XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 5-§.

Infuzoriyalar va sporalilar sinflari

Mavzular

Infuzoriyalar va tufelka

Infuzoriyalar sinfi. Infuzoriyalarning tanasi kipriklar bilan qoplangan, katta va kichik yadrosi bo‘ladi. Hazm qilish va ayirish organoidlari boshqa bir hujayralilarga nisbatan murakkab tuzilgan. Infuzoriyalar birinchi marta pichan ivitmasida topilgan. «Infuzoriya» so‘zi ham lotin tilida «pichan ivitmasi hayvonlari» ma’nosini anglatadi. Infuzoriyalarni tufelka misolida o‘rganamiz.

Yashash muhiti, tuzilishi va harakatlanishi. Tufelka o‘simlik qoldiqlari ko‘p bo‘lgan suv havzalarida uchraydi. Uning uzunligi 0,1–0,3 mm bo‘lib, tanasining shakli poyabzalning ostki qismiga o‘xshab ketadi (9-rasm). Shuning uchun bu hayvon tufelka deb ataladi. Tanasining sirti juda ko‘p kipriklar bilan qoplangan. Kiprikchalarning tebranishi tufayli tufelka to‘mtoq tomoni bilan oldinga suzadi.

Tufelkaning oziqlanishi

Oziqlanishi. Tufelka bakteriyalar bilan oziqlanadi. Tanasining yon tomonida uzun tarnovsimon chuqurchasi, uning tubida «og‘iz» teshigi bor. Og‘iz halqumga ochiladi. Chuqurcha atrofida joylashgan kipriklar tebranishi natijasida oziq halqum tubida to‘planib, hazm vakuolasini hosil qiladi. Vakuola halqumdan uzilib sitoplazmaga tushadi. Vakuolalar sitoplazma oqimi bilan tufelka tanasini aylanib, oziqni hazm qiladi. Hazm bo‘lmagan oziq qoldiqlari tananing keyingi tomonidagi teshikcha orqali suvga chiqarib yuboriladi.

Nafas, ayirish va ko‘payish

Nafas olishi va ayirishi. Tufelkaning ikkita qisqaruvchi vakuolasi oldingi va keyingi tomonida joylashgan. Ular galma-galdan qisqarib turadi. Suvning ortiqcha qismi hamda moddalar almashinuvida hosil bo‘lgan keraksiz mahsulotlar sitoplazmadan vakuolalarga to‘planadi va ulardan tashqariga chiqarib yuboriladi. Kislorod tufelka sitoplazmasiga suv bilan birga kirib turadi.

Ko‘payishi. Tufelkaning sitoplazmasida loviyaga o‘xshash katta yadro va dumaloq kichik yadro bor. Jinssiz ko‘payishi yadrolar qobig‘ining erishi va yadro moddasining ikkiga taqsimlanishidan boshlanadi. Bu vaqtda tufelkaning tanasi qoq o‘rtasidan ingichkalashadi. Hosil bo‘lgan yangi yadrolar tufelkaning oldingi va keyingi tomoniga teng miqdorda o‘tadi. Tufelka tanasi tobora ingichkalashib, ikkiga ajraladi va bitta infuzoriyadan ikkita infuzoriya hosil bo‘ladi. Dastlab har bir infuzoriyada bittadan qisqaruvchi vakuola bo‘ladi, ikkinchisi esa keyinroq hosil bo‘ladi.

Tufelkaning himoyasi

Ta’sirlanishi. Tufelka hujayrasi qobig‘ining ostida mayda kuydiruvchi tayoqchasimon tanachalar joylashgan. Bu tanachalar uni yirtqich hayvonlardan himoya qiladi. Tufelkaning tayoqchalari otilib chiqib, yirtqich hayvon tanasiga sanchiladi va uni cho‘chitib yuboradi.

Sporalilar sinfi

Sporalilar sinfi. 4 000 dan ortiq mikroskopik hayvonlarni o‘z ichiga oladi. Hamma turlari odam va hayvonlarda parazitlik qiladi. Tuzilishi juda soddalashgan. Harakatlanish, hazm qilish va ayirish organoidlari bo‘lmaydi. Ulardan bezgak paraziti keng tarqalgan.

10-rasm. Bezgak parazitining rivojlanishi:
10-rasm. Bezgak parazitining rivojlanishi:

Bu parazitni odamga bezgak chivini yuqtiradi. Parazit qizil qon tanachalariga kirib, tez bo‘linib ko‘payadi (10-rasm). Parazit qon hujayralarini yemirib, qon plazmasiga chiqqanida odamning harorati keskin ko‘tarilib, bezgak xuruj qiladi. Bu sinfga tut ipak qurti va asalari paraziti nozema ham kiradi.

Bilimingizni sinang

«Infuzoriya» so‘zi lotin tilida qanday ma’noni anglatadi?
  1. Kiprikli hayvonlar
  2. Poyabzal shaklli hayvonlar
  3. Pichan ivitmasi hayvonlari
  4. Bir hujayrali hayvonlar

To‘g‘ri javob: Pichan ivitmasi hayvonlari. Infuzoriyalar birinchi marta pichan ivitmasida topilgan, nomi ham shuni bildiradi.

Tufelkaning uzunligi qancha bo‘ladi?
  1. 1–3 sm
  2. 0,01–0,03 mm
  3. 0,1–0,3 mm
  4. 1–3 mm

To‘g‘ri javob: 0,1–0,3 mm. Tufelkaning uzunligi 0,1–0,3 mm.

Sporalilar sinfining odamlar orasida keng tarqalgan vakili qaysi?
  1. Leyshmaniya
  2. Tripanosoma
  3. Ichburug‘ amyobasi
  4. Bezgak paraziti

To‘g‘ri javob: Bezgak paraziti. Sporalilar sinfidan bezgak paraziti keng tarqalgan.

Infuzoriya nima uchun tufelka deb ataladi?
  1. Tanasi shaffof bo‘lgani uchun
  2. Pichan ivitmasida yashagani uchun
  3. Tanasining shakli poyabzalning ostki qismiga o‘xshagani uchun
  4. Kiprikchalari juda ko‘p bo‘lgani uchun

To‘g‘ri javob: Tanasining shakli poyabzalning ostki qismiga o‘xshagani uchun. Tanasi poyabzal ostki qismiga o‘xshagani sababli tufelka deyiladi.

Tufelka hujayrasi qobig‘i ostidagi kuydiruvchi tayoqchasimon tanachalar qanday vazifani bajaradi?
  1. Yirtqich hayvonlardan himoya qiladi
  2. Ortiqcha suvni chiqaradi
  3. Oziqni hazm qiladi
  4. Suzishni ta’minlaydi

To‘g‘ri javob: Yirtqich hayvonlardan himoya qiladi. Tayoqchalar otilib chiqib, yirtqich hayvonni cho‘chitadi va tufelkani himoya qiladi.

Bezgak xuruji qachon, qaysi holat tufayli sodir bo‘ladi?
  1. Bezgak chivini odamni chaqqan zahoti
  2. Qizil qon tanachalari soni ortganida
  3. Parazit ichak devorini yemirganida
  4. Parazit qon hujayralarini yemirib, qon plazmasiga chiqqanida

To‘g‘ri javob: Parazit qon hujayralarini yemirib, qon plazmasiga chiqqanida. Parazit qizil qon tanachalarini yemirib plazmaga chiqqanda harorat keskin ko‘tarilib, xuruj boshlanadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tufelka tanasining sirti xivchinlar bilan qoplangan. II. Tufelkaning ikkita qisqaruvchi vakuolasi galma-galdan qisqaradi. III. Bezgak parazitini odamga bezgak chivini yuqtiradi.
  1. I va II
  2. I va III
  3. I, II va III
  4. II va III

To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: tufelka tanasi xivchinlar bilan emas, ko‘p sonli kipriklar bilan qoplangan.

Tufelka tuzilmalarini vazifalari bilan moslang: 1) Kiprikchalar; 2) Qisqaruvchi vakuolalar; 3) Kuydiruvchi tayoqchasimon tanachalar. a) suzishni ta’minlaydi; b) ortiqcha suv va keraksiz mahsulotlarni chiqaradi; c) yirtqichdan himoya qiladi.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-a, 2-c, 3-b
  3. 1-a, 2-b, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Kipriklar suzdiradi, qisqaruvchi vakuolalar suv va mahsulotni chiqaradi, tayoqchalar himoya qiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiXivchinlilar sinfiKeyingi →Gidroid poliplar sinfi: chuchuk suv gidrasi