Piyozdoshlar oilasi
Mavzular
Oilaning umumiy tavsifi
Piyozdoshlar oilasi loladoshlar oilasidan ajratilgan. Bu oila vakillari Yer yuzida keng tarqalgan, faqat Avstraliyada tabiiy holda uchramaydi. 750 turni oʻz ichiga oladi. Ular koʻp yillik piyozboshli oʻsimliklardan iborat.
Barglari shishgan yoki yassi nashtarsimon, ipsimon, qalami, keng qalami, tasmasimon, ellipssimon, yaprogʻi butun yoki qirqilgan, bandsiz, pastki qismi novsimon. Toʻpguli ochilgunicha yupqa qobiq bilan oʻralgan.
Gul va meva tuzilishi
Toʻpguli — oddiy soyabon, sharsimon va yarimsharsimon, koʻp gulli. Gullari ikki jinsli, toʻgʻri. Gulqoʻrgʻoni oddiy gultojsimon. Gultojibarglari 6 ta, qoʻshilmagan, ikki doirada joylashgan. Changchisi 6 ta, urugʻchisi 1 ta, 3 ta urugʻchibargning qoʻshilishidan hosil boʻlgan. Mevasi koʻsak.
Quyida Oʻzbekistonda keng tarqalgan bosh piyoz (osh piyoz) bilan tanishamiz (141-rasm).

Bosh piyozning tuzilishi
Bosh piyoz — piyoz turkumiga mansub koʻp yillik oʻt. Gul poyasi 100 sm gacha yetadi, qalin, yarmidan pastki qismi shishgan. Barglari ham shishgan. Toʻpgul (soyabon)i sharsimon, gullari zich joylashgan. Gulbandi gulqoʻrgʻonidan bir necha marta uzun. Gulqoʻrgʻoni yulduzsimon oqishyashil rangli. Changchisi 6 ta.
Bosh piyoz may-iyunda gullab, mevasi iyulda pishadi.
Piyozning ahamiyati
Piyozlarning xalq xoʻjaligidagi ahamiyati nihoyatda katta. Bosh piyoz bakteriyalarni oʻldiradigan modda — fitonsidlarga juda boy. Shuning uchun undan dorivor oʻsimlik sifatida foydalaniladi.
Fitonsidlarga boyligi, dorivorlik xususiyatlariga koʻra sarimsoq piyoz bosh piyoz bilan yonma-yon turadi.
Piyoz turkumi turlari
Tabiiy holda oʻsadigan turlari orasida isteʼmol qilinadiganlari ham koʻp. Bularga Pskom piyozi, Oshanin piyozi, mador piyoz (matur), qum piyoz, anzur piyoz kabilar kiradi.
Bulardan tashqari, tabiatda barglari va toʻpgullari nihoyatda chiroyli turlarini koʻplab uchratish mumkin. Gul piyoz, choʻchqaquloq piyoz, suvorov piyozi, nor piyoz va qoʻshbarg piyozlar xushmanzara turlardan hisoblanadi.
Piyozlardan 10 tasi Oʻzbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Bilimingizni sinang
Piyozdoshlar oilasi vakillari Yer yuzida keng tarqalgan. Ular qaysi hududda tabiiy holda uchramaydi?
- Avstraliyada
- Afrikada
- Yevropada
- Janubiy Amerikada
To‘g‘ri javob: Avstraliyada. Oila Yer yuzida keng tarqalgan, faqat Avstraliyada tabiiy holda uchramaydi.
Piyozdoshlar oilasi vakillarining toʻpguli va mevasi qanday?
- Oddiy soyabon, mevasi pista meva
- Murakkab boshoq, mevasi don
- Savatcha, mevasi koʻsak
- Oddiy soyabon, mevasi koʻsak
To‘g‘ri javob: Oddiy soyabon, mevasi koʻsak. Toʻpguli oddiy soyabon, mevasi koʻsak.
Bosh piyoz nima uchun dorivor oʻsimlik sifatida ishlatiladi?
- U vitaminli yogʻga juda boy
- U zaharli shilimshiq moddaga boy
- U qon bosimini oshiradigan oqsilga boy
- U bakteriyalarni oʻldiradigan fitonsidlarga juda boy
To‘g‘ri javob: U bakteriyalarni oʻldiradigan fitonsidlarga juda boy. Bosh piyoz bakteriyalarni oʻldiradigan fitonsidlarga boy, shuning uchun dorivor.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Piyozdoshlarning changchisi 3 ta; II. Bosh piyozning gulbandi gulqoʻrgʻonidan bir necha marta uzun; III. Piyozlardan 10 tasi «Qizil kitob»ga kiritilgan.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Changchisi 6 ta bo‘ladi, I hukm noto‘g‘ri; II va III to‘g‘ri.
Piyoz turlarini guruhlari bilan moslang: 1) mador piyoz; 2) suvorov piyozi; 3) sarimsoq piyoz. a) isteʼmol qilinadigan tabiiy tur; b) xushmanzara tur; c) fitonsidlarga boyligi bo‘yicha bosh piyoz bilan yonma-yon turadi.
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Mador piyoz isteʼmol qilinadi, suvorov piyozi xushmanzara, sarimsoq piyoz fitonsidlarga boy.
Rasmda 4 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- mevasi
- guli
- umumiy koʻrinishi
- piyozboshi
To‘g‘ri javob: mevasi. 141-rasm. Boshpiyoz: 1 – umumiy koʻrinishi; 2 – piyozboshi; 3 – guli; 4 – mevasi.
Rasmda «umumiy koʻrinishi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 1
- 4
- 3
- 2
To‘g‘ri javob: 1. 141-rasm. Boshpiyoz: 1 – umumiy koʻrinishi; 2 – piyozboshi; 3 – guli; 4 – mevasi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash