Gidroid poliplar sinfi: chuchuk suv gidrasi
Mavzular
Bo‘shliqichlilar va gidra tashqi tuzilishi
Bo‘shliqichlilar tanasi ikki qavat bo‘lib joylashgan hujayralardan iborat sodda tuzilgan ko‘p hujayrali hayvonlardir. Ularning tana bo‘shlig‘i ichak vazifasini bajaradi. Bu tipga gidroid poliplar, ssifoid meduzalar, korall poliplar sinflari kiradi.
Tashqi tuzilishi. Gidra tiniq suvli tinch oqadigan yoki oqmaydigan chuchuk suv havzalarida hayot kechiradi. Uni akvariumlarda ham uchratish mumkin. Tanasining uzunligi 5–7 mm, silindrsimon shaklda. Tanasining ostki tomoni tovon deb ataladi. Tovonning qarama-qarshi tomonida paypaslagichlar bilan o‘ralgan og‘iz teshigi bor. Gidra tovoni bilan suvdagi narsalarga yopishib oladi. Suv tubidagi narsalarga yopishib olib hayot kechiradigan bo‘shliqichlilar polip deb ataladi.
Tana simmetriyasi
Tana simmetriyasi. Simmetriya – tana qismlarini bitta o‘q atrofida o‘zaro mutanosib joylashuvidan iborat (11-rasm). Gidraning tovonidan og‘iz teshigi tomonga bitta xayoliy chiziq o‘tkazilsa, uning tanasini shu chiziqdan paypaslagichlarga ketuvchi nurlar bo‘ylab bir necha teng bo‘laklarga bo‘lish mumkin. Hayvonlar tanasini bitta o‘q chiziqdan chiquvchi nurlar bo‘ylab o‘zaro mos keladigan teng qismlardan iborat bo‘lishi radial, ya’ni nurli simmetriya deyiladi.

Tana devori va teri-muskul hujayralar
Tana devori hujayralari. Gidra tanasi devori ikki qavat bo‘ylab joylashgan hujayralardan tashkil topgan. Tashqi – ektoderma va ichki – endoderma qavatlari yupqa parda bilan ajralgan. Tana devori keng ichki tana bo‘shlig‘ini o‘rab turadi. Bu bo‘shliq ichak vazifasini ham bajaradi (12-rasm).

Tashqi qavat, asosan, teri-muskul hujayralaridan iborat. Bu hujayralarning tana devoriga botib kirib kengaygan tomonida muskul tolalari bo‘ladi. Muskullarning qisqarishi tufayli gidra umbaloq oshib yoki odimlab harakatlanadi.
Otuvchi hujayralar
Ektoderma hujayralari orasida otuvchi hujayralar ham bo‘ladi (13-rasm). Bunday hujayralar ayniqsa, paypaslagichlarda juda ko‘p. Otuvchi hujayraning mayda sezuvchi tukchasi va otuvchi kapsulasi bo‘ladi. Kapsulada naysimon ingichka otiluvchi tola joylashgan. Hayvonlar (dafniya, siklop, baliq chavoqlari) otuvchi hujayra tukchasiga tegib ketsa, kapsuladagi tola otilib chiqib, ular terisiga sanchiladi. Kapsuladan oqib keladigan zaharli suyuqlik hayvon tanasiga o‘tib, uni falajlaydi.

Nerv to‘ri va oziqlanish
Ta’sirlanishi va refleks hosil qilishi. Ektodermada uzun o‘simtali yulduzsimon nerv hujayralari tarqoq joylashgan. Ularning o‘simtalari tutashib, nerv to‘rini hosil qiladi. Nerv hujayralari yordamida gidra tashqi muhit ta’sirini sezadi va tanasini yig‘ib oladi. Gidraning ta’sirlanishga javob berish xususiyati refleks deb ataladi.
Endoderma hujayralari, oziqlanishi. Endoderma qavati soxta oyoqlar chiqarish xususiyatiga ega bo‘lgan yirik xivchinli va bezli hujayralardan iborat. Hujayralar hazm shirasi ishlab chiqarish va hazm qilish vazifasini bajaradi. Gidraning ozig‘i ham bir hujayralilar singari hujayra ichida hazm bo‘ladi. Gidra tutilgan o‘ljani paypaslagichlariga yopishtirib, og‘ziga olib boradi. Oziq tana bo‘shlig‘iga tushib, hazm suyuqligi ta’sirida maydalanadi. Xivchinlar oziqni hujayralarga haydaydi. Hujayralar soxta oyoqlari yordamida oziqni qamrab olib, hazm qiladi.
Regeneratsiya va jinssiz ko‘payish
Regeneratsiya. Ektoderma hujayralari orasida yirik yadroli mayda oraliq hujayralar bo‘ladi. Gidra tanasi jarohatlanganda bu hujayralar tez o‘sa boshlaydi va shikastlangan hujayralar o‘rnini to‘ldiradi. Tananing jarohatlangan yoki yo‘qotilgan qismining tiklanishi regeneratsiya deyiladi. Gidra tanasi 200 bo‘lakka ajratilganda ham har qaysi bo‘lakdan bittadan gidra tiklanishi aniqlangan.
Jinssiz ko‘payishi. Oziq yetarli bo‘lgan iliq bahor va yoz mavsumida gidra tanasi sirtida bir nechta kurtaklar paydo bo‘ladi. Paypaslagichlar va og‘iz teshigi paydo bo‘lishi bilan kurtaklar yosh gidralarga aylanadi. Ular ona organizmidan ajralib, mustaqil yashay boshlaydi.
Jinsiy ko‘payish
Jinsiy ko‘payish. Kuzda noqulay sharoit tug‘ilishidan oldin gidra tanasining sirtida kichik bo‘rtmachalar paydo bo‘ladi. Bo‘rtmachalarda bittadan yirik tuxum hujayra yoki ko‘p miqdorda urug‘ hujayralar — spermatozoidlar yetiladi (14-rasm).

Gidra tuxum hujayrasining soxta oyoqlari bo‘ladi. Spermatozoidlar esa mayda, tez harakatlanadigan kichik hujayralardan iborat. Ular suv orqali borib, tuxum hujayrani urug‘lantiradi. Urug‘langan tuxum hujayra zigota deb ataladi. Zigotaning sirti qalin qobiq bilan qoplanadi. Gidra qishda nobud bo‘ladi, zigota esa qishlab qoladi. Bahorda zigotadan yosh gidra hosil bo‘ladi. Tuxum po‘sti yorilishi bilan yosh gidra suvga chiqadi va o‘z hayotini davom ettiradi.
Bilimingizni sinang
Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- spermatozoid
- nerv hujayrasi
- tuxum hujayra
- teri-muskul hujayrasi
To‘g‘ri javob: spermatozoid. 12-rasm. Gidraning bo‘yiga kesmasi va tanasi hujayralari: 1–otuvchi hujayra; 2–nerv hujayrasi; 3–spermatozoid; 4–tuxum hujayra; 5–hazm qilish hujayrasi; 6–teri-muskul hujayrasi
Rasmda «teri-muskul hujayrasi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 6
- 4
- 5
- 1
To‘g‘ri javob: 6. 12-rasm. Gidraning bo‘yiga kesmasi va tanasi hujayralari: 1–otuvchi hujayra; 2–nerv hujayrasi; 3–spermatozoid; 4–tuxum hujayra; 5–hazm qilish hujayrasi; 6–teri-muskul hujayrasi
Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- otuvchi hujayra
- nerv hujayrasi
- hazm qilish hujayrasi
- spermatozoid
To‘g‘ri javob: hazm qilish hujayrasi. 12-rasm. Gidraning bo‘yiga kesmasi va tanasi hujayralari: 1–otuvchi hujayra; 2–nerv hujayrasi; 3–spermatozoid; 4–tuxum hujayra; 5–hazm qilish hujayrasi; 6–teri-muskul hujayrasi
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- sezuvchi tukcha
- qamrab olinayotgan oziq
- yadro
- otuvchi kapsula
To‘g‘ri javob: otuvchi kapsula. 13-rasm. Gidraning otuvchi (A) va hazm qiluvchi (B) hujayralari: 1–otiluvchi tola; 2–otuvchi kapsula; 3–sezuvchi tukcha; 4–muskul tolasi; 5–yadro; 6–hazm qiluvchi vakuolalar; 7–qamrab olinayotgan oziq
Rasmda «hazm qiluvchi vakuolalar» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 4
- 6
- 5
- 3
To‘g‘ri javob: 6. 13-rasm. Gidraning otuvchi (A) va hazm qiluvchi (B) hujayralari: 1–otiluvchi tola; 2–otuvchi kapsula; 3–sezuvchi tukcha; 4–muskul tolasi; 5–yadro; 6–hazm qiluvchi vakuolalar; 7–qamrab olinayotgan oziq
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- sezuvchi tukcha
- muskul tolasi
- hazm qiluvchi vakuolalar
- otiluvchi tola
To‘g‘ri javob: otiluvchi tola. 13-rasm. Gidraning otuvchi (A) va hazm qiluvchi (B) hujayralari: 1–otiluvchi tola; 2–otuvchi kapsula; 3–sezuvchi tukcha; 4–muskul tolasi; 5–yadro; 6–hazm qiluvchi vakuolalar; 7–qamrab olinayotgan oziq
Gidra tanasining ostki tomoni nima deb ataladi va u qanday vazifani bajaradi?
- Paypaslagich – narsalarga yopishadi
- Tovon – o‘ljani falajlaydi
- Og‘iz – narsalarga yopishib oladi
- Tovon – narsalarga yopishib oladi
To‘g‘ri javob: Tovon – narsalarga yopishib oladi. Ostki tomon tovon deyiladi; gidra tovoni bilan suvdagi narsalarga yopishib oladi.
Gidra tanasining ichki qavati – endoderma qanday hujayralardan tashkil topgan?
- Teri-muskul va otuvchi hujayralardan
- Xivchinli va bezli, soxta oyoqli hujayralardan
- Uzun o‘simtali yulduzsimon nerv hujayralaridan
- Yirik yadroli mayda oraliq hujayralardan
To‘g‘ri javob: Xivchinli va bezli, soxta oyoqli hujayralardan. Endoderma soxta oyoqli yirik xivchinli va bezli hujayralardan iborat; ular hazm shirasi ishlab chiqaradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash