XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 15-§.

Ikki pallali va boshoyoqli mollyuskalar sinfi

Mavzular

Baqachanoqning tashqi tuzilishi

Ikki pallali mollyuskalar dengiz va chuchuk suvlarda tarqalgan. Ularning boshi bo‘lmaydi. Yon tomondan yassilashgan gavdasi tana va ponasimon oyoq bo‘limlaridan iborat. Ulardan baqachanoq tuzilishi bilan tanishib chiqamiz.

Yashash muhiti va tashqi tuzilishi. Baqachanoq tinch oqadigan daryolar va sayoz ko‘llar tubidagi loy yoki qumga tanasining yarmigacha ko‘milib yashaydi. Chig‘anog‘i tuxumsimon, uzunligi 10–15 sm, oldingi tomoni to‘mtoq, keyingi tomoni esa suyri shaklida (32-rasm, A). Chig‘anoq pallalari orqa tomondan elastik paylar yordamida tutashgan.

Qorin tomonining oldingi qismida chig‘anoqlar orasidagi tirqishdan muskulli ponasimon oyog‘i chiqib turadi. Mollyuska harakat qilganda oyog‘ini chig‘anoqdan chiqarib, suv tubiga tiraydi va tanasini oyog‘i tomonga tortib oladi. Ana shu tarzda harakatlanganda baqachanoq bir soatda atigi 20–30 sm yo‘l bosadi.

Chig‘anoq, muskul va sifonlar

Baqachanoq chig‘anog‘ining sirti muguz moddadan iborat, ichki yuzasi har xil rangda tovlanadigan sadaf bilan qoplangan. Chig‘anoq pallalarining ichki yuzasida bir juft yopuvchi muskullar joylashgan. Bu muskullar qisqarganida pallalar yopiladi. Muskullar bo‘shashganda esa orqa tomondagi elastik paylar tortilib, chig‘anoq pallalari ochiladi.

32-rasm. Baqachanoq: A – chig‘anog‘i, ustki tomondan ko‘rinishi; B – chig‘anog‘i ochib ko‘rsatilgan: 1 – chig‘anoq; 2 – yopuvchi muskullar; 3 – muskullar birikadigan joy; 4 – chiqarish sifoni; 5 – kirish sifoni; 6 – jabralar; 7 – mantiya cheti; 8 – oyoq
32-rasm. Baqachanoq: A – chig‘anog‘i, ustki tomondan ko‘rinishi; B – chig‘anog‘i ochib ko‘rsatilgan: 1 – chig‘anoq; 2 – yopuvchi muskullar; 3 – muskullar birikadigan joy; 4 – chiqarish sifoni; 5 – kirish sifoni; 6 – jabralar; 7 – mantiya cheti; 8 – oyoq

Chig‘anoq keyingi uchining yuqori va pastki tomonida tirqishsimon ikkita teshik – sifon bo‘ladi. Pastki kirish sifoni orqali mantiya bo‘shlig‘iga suv kirib, ustki chiqarish sifoni orqali chiqib ketadi. Chiqarish sifoniga orqa chiqarish, ayirish va jinsiy organlarining teshiklari ochiladi.

Oziqlanishi va nafas olishi

Oziqlanishi. Og‘iz teshigi oyoqning asosida joylashgan. Kirish sifoni orqali mantiya bo‘shlig‘iga suv bilan birga organik zarralar, sodda hayvonlar va boshqa mikroskopik jonivorlar kiradi. Og‘iz oldida joylashgan ikki juft paypaslagichlari oziqni tutib qoladi va hazm qilish sistemasiga yo‘naltiradi.

Nafas olish sistemasi. Nafas olish organi – jabralar oyog‘ining ikki yonidagi mantiya bo‘shlig‘ida joylashgan (32-rasm, B). Jabralarning sirtida va mantiya pardasida joylashgan kiprikchalarning harakati tufayli suv mantiya bo‘shlig‘iga kiradi va jabralarni yuvib, chiqarish sifoni orqali chiqib ketadi. Suvda erigan kislorod jabralarga o‘tadi, jabralardan esa karbonat angidrid suvga ajralib chiqadi. Kislorod jabradan qon oqimi bilan hamma organlarga tarqaladi.

Nerv sistemasi va ko‘payishi

Qon aylanish, ayirish va nerv sistemalari suv shillig‘inikiga o‘xshash. Tanasidagi uch juft nerv tugunlari nerv tolalari yordamida o‘zaro tutashgan. Maxsus sezgi organlari bo‘lmaydi.

Ko‘payishi va rivojlanishi. Baqachanoq ayrim jinsli, lekin erkak va urg‘ochisini farq qilib bo‘lmaydi. Tuxumlari jabralar sirtida rivojlanadi. Tuxumdan chiqqan lichinkalar suvga chiqadi. Bu lichinkalar chig‘anog‘idagi tishchalar yoki yopishqoq iplari yordamida baliqlarning terisiga yopishib, parazit hayot kechirishga o‘tadi. Parazit ta’sirida baliq terisida shish hosil bo‘ladi. Shish ichida lichinka juda mayda baqachanoqqa aylanadi va suv tubiga tushib, voyaga yetadi.

Ikki pallalilarning xilma-xilligi

Ikki pallalilar 30 000 dan ortiq turni o‘z ichiga oladi. Ko‘pchilik turlari dengizlarda yashaydi. Ular orasida eng yirigi tridaknaning og‘irligi 250 kg ga yetadi. Ustritsa, taroqcha va midiyalar (33-rasm) go‘shti uchun ovlanadi; dengiz marvariddorlaridan marvarid olinadi. Ayrim mamlakatlarda marvariddorlar, midiyalar va ustritsalar ko‘paytiriladi.

33-rasm. Ikki pallali mollyuskalar: 1 – perlovitsa; 2 – dreysena; 3 – midiya; 4 – ustritsa
33-rasm. Ikki pallali mollyuskalar: 1 – perlovitsa; 2 – dreysena; 3 – midiya; 4 – ustritsa

Baqachanoq lichinkasi baliqlarda parazitlik qiladi. Sho‘rlangan suvlarda tarqalgan dreysenalar ko‘payib, suv o‘tkazadigan quvurlarni ishdan chiqarishi mumkin. Mamlakatimiz havzalarida baqachanoqlar va dreysenalar uchraydi. Ikki pallali mollyuskalar suvdagi mikroorganizmlar va mayda organik zarralarni filtrlab oziqlanishi tufayli suv havzalarining tozalanishiga yordam beradi.

Boshoyoqlilarning tuzilishi

Boshoyoqli mollyuskalar sinfi. Boshoyoqlilar oyog‘ining oldingi qismi o‘zgarib, paypaslagichlarni hosil qiladi (34-rasm). Gavdasining uzunligi 1 sm dan 5 m gacha bo‘lib, bosh va tana qismlariga ajraladi. Oyoqlari asosida voronkasi joylashgan. Tanasi qalin muskulli mantiya bilan o‘ralgan. Chig‘anog‘i yo‘qolib ketgan. Og‘iz teshigi atrofida 8 yoki 10 ta paypaslagichlari bo‘ladi. Paypaslagichlarida juda ko‘p so‘rg‘ichlar joylashgan.

34-rasm. Boshoyoqli mollyuskalar: A – kalmar; B – sakkizoyoq; D – karakatitsa
34-rasm. Boshoyoqli mollyuskalar: A – kalmar; B – sakkizoyoq; D – karakatitsa

Reaktiv harakat va siyoh

Boshoyoqlilarning bosh miyasi juda kuchli rivojlangan bo‘lib, ular xilma-xil va murakkab reflekslar hosil qiladi. Boshoyoqlilar mantiya bo‘shlig‘iga suv o‘tib turadi. Ular suvni mantiya bo‘shlig‘idan voronkasi orqali katta bosim ostida siqib chiqarib, reaktiv harakat qiladi. Orqa ichagiga siyoh xaltasi yo‘li ochiladi. Ular xavf tug‘ilganida suvga siyoh chiqarib, dushmandan qutulib qoladi.

Boshoyoqli mollyuskalar okean va ochiq dengizlarda tarqalgan; tropik dengizlarda, ayniqsa, ko‘p uchraydi. 650 ga yaqin turi ma’lum.

Bilimingizni sinang

Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. kirish sifoni
  2. jabralar
  3. yopuvchi muskullar
  4. mantiya cheti

To‘g‘ri javob: yopuvchi muskullar. 32-rasm. Baqachanoq: A – chig‘anog‘i, ustki tomondan ko‘rinishi; B – chig‘anog‘i ochib ko‘rsatilgan: 1 – chig‘anoq; 2 – yopuvchi muskullar; 3 – muskullar birikadigan joy; 4 – chiqarish sifoni; 5 – kir

Rasmda «muskullar birikadigan joy» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 4
  2. 3
  3. 5
  4. 7

To‘g‘ri javob: 3. 32-rasm. Baqachanoq: A – chig‘anog‘i, ustki tomondan ko‘rinishi; B – chig‘anog‘i ochib ko‘rsatilgan: 1 – chig‘anoq; 2 – yopuvchi muskullar; 3 – muskullar birikadigan joy; 4 – chiqarish sifoni; 5 – kir

Rasmda 6 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. chiqarish sifoni
  2. yopuvchi muskullar
  3. jabralar
  4. mantiya cheti

To‘g‘ri javob: jabralar. 32-rasm. Baqachanoq: A – chig‘anog‘i, ustki tomondan ko‘rinishi; B – chig‘anog‘i ochib ko‘rsatilgan: 1 – chig‘anoq; 2 – yopuvchi muskullar; 3 – muskullar birikadigan joy; 4 – chiqarish sifoni; 5 – kir

Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. ustritsa
  2. midiya
  3. perlovitsa
  4. dreysena

To‘g‘ri javob: midiya. 33-rasm. Ikki pallali mollyuskalar: 1 – perlovitsa; 2 – dreysena; 3 – midiya; 4 – ustritsa

Rasmda «perlovitsa» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 3
  2. 4
  3. 1
  4. 2

To‘g‘ri javob: 1. 33-rasm. Ikki pallali mollyuskalar: 1 – perlovitsa; 2 – dreysena; 3 – midiya; 4 – ustritsa

Baqachanoq chig‘anog‘ining ichki yuzasi nima bilan qoplangan?
  1. Muguz modda bilan
  2. Har xil rangda tovlanadigan sadaf bilan
  3. Xitin parda bilan
  4. Ohak qatlami bilan

To‘g‘ri javob: Har xil rangda tovlanadigan sadaf bilan. Chig‘anoq sirti muguz moddadan, ichki yuzasi esa tovlanuvchi sadaf bilan qoplangan.

Baqachanoqda suv mantiya bo‘shlig‘iga qaysi teshik orqali kiradi?
  1. Jabralardagi teshikchalar orqali
  2. Ustki chiqarish sifoni orqali
  3. Pastki kirish sifoni orqali
  4. Oyoq asosidagi og‘iz teshigi orqali

To‘g‘ri javob: Pastki kirish sifoni orqali. Suv pastki kirish sifoni orqali kirib, ustki chiqarish sifoni orqali chiqadi.

Baqachanoqning og‘iz teshigi qayerda joylashgan?
  1. Chig‘anoqning keyingi uchida, sifonlar yonida
  2. Oyoqning asosida
  3. Jabralar oralig‘ida
  4. Kirish sifonining ichida

To‘g‘ri javob: Oyoqning asosida. Og‘iz teshigi oyoqning asosida joylashgan; uning oldida ikki juft paypaslagichi bor.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQorinoyoqli mollyuskalar sinfiKeyingi →Daryo qisqichbaqasining tashqi tuzilishi va ko‘payishi