XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 55-§.

Qoqio‘tdoshlar (murakkabguldoshlar) oilasi

Mavzular

Oilaning kattaligi

Bu oila gulli o‘simliklar ichida eng kattasi hisoblanadi. U deyarli hamma qit’alarda va turli-tuman ekologik sharoitlarda o‘sadigan 920 turkumga mansub 19 000 turni o‘z ichiga oladi.

Qoqio‘tdoshlarning ko‘p turlari bir yillik va ko‘p yillik o‘tlar bo‘lib, ularning juda kam qismini yarim butalar tashkil etadi. Faqat tropik mintaqalarda unga oid buta, liana va daraxtlar o‘sadi.

Barg va to‘pgul

Bu oila vakillarining barglari oddiy, poyada asosan ketma-ket, ba’zan qarama-qarshi joylashgan. Barg yaprog‘i butun (kungaboqar), ba’zan patsimon bo‘lingan (shuvoq).

Qoqio‘tdoshlarning muhim belgisi to‘pgullarining savatcha shaklida bo‘lishidir. Savatcha sirtdan bir yoki bir necha qator, turli shakldagi o‘rama bargchalar bilan qoplangan.

Qoqio‘tdoshlarning ko‘pchiligida savatchalar, o‘z navbatida, shingil, ro‘vak, qalqon va boshcha to‘pgullarga o‘rnashib, murakkab to‘pgul hosil qiladi.

Gul va meva tuzilishi

Gulkosachabargi, tojbarg va changchilari 5 tadan. Gulkosachasi juda qisqarib ketgan, 5 tishli o‘simta yoki tukchalar shaklida. Gultoji tutash gultojbargli, to‘g‘ri (naysimon gul) yoki qiyshiq (tilsimon gul, voronkasimon gul) (124–127-rasmlar). Mevasi – pista meva.

Qoqio‘tdoshlar oilasi asosan gul tuzilishiga qarab 2 ta oilachaga bo‘linadi.

Suttikandoshchalar oilachasi

Birinchi (suttikandoshchalar) oilachaga to‘pguli ikki jinsli tilsimon gullardan tashkil topgan turlar kiradi. Bu oilachaga O‘zbekistonda keng tarqalgan qoqio‘t, karrak, sachratqi, maxsar, kakra kabi turkumlarning turlari kiradi.

Dorivor qoqio‘t ko‘p yillik o‘t. Uni vohalardagi o‘simlik o‘sa oladigan har qanday yerda uchratish mumkin. Poyasi juda kalta. Gullari gulpoyalarning uchida o‘rnashgan savatchalarda joylashgan. Qoqio‘tlarning mevasi – pista meva. Uning uchiga o‘rnashgan popukchasi bor. Qoqio‘tlar dorivor o‘simlik sifatida juda qadrlanadi (128-rasm).

128-rasm. Dorivor qoqio‘t: 1 – ildizi; 2 – guli; 3 – changchilari; 4 – mevasi; 5 – to‘pguli.
128-rasm. Dorivor qoqio‘t: 1 – ildizi; 2 – guli; 3 – changchilari; 4 – mevasi; 5 – to‘pguli.

Zangori sachratqi

Yozning o‘rtalaridan boshlab vohalardagi ekinlar orasida, yo‘l yoqalari va ariqlar bo‘yida mazkur oilacha vakillaridan biri zangori sachratqi gullaydi (129-rasm).

U sachratqi turkumining O‘zbekistonda o‘sadigan yagona turi hisoblanadi. Sachratqining savatchasidagi hamma gullar zangori rangli, ikki jinsli tilsimon bo‘ladi.

Sachratqi – dorivor o‘simlik. Uning ildizi, barglari va gullagan paytda poyasidan tayyorlangan dorilar oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi.

129-rasm. Zangori sachratqi
129-rasm. Zangori sachratqi

Moychechakdoshlar oilachasi

Ikkinchi (moychechakdoshlar) oilacha vakillarining to‘pguli naysimon gullardan iborat. Faqat ayrim turlarda savatchaning atrofida soxta tilsimon (kungaboqar) yoki voronkasimon (bo‘tako‘z) gullar bo‘ladi. Bu oilachaga O‘zbekistonda keng tarqalgan shuvoq, tirnoqgul, kungaboqar, topinambur, andiz, bo‘yimodaron kabi turkumlarning turlari kiradi. Turlarga boyligi jihatidan shuvoq turkumi oilachada alohida o‘rinda turadi.

Shuvoq turkumiga mansub o‘simliklar chorvachilikda o‘ziga xos o‘rinni egallaydi.

Shuvoq turkumi

O‘zbekistonda shuvoqning 39 turi uchraydi. Bular bir yillik hamda ko‘p yillik o‘tlar va yarim butalardir. Oq shuvoq, turon shuvog‘i (qora jusan), yovshan shuvoq kabi turlari O‘zbekistonda keng tarqalgan. Yozning quruq va jazirama kunlarida shuvoqda «yozgi tinim» davri boshlanadi. Kuz kelgach, shuvoqlar yana o‘sa boshlaydi. Savatchalarning har birida 5–7 tadan ikki jinsli naysimon gullar bo‘ladi. Mevasi oktabrning oxiri yoki noyabrning boshida pishadi va to‘kiladi.

Cho‘l o‘tloqlaridagi shuvoqlar qorako‘l qo‘ylari va tuyalarning kuzgi hamda qishki asosiy ozig‘idir. Shuvoqlar bebaho shifobaxsh o‘simlik hamdir. Bunga misol qilib, ermon shuvog‘ini ko‘rsatsa bo‘ladi.

Madaniy va yovvoyi vakillar

Qoqio‘tdoshlarga mansub madaniy o‘simliklardan biri moyli kungaboqardir. Uning to‘pguli kun chiqqandan to botgunga qadar quyoshga qarab buriladi, shuning uchun ham u kungaboqar nomini olgan (130-rasm).

Tabiiy holda uchraydigan dorivor o‘simliklarga bo‘yimodaron, bo‘znoch turkumining vakillari kiradi.

Gulzorlarda to qish kelguncha chaman bo‘lib ochilib turadigan qashqargul, xrizantema, qo‘qongul, kartoshkagul va dastargullar ham qoqio‘tdoshlarga mansub madaniy-manzarali o‘simliklardan hisoblanadi (131–133-rasmlar).

130-rasm. Moyli kungaboqar; 131-rasm. Qo‘qongul; 132-rasm. Kartoshkagul; 133-rasm. Xrizantema
130-rasm. Moyli kungaboqar; 131-rasm. Qo‘qongul; 132-rasm. Kartoshkagul; 133-rasm. Xrizantema

Mazkur oilaning 13 turkumga mansub 50 turi O‘zbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan. Ulardan 30 tasi karrak turkumiga mansub.

Bilimingizni sinang

Qoqio‘tdoshlar oilasi qancha turkum va turni o‘z ichiga oladi?
  1. 920 turkum va 10 000 tur
  2. 400 turkum va 19 000 tur
  3. 920 turkum va 19 000 tur
  4. 750 turkum va 10 000 tur

To‘g‘ri javob: 920 turkum va 19 000 tur. Oila 920 turkumga mansub 19 000 turni o‘z ichiga olib, gulli o‘simliklar ichida eng kattasidir.

Qoqio‘tdoshlar oilasining muhim belgisi bo‘lgan to‘pgul qanday shaklda bo‘ladi?
  1. Oddiy boshoq
  2. So‘ta
  3. Savatcha
  4. Oddiy soyabon

To‘g‘ri javob: Savatcha. Qoqio‘tdoshlarning muhim belgisi to‘pgullarining savatcha shaklida bo‘lishidir.

Qoqio‘tdoshlar gulidagi gulkosachabarg, tojbarg va changchilar soni qanday?
  1. Har biri 6 tadan
  2. Har biri 4 tadan
  3. Har biri 5 tadan
  4. Har biri 3 tadan

To‘g‘ri javob: Har biri 5 tadan. Gulkosachabarg, tojbarg va changchilar 5 tadan bo‘ladi.

Suttikandoshchalar va moychechakdoshlar oilachalari to‘pguli gullarining shakliga ko‘ra qanday farqlanadi?
  1. Ikkala oilachada ham faqat tilsimon gullar bo‘ladi
  2. Suttikandoshchalarda voronkasimon, moychechakdoshlarda tilsimon gullar
  3. Suttikandoshchalarda naysimon gullar, moychechakdoshlarda ikki jinsli tilsimon gullar
  4. Suttikandoshchalarda ikki jinsli tilsimon gullar, moychechakdoshlarda naysimon gullar

To‘g‘ri javob: Suttikandoshchalarda ikki jinsli tilsimon gullar, moychechakdoshlarda naysimon gullar. Birinchi oilacha to‘pguli ikki jinsli tilsimon, ikkinchisiniki naysimon gullardan iborat.

Qoqio‘tdoshlar vakillarini belgilari bilan moslang: 1) shuvoqning barg yaprog‘i; 2) bo‘tako‘z savatchasi atrofidagi gullar; 3) kungaboqarning barg yaprog‘i. a) butun; b) patsimon bo‘lingan; c) voronkasimon.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Shuvoq bargi patsimon bo‘lingan, bo‘tako‘z gullari voronkasimon, kungaboqar bargi butun.

Zangori sachratqining ildizi, barglari va poyasidan tayyorlangan dorilar qaysi kasalliklarni davolashda ishlatiladi?
  1. Yurak-qon tomir kasalliklarini
  2. Nafas yo‘llari kasalliklarini
  3. Oshqozon-ichak kasalliklarini
  4. Teri kasalliklarini

To‘g‘ri javob: Oshqozon-ichak kasalliklarini. Sachratqi dorivor o‘simlik bo‘lib, undan oshqozon-ichak kasalliklariga qarshi dorilar tayyorlanadi.

O‘zbekistonda shuvoq turkumining nechta turi uchraydi?
  1. 39 ta
  2. 29 ta
  3. 49 ta
  4. 19 ta

To‘g‘ri javob: 39 ta. O‘zbekistonda shuvoqning 39 turi uchraydi.

Shuvoqlarda «yozgi tinim» davri qachon boshlanadi?
  1. Kuzda sovuq tushganda
  2. Qishda qor yopilganda
  3. Yozning quruq va jazirama kunlarida
  4. Bahorda gullash oldidan

To‘g‘ri javob: Yozning quruq va jazirama kunlarida. Shuvoq yozning quruq, jazirama kunlarida tinim holatiga o‘tadi, kuzda yana o‘sa boshlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQovoqdoshlar oilasiKeyingi →Loladoshlar oilasi