XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 28-§.

Lansetnik – tuban tuzilgan xordali hayvon

Mavzular

Yashash muhiti va tashqi tuzilishi

Yashash muhiti va tashqi tuzilishi. Lansetniklar tropik va mo‘tadil iqlimli dengizlar, shu jumladan, Qora dengizda tarqalgan. Och pushti rangli shaffof, tanasining uzunligi 4–8 sm bo‘lib, ikki yoni yassi, oldingi va keyingi tomonlari biroz ingichkalashgan (57-rasm). Teri burmalari bilan qoplangan dum suzgichi esa qo‘sh tig‘li jarrohlik asbobi – lansetga o‘xshaydi. Lansetnik hayotining ko‘p qismini dengiz tubidagi qumga ko‘milgan holda o‘tkazadi. Qumdan faqat lansetnikning oldingi og‘iz tomoni chiqib turadi. Og‘iz teshigi 10–20 juft paypaslagichlar bilan o‘ralgan.

57-rasm. Lansetnikning tuzilishi: 8 5 7 9 6 4 3 1 – xorda; 2 – nerv nayi; 3 – halqum; 4 – jabraoldi bo‘shlig‘i; 5 – bo‘shliq teshigi; 6 – jigar; 7 – ichak; 8 – orqa chiqaruv teshigi; 9 – jinsiy bezlar.
57-rasm. Lansetnikning tuzilishi: 8 5 7 9 6 4 3 1 – xorda; 2 – nerv nayi; 3 – halqum; 4 – jabraoldi bo‘shlig‘i; 5 – bo‘shliq teshigi; 6 – jigar; 7 – ichak; 8 – orqa chiqaruv teshigi; 9 – jinsiy bezlar.

Xorda va muskullar

Xordasi va muskullari. Lansetnik xordasi tanasining orqa tomoni bo‘ylab o‘tgan pishiq o‘qdan iborat. Xorda tig‘iz joylashgan maxsus hujayralardan iborat bo‘lib, ichki organlar uchun tayanch vazifasini o‘taydi; tanani egiluvchan qilib turadi. Lansetnik va unga o‘xshash tuban tuzilgan xordalilarning xordasi butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Bosh miyasi va bosh skeleti bo‘lmaydi. Shuning uchun lansetniklar bosh skeletsiz xordalilar kenja tipiga kiradi.

Lansetnikning muskullari ikki yon tomonida tana bo‘ylab uzun tasma shaklida joylashgan. Lansetnik juda oddiy harakatlanadi: tanasini u yoki bu yoniga egib suzib yuradi yoki qumni yorib kirib oladi.

Hazm qilish sistemasi

Hazm qilish sistemasi. Og‘iz teshigi maxsus chuqurcha – og‘iz oldi voronkasida joylashgan bo‘lib, paypaslagichlar bilan o‘ralgan. Paypaslagichlarning harakati tufayli suv og‘iz teshigiga haydaladi. Juda mayda plankton organizmlar suv oqimi bilan og‘iz orqali halqumga o‘tadi va uning devoriga ilakishib qoladi. Oziq luqmalari halqumdan ichakka tushib hazm bo‘ladi. Suv esa halqum devoridagi jabra teshiklari orqali chiqib ketadi. Hazm bo‘lmagan oziq qoldiqlari dum suzgich ostida joylashgan orqa chiqarish teshigi orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.

Nafas olish organlari

Nafas olish organlari. Lansetnik halqumi ikki yoni bo‘ylab juda ko‘p tirqishsimon jabra teshiklari joylashgan. Jabra teshiklarini tashqi tomondan qoplab turadigan teri burmalari jabraoldi bo‘shlig‘ini hosil qiladi. Jabra teshiklari devori juda ko‘p mayda qon tomirlari – kapillyarlar bilan qoplangan. Kapillyarlar devorida qon bilan suv o‘rtasida gaz almashinuvi sodir bo‘ladi. Teri burmalari jabralarga qum kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Qon aylanish sistemasi

Qon aylanish sistemasi hamma xordalilarniki singari yopiq bo‘ladi. Lekin qon yagona qon aylanish sistemasi bo‘ylab harakatlanadi. Asosiy qon tomirlari qorin va orqa aortalardan iborat. Karbonat angidrid bilan to‘yingan qon qorin qon aortasi orqali oldinga, jabra kapillyarlariga oqadi. Jabralarda qon karbonat angidridni suvga berib, kislorod bilan to‘yinadi va orqa aortaga chiqadi. Bu tomirdan qon kichikroq tomirlar orqali tanaga tarqaladi. To‘qimalarda karbonat angidrid bilan to‘yingan qon qorin aortasiga oqib keladi. Lansetnikning yuragi bo‘lmaydi. Yirik tomirlar devorining qisqarishi tufayli tomirlarda qon oqib turadi.

Ayirish va nerv sistemasi

Ayirish organlari. Lansetnikning ayirish organlari halqali chuvalchanglarnikiga o‘xshash tuzilgan naychalardan iborat. Naychalar halqum bo‘ylab joylashgan jabraoldi bo‘shlig‘iga ochiladi.

Nerv sistemasi xorda ustida joylashgan, tana bo‘ylab ketgan nerv nayidan iborat. Nerv nayidan ichki organlar va tana sirtiga juda ko‘p nervlar tarqaladi. Sezgi organlari kuchsiz rivojlangan. Teri ostida nerv nayi bo‘ylab bir tekis joylashgan yorug‘lik sezuvchi hujayralar ko‘rish vazifasini bajaradi. Bu hujayralar faqat yorug‘likni sezadi. Bezovta bo‘lib qumdan chiqqan lansetnik yorug‘dan qochib, tezroq qumga ko‘milib oladi. Teri sirtida joylashgan nerv hujayralari kimyoviy va mexanik ta’sirlarni sezadi.

Umurtqasizlarga o‘xshashligi va ko‘payishi

Lansetnikning umurtqasiz hayvonlarga o‘xshashligi. Lansetnikni rus olimi akademik A. O. Kovalevskiy kashf qilgan. Lansetnik tuzilishining ko‘p belgilari xordasining bo‘lishi, nerv sistemasining naysimon bo‘lib, tanasi orqa tomonida joylashganligi bilan xordali hayvonlarga o‘xshaydi. Shuning bilan birga ayirish sistemasi va muskullarining tuzilishi, yuragi va bosh miyasining bo‘lmasligi bilan haqiqiy xordalilardan farq qiladi. Lansetnikning tuzilishini o‘rganish orqali hamma xordali hayvonlarning kelib chiqishini tushunib olish mumkin.

Ko‘payishi. Lansetnik – ayrim jinsli hayvon. Jinsiy organlari jabra oldi bo‘shlig‘i yon tomonida juft-juft bo‘lib joylashgan. Yetilgan tuxumlari suvga tushib urug‘lanadi.

Xordalilarning umumiy tavsifi

Xordalilarning umumiy tavsifi. Xordalilarning tana bo‘ylab o‘tadigan o‘q skeleti – xordasi bo‘ladi. Xordalilarga 43000 ga yaqin tur kiradi. Ular bosh skeletsizlar va bosh skeletlilar, ya’ni umurtqalilar kenja tiplariga ajratiladi. Bosh skeletsizlarning bosh miyasi va bosh skeleti rivojlanmagan, skeleti xordadan iborat. Xorda hayoti davomida saqlanib qoladi. Bu kenja tipga lansetniklar sinfi kiradi.

Bosh skeletlilarning markaziy nerv sistemasi bosh miya va orqa miyadan, skeleti tog‘ay yoki suyakdan iborat; xorda faqat embrional rivojlanish davrida bo‘ladi. Ularga tog‘ayli va suyakli baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar, sutemizuvchilar kiradi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. ichak
  2. jabraoldi bo‘shlig‘i
  3. xorda
  4. bo‘shliq teshigi

To‘g‘ri javob: bo‘shliq teshigi. 57-rasm. Lansetnikning tuzilishi: 8 5 7 9 6 4 3 1 – xorda; 2 – nerv nayi; 3 – halqum; 4 – jabraoldi bo‘shlig‘i; 5 – bo‘shliq teshigi; 6 – jigar; 7 – ichak; 8 – orqa chiqaruv teshigi; 9 – jinsiy bezlar

Rasmda «ichak» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 7
  2. 5
  3. 2
  4. 4

To‘g‘ri javob: 7. 57-rasm. Lansetnikning tuzilishi: 8 5 7 9 6 4 3 1 – xorda; 2 – nerv nayi; 3 – halqum; 4 – jabraoldi bo‘shlig‘i; 5 – bo‘shliq teshigi; 6 – jigar; 7 – ichak; 8 – orqa chiqaruv teshigi; 9 – jinsiy bezlar

Rasmda 9 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. xorda
  2. orqa chiqaruv teshigi
  3. jinsiy bezlar
  4. nerv nayi

To‘g‘ri javob: jinsiy bezlar. 57-rasm. Lansetnikning tuzilishi: 8 5 7 9 6 4 3 1 – xorda; 2 – nerv nayi; 3 – halqum; 4 – jabraoldi bo‘shlig‘i; 5 – bo‘shliq teshigi; 6 – jigar; 7 – ichak; 8 – orqa chiqaruv teshigi; 9 – jinsiy bezlar

Lansetnikning tanasi uzunligi qancha va u qanday rangda bo‘ladi?
  1. 4–8 sm, och pushti rangli shaffof
  2. 14–18 sm, qo‘ng‘ir-qizg‘ish
  3. 4–8 sm, kumushrang tangachalar bilan qoplangan
  4. 40–80 sm, to‘q yashil

To‘g‘ri javob: 4–8 sm, och pushti rangli shaffof. Lansetnik 4–8 sm uzunlikdagi och pushti shaffof hayvon.

Lansetnikning og‘iz teshigi nima bilan o‘ralgan?
  1. 5–10 juft shoxsimon plastinkalar bilan
  2. 2 juft mo‘ylovlar bilan
  3. jag‘lar va tishlar bilan
  4. 10–20 juft paypaslagichlar bilan

To‘g‘ri javob: 10–20 juft paypaslagichlar bilan. Og‘iz teshigi 10–20 juft paypaslagich bilan o‘ralgan.

Lansetnik xordasi organizmda qanday vazifani bajaradi?
  1. gaz almashinuvini ta’minlaydi
  2. yorug‘likni sezib, ko‘rish vazifasini bajaradi
  3. qonni tanaga tarqatadi
  4. ichki organlar uchun tayanch bo‘ladi va tanani egiluvchan qiladi

To‘g‘ri javob: ichki organlar uchun tayanch bo‘ladi va tanani egiluvchan qiladi. Xorda tayanch vazifasini o‘taydi va tanani egiluvchan qilib turadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Lansetnik xordasi butun hayoti davomida saqlanib qoladi; II. Bosh skeletlilarda xorda butun hayoti davomida saqlanadi; III. Bosh skeletsizlarning skeleti xordadan iborat.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Bosh skeletlilarda xorda faqat embrional rivojlanish davrida bo‘ladi; II noto‘g‘ri.

Lansetnikda oziqning o‘tish yo‘lini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) ichak; 2) og‘iz teshigi; 3) orqa chiqarish teshigi; 4) halqum.
  1. 2-1-4-3
  2. 4-2-1-3
  3. 2-4-1-3
  4. 2-4-3-1

To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Oziq og‘izdan halqumga, undan ichakka, qoldiqlar esa orqa chiqarish teshigiga o‘tadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHasharotlarning kelib chiqishi va ahamiyatiKeyingi →Tashqi tuzilishi, skeleti, suzgich pufagi