XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 11-§.

Parazit chuvalchanglarning xilma-xilligi

Mavzular

Exinokokkning tuzilishi va pufagi

Exinokokk yassi chuvalchanglar tipi, tasmasimon chuvalchanglar sinfiga kiradi. Uning uzunligi 0,3–0,6 mm bo‘lib, it, bo‘ri va tulkilar ichagida parazitlik qiladi (23-rasm, 3, 4). Tanasi 5–6 bo‘g‘imdan iborat; tuxumga to‘lgan oxirgi bo‘g‘imi hayvon axlati bilan tashqariga chiqib ketadi. Exinokokk tuxumlari yem-xashak orqali qoramol, qo‘y, ot va tuya kabi hayvonlarning ichagiga tushganida ulardan chiqqan lichinkalar qon orqali o‘pka, jigar yoki boshqa organlarga borib, juda yirik, ba’zan chaqaloq boshidek va undan ham kattaroq pufak (finna)ni hosil qiladi. Bunday pufak ichidagi suyuqlikda faqat mikroskopda ko‘rinadigan juda ko‘p sonli lichinkalar bo‘ladi.

Exinokokkning yuqishi

Itlar va yirtqich hayvonlar o‘txo‘r hayvonlarning ichki organlari bilan birga ana shunday pufaklarni yeganida ular ichagida lichinkalar voyaga yetadi. Hayvon ichagidan axlat bilan juda ko‘p exinokokk tuxumlari tashqariga chiqib turadi. Tuxumlar hayvonlarning yungiga ham yopishib qoladi. Odam kasal itni erkalatganida exinokokk tuxumlarini yuqtiradi. Odam va o‘txo‘r hayvonlar exinokokkning oraliq xo‘jayini, it va boshqa yirtqich hayvonlar esa uning asosiy xo‘jayini hisoblanadi.

Cho‘chqa tasmasimon chuvalchangi

Cho‘chqa tasmasimon chuvalchangi yassi chuvalchanglar tipining tasmasimon chuvalchanglar sinfiga kiradi. Uning tuzilishi va hayot kechirishi qoramol tasmasimon chuvalchanginikiga o‘xshash bo‘lib, voyaga yetgan davrida odam ichagida, lichinkasi cho‘chqalar muskulida uchraydi. Odam yaxshi pishirilmagan cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilib, parazit finnasini yuqtiradi (23-rasm, 1, 2).

23-rasm. Parazit chuvalchanglar:
23-rasm. Parazit chuvalchanglar:

Bolalar gijjasi

Bolalar gijjasi to‘garak chuvalchanglar tipiga kiradi. Gijja odamlarning, ayniqsa, kichik yoshdagi bolalarning ichagida parazitlik qiladi. Gijja – oqish rangli, juda mayda (5–10 mm) chuvalchang. Bolalar gijjasining urg‘ochisi urug‘langandan keyin orqa chiqaruv teshigi yaqinida yashay boshlaydi. Kechasi orqa chiqaruv teshigi atrofidagi teriga tuxum qo‘yadi. Bu paytda teri qattiq qichishib, kishini bezovta qiladi. Gijjaning tuxumlari iflos qo‘l orqali yana ichakka tushib qolsa, qaytadan rivojlana boshlaydi. Gijja tuxumlari kasal odamning kiyimi, to‘shagi yoki boshqa buyumlari orqali yuqadi.

Rishta

Rishta – to‘garak chuvalchanglar tipiga mansub parazit hayvon. Tropik va subtropik o‘lkalarda tarqalgan. Tanasi ipga o‘xshash, uzunligi 32 sm dan 100 sm gacha bo‘ladi. Rishta oyoq, ba’zan qo‘l terisi ostidagi biriktiruvchi to‘qimada parazitlik qiladi. Terining rishta bilan zararlangan joyida ho‘l yara paydo bo‘ladi. Yaradan rishta tanasining bir qismi chiqib turadi. Tananing qolgan qismi yara ostida kalavaga o‘xshab o‘ralib yotadi. Rishta tirik lichinkalar tug‘ib ko‘payadi. Rishta bilan zararlangan odam yoki hayvon suvga tushganida lichinkalar suvga chiqadi. Ularni suvdagi juda mayda qisqichbaqasimonlardan sikloplar yutib yuboradi. Odam yoki hayvonlar siklopli suvni ichganida rishtaning lichinkasi ularga o‘tadi. Odam tanasida lichinka bir yil davomida voyaga yetadi.

Aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash natijasida O‘zbekistonda rishta aholi orasida tugatilgan. Hozir rishta bilan zararlanish yovvoyi hayvonlarda uchrab turadi.

Bo‘rtma nematoda

Bo‘rtma nematoda o‘simliklarning yer ostki qismida parazitlik qiladi. Kasallangan o‘simlik ildizida no‘xatdek va undan yirikroq (ba’zan mushtdek) bo‘rtmalar hosil bo‘ladi. Bunday o‘simlik o‘sish va rivojlanishdan qoladi, uning hosili kamayib ketadi; kuchli zararlangan o‘simliklar tez orada halok bo‘ladi. Nematoda ayniqsa bodring, pomidor, qovun, kartoshka, kanop, ba’zan g‘o‘zaga katta ziyon yetkazadi.

Parazitlikka moslashish

Parazit hayot kechirish chuvalchanglarning tashqi tuzilishiga va hayot kechirish xususiyatlariga katta ta’sir qilgan. Bunday o‘zgarishlar yassi chuvalchanglarda ayniqsa yaxshi ko‘zga tashlanadi. Ularning maxsus yopishish organlari paydo bo‘lgan; hazm qilish sistemasi yo‘qolib, jinsiy organlari juda kuchli rivojlangan. Lekin parazit chuvalchanglar va lichinkalarining ko‘pchiligi tashqi muhitga chiqqanida o‘z xo‘jayinini topolmasdan qirilib ketadi. Shuning uchun juda ko‘p nasl qoldiradi; ayrim turlari, masalan, jigar qurti va exinokokk, hatto lichinkalik davrida ham ko‘payish xususiyatiga ega bo‘ladi.

Parazit chuvalchanglardan saqlanish

Tasmasimon chuvalchanglarni yuqtirmaslik uchun go‘sht mahsulotlarini yaxshi pishirib iste’mol qilish lozim. Bunday chuvalchanglar tarqalishining oldini olish uchun esa hayvonlarning zararlangan organlarini itlarga bermaslik kerak. Kushxonalardan chiqayotgan go‘sht mahsulotlarini qat’iy nazorat ostiga olish zarur. Daydi itlarga qarshi kurashish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish exinokokk bilan zararlanishning oldini oladi. Jigar qurti yuqmasligi uchun ko‘lmak suvlarni ichmaslik, daladan yig‘ib keltirilgan ko‘katlarni yaxshi yuvmasdan iste’mol qilmaslik lozim. Askarida va bolalar gijjasini yuqtirmaslik uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, ya’ni ovqatlanishdan oldin qo‘lni sovunlab yuvish, meva, sabzavot va poliz mahsulotlarini yaxshilab yuvib iste’mol qilish zarur.

Gelmintologiya va olimlar

Parazit chuvalchanglarni gelmintologiya fani o‘rganadi. Gelmintlarni o‘rganish va ularga qarshi kurash choralarini ishlab chiqishda K.I. Skryabin boshchiligida gelmintolog olimlar ko‘p ishlarni amalga oshirishgan. Gelmintlarni o‘rganishga bizning vatandoshlarimiz ham katta hissa qo‘shishgan. Ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» asarida dorivor giyohlar yordamida odam ichagidan parazit chuvalchanglarni haydab chiqarish haqida yozgan. O‘zbek olimlari A. T. To‘laganov o‘simlik gelmintlarini, M. A. Sultonov, J. A. Azimov, E. X. Ergashev yovvoyi va uy hayvonlari hamda o‘simlik gelmintlarini o‘rganishgan. Olimlar olib borgan tadqiqotlar parazit chuvalchanglar yetkazadigan zararni keskin kamaytirishga imkon berdi.

Bilimingizni sinang

Exinokokkning uzunligi va u voyaga yetgan davrida parazitlik qiladigan joy qaysi javobda to‘g‘ri?
  1. 3–4 sm; it, bo‘ri va tulki ichagi
  2. 0,3–0,6 mm; qoramol, qo‘y va ot ichagi
  3. 8–10 m; odam ichagi
  4. 0,3–0,6 mm; it, bo‘ri va tulki ichagi

To‘g‘ri javob: 0,3–0,6 mm; it, bo‘ri va tulki ichagi. Exinokokk 0,3–0,6 mm uzunlikda bo‘lib, it, bo‘ri va tulkilar ichagida parazitlik qiladi.

Exinokokk tanasi nechta bo‘g‘imdan iborat?
  1. 20–30 bo‘g‘imdan
  2. 5–6 bo‘g‘imdan
  3. Taxminan 1000 tagacha bo‘g‘imdan
  4. Bo‘g‘imlarga bo‘linmagan

To‘g‘ri javob: 5–6 bo‘g‘imdan. Exinokokk tanasi 5–6 bo‘g‘imdan iborat.

Bolalar gijjasining o‘lchami va rangi qanday?
  1. 3–4 sm, qizg‘ish rangli
  2. 32–100 sm, ipsimon
  3. 5–10 mm, oqish rangli
  4. 20–40 sm, duksimon

To‘g‘ri javob: 5–10 mm, oqish rangli. Bolalar gijjasi oqish rangli, juda mayda (5–10 mm) chuvalchang.

Rishta odam tanasining qaysi qismida parazitlik qiladi?
  1. O‘pka to‘qimasida
  2. Oyoq yoki qo‘l terisi ostidagi biriktiruvchi to‘qimada
  3. Jigarning o‘t yo‘llarida
  4. Ingichka ichakda

To‘g‘ri javob: Oyoq yoki qo‘l terisi ostidagi biriktiruvchi to‘qimada. Rishta oyoq, ba’zan qo‘l terisi ostidagi biriktiruvchi to‘qimada parazitlik qiladi.

Bo‘rtma nematoda o‘simlikning qaysi qismida parazitlik qiladi va qanday belgi hosil qiladi?
  1. Mevasida chirish hosil qiladi
  2. Poyasida shira chiqishiga olib keladi
  3. Barglarida sariq dog‘lar hosil qiladi
  4. Yer ostki qismida, ildizda bo‘rtmalar hosil qiladi

To‘g‘ri javob: Yer ostki qismida, ildizda bo‘rtmalar hosil qiladi. Bo‘rtma nematoda o‘simlikning yer ostki qismida parazitlik qilib, ildizda bo‘rtmalar hosil qiladi.

Parazit chuvalchanglarni o‘rganadigan fan nima deb ataladi?
  1. Gelmintologiya
  2. Entomologiya
  3. Ornitologiya
  4. Protistologiya

To‘g‘ri javob: Gelmintologiya. Parazit chuvalchanglarni gelmintologiya fani o‘rganadi.

Parazit chuvalchanglar nima uchun juda ko‘p nasl qoldiradi?
  1. Ko‘pchiligi tashqi muhitda xo‘jayinini topolmay qirilib ketgani uchun
  2. Yopishish organlari kuchli rivojlangani uchun
  3. Hazm qilish sistemasi murakkab bo‘lgani uchun
  4. Jinsiy organlari yo‘qolib ketgani uchun

To‘g‘ri javob: Ko‘pchiligi tashqi muhitda xo‘jayinini topolmay qirilib ketgani uchun. Ko‘pchiligi xo‘jayinini topolmay qirilgani sababli juda ko‘p nasl qoldirib turadi.

Rishtaning lichinkasi odam yoki hayvon organizmiga qanday yo‘l bilan o‘tadi?
  1. Siklopli suv ichilganda
  2. Kasal itni erkalatganda
  3. Iflos qo‘l orqali tuxum sifatida
  4. Pishmagan cho‘chqa go‘shti orqali

To‘g‘ri javob: Siklopli suv ichilganda. Sikloplar lichinkani yutadi; siklopli suv ichilganda lichinka odamga o‘tadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOdam askaridasiKeyingi →Yomg‘ir chuvalchangining tashqi tuzilishi, nerv sistemasi va rivojlanishi