari 5 ta. Urug‘chili gullarida 3 ta tumshuqchali 1 ta urug‘chisi bor.

Oshqovoq mevasi va boshqa vakillar
Oshqovoqning mevasi yirik, soxta meva. Mevaning tashqi qavati qattiq, ichki qavati esa shirador va etdor. Urug‘ida 50% gacha moylar bor.
Qovoqdoshlar oilasiga mansub itqovun ekinlar orasida begona o‘simlik sifatida uchraydi (121-rasm).

Respublikamizda keng miqyosda ekiladigan shirin-shakar handalak, qovun, tarvuz hamda bodring, turli-tuman shakldagi idish-qovoqlar, qozonyuvg‘ichlar ham qovoqdoshlar oilasiga kiradi (122–123-rasmlar).

Bilimingizni sinang
Qovoqdoshlarning changchi va urug‘chi gullariga nima uchun alohida-alohida formula va diagrammalar beriladi?
- Gullari ayrim jinsli bo‘lgani uchun
- Changchilari juda ko‘p bo‘lgani uchun
- Gullari to‘pgulga yig‘ilgani uchun
- Gulqo‘rg‘oni oddiy bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: Gullari ayrim jinsli bo‘lgani uchun. Gullar ayrim jinsli, shuning uchun changchili va urug‘chili gullar alohida ifodalanadi.
Qovoqdoshlar gulidagi changchilar soni va tuzilishi qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- 5 ta, ulardan 3 tasi juft qo‘shilgan
- 5 ta, ulardan 4 tasi 2 tadan juft qo‘shilgan, 1 tasi erkin
- 5 ta, hammasi qo‘shilgan
- 10 ta, hammasi erkin
To‘g‘ri javob: 5 ta, ulardan 4 tasi 2 tadan juft qo‘shilgan, 1 tasi erkin. Qovoqdoshlarda 5 changchidan 4 tasi juft-juft qo‘shilgan, 1 tasi erkin.
Oshqovoq haqidagi qaysi hukmlar to‘g‘ri? I. Poyasi silindrsimon, mayin tuklar bilan qoplangan. II. Changchi va urug‘chi gullari bitta tupda yetishadi. III. Urug‘chili gullari changchili gullardan oldinroq ochiladi.
- I va III
- II va III
- I va II
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Changchili gullar urug‘chili gullardan oldinroq ochiladi, III noto‘g‘ri.
Oshqovoq urug‘ida moylar miqdori qancha bo‘ladi?
- 90% gacha
- 50% gacha
- 5% gacha
- 20% gacha
To‘g‘ri javob: 50% gacha. Oshqovoq urug‘ida 50% gacha moy bor.
Qovoqdoshlar oilasiga mansub qaysi o‘simlik ekinlar orasida begona o‘simlik sifatida uchraydi?
- Handalak
- Itqovun
- Tarvuz
- Qovun
To‘g‘ri javob: Itqovun. Itqovun ekinlar orasida begona o‘simlik; qovun, tarvuz, handalak madaniy.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash