Yomg‘ir chuvalchangining ichki tuzilishi
Mavzular
Hazm qilish sistemasi
Hazm qilish sistemasi. Chuvalchangning og‘iz teshigi tanasi oldingi uchida, birinchi tana bo‘g‘imi ostida joylashgan. Og‘iz qisqa halqum orqali qizilo‘ngachga tutashgan (26-rasm). Qizilo‘ngachning kengaygan keyingi qismi jig‘ildon deb ataladi. Jig‘ildon esa kichikroq oshqozonga ochiladi. Oshqozondan tananing keyingi tomoniga qarab ichak ketadi.
Chuvalchanglar chiriyotgan o‘simlik qoldiqlari bilan oziqlanadi; chirindini tuproq bilan birga ichagidan o‘tkazadi. Oziq ichakda hazm shirasi ta’sirida o‘zlashtiriladi. Oziq tarkibidagi moddalar qonga so‘riladi. Oziqning hazm bo‘lmagan qismi anal teshigi orqali tashqariga chiqariladi.
Qon aylanish sistemasi
Qon aylanish sistemasi. Qon aylanish sistemasi dastlab halqali chuvalchanglarda paydo bo‘lgan. Yomg‘ir chuvalchangi qon aylanish sistemasi o‘zaro tutashgan yirik orqa va qorin qon tomirlaridan iborat (26-rasm). Bu ikki yirik qon tomir halqa tomirlar orqali o‘zaro tutashgan. Qizilo‘ngach atrofida joylashgan 5–6 ta yo‘g‘on halqa tomirlarning devori muskullar bilan ta’minlangan. Bu tomirlar qisqarish xususiyatiga ega bo‘lganligi tufayli «yurak» deb ataladi.
Halqa va yirik qon tomirlardan tanadagi turli organlarga mayda qon tomirlar tarqaladi. Bu tomirlar organlarda juda mayda tomirlarga ajraladi. Eng mayda qon tomirlar kapillyarlar deb ataladi. Kapillyar tomirlar terida va ichak devorida ayniqsa ko‘p bo‘ladi.
Qon orqa tomir bo‘ylab tananing oldingi tomoniga, qorin tomir bo‘ylab orqa tomoniga oqadi. Chuvalchangning qoni faqat qon tomirlarda oqadi. Shu sababdan qon tomirlar yopiq qon aylanish sistemasini hosil qiladi. Qon orqali kislorod va oziq moddalar tashiladi.
Nafas olishi
Nafas olishi. Yomg‘ir chuvalchangi terisi orqali nafas oladi. Kislorod teri orqali kapillyarlardagi qonga o‘tib, hamma organlarga tarqaladi. Moddalar almashinuvi natijasida hosil bo‘lgan karbonat angidrid ham teri orqali chiqib ketadi. Chuvalchang terisi shilimshiq modda bilan namlanib turadi. Nam teri kislorodni yaxshi o‘tkazadi.
Ayirish sistemasi
Ayirish sistemasi. Yomg‘ir chuvalchangining ayirish sistemasi tana bo‘g‘imida bir juftdan joylashgan, sirtmoqqa o‘xshash ingichka uzun naychalardan iborat (27-rasm). Naychalarning bir uchi tana bo‘shlig‘iga, ikkinchi uchi esa teri orqali tashqariga ochiladi.
Naychalarning tana bo‘shlig‘iga ochilgan uchi voronkaga o‘xshab kengaygan bo‘lib, juda ko‘p kiprikchalar bilan ta’minlangan. Bu kiprikchalarning harakati tufayli zararli moddalar tana suyuqligi bilan birga naychalarga o‘tadi va teridagi teshikchalar orqali chiqarib yuboriladi.

Yomg‘ir chuvalchangining ahamiyati
Halqali chuvalchanglarning xilma-xilligi va ahamiyati. Halqali chuvalchanglar tabiatda katta ahamiyatga ega. Yomg‘ir chuvalchanglarining 180 dan ortiq turi bor. Ular tuproqni yumshatib, suv va havo o‘tishini yaxshilaydi, chirindiga boyitadi. Bir gektar maydonda chuvalchanglar bir yil davomida 250–600 t tuproqni qayta ishlab berishi aniqlangan.
Yomg‘ir chuvalchanglarining ayrim turlaridan chorvachilik va uy-ro‘zg‘or chiqindilarini qayta ishlab, sabzavot va poliz ekinlari uchun qimmatli o‘g‘it hisoblanadigan biogumus olishda foydalaniladi. Yomg‘ir chuvalchanglarining o‘zi ham qushlar, ayrim sutemizuvchilar va tuproq hayvonlari uchun oziq bo‘ladi. Ular uy parrandalari uchun oqsilga boy bo‘lgan to‘yimli oziq hisoblanadi. Parrandalar ozig‘iga chuvalchanglar qo‘shib berilganda ular ko‘p tuxum qiladi.
Kam tukli chuvalchanglar
Chuchuk suvlarda yashaydigan kam tukli qizil chuvalchanglar (28-rasm) suvni har xil ifloslikdan tozalab, sanitarlik vazifasini bajaradi. Ular turli suv hayvonlari, shu jumladan, baliqlar uchun asosiy oziq hisoblanadi. Chuchuk suv chuvalchanglari akvarium baliqlari uchun yemish sifatida ko‘paytiriladi.

Ko‘p tuklilar sinfi
Ko‘p tuklilar sinfi. Ko‘p tuklilar dengizda suzib yuradi yoki dengiz tubida yopishib yashaydigan 5 000 turni o‘z ichiga oladi.
Dengizlarning tubida hayot kechiradigan halqali chuvalchang nereidaning boshi tanasidan alohida ixtisoslashgan; tanasi ko‘p miqdorda uzun tuklar bilan qoplangan. Tuklar tananing ikki yonidagi muskulli o‘simtalarda to‘p-to‘p bo‘lib joylashgan. Chuvalchanglar o‘simtalar yordamida suzadi yoki suv tubida o‘rmalab yuradi. Bu o‘simtalar ilk bor paydo bo‘lgan oyoqlar hisoblanadi. Ular baliqlar uchun asosiy oziq hisoblanadi.
Zuluklar va kelib chiqish
Zuluklar sinfi. Zuluklarga chuchuk suvlarda yashab, umurtqali hayvonlar qonini so‘radigan yoki yirtqich hayot kechiradigan 400 ga yaqin tur kiradi. Tibbiyot zulugidan tibbiyotda qon tomiri kasalliklarini davolashda foydalaniladi. Bu zuluk maxsus zavodlarda ko‘paytiriladi.
Halqali chuvalchanglarning kelib chiqishi. Halqali chuvalchanglar erkin yashovchi qadimgi yassi chuvalchanglardan kelib chiqqan. Dengizlarda yashovchi ko‘p tukli halqalilar lichinkalari tanasida kipriklar bo‘lishi, uning ayirish sistemasining kipriqli yassi chuvalchanglar sistemasiga o‘xshash bo‘lishi ana shundan dalolat beradi. Kam tukli halqali chuvalchanglar esa ko‘p tukli halqalilardan kelib chiqqan.
Bilimingizni sinang
Yomg‘ir chuvalchangi hazm qilish sistemasi bo‘limlarini oziq o‘tadigan ketma-ketlikda joylashtiring: 1) qizilo‘ngach; 2) oshqozon; 3) halqum; 4) jig‘ildon.
- 3-1-2-4
- 3-4-1-2
- 1-3-4-2
- 3-1-4-2
To‘g‘ri javob: 3-1-4-2. Oziq og‘izdan halqum, qizilo‘ngach, jig‘ildon va oshqozon orqali ichakka o‘tadi.
Yomg‘ir chuvalchangida muskulli devori tufayli qisqarish xususiyatiga ega bo‘lib, «yurak» deb ataladigan tomirlar qanday joylashgan?
- Qizilo‘ngach atrofida 5–6 ta yo‘g‘on halqa tomir
- Orqa tomir bo‘ylab 2–3 ta kapillyar
- Ichak devorida 10–12 ta mayda tomir
- Teri ostida 8 ta qorin tomiri
To‘g‘ri javob: Qizilo‘ngach atrofida 5–6 ta yo‘g‘on halqa tomir. Qizilo‘ngach atrofidagi 5–6 ta muskulli halqa tomir qisqarishi tufayli «yurak» deyiladi.
Nima uchun yomg‘ir chuvalchangining qon aylanish sistemasi yopiq deyiladi?
- Qoni ichak devorida to‘planib qoladi
- Qon tomirlari bir-biri bilan tutashmagan
- Qon tomirlari uchi tana bo‘shlig‘iga ochiladi
- Qoni faqat qon tomirlarda oqadi
To‘g‘ri javob: Qoni faqat qon tomirlarda oqadi. Qon tana bo‘shlig‘iga chiqmay, faqat tomirlarda oqadi, shu sababli sistema yopiq.
Yomg‘ir chuvalchangida qon orqa va qorin qon tomirlari bo‘ylab qanday yo‘nalishda oqadi?
- Orqa tomirda orqaga, qorin tomirda oldinga
- Ikkala tomirda ham tananing orqa tomoniga
- Ikkala tomirda ham tananing oldingi tomoniga
- Orqa tomirda oldinga, qorin tomirda orqaga
To‘g‘ri javob: Orqa tomirda oldinga, qorin tomirda orqaga. Qon orqa tomir bo‘ylab oldinga, qorin tomir bo‘ylab orqaga oqadi.
Yomg‘ir chuvalchangi terisi orqali nafas olishida terining shilimshiq modda bilan namlanib turishi qanday ahamiyatga ega?
- Nam teri kislorodni yaxshi o‘tkazadi
- Teri kapillyarlarini kengaytirib turadi
- Karbonat angidridni ichakka o‘tkazadi
- Kislorodni jig‘ildonda to‘playdi
To‘g‘ri javob: Nam teri kislorodni yaxshi o‘tkazadi. Nam teri kislorodni yaxshi o‘tkazadi, shuning uchun teri shilimshiq modda bilan namlanib turadi.
Yomg‘ir chuvalchangining ayirish naychalari tana bo‘g‘imlarida qanday joylashgan?
- Uch juftdan, faqat belbog‘ atrofida
- Bir juftdan, har bir tana bo‘g‘imida
- Bittadan, faqat oldingi bo‘g‘imlarda
- Ikki juftdan, qorin tomirida
To‘g‘ri javob: Bir juftdan, har bir tana bo‘g‘imida. Ayirish sistemasi har bir tana bo‘g‘imida bir juftdan joylashgan sirtmoqsimon naychalardan iborat.
Ayirish naychalarining tana bo‘shlig‘iga ochilgan voronkasimon uchidagi kiprikchalar harakati qanday vazifani bajaradi?
- Naychalarni teri teshikchalaridan to‘sib turadi
- Kislorodni teridan qonga o‘tkazadi
- Zararli moddalarni tana suyuqligi bilan birga naychalarga o‘tkazadi
- Oziqni ichakdan qonga so‘radi
To‘g‘ri javob: Zararli moddalarni tana suyuqligi bilan birga naychalarga o‘tkazadi. Kiprikchalar harakati zararli moddalarni tana suyuqligi bilan naychalarga o‘tkazadi, ular teridagi teshikchalar orqali chiqariladi.
Ko‘p tuklilar, zuluklar va yomg‘ir chuvalchanglari tur soni bo‘yicha qaysi qatorda kamayish tartibida joylashgan?
- Ko‘p tuklilar, zuluklar, yomg‘ir chuvalchanglari
- Yomg‘ir chuvalchanglari, zuluklar, ko‘p tuklilar
- Ko‘p tuklilar, yomg‘ir chuvalchanglari, zuluklar
- Zuluklar, ko‘p tuklilar, yomg‘ir chuvalchanglari
To‘g‘ri javob: Ko‘p tuklilar, zuluklar, yomg‘ir chuvalchanglari. Ko‘p tuklilar 5 000 tur, zuluklar 400 ga yaqin, yomg‘ir chuvalchanglari esa 180 dan ortiq tur.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash