XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 27-§.

Hasharotlarning kelib chiqishi va ahamiyati

Mavzular

Hasharotlarning tabiatdagi ahamiyati

Hasharotlarning tabiatdagi va inson hayotidagi ahamiyati. Tabiatda ko‘pchilik hayvonlar va o‘simliklarning hayoti hasharotlar bilan bog‘liq. Hasharotlar qaldirg‘ochlar, qizilishtonlar, chittaklar va boshqa qushlar, sutemizuvchilardan ko‘rshapalaklar va tipratikanlar, deyarli ko‘pchilik kaltakesaklar, suvda ham quruqlikda yashovchilar, bir qancha baliqlarning asosiy ozig‘i hisoblanadi. Hatto hasharotlar orasida ham boshqa hasharotlar bilan oziqlanadigan yirtqichlari ko‘p uchraydi. Bir qancha donxo‘r qushlar ham o‘z bolalarini hasharotlar bilan boqadi.

O‘laksaxo‘r va go‘ngxo‘r qo‘ng‘izlar, ko‘pchilik pashshalarning qurtlari hayvonlarning murdasi va tezagi bilan oziqlanadi. O‘simlik qoldiqlari bilan oziqlanadigan hasharotlar esa ularning chirishini tezlashtiradi. Hayvon va o‘simlik qoldiqlari bilan oziqlanadigan hasharotlar yer yuzini ifloslanishdan saqlaganligi tufayli ular «tabiiy sanitarlar» deyiladi.

Changlatuvchi hasharotlar

Ko‘pchilik gulli o‘simliklar hasharotlar yordamida changlanganida mo‘l hosil beradi. Deyarli barcha burchoqdoshlar, ko‘pchilik qoqidoshlar, gulxayridoshlar, ra’noguldoshlar, piyozguldoshlar, loladoshlar va poliz ekinlari hasharotlar yordamida changlanadi. Tukli arilar beda va sebarganing asosiy changlatuvchisi hisoblanadi. Grechixa, kungaboqar va anjir yovvoyi arilar yordamida changlanadi.

Zararkunanda hasharotlar

Zararkunanda hasharotlar. Ayrim hasharotlar soni juda ko‘payib ketishi tufayli ekinlarga katta ziyon yetkazadi. Zararkunanda hasharotlar ro‘yxatiga hasharotlarning 700 dan ortiq turi kiritilgan.

Donli ekinlarga osiyo chigirtkasi va xasva, sabzavot va poliz ekinlariga shiralar, mevalarga olma qurti (54-rasm), g‘o‘zaga g‘o‘za tunlami, kartoshkaga kolorado qo‘ng‘izi (55-rasm) katta ziyon keltiradi.

54-rasm. Olma mevaxo‘rining rivojlanishi: 1 – kapalagi; 2 – po‘stloq ostidagi g‘umbagi; 3 – g‘umbakdan chiqqan kapalak; 4 – qurti; 5 – g‘umbagi; 6 – zararlangan olma
54-rasm. Olma mevaxo‘rining rivojlanishi: 1 – kapalagi; 2 – po‘stloq ostidagi g‘umbagi; 3 – g‘umbakdan chiqqan kapalak; 4 – qurti; 5 – g‘umbagi; 6 – zararlangan olma
55-rasm. Kolorado qo‘ng‘zining rivojlanishi: 1 – qo‘ng‘izlar; 2 – qurtlari; 3 – barg ostidagi tuxumlari; 4 – tuproqdagi g‘umbagi
55-rasm. Kolorado qo‘ng‘zining rivojlanishi: 1 – qo‘ng‘izlar; 2 – qurtlari; 3 – barg ostidagi tuxumlari; 4 – tuproqdagi g‘umbagi

Omborlarda saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlariga mita qo‘ng‘izi katta zarar yetkazadi. Mita va uning lichinkasi donlarning ichki qismini yeb bitiradi. Xonadonlarda xona kuyasi kapalagining qurti jun va jundan to‘qilgan kiyim-kechaklarni buzadi.

Yog‘ochdan qurilgan inshootlar, shahar va qishloqlarimizdagi binolarning yog‘ochlik qismlari, shuningdek, tarixiy obidalarga termitlar katta ziyon keltiradi. Termitlar zararlagan binolar zilzila, toshqin kabi tabiiy ofatlarda tez qulab tushadi.

Parazit va kasal tarqatuvchi hasharotlar

Parazit va kasal tarqatuvchi hasharotlar. Bitlar va burgalar (56-rasm) turkumiga mansub barcha hasharotlar, ko‘pchilik chivinlar, ayrim pashshalar, to‘shak qandalalari odam va hayvonlar qonini so‘rib, bezovta qiladi. Qon so‘ruvchi hasharotlar, shuningdek, pashshalar bir qancha kasalliklarni tarqatadi. Bitlar terlama, kalamush burgasi o‘lat, bezgak chivini bezgak kasalligini odamlarga yuqtiradi. Uy pashshalari oziq-ovqat va idish-tovoqlar orqali ichburug‘, sarg‘ayma va sil kabi kasalliklarni tarqatadi.

56-rasm. Parazit va kasal tarqatuvchi hasharotlar: A – burga: 1 – voyaga yetgan davri; 2 – g‘umbagi; 3 – qurti; B – bit: 1 – voyaga yetgan davri; 2 – sirkasi; D – oddiy chivin; E – bezgak chivini
56-rasm. Parazit va kasal tarqatuvchi hasharotlar: A – burga: 1 – voyaga yetgan davri; 2 – g‘umbagi; 3 – qurti; B – bit: 1 – voyaga yetgan davri; 2 – sirkasi; D – oddiy chivin; E – bezgak chivini

Biologik kurash

Zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik kurash. Biologik kurash zararkunandalarga qarshi ularning kushandalaridan foydalanishdan iborat. Zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashda yirtqich xonqizi qo‘ng‘izi, tillako‘z, yaydoqchilardan trixogramma, gabrobrakon, inkarziya, hasharotxo‘r hayvonlar (qushlar, sutemizuvchilar, baqalar)dan foydalaniladi. Buning uchun biologik fabrikalarda yirtqich va parazit hasharotlar sun’iy ko‘paytirilib, dalalarga tarqatiladi.

Biologik kurashning yana bir usuli ekin ekiladigan maydonlarda qulay sharoit yaratish bilan foydali hayvonlarni jalb qilish va ular sonini ko‘paytirishdan iborat. Bu usul zaharli kimyoviy moddalarni qo‘llashni cheklash, almashlab ekishni joriy etish va foydali hayvonlarni himoya qilish orqali amalga oshiriladi.

Bo‘g‘imoyoqlilarning kelib chiqishi

Bo‘g‘imoyoqlilarning kelib chiqishi. Bo‘g‘imoyoqlilarning ajdodlari tuban tuzilgan halqali chuvalchanglar hisoblanadi. Trilobitlar halqali chuvalchanglar bilan bo‘g‘imoyoqlilar o‘rtasidagi oraliq hayvonlar hisoblanadi. Ularning tuzilishi ko‘p tukli halqalilarga o‘xshash bo‘lib, har bir tana bo‘g‘imida bir juftdan bir xil tuzilgan oyoqlari bo‘ladi. Tarixiy rivojlanish jarayonida halqali chuvalchanglarning suzgich o‘simtalari oyoqlarga aylangan; yupqa terisi qalinlashib, xitin qoplag‘ichni hosil qilgan. Ana shu yo‘l bilan halqali chuvalchanglardan sodda tuzilgan qadimgi bo‘g‘imoyoqlilar – trilobitsimonlar, ulardan qisqichbaqasimonlar va o‘rgimchaksimonlar, hasharotlarning esa qisqichbaqasimonlardan paydo bo‘lganligi taxmin qilinadi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. zararlangan olma
  2. qurti
  3. g‘umbakdan chiqqan kapalak
  4. po‘stloq ostidagi g‘umbagi

To‘g‘ri javob: g‘umbakdan chiqqan kapalak. 54-rasm. Olma mevaxo‘rining rivojlanishi: 1 – kapalagi; 2 – po‘stloq ostidagi g‘umbagi; 3 – g‘umbakdan chiqqan kapalak; 4 – qurti; 5 – g‘umbagi; 6 – zararlangan olma

Rasmda «zararlangan olma» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 4
  2. 6
  3. 5
  4. 1

To‘g‘ri javob: 6. 54-rasm. Olma mevaxo‘rining rivojlanishi: 1 – kapalagi; 2 – po‘stloq ostidagi g‘umbagi; 3 – g‘umbakdan chiqqan kapalak; 4 – qurti; 5 – g‘umbagi; 6 – zararlangan olma

Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. qurti
  2. g‘umbakdan chiqqan kapalak
  3. kapalagi
  4. zararlangan olma

To‘g‘ri javob: kapalagi. 54-rasm. Olma mevaxo‘rining rivojlanishi: 1 – kapalagi; 2 – po‘stloq ostidagi g‘umbagi; 3 – g‘umbakdan chiqqan kapalak; 4 – qurti; 5 – g‘umbagi; 6 – zararlangan olma

Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. tuproqdagi g‘umbagi
  2. qurtlari
  3. barg ostidagi tuxumlari
  4. qo‘ng‘izlar

To‘g‘ri javob: barg ostidagi tuxumlari. 55-rasm. Kolorado qo‘ng‘zining rivojlanishi: 1 – qo‘ng‘izlar; 2 – qurtlari; 3 – barg ostidagi tuxumlari; 4 – tuproqdagi g‘umbagi

Rasmda «qurtlari» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 1
  2. 3
  3. 4
  4. 2

To‘g‘ri javob: 2. 55-rasm. Kolorado qo‘ng‘zining rivojlanishi: 1 – qo‘ng‘izlar; 2 – qurtlari; 3 – barg ostidagi tuxumlari; 4 – tuproqdagi g‘umbagi

Hayvon va o‘simlik qoldiqlari bilan oziqlanadigan hasharotlar nima uchun «tabiiy sanitarlar» deyiladi?
  1. ular o‘simliklarni changlatib, hosilni oshiradi
  2. ular odamlarga shifobaxsh moddalar beradi
  3. ular zararkunanda hasharotlarni qirib tashlaydi
  4. ular yer yuzini ifloslanishdan saqlaydi

To‘g‘ri javob: ular yer yuzini ifloslanishdan saqlaydi. Ular murda, tezak va o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotib, yer yuzini ifloslanishdan saqlaydi.

Quyidagi hayvonlardan qaysi biri hasharotlar bilan oziqlanuvchi sutemizuvchilar jumlasiga kiradi?
  1. kaltakesak
  2. tipratikan
  3. chittak
  4. qaldirg‘och

To‘g‘ri javob: tipratikan. Ko‘rshapalak va tipratikan sutemizuvchi; qolganlari qush yoki sudralib yuruvchi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qaldirg‘och, qizilishton va chittaklarning asosiy ozig‘i hasharotlardir; II. Ba’zi donxo‘r qushlar bolalarini hasharotlar bilan boqadi; III. Hasharotlar orasida boshqa hasharotlar bilan oziqlanadigan yirtqichlar uchramaydi.
  1. I va III
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. Hasharotlar orasida yirtqichlari ko‘p uchraydi, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiIkki qanotlilar turkumiKeyingi →Lansetnik – tuban tuzilgan xordali hayvon