Dengiz bo‘shliqichlilari
Mavzular
Aktiniyalar
Dengiz bo‘shliqichlilariga dengizlar tubida yakka o‘troq yashaydigan aktiniyalar va o‘troq koloniya hosil qiladigan korall poliplar hamda suv qa’rida erkin suzib yurib hayot kechiradigan meduzalar kiradi.
Yakka o‘troq yashovchi aktiniyalar tanasining tuzilishi va shakli gidraga o‘xshash bo‘ladi. Lekin ancha yirik (tana diametri 0,5 m gacha) va rangli bo‘lishi bilan gidradan farq qiladi (15-rasm, 4) aktiniyalar). Paypaslagichlari og‘iz teshigi atrofida bir necha qator bo‘lib joylashgan. Aktiniyalar suv tubidagi narsalarga yopishib yashaydi, ba’zan tovonida asta-sekin harakat qiladi. Gidra singari ular ham o‘ljasini otiluvchi tolalari bilan jarohatlab, paypaslagichlari yordamida og‘ziga soladi. Ayrim aktiniyalar zohid qisqichbaqalar va baliqlar bilan simbioz yashashga moslashgan. Simbioz yashash har ikkala hayvon uchun ham foydali bo‘ladi. Ulardan biri, masalan, aktiniya qisqichbaqa chig‘anog‘iga o‘tirib olib, uni yirtqich hayvonlardan himoya qiladi. Qisqichbaqa esa aktiniyani o‘zi topgan ozig‘iga sherik qiladi.

Korall poliplar koloniyasi
Koloniya hosil qiluvchi poliplar. Koloniya hosil qiluvchi poliplar koloniyasi gidraga o‘xshash tuzilgan juda ko‘p sonli poliplardan iborat. Koloniyadagi poliplarning ichki bo‘shliqlari o‘zaro tutashgan bo‘ladi. Shuning uchun har bir poliplning tutgan ozig‘i hamma koloniya a’zolari o‘rtasida teng taqsimlanadi. Koloniya hosil qiluvchi poliplar mayda organik qoldiqlar va mikroorganizmlar bilan oziqlanadi. Ko‘pchilik turlarining tanasi devorida ohak skelet hosil bo‘ladi. Qattiq skeletli, koloniya bo‘lib yashovchi bo‘shliqichlilar korall poliplar deb ataladi (15-rasm, 5, 6).
Koloniya bo‘lib yashovchi poliplar jinsiy ko‘payganda tuxumdan chiqqan lichinkasi aktiniyalar lichinkasi singari suv tubiga yopishib, kichkina polip hosil qiladi. Polip davrida esa gidra singari jinssiz kurtaklanish orqali ko‘payadi. Lekin kurtakdan hosil bo‘lgan yosh poliplar ona tanasidan ajralib ketmasdan birga kurtaklana boshlaydi. Shu tariqa koloniya hosil bo‘ladi.
Korall riflari
Korall riflari. Tropik dengiz sohillari yaqinida, okeanning uncha chuqur bo‘lmagan joylarida korall poliplar zich joylashib, juda yirik koloniyalar riflarini hosil qiladi. Koloniya suv yuzasiga qarab o‘sadi; suv tubida esa koloniyaning halok bo‘lgan ostki qismi ko‘plab to‘planib qoladi. Shu tarzda vaqt o‘tishi bilan poliplar koloniyasi korall orollarini hosil qiladi. Shamol, suv va qushlar orqali har xil o‘simliklarning urug‘i kelib qolishi natijasida riflarda hayot boshlanadi. Bunday riflar Tinch okeanning tropik qismida, ayniqsa, Avstraliya qirg‘oqlari yaqinida ko‘p uchraydi.
Korall riflaridan qurilish materiali (ohaktosh) sifatida foydalaniladi. Ayrim riflardan (qizil korall) zeb-ziynat buyumlari tayyorlanadi. Korall riflari turli baliqlar va boshqa dengiz hayvonlari uchun makon bo‘ladi. Shuning uchun riflar tarqalgan joylar qo‘riqxonalarga aylantirilgan.
Meduzalar
Meduzalar. Meduzalarning tanasi birmuncha tiniq, shishasimon dildiroq moddadan iborat. Shakli soyabonga o‘xshab ketadi (15-rasm, 1, 2, 3). Soyabonning ostki tomoni markazida joylashgan og‘iz teshigi atrofida va soyabonning chetida juda ko‘p paypaslagichlari bo‘ladi. Tana devori hujayralari hamma bo‘shliqichlilar singari ikki qavat joylashgan, lekin oraliq moddasi juda kuchli rivojlangan. Meduzalarning soyaboni qisqarganda uning ostidagi suv kuch bilan otilib chiqib, reaktiv harakat paydo bo‘ladi.
Meduzalar yirtqich bo‘lib, qisqichbaqasimonlar, chuvalchanglar, baliq chavoqlari va boshqa mayda suv hayvonlari bilan oziqlanadi. Ular o‘ljasini otiluvchi tolalari yordamida falajlab, og‘iz atrofidagi yirik paypaslagichlari yordamida og‘ziga soladi. Ayrim meduzalarning otiluvchi tolalari kuydirish xususiyatiga ega. Shimoliy dengizlarda uchraydigan qutb meduzasi va Qora dengizda ildizog‘iz meduza cho‘miluvchilar uchun xavfli hisoblanadi. Dengiz likopchasi deb ataladigan, barcha dengizlarda keng tarqalgan aureliya meduzasi odam uchun zararsiz. Meduzalar baliqlar chavoqlarini yeb, baliqchilikka birmuncha ziyon yetkazadi.
Bo‘shliqichlilar kelib chiqishi
Bo‘shliqichlilarning kelib chiqishi. Tanasidagi hujayralarning kuchsiz ixtisoslashganligi va kuchli regeneratsiya qilish xususiyati bo‘shliqichlilarning eng qadimgi hayvonlar ekanligini ko‘rsatadi. Olimlarning fikricha, qadimgi koloniya bo‘lib yashovchi bir hujayrali xivchinlilardan dastlab gidrasimonlar, ulardan esa korall poliplar va meduzalar kelib chiqqan. Bo‘shliqichlilar tanasida oziqni qamrab olib hazm qiladigan hujayralarning bo‘lishi buning dalili hisoblanadi.
Bilimingizni sinang
Aktiniya tuzilishi jihatidan gidraga o‘xshasa-da, qaysi belgisi bilan undan farq qiladi?
- Tanasi soyabonsimon bo‘ladi
- Ohak skeleti rivojlangan bo‘ladi
- Ancha yirik (0,5 m gacha) va rangli bo‘ladi
- Koloniya hosil qilib yashaydi
To‘g‘ri javob: Ancha yirik (0,5 m gacha) va rangli bo‘ladi. Aktiniya gidradan ancha yirikligi (diametri 0,5 m gacha) va rangliligi bilan farq qiladi.
Meduza tana devorida ikki qavat hujayra bilan birga qaysi qism juda kuchli rivojlangan?
- Oraliq modda
- Nerv tugunlari
- Ohakli skelet
- Tovon
To‘g‘ri javob: Oraliq modda. Meduzada tana devori ikki qavatli, lekin oraliq modda juda kuchli rivojlangan.
Meduzada paypaslagichlar qayerda joylashgan?
- Soyabonning ustki tomonida
- Faqat og‘iz atrofida bir necha qator bo‘lib
- Faqat tovon atrofida
- Og‘iz atrofida va soyabon chetida
To‘g‘ri javob: Og‘iz atrofida va soyabon chetida. Meduzaning paypaslagichlari og‘iz atrofida va soyabon chetida joylashgan.
Meduza suvda qanday harakatlanadi?
- Xivchinlari yordamida suzadi
- Soyaboni qisqarib, suvni otadi – reaktiv harakat
- Tovoni bilan asta-sekin surilib yuradi
- Muskullari yordamida umbaloq oshadi
To‘g‘ri javob: Soyaboni qisqarib, suvni otadi – reaktiv harakat. Soyabon qisqarganda ostidagi suv kuch bilan otilib chiqadi va reaktiv harakat paydo bo‘ladi.
Aktiniya va zohid qisqichbaqa simbiozida aktiniya qisqichbaqaga qanday foyda keltiradi?
- Unga hazm bo‘lgan oziqni beradi
- Unga yangi chig‘anoq hosil qilib beradi
- Chig‘anog‘iga o‘tirib, uni yirtqichlardan himoya qiladi
- Uni suv tubiga yopishtirib qo‘yadi
To‘g‘ri javob: Chig‘anog‘iga o‘tirib, uni yirtqichlardan himoya qiladi. Aktiniya qisqichbaqa chig‘anog‘iga o‘tirib uni yirtqichlardan himoya qiladi, qisqichbaqa esa ozig‘ini bo‘lishadi.
Korall riflari tarqalgan joylarning qo‘riqxonaga aylantirilishiga qaysi holat sabab bo‘lgan?
- Riflarda meduzalarning ko‘pligi
- Riflardan ohaktosh olishning taqiqlanishi
- Riflarda qizil korall bo‘lmasligi
- Riflarning turli baliqlar va dengiz hayvonlari uchun makon bo‘lishi
To‘g‘ri javob: Riflarning turli baliqlar va dengiz hayvonlari uchun makon bo‘lishi. Riflar baliqlar va boshqa dengiz hayvonlari uchun makon bo‘ladi, shuning uchun qo‘riqxona qilingan.
Aktiniya, korall polip va meduzaning hayot tarzi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Aktiniya – yakka o‘troq; korall polip – erkin suzuvchi; meduza – o‘troq koloniya
- Aktiniya – yakka o‘troq; korall polip – o‘troq koloniya; meduza – erkin suzuvchi
- Aktiniya – erkin suzuvchi; korall polip – yakka o‘troq; meduza – koloniya
- Aktiniya – o‘troq koloniya; korall polip – yakka o‘troq; meduza – erkin suzuvchi
To‘g‘ri javob: Aktiniya – yakka o‘troq; korall polip – o‘troq koloniya; meduza – erkin suzuvchi. Aktiniyalar yakka o‘troq, korall poliplar o‘troq koloniya, meduzalar erkin suzib yashaydi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qutb meduzasi Qora dengizda cho‘miluvchilar uchun xavfli; II. Ildizog‘iz meduza Qora dengizda cho‘miluvchilar uchun xavfli; III. Meduzalar baliq chavoqlarini yeb, baliqchilikka ziyon yetkazadi.
- Faqat I
- I va II
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Qutb meduzasi Shimoliy dengizlarda uchraydi, shuning uchun I noto‘g‘ri; II va III to‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash