XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 32-§.

Baliqlarning ko‘payishi va rivojlanishi

Mavzular

Ko‘payish organlari

Ko‘payish organlari. Zog‘ora baliq ayrim jinsli; urg‘ochilarining jinsiy organlari tana bo‘shlig‘ida joylashgan yirik tuxumdondan iborat. Unda tuxum hujayralari yetiladi. Erkaklarida esa bir juft uzun urug‘donlar bo‘ladi. Urchish davrida urug‘donlar quyuq oq suyuqlik – «sut» bilan to‘ladi. «Sut» tarkibida millionlab urug‘ hujayralari (spermatozoidlar) bo‘ladi.

Ko‘payish instinkti va ko‘chish

Tuxum qo‘yishi. Jinsiy hujayralarning yetila boshlashi bilan baliqlarda ko‘payish instinkti paydo bo‘ladi (64-rasm). Instinkt ularni tuxum qo‘yish va nasl qoldirish uchun qulay joy axtarishga undaydi. Ba’zi baliqlar suv havzalarining oqmaydigan joylarini, boshqalari esa suvi oqib turadigan joylarni tanlaydi. O‘tkinchi baliqlardan ba’zilari chuchuk suv havzalaridan dengizga, boshqalari, aksincha, dengizdan chuchuk suv havzalariga ko‘chadi. Ayrim o‘tkinchi baliqlar, masalan, Uzoq Sharq losossimonlaridan keta va bukri baliq uvildiriq tashlash uchun Amur daryosining irmoqlariga o‘tadi. Ugor balig‘i Yevropa daryolaridan minglab kilometr uzoqda joylashgan Atlantika okeanining Sargass dengiziga borib tuxum qo‘yadi.

64-rasm. Zog‘ora baliqning ko‘payishi: 1 – tuxumlari; 2 – tuxum ichida embrionning rivojlanishi; 3–4–5 – yosh baliqcha larning rivojlanishi; 6 – voyaga yetgan baliq
64-rasm. Zog‘ora baliqning ko‘payishi: 1 – tuxumlari; 2 – tuxum ichida embrionning rivojlanishi; 3–4–5 – yosh baliqcha larning rivojlanishi; 6 – voyaga yetgan baliq

Urug‘lanish va rivojlanish

Zog‘ora baliq suv havzalarining tinch oqadigan sayoz joylariga, suvomborlari va ko‘llarga tuxum qo‘yadi. Urg‘ochi baliq suv o‘simliklari ustiga uvildiriq tashlaydi. Erkagi esa tuxumlar ustiga o‘zining «suti»ni sepib ketadi. «Sut»dagi spermatozoidlar tuxum hujayralarini urug‘lantiradi.

Rivojlanishi. Zog‘ora baliqning urug‘langan tuxum hujayralaridan qulay sharoitda 4–6 kun ichida juda mayda baliqchalar (chavoqlar) rivojlanib chiqadi. Chavoqlar dastlab suvdagi mayda mikroorganizmlar, keyinroq mayda umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlana boshlaydi. Yilning oxiriga kelib, ularning uzunligi 5–10 sm ga yetadi.

Naslga g‘amxo‘rlik qilmaslik

Naslga g‘amxo‘rlik qilishi. Zog‘ora baliqning nasliga g‘amxo‘rlik qilishi tuxum qo‘yish uchun joy tanlashdan iborat. Tuxum qo‘ygan baliq bu joyni tark etadi. Nasli to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmaydigan baliqlar, odatda, juda ko‘p tuxum qo‘yadi. Masalan, okun 300 minggacha, treska bir necha million tuxum qo‘yadi. Ular naslining juda oz qismigina voyaga yetadi. Chunki tuxumlari va lichinkalarining juda ko‘p qismi boshqa hayvonlarga yem bo‘ladi.

Naslga g‘amxo‘rlik qiluvchi baliqlar

Ayrim baliqlarning nasli to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish instinkti kuchli rivojlangan. Chuchuk suv tikanbalig‘ining erkagi urchish davrida suv o‘tlarini so‘lak bezlari ishlab chiqaradigan suyuqlik bilan yopishtirib, urg‘ochilari uchun qulay uya yasaydi. Bu uyaga bir necha urg‘ochi baliq tuxum qo‘yadi. Erkak baliqlar uyaga qo‘yilgan tuxumlarni urug‘lantiradi va tuxumdan chiqqan baliqchalarni mustaqil oziqlana oladigan bo‘lguncha himoya qilishadi (65-rasm). Dengiz otchasi erkaklari tuxumlarini qornidagi maxsus xaltachasida olib yuradi. Afrika tilyapiya balig‘ining erkaklari urg‘ochilari tashlagan tuxumlarni og‘iz bo‘shlig‘ida olib yuradi. Biror xavf tug‘ilgudek bo‘lsa, hatto yosh baliqchalari ham erkak baliqning og‘ziga kirib yashirinib oladi.

65-rasm. Baliqlarning nasl to‘g‘risida g‘amxo‘rligi: A – erkak tikanbaliq uyadagi tuxumlarini qo‘riqlamoqda; B – dengiz otchasi erkagi urg‘ochisi qo‘ygan tuxumlarni qornidagi xaltasida olib yuradi
65-rasm. Baliqlarning nasl to‘g‘risida g‘amxo‘rligi: A – erkak tikanbaliq uyadagi tuxumlarini qo‘riqlamoqda; B – dengiz otchasi erkagi urg‘ochisi qo‘ygan tuxumlarni qornidagi xaltasida olib yuradi

Bilimingizni sinang

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Zog‘ora baliq ayrim jinsli. II. Erkaklarida bitta yirik urug‘don bo‘ladi. III. «Sut» tarkibida millionlab urug‘ hujayralari (spermatozoidlar) bo‘ladi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. Faqat III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: erkak zog‘ora baliqda bir juft uzun urug‘don bor.

Baliqlarda ko‘payish instinkti qachon paydo bo‘ladi?
  1. Chavoqlar chiqqandan so‘ng
  2. Jinsiy hujayralar yetila boshlashi bilan
  3. Tuxum qo‘yilgandan keyin
  4. Faqat dengizga ko‘chganda

To‘g‘ri javob: Jinsiy hujayralar yetila boshlashi bilan. Ko‘payish instinkti jinsiy hujayralar yetila boshlaganda paydo bo‘lib, baliqlarni qulay joy axtarishga undaydi.

Baliqlarni tuxum qo‘yadigan joyi bilan moslang: 1) keta va bukri baliq; 2) ugor balig‘i; 3) zog‘ora baliq. a) Atlantika okeanining Sargass dengizi; b) tinch oqadigan sayoz joylar, suvomborlari va ko‘llar; c) Amur daryosining irmoqlari.
  1. 1-a, 2-c, 3-b
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Keta va bukri baliq Amur irmoqlariga, ugor Sargass dengiziga o‘tadi; zog‘ora baliq tinch sayoz joylarga tuxum qo‘yadi.

Zog‘ora baliqning ko‘payish bosqichlarini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) erkak baliq tuxumlar ustiga «sut»ini sepadi; 2) urg‘ochi baliq suv o‘simliklari ustiga uvildiriq tashlaydi; 3) 4–6 kun ichida mayda chavoqlar rivojlanib chiqadi; 4) spermatozoidlar tuxum hujayralarini urug‘lantiradi.
  1. 1-2-4-3
  2. 2-1-3-4
  3. 2-4-1-3
  4. 2-1-4-3

To‘g‘ri javob: 2-1-4-3. Avval uvildiriq tashlanadi, so‘ng «sut» sepiladi, tuxumlar urug‘lanadi va chavoqlar chiqadi.

Zog‘ora baliq chavoqlarining uzunligi yilning oxiriga kelib qancha bo‘ladi?
  1. 2–4 sm
  2. 15–20 sm
  3. 5–10 sm
  4. 1–2 sm

To‘g‘ri javob: 5–10 sm. Yil oxiriga kelib chavoqlar uzunligi 5–10 sm ga yetadi.

Nasli to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmaydigan baliqlar nima uchun juda ko‘p tuxum qo‘yadi?
  1. Tuxumlarining ko‘pi urug‘lanmay qoladi
  2. Urug‘lanish suvdan tashqarida o‘tadi
  3. Lichinkalar uzoq vaqt ona baliq himoyasida bo‘ladi
  4. Tuxum va lichinkalarining ko‘p qismi boshqa hayvonlarga yem bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Tuxum va lichinkalarining ko‘p qismi boshqa hayvonlarga yem bo‘ladi. Tuxum va lichinkalarning ko‘pi yem bo‘lgani uchun naslning oz qismi voyaga yetadi, shu sababli tuxum soni ko‘p.

Afrika tilyapiya balig‘ida xavf tug‘ilganda yosh baliqchalar qayerga yashirinadi?
  1. Erkak baliqning og‘ziga
  2. Erkak baliqning qorni ostidagi xaltachaga
  3. Suv o‘tlaridan yasalgan uyaga
  4. Urg‘ochi baliqning qorin xaltachasiga

To‘g‘ri javob: Erkak baliqning og‘ziga. Tilyapiya erkagi tuxumlarni og‘iz bo‘shlig‘ida olib yuradi, xavfda baliqchalar ham uning og‘ziga kirib yashirinadi.

Chuchuk suv tikanbalig‘ining erkagi suv o‘tlarini qaysi bez ishlab chiqaradigan suyuqlik bilan yopishtirib uya yasaydi?
  1. Me’da osti bezi
  2. Ter bezlari
  3. So‘lak bezlari
  4. Teri bezlari

To‘g‘ri javob: So‘lak bezlari. Tikanbaliq erkagi uyani so‘lak bezlari suyuqligi yordamida suv o‘tlarini yopishtirib yasaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiNerv sistemasi va sezgi organlariKeyingi →Tog‘ayli baliqlar sinfi