Odam askaridasi
Mavzular
To‘garak chuvalchanglar va askarida
To‘garak chuvalchanglar tanasi ko‘ndalang kesimi to‘garak shaklda, tana shakli ipsimon, ichki organlari tana bo‘shlig‘ida joylashgan. Dengiz, chuchuk suv va tuproqda hayot kechiradi; odam, hayvon va o‘simliklarda parazitlik qiladi. Bu tipga odam askaridasi misol bo‘ladi.
Odam askaridasi ingichka ichakda parazitlik qiladi. Uzunchoq gavdasi ikki uchi ingichkalashgan duksimon shaklda. Urg‘ochisining uzunligi 20–40 sm, erkagi 15–25 sm bo‘ladi. Erkak askaridaning dumi ilmoqqa o‘xshash egilgan. Askarida gavdasi tashqi tomondan pishiq va qalin po‘st – kutikula bilan qoplangan. Yopishuv organlari rivojlanmagan, uning elastik tanasi ichak devoriga taqalib turganidan ichakdan tashqariga chiqib ketmaydi.
Hazm qilish sistemasi
Askaridaning hazm qilish sistemasi ikki uchi ochiq uzun nayga o‘xshaydi. Bu nay og‘iz teshigidan boshlanib, qisqa halqum, qizilo‘ngach, o‘rta ichak hamda keyingi ichak orqali orqa chiqaruv (anal) teshigi bilan tamom bo‘ladi. Tanasi oldingi uchida joylashgan og‘iz teshigi uchta lab bilan o‘ralgan (21-rasm). Askarida ingichka ichakda hazm bo‘layotgan oziqni so‘rib oladi. Oziqning hazm bo‘lmagan qismi uning anal teshigi orqali chiqib ketadi.

Ayirish va nerv sistemasi
Askaridaning ayirish sistemasi tana bo‘ylab o‘tgan ikkita uzun naydan iborat. Naylar tananing oldingi tomonida birlashib, yagona teshik bilan tashqariga ochiladi. Gavdasining oldingi tomonidagi nerv halqasi halqumni o‘rab olgan. Bu halqadan tana bo‘ylab keyingi va oldingi tomonga nervlar ketadi.
Jinsiy sistemasi va rivojlanishi
Askaridaning jinsiy sistemasi bir uchi berk ingichka naychaga o‘xshash bo‘lib, tana bo‘shlig‘ida buralib joylashgan. Urg‘ochisining jinsiy organi ikkita tuxumdondan, erkaginiki esa bitta urug‘dondan iborat. Askarida juda serpusht: bir kecha-kunduzda 240000 tagacha tuxum qo‘yadi. Urug‘langan va qattiq po‘st bilan qoplangan tuxumlarini xo‘jayini ichagiga qo‘yadi. Tuxumlar axlat bilan tashqariga chiqariladi (22-rasm). Nam joyda tuxumlar ichida lichinkalar rivojlanadi. Tuxumlar iflos qo‘l yoki yuvilmagan sabzavot va mevalar orqali odamning ichagiga tushganida ulardan lichinkalar chiqadi. Lichinkalar qon orqali o‘pkaga boradi; so‘ngra balg‘am bilan og‘izga tushadi. Ular og‘izdan yana ichakka qaytib tushgach, rivojlanib voyaga yetadi va tuxum qo‘yishga kirishadi.

Askaridaning zarari va oldini olish
Askarida bilan kasallangan kishi ozib ketadi, rangi siniq bo‘ladi. Uning qorni muntazam og‘rib turadi. Ichakdagi askaridalar maxsus dorilar yordamida haydaladi. Askaridani yuqtirmaslik uchun sabzavot, meva va poliz mahsulotlarini yaxshilab yuvib iste’mol qilish hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish zarur.
To‘garak chuvalchanglarning kelib chiqishi
To‘garak chuvalchanglar tana bo‘shlig‘i va anal teshigining bo‘lishi, ichki organlarining ancha murakkab tuzilganligi bilan yassi chuvalchanglardan farq qiladi. Olimlarning fikricha, tarixiy rivojlanish jarayonida qadimgi yassi chuvalchanglar tanasida tana bo‘shlig‘i va orqa chiqaruv teshigi paydo bo‘lgan; ulardan to‘garak chuvalchanglar kelib chiqqan.
Bilimingizni sinang
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- anal teshigi
- bachadonlar
- ichak
- og‘iz
To‘g‘ri javob: og‘iz. 21-rasm. Askaridaning ichki tuzilishi: 7 3 1 – teri; 2 – og‘iz; 3 – halqum; 4 – ichak; 5 – anal teshigi; 6 – tuxumdonlar; 7 – tuxum yo‘li; 8 – bachadonlar
Rasmda «tuxum yo‘li» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 7
- 5
- 2
- 1
To‘g‘ri javob: 7. 21-rasm. Askaridaning ichki tuzilishi: 7 3 1 – teri; 2 – og‘iz; 3 – halqum; 4 – ichak; 5 – anal teshigi; 6 – tuxumdonlar; 7 – tuxum yo‘li; 8 – bachadonlar
Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- halqum
- anal teshigi
- ichak
- tuxumdonlar
To‘g‘ri javob: anal teshigi. 21-rasm. Askaridaning ichki tuzilishi: 7 3 1 – teri; 2 – og‘iz; 3 – halqum; 4 – ichak; 5 – anal teshigi; 6 – tuxumdonlar; 7 – tuxum yo‘li; 8 – bachadonlar
Odam askaridasining urg‘ochi va erkak individlari uzunligi qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Urg‘ochisi 15–25 sm, erkagi 20–40 sm
- Urg‘ochisi 3–4 sm, erkagi 2–3 sm
- Urg‘ochisi 8–10 m, erkagi 5–7 m
- Urg‘ochisi 20–40 sm, erkagi 15–25 sm
To‘g‘ri javob: Urg‘ochisi 20–40 sm, erkagi 15–25 sm. Urg‘ochi askarida 20–40 sm, erkagi 15–25 sm bo‘ladi.
Askaridaning tanasi oldingi uchida joylashgan og‘iz teshigi nima bilan o‘ralgan?
- To‘rtta so‘rg‘ich
- Bitta halqa
- Uchta lab
- Ikkita lab
To‘g‘ri javob: Uchta lab. Og‘iz teshigi uchta lab bilan o‘ralgan.
Askarida tuxumlari odamning ichagiga qaysi yo‘l bilan tushadi?
- Kasal hayvonni erkalatish orqali
- Iflos qo‘l yoki yuvilmagan sabzavot va mevalar orqali
- Suvdagi sikloplar orqali
- Pishmagan go‘sht orqali
To‘g‘ri javob: Iflos qo‘l yoki yuvilmagan sabzavot va mevalar orqali. Tuxumlar iflos qo‘l yoki yuvilmagan sabzavot va mevalar orqali ichakka tushadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Nerv halqasi askaridaning qizilo‘ngachini o‘rab olgan; II. Erkak askaridaning jinsiy organi bitta urug‘dondan iborat; III. Askarida bir kecha-kunduzda 240000 tagacha tuxum qo‘yadi.
- Faqat I
- I va II
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Nerv halqasi halqumni o‘rab oladi, shuning uchun I noto‘g‘ri; II va III to‘g‘ri.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Odam askaridasi ingichka ichakda parazitlik qiladi; II. Erkak askaridaning dumi to‘g‘ri, uchi ingichka; III. Askarida tanasi qalin va pishiq kutikula bilan qoplangan.
- Faqat II
- I va II
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Erkak askaridaning dumi ilmoqqa o‘xshash egilgan, shuning uchun II noto‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash