Tog‘ayli baliqlar sinfi
Mavzular
Yashash muhitiga moslashish
Baliqlarning yashash muhitiga moslashishi. Turli suv havzalarida yashash sharoiti har xil bo‘ladi. Hatto bitta suv havzasining turli qismida ham sharoit bir xil bo‘lmaydi. Yashash sharoiti va oziq tarkibining xilma-xilligi, o‘zaro raqobat, dushmanlarning ko‘p bo‘lishi baliqlar tuzilishi va fe’l-atvorining turlicha bo‘lishiga olib kelgan. Shuning uchun ham dengiz tubida yashovchi baliqlar sekin harakatlanadi, tanasi yassi bo‘lganidan yirtqich hayvonlar ularni sezmaydi. Rang-barang korall riflari orasida hayot kechiradigan baliqlarning rangi ham xilma-xil va chiroyli bo‘ladi. Dengiz va okeanlarning juda chuqur joyida yashaydigan baliqlarning yog‘du taratadigan a’zolari bo‘ladi. Suvning yuza qismida, ayniqsa, ochiq dengizlarda yashaydigan baliqlarning muskullari va suzgichlari, xususan, dum suzgichi kuchli rivojlanganligidan ular tez suzadi. Gavdasining suyri shakli esa suzishni osonlashtiradi.
Tog‘ayli baliqlar sinfi
Skeletining tuzilish xususiyatlariga ko‘ra baliqlar tog‘ayli va suyakli baliqlar sinfiga bo‘linadi.
Tog‘ayli baliqlar sinfi. Tog‘ayli baliqlarning skeleti tog‘aydan iborat bo‘lib, jabra qopqoqlari va suzgich pufaklari bo‘lmaydi. Jabra yoriqlari 5–7 juft bo‘ladi. Tog‘ayli baliqlar akulalar va skatlar turkumini o‘z ichiga oladi.
Akulalar turkumi
Akulalar turkumi. Akulalar ancha yirik, tanasi torpedasimon, dum suzgichi juda kuchli rivojlangan (66-rasm). Terisini qoplab turgan tangachalari haqiqiy suyakli baliqlarnikidan batamom farq qiladi. Ularning tangachalari qalin va yirik plastinkalardan iborat bo‘lib, har qaysi tangacha ustida sirtdan emal bilan qoplangan tishsimon o‘simtasi bo‘ladi. Akula jag‘ida bunday o‘simtalar tishlarga aylanadi. Barcha umurtqali hayvonlar, shu jumladan, odamlarning tishlari ham akulalarnikiga o‘xshash tuzilgan. Akulalar juda serharakat yirtqich baliqlar bo‘lib, ancha yirik hayvonlarga, shu jumladan, cho‘milayotgan odamga ham hujum qiladi. Ko‘pchilik akulalar tirik tug‘adi, ba’zi turlari tuxum qo‘yib ko‘payadi.

Akulalarning o‘lchami
Akulalarning kattaligi har xil bo‘lgan 250 turi ma’lum. Ular orasida uzunligi 40–45 sm bo‘lgan tikanli akula eng kichigi, uzunligi 15 m keladigan gigant akula yoki 18 m ga yetadigan kit akulasi eng yirik hisoblanadi. Lekin bunday bahaybat akulalarning tishlari juda mayda bo‘lib, ular mayda qisqichbaqasimonlar va baliqlar bilan oziqlanadi.
Skatlar turkumi
Skatlar turkumi. Skatlarning tanasi yassi, rombsimon yoki disksimon bo‘lib, suv tubida yashashga moslashgan. Dum suzgichi ingichka xivchinga aylangan. Skatlar yassi tanasi bilan tutashib ketgan ko‘krak suzgich qanotlarini to‘lqinsimon tebratib asta-sekin suzadi. Ayrim skatlarning maxsus himoyalanish a’zosi, masalan, dumining asosida zaharli shilimshiq modda bilan qoplangan tikani bo‘ladi. Tropik dengizlarda uchraydigan elektr skatlarda 70 Vt kuchlanishli elektr zaryadi hosil qiladigan a’zosi ham bo‘ladi. Skatlar zaharli nayzasi yoki elektr zaryadi yordamida o‘z o‘ljasini falajlaydi yoki dushmanini qochishga majbur qiladi.
Skatlarning ko‘payishi va oziqlanishi
Skatlar boshqa ko‘pchilik tog‘ayli baliqlar singari tirik tug‘adi. Ular kam pushtli bo‘lib, bitta urg‘ochi skat 1–3 tadan 20–30 tagacha nasl beradi. Ko‘pchilik skatlar dengiz tubidagi mollyuskalar bilan oziqlanadi. Faqat eng yirik, bahaybat manta suv qa’ridagi mayda qisqichbaqasimonlar va baliqchalar bilan oziqlanadi. Skatlarning 350 ga yaqin turi mavjud. Ba’zi turlari vitaminli yog‘i uchun ovlanadi.
Bilimingizni sinang
Tog‘ayli baliqlarda jabra yoriqlari soni qancha bo‘ladi?
- 2–3 juft
- 5–7 juft
- 10–12 juft
- 1–2 juft
To‘g‘ri javob: 5–7 juft. Tog‘ayli baliqlarda jabra yoriqlari 5–7 juft bo‘ladi.
Akulaning jag‘idagi tishlar qanday tuzilma asosida hosil bo‘lgan?
- Tog‘ayli skeletning o‘siqlari
- Tangachalar ustidagi emal bilan qoplangan tishsimon o‘simtalar
- Dum suzgichidagi tikanlar
- Jabra yoylaridagi suyak plastinkalar
To‘g‘ri javob: Tangachalar ustidagi emal bilan qoplangan tishsimon o‘simtalar. Har bir tangacha ustidagi emalli tishsimon o‘simta jag‘da tishga aylanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Barcha akulalar tuxum qo‘yib ko‘payadi; II. Akulalarning tanasi torpedasimon bo‘ladi; III. Ko‘pchilik akulalar tirik tug‘adi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Ko‘pchilik akulalar tirik tug‘adi, ba’zi turlari tuxum qo‘yadi; I noto‘g‘ri.
Akulalarni uzunligi bilan moslang: 1) tikanli akula; 2) gigant akula; 3) kit akulasi. a) 40–45 sm; b) 15 m; c) 18 m.
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-a, 2-b, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Tikanli akula 40–45 sm, gigant akula 15 m, kit akulasi 18 m ga yetadi.
Bahaybat akulalar nima bilan oziqlanadi va buning sababi nimada?
- Mollyuskalar bilan, chunki tanasi yassi
- Yirik baliqlar bilan, chunki tishlari juda katta
- Mayda qisqichbaqasimonlar va baliqlar bilan, chunki tishlari juda mayda
- O‘simliklar bilan, chunki tishlari bo‘lmaydi
To‘g‘ri javob: Mayda qisqichbaqasimonlar va baliqlar bilan, chunki tishlari juda mayda. Bahaybat akulalarning tishlari mayda, shuning uchun mayda qisqichbaqasimonlar va baliqlarni yeydi.
Skatlar qanday usulda asta-sekin suzadi?
- Ko‘krak suzgich qanotlarini to‘lqinsimon tebratib
- Jabra yoriqlaridan suv otib
- Dum suzgichini tez tebratib
- Tanasini ilondek bukib
To‘g‘ri javob: Ko‘krak suzgich qanotlarini to‘lqinsimon tebratib. Skatlar yassi tanasi bilan tutashgan ko‘krak suzgich qanotlarini to‘lqinsimon tebratib suzadi.
Tropik dengizlarda uchraydigan elektr skatlarning a’zosi qanday kuchlanishli elektr zaryadi hosil qiladi?
- 70 Vt
- 7 Vt
- 700 Vt
- 20 Vt
To‘g‘ri javob: 70 Vt. Elektr skatlar 70 Vt kuchlanishli elektr zaryadi hosil qiladi.
Zaharli nayza yoki elektr zaryadi skatlarga nima uchun kerak?
- Suvda yo‘nalishni aniqlash uchun
- O‘ljasini falajlash yoki dushmanini qochishga majbur qilish uchun
- Tuxum qo‘yish uchun joy tayyorlash uchun
- Urg‘ochisini jalb qilish uchun
To‘g‘ri javob: O‘ljasini falajlash yoki dushmanini qochishga majbur qilish uchun. Skatlar nayza yoki elektr yordamida o‘ljasini falajlaydi yoki dushmanini qochirtiradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash