Nerv sistemasi va sezgi organlari
Mavzular
Markaziy nerv sistemasi
Markaziy nerv sistemasi. Baliqlarning markaziy nerv sistemasi bosh miya va orqa miyadan tashkil topgan. Orqa miya uzun naydan iborat bo‘lib, umurtqa pog‘onasi nayi ichida joylashgan. Orqa miyaning ikki yonidan ichki organlarga, suzgichlarga, teri va muskullarga nervlar chiqadi (63-rasm).
Bosh miya miya qutisi ichida joylashgan bo‘lib, nerv nayi oldingi qismining o‘zgarishidan kelib chiqqan. Baliqlar va barcha umurtqali hayvonlarning bosh miyasi oldingi miya, oraliq miya, o‘rta miya, miyacha va uzunchoq miya deb ataladigan bo‘limlardan iborat. Miyaning hamma bo‘limlari baliqlar hayotida katta ahamiyatga ega. Miyacha harakatlanish, uzunchoq miya nafas olish, qon aylanish, hazm qilish organlari ishini boshqarib turadi.

Ko‘z, burun va quloq
Sezgi organlari baliqlarga atrof-muhitni yaxshi bilib olishga imkon beradi. Ular yordamida baliq o‘z ozig‘ini topadi yoki yaqinlashayotgan dushmanini bilib oladi. Suvdagi sharoitni aniqlashda ham sezgi organlari katta yordam beradi. Sezgi organlari orasida ko‘zlar muhim ahamiyatga ega. Baliqlarning ko‘zi qovoqsiz, boshining ikki yonida joylashgan. Ular yaqin masofadan ko‘radi, narsalarning shakli va rangini farq qila oladi. Ko‘zlar oldida joylashgan ikkita burun teshigi hid sezuvchi hujayralarga ega bo‘lgan xaltachalarga ochiladi.
Eshitish organlari miya qutisining ikki yonida joylashgan, suyaklar bilan qoplangan ichki quloqdan iborat. Suv zich muhit bo‘lganligidan tovushni yaxshi o‘tkazadi. Tajribalarda baliqlar qirg‘oqda yurgan odam qadami, suzib kelayotgan qayiq ovozi, qo‘ng‘iroq va o‘q tovushlarini yaxshi eshitishi aniqlangan.
Ta’m bilish va yon chiziqlar
Ta’m bilish hujayralari baliqlarning og‘iz bo‘shlig‘i, halqumi hamda butun tana yuzasida joylashgan. Zog‘ora baliq, treska va boshqa bir qancha baliqlarning boshida joylashgan mo‘ylovlar tuyg‘u vazifasini bajaradi.
Baliqlar hayotida ayniqsa yon chiziqlarning ahamiyati katta. Yon chiziqlar baliq tanasining ikki yonida qator bo‘lib joylashgan teshikchalardan iborat. Teshikchalar maxsus sezuvchi hujayralari bo‘lgan naychalar bilan tutashgan. Yon chiziqlar suv oqimi, suv ostidagi narsalarni sezishga yordam beradi. Yon chiziqlari tufayli hatto ko‘r bo‘lib qolgan baliq ham to‘siqlarni sezadi, harakat qilayotgan o‘ljasini tutib oladi.
Shartsiz reflekslar
Reflekslar. Agar baliqni biror narsa bilan turtsak, u o‘zini tezlik bilan chetga oladi. Bu jarayon quyidagicha sodir bo‘ladi. Ta’sir sezgi hujayralari tolalari orqali markaziy nerv sistemasining bosh miya yoki orqa miya qismiga uzatiladi. U yerdan ta’sirga hosil bo‘lgan javob tegishli organlarga uzatiladi. Organlardagi muskullar qisqarishi tufayli organizm ta’sirga javob beradi. Baliqlar o‘z o‘ljasini sezganida ham xuddi shunga o‘xshash holat sodir bo‘ladi. Zog‘ora baliq chuvalchangni ko‘rganida hosil bo‘lgan qo‘zg‘alish ko‘rish nervi orqali markaziy nerv sistemasiga boradi, u yerdan javob nerv tolalari orqali muskullarga keladi. Buning natijasida baliq o‘ljasini ushlab oladi. Hayvonlarning ta’sirga shunday javob qaytarish reflekslari tug‘ma bo‘lganidan shartsiz reflekslar, ya’ni instinkt deyiladi. Shartsiz reflekslar irsiy bo‘lib, baliqlarning hayoti davomida o‘zgarmasdan saqlanib qoladi va nasldan naslga o‘tadi. Bitta turga kiruvchi hamma hayvonlarning shartsiz reflekslari bir xil bo‘ladi.
Shartli reflekslar
Shu bilan birga hayvonlarning hayoti davomida hosil bo‘ladigan reflekslar ham bor. Agar akvariumdagi baliqlarga biror signal bilan ta’sir etib, masalan, chiroq yoqib oziq berilsa va bunday oziqlanish bir necha bor takrorlansa, bu signal oziq berilmaganda ham baliqlarni jalb qila boshlaydi. Hosil bo‘lgan bunday reflekslar shartli reflekslar deyiladi. Shartli reflekslar nasldan naslga o‘tmaydi va uzoq saqlanib qolmaydi.
Bilimingizni sinang
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- oraliq miya
- oldingi miya
- miyacha
- bosh miya
To‘g‘ri javob: bosh miya. 63-rasm. Baliqlar nerv sistemasi va bosh miyasining tuzilishi: 1 – bosh miya; 2 – orqa miya; 3 – oldingi miya; 4 – o‘rta miya; 5 – miyacha; 6 – uzunchoq miya; 7 – oraliq miya
Rasmda «miyacha» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 2
- 1
- 4
- 5
To‘g‘ri javob: 5. 63-rasm. Baliqlar nerv sistemasi va bosh miyasining tuzilishi: 1 – bosh miya; 2 – orqa miya; 3 – oldingi miya; 4 – o‘rta miya; 5 – miyacha; 6 – uzunchoq miya; 7 – oraliq miya
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- uzunchoq miya
- miyacha
- bosh miya
- orqa miya
To‘g‘ri javob: orqa miya. 63-rasm. Baliqlar nerv sistemasi va bosh miyasining tuzilishi: 1 – bosh miya; 2 – orqa miya; 3 – oldingi miya; 4 – o‘rta miya; 5 – miyacha; 6 – uzunchoq miya; 7 – oraliq miya
Baliqlarning bosh miyasi evolyutsion jihatdan nerv nayining qaysi qismi o‘zgarishidan kelib chiqqan?
- Oldingi qismi
- Orqa qismi
- O‘rta qismi
- Ikki chetki qismi
To‘g‘ri javob: Oldingi qismi. Bosh miya miya qutisi ichida joylashgan bo‘lib, nerv nayining oldingi qismi o‘zgarishidan hosil bo‘lgan.
Baliqlarning ko‘zi qanday tuzilgan va qayerda joylashgan?
- Qovoqsiz, boshining ustki qismida
- Qovoqsiz, boshining ikki yonida
- Harakatchan qovoqli, boshining ustki qismida
- Harakatchan qovoqli, boshining ikki yonida
To‘g‘ri javob: Qovoqsiz, boshining ikki yonida. Baliq ko‘zi qovoqsiz bo‘lib, boshining ikki yonida joylashgan.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Baliqlarning ikkita burun teshigi hid sezuvchi hujayrali xaltachalarga ochiladi. II. Baliqlarning eshitish organi tashqi quloqdan iborat. III. Baliqlar yaqin masofadan ko‘radi, narsalarning shakli va rangini farq qila oladi.
- Faqat I
- I va II
- II va III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: baliqlarning eshitish organi miya qutisi yonidagi ichki quloqdan iborat, tashqi qulog‘i yo‘q.
Moslang: 1) yon chiziqlar; 2) ichki quloq; 3) zog‘ora baliq va treskaning mo‘ylovlari. a) miya qutisining ikki yonida joylashgan; b) tuyg‘u vazifasini bajaradi; c) suv oqimini sezishga yordam beradi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Yon chiziqlar suv oqimini sezadi, ichki quloq miya qutisi yonida joylashgan, mo‘ylovlar esa tuyg‘u organi.
Baliqni turtsak, u tez chetga oladi. Bu jarayon bosqichlarini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) ta’sir sezgi hujayralari tolalari orqali bosh yoki orqa miyaga uzatiladi; 2) markaziy nerv sistemasidan javob tegishli organlarga uzatiladi; 3) organlardagi muskullar qisqaradi; 4) organizm ta’sirga javob beradi.
- 1-3-2-4
- 1-2-3-4
- 2-1-3-4
- 1-2-4-3
To‘g‘ri javob: 1-2-3-4. Avval ta’sir markaziy nerv sistemasiga boradi, undan javob organlarga uzatiladi, muskullar qisqaradi va organizm javob beradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash