Yassi chuvalchanglar tipi: kiprikli chuvalchanglar sinfi
Mavzular
Yassi va kiprikli chuvalchanglar
Yassi chuvalchanglar – tanasi ikki yonlama simmetriyali ko‘p hujayralilar. Ularning hazm qilish, ayirish, sezgi, germofrodit jinsiy organlari rivojlangan. Ular kiprikli chuvalchanglar, so‘rg‘ichlilar, tasmasimon chuvalchanglar sinflariga bo‘linadi.
Kiprikli chuvalchanglarning gavdasi bargsimon shaklda bo‘lib, mayda kipriklar bilan qoplangan. Ular dengiz va chuchuk suvlarda erkin yashaydi. Oq planariya – tipik vakili hisoblanadi.
Yashash muhiti va tashqi tuzilishi
Oq planariya daryo va ko‘llarning tubida hayot kechiradi. Uni ayrim kichikroq soylarning tubida yotgan tosh, barg va cho‘plarning ostidan topish mumkin. Oq planariya tanasining uzunligi 2–3 sm, oqish yoki kulrang tusda. Tanasining biroz kengaygan oldingi tomoni ikki yonida kalta o‘simtalarga o‘xshash ikkita sezgi paypaslagichlari va ikkita qora nuqta shaklidagi ko‘zchalari joylashgan (16-rasm, A). Tanasi sirti bir qavat kiprikli epiteliy hujayralari bilan qoplangan. Planariya kipriklar yordamida sirpanib harakat qiladi.
Agar oq planariyaning tanasi bo‘ylab xayolan to‘g‘ri chiziq o‘tkaziladigan bo‘lsa, uning organlari shu chiziqning ikki tomonida bir xil miqdorda joylashadi, ya’ni tananing har ikki qismi teng bo‘ladi. Tana organlarining ana shunday joylashishi ikki tomonlama simmetriya deyiladi.
Hazm qilish sistemasi va oziqlanishi
Planariyaning og‘iz teshigi qorin tomonida joylashgan. Og‘iz qisqa halqum bilan tutashgan. Halqumdan uch shoxli ichak boshlanadi (16-rasm). Shoxlardan biri tananing oldingi tomoniga, ikkitasi keyingi tomoniga yo‘nalgan. Ichak shoxlari juda ko‘p, uchi berk yon shoxchalar hosil qiladi. Og‘iz teshigi, halqum, ichak hazm qilish sistemasini hosil qiladi. Planariyaning orqa ichagi va orqa chiqaruv teshigi bo‘lmaydi.

Planariya – yirtqich hayvon. U mayda suv hayvonlari – chuvalchanglar, qisqichbaqasimonlar va hasharotlarning lichinkalari bilan oziqlanadi. O‘ljani tanasi bilan qoplab olib, so‘radi. Oziq ichagida hazm bo‘lgach, ichak shoxchalari orqali tanaga tarqaladi. Oziq qoldiqlari og‘iz teshigi orqali chiqarib yuboriladi.
Ayirish, nerv va sezgi organlari
Tanasining g‘ovak to‘qimasida juda ko‘p uchi berk naychalar joylashgan (16-rasm, B, D). Bu naychalar tananing ikki yonidagi yirikroq ikkita naychaga kelib tutashadi. Moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘ladigan zararli moddalar tanadagi ortiqcha suv bilan birga mayda naychalarning ichiga sizib o‘tadi va ikki yon tomonda joylashgan yirik naylar orqali chiqarib yuboriladi.
Planariyaning nerv hujayralari tananing oldingi tomonida to‘planib, ikkita nerv tugunini hosil qiladi (16-rasm, E). Nerv tugunlaridan tananing keyingi tomoniga ikkita yirik nervlar chiqadi. Nerv tugunlaridan tananing hamma qismiga nervlar ketadi. Nerv hujayralari va nerv tolalari birgalikda nerv sistemasini hosil qiladi.
Planariya terisi orqali har xil ta’sirlarni sezadi. Agar unga biron narsa tegib ketsa, tanasini birdaniga qisqartirib oladi. Paypaslagichlari, terisi va ko‘zchalari planariyaning sezgi organlari hisoblanadi.
Ko‘payishi va regeneratsiyasi
Tanasining oldingi qismida ikkita urg‘ochilik jinsiy organi – tuxumdonlar; ulardan keyinroqda pufakka o‘xshash erkaklik jinsiy organi – urug‘donlar joylashgan (16-rasm, F). Tuxumdonlarda tuxumlar, urug‘donlarda esa urug‘ hujayralari – spermatozoidlar hosil bo‘ladi. Urug‘langan tuxumlar to‘p-to‘p bo‘lib pilla ichiga qo‘yiladi. Tuxumdan chiqqan yosh planariyalar pilla devorini yorib suvga chiqadi.
Shunday qilib, planariya tanasidan bir vaqtning o‘zida tuxum va urug‘ hujayralar rivojlanadi. Planariya va unga o‘xshash ikki xil jinsga ega bo‘lgan hayvonlar germafrodit deyiladi.
Planariyada regeneratsiya xususiyati juda yaxshi rivojlangan. Noqulay sharoit tug‘ilganda (harorat oshganda, kislorod yetishmasa) planariya mayda bo‘laklarga bo‘linib ketib, qulay sharoit tug‘ilganida yana har bir bo‘lakdan alohida organizm rivojlanishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Planariya halqumidan boshlanadigan ichak qanday tuzilgan?
- Shoxlanmagan oddiy nay, orqa teshigi bilan tugaydi
- Ikki shoxli: har biri keyingi tomonga yo‘nalgan
- Uch shoxli: biri oldinga, ikkitasi orqaga yo‘nalgan
- Uch shoxli: ikkitasi oldinga, biri orqaga yo‘nalgan
To‘g‘ri javob: Uch shoxli: biri oldinga, ikkitasi orqaga yo‘nalgan. Ichak uch shoxli: bitta shox oldinga, ikkitasi orqaga yo‘nalgan.
Quyidagi qatorlardan qaysi birida planariyaning sezgi organlari to‘g‘ri sanalgan?
- Paypaslagichlar, teri va ko‘zchalar
- Paypaslagichlar, tuxumdonlar va ko‘zchalar
- Nerv tugunlari, ayirish naychalari va teri
- Halqum, teri va ko‘zchalar
To‘g‘ri javob: Paypaslagichlar, teri va ko‘zchalar. Planariyaning sezgi organlari – paypaslagichlari, terisi va ko‘zchalari.
Planariyaning g‘ovak to‘qimasidagi uchi berk naychalar qanday vazifani bajaradi?
- Tuxumlarni pilla ichiga yetkazadi
- Oziqni tananing hamma qismiga tarqatadi
- Nerv tugunlaridan signal o‘tkazadi
- Zararli moddalarni ortiqcha suv bilan yon naylarga o‘tkazadi
To‘g‘ri javob: Zararli moddalarni ortiqcha suv bilan yon naylarga o‘tkazadi. Zararli moddalar ortiqcha suv bilan mayda naychalarga sizib o‘tadi va yirik yon naylar orqali chiqariladi (ayirish).
Nima uchun planariya oziq qoldiqlarini og‘iz teshigi orqali chiqaradi?
- Ichagi shoxlanmagani uchun
- Ayirish naychalari og‘izga ochilgani uchun
- Orqa ichagi va orqa chiqaruv teshigi bo‘lmagani uchun
- Halqumi ichak bilan tutashmagani uchun
To‘g‘ri javob: Orqa ichagi va orqa chiqaruv teshigi bo‘lmagani uchun. Planariyada orqa ichak va orqa chiqaruv teshigi yo‘q, shuning uchun qoldiq og‘iz orqali chiqadi.
Noqulay sharoitda (harorat oshganda, kislorod yetishmasa) planariya o‘zini saqlab qolish uchun nima qiladi?
- Mayda bo‘laklarga bo‘linib ketadi, keyin har biri tiklanadi
- Tanasini kiprikli pilla bilan o‘rab oladi
- Sistaga aylanib, qalin qobiqqa o‘raladi
- Kurtaklanib, yosh planariyalar hosil qiladi
To‘g‘ri javob: Mayda bo‘laklarga bo‘linib ketadi, keyin har biri tiklanadi. Planariya mayda bo‘laklarga bo‘linadi, qulay sharoitda har bir bo‘lakdan alohida organizm rivojlanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Kiprikli chuvalchanglar gavdasi bargsimon, mayda kipriklar bilan qoplangan; II. Planariya tanasi sirti ko‘p qavat epiteliy bilan qoplangan; III. Planariya kipriklar yordamida sirpanib harakat qiladi.
- Faqat II
- I va III
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Planariya tanasi sirti bir qavat kiprikli epiteliy bilan qoplangan, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Planariya o‘txo‘r hayvon; II. U chuvalchanglar, qisqichbaqasimonlar va hasharot lichinkalari bilan oziqlanadi; III. Oziq ichagida hazm bo‘lgach, ichak shoxchalari orqali tanaga tarqaladi.
- Faqat I
- I va II
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Planariya yirtqich, shuning uchun I noto‘g‘ri; II va III matnga mos.
Planariya tuzilmalarini joylashuvi bilan moslang: 1) og‘iz teshigi; 2) ko‘zchalar; 3) nerv tugunlari. a) tananing oldingi tomonida to‘planib, ikkita bo‘ladi; b) qorin tomonida joylashgan; c) kengaygan oldingi tomonda qora nuqta shaklida.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Og‘iz qorin tomonida, ko‘zchalar oldingi tomonda qora nuqta shaklida, nerv tugunlari oldingi tomonda ikkita.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash