XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 4-§.

Xivchinlilar sinfi

Mavzular

Evglenaning tuzilishi

Xivchinlilarni yashil evglena misolida o‘rganamiz. Xivchinlilar tanasi qattiq qobiq bilan qoplangan bir hujayrali hayvonlardir. Ularning tipik vakili yashil evglena hisoblanadi (6-rasm). Ular bitta yoki bir nechta xivchinlar yordamida harakatlanadi.

Harakatlanishi va tuzilishi. Yashil evglena ko‘lmak suvlarda va hovuzlarda hayot kechiradi. U juda mayda, amyobaga nisbatan 5–10 marta kichik hayvon. Tanasining shakli duksimon bo‘lib, oldingi va keyingi tomoni ingichkalashgan. Xivchini vintga o‘xshash buralib, uni oldinga siljitadi. Evglena hujayrasi qattiq va qayishqoq yupqa qobiq bilan qoplanganligi tufayli doimiy shaklga ega. Evglena sitoplazmasida bitta yirik yadro, qisqaruvchi vakuola va qizil dog‘ga o‘xshash «ko‘zcha» joylashgan.

6-rasm. Yashil evglenaning tuzilishi:
6-rasm. Yashil evglenaning tuzilishi:

Evglenaning oziqlanishi

Oziqlanishi. Evglena sitoplazmasida yashil tanachalar shaklidagi xromatoforalar bo‘ladi. Ulardagi xlorofill pigmenti yordamida evglena fotosintez qiladi. Yorug‘lik ta’sirida uning xromatoforalarida organik moddalar hosil bo‘ladi. Bu moddalar evglenaning o‘sishi, rivojlanishi va ko‘payishi uchun sarf bo‘ladi. Evglena qorong‘ida hayvonlar singari tayyor organik moddalar bilan oziqlanadi. Agar uzoq muddat qorong‘i joyda saqlansa, evglena xlorofili yemirilib, hujayrasi rangsizlanadi; endi u suvda erigan organik moddalarni tana yuzasi orqali shimib oziqlana boshlaydi. Evglenaning fotosintez qilish xususiyati o‘simliklar bilan hayvonlarning bitta umumiy ajdoddan kelib chiqqanligidan darak beradi.

Nafas, ta’sirlanish, ko‘payish

Nafas olishi va ayirishi. Evglena ham amyoba singari suvda erigan kislorod bilan nafas oladi. Sitoplazmadagi ortiqcha suv va zararli almashinuv mahsulotlari qisqaruvchi vakuola orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.

Ta’sirlanishi. Evglena qizil dog‘ ko‘zchasi yordamida yorug‘likni sezish xususiyatiga ega. Shuning uchun u suvning yorug‘ tushib turgan tomoniga qarab harakat qiladi.

Ko‘payishi. Evglena amyoba singari ikkiga bo‘linish orqali jinssiz ko‘payadi (7-rasm). Bo‘linish boshlanishi bilan eski xivchinning yonida ikkinchi yangi xivchin hosil bo‘ladi. Bo‘linish butun tana bo‘ylab shu ikki xivchin hamda yadro o‘rtasidan o‘tadi.

7-rasm. Yashil evglenaning bo‘linib ko‘payishi
7-rasm. Yashil evglenaning bo‘linib ko‘payishi

Sista hosil qilishi. Noqulay sharoit tug‘ilganda evglenaning xivchini tushib ketadi; tanasi qisqarib, yumaloqlanadi va qalin qobiq bilan o‘ralib sistaga aylanadi.

Volvoks koloniyasi

Volvoks – koloniya bo‘lib yashovchi bir hujayrali hayvon. Iflos suvli hovuz va ko‘llarda diametri 1 mm keladigan yashil sharga o‘xshash volvokslar uchraydi (8-rasm). Volvoks koloniyasi mingga yaqin noksimon ikki xivchinli hujayralardan tashkil topgan. Hujayralar sharning sirtida joylashgan bo‘lib, sitoplazmatik ipchalar yordamida o‘zaro bog‘langan. Sharning ichi quyuq dildiroq modda bilan to‘lgan.

8-rasm. Volvoks:
8-rasm. Volvoks:

Parazit xivchinlilar

Ayrim xivchinlilar parazit hayot kechiradi. Tripanosoma tropik Afrikadagi xalqlar qoni zardobida yashab, uyqu kasalligini keltirib chiqaradi. Leyshmaniya O‘zbekistonning janubidagi ayrim hududlarda va tropik mamlakatlarda uchraydi, odam yuzi va ba’zan qo‘l terisida uzoq vaqt tuzalmaydigan yara hosil qiladi.

Bilimingizni sinang

Yashil evglena sitoplazmasidagi yashil tanachalar nima deb ataladi?
  1. Lizosomalar
  2. Ribosomalar
  3. Xromatoforalar
  4. Mitoxondriyalar

To‘g‘ri javob: Xromatoforalar. Evglena sitoplazmasida xlorofill saqlovchi yashil tanachalar – xromatoforalar bo‘ladi.

Yashil evglena amyobaga nisbatan necha marta kichik hayvon?
  1. 5–10 marta
  2. 20–30 marta
  3. 50–100 marta
  4. 2–3 marta

To‘g‘ri javob: 5–10 marta. Evglena amyobadan 5–10 marta kichik.

Volvoks koloniyasi taxminan nechta hujayradan tashkil topgan?
  1. Yuzga yaqin
  2. Mingga yaqin
  3. O‘n mingga yaqin
  4. Ikkitaga yaqin

To‘g‘ri javob: Mingga yaqin. Volvoks koloniyasi mingga yaqin noksimon ikki xivchinli hujayradan iborat.

Yashil evglena nima uchun suvning yorug‘ tushib turgan tomoniga qarab harakat qiladi?
  1. Yadrosi yorug‘lik tomonga tortadi
  2. Qisqaruvchi vakuola yorug‘likni sezadi
  3. Xivchini faqat yorug‘likda buraladi
  4. Qizil dog‘ ko‘zchasi yordamida yorug‘likni sezadi

To‘g‘ri javob: Qizil dog‘ ko‘zchasi yordamida yorug‘likni sezadi. Evglena qizil dog‘ ko‘zchasi bilan yorug‘likni sezadi va yorug‘ tomonga yo‘naladi.

Evglena uzoq muddat qorong‘i joyda saqlansa, hujayrasi nima sababdan rangsizlanadi?
  1. Sistaga aylangani uchun
  2. Xivchini tushib ketgani uchun
  3. Xlorofili yemirilgani uchun
  4. Ko‘zchasi yo‘qolgani uchun

To‘g‘ri javob: Xlorofili yemirilgani uchun. Qorong‘ida xlorofill yemirilib, hujayra rangsizlanadi va evglena organik moddalarni tana yuzasi orqali shimadi.

Evglena hujayrasi nima sababdan doimiy shaklga ega?
  1. Qizil dog‘ ko‘zchasi borligi uchun
  2. Soxta oyoqlar hosil qilmagani uchun
  3. Qattiq va qayishqoq yupqa qobiq bilan qoplangani uchun
  4. Bitta yirik yadroga ega bo‘lgani uchun

To‘g‘ri javob: Qattiq va qayishqoq yupqa qobiq bilan qoplangani uchun. Hujayrasini qoplagan qattiq va qayishqoq yupqa qobiq shaklni doimiy saqlaydi.

Amyoba va yashil evglenaga xos umumiy belgilar qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. Ikkalasi ham doimiy tana shakliga ega
  2. Ikkalasi ham suvda erigan kislorod bilan nafas oladi va ikkiga bo‘linib jinssiz ko‘payadi
  3. Ikkalasi ham xivchin yordamida harakatlanadi
  4. Ikkalasi ham xromatoforalar yordamida fotosintez qiladi

To‘g‘ri javob: Ikkalasi ham suvda erigan kislorod bilan nafas oladi va ikkiga bo‘linib jinssiz ko‘payadi. Evglena ham amyoba singari erigan kislorod bilan nafas oladi va ikkiga bo‘linib jinssiz ko‘payadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tripanosoma uyqu kasalligini keltirib chiqaradi. II. Leyshmaniya odam terisida uzoq vaqt tuzalmaydigan yara hosil qiladi. III. Volvoks sharining ichi suv bilan to‘lgan.
  1. II va III
  2. I va III
  3. Faqat I
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: volvoks sharining ichi quyuq dildiroq modda bilan to‘lgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSoxta oyoqlilar sinfiKeyingi →Infuzoriyalar va sporalilar sinflari