Suyakli baliqlar sinfi: asosiy sistematik guruhlari va ahamiyati
Mavzular
Bakra baliqlar turkumi
Bakra, ya’ni suyak-tog‘ayli baliqlar turkumi. Bu turkumga mansub baliqlarning xipcha va cho‘ziq tanasi bo‘ylab orqa, yon va qorin tomonida 5 qator romb shaklidagi suyak plastinkalar joylashgan (67-rasm). Boshining oldingi tomoni uzun tumshuqni hosil qiladi. Og‘iz teshigi boshining ostki tomonida joylashgan. Skeleti, asosan, tog‘aydan iborat, lekin bosh qutisi suyak bilan qoplangan. O‘q skeleti xordadan iborat bo‘lib, butun hayoti davomida saqlanib qoladi.

Bakra baliqlar O‘rta Osiyoda
O‘rta Osiyo suv havzalarida suyak-tog‘ayli baliqlardan bakra baliq va soxta kurakburun uchraydi. Sirdaryo va Amudaryoning quyi va o‘rta oqimlarida yashaydigan bakra baliqning uzunligi 2 m gacha, og‘irligi 30 kg gacha boradi. Amudaryo etaklarida va uning o‘rta oqimlarida soxta kurakburun (qilquyruq) balig‘i tarqalgan. Uning uzunligi 75 sm gacha, og‘irligi 2 kg gacha boradi, mayda baliqlar va hasharotlarning qurtlari bilan oziqlanadi. Soxta kurakburun noyob tur sifatida muhofaza qilinadi.
Losossimonlar va karpsimonlar
Losossimonlar turkumi. Losossimonlarga o‘q skeleti va bosh qutisi qisman suyakka aylangan baliqlar kiradi. Orqa suzgichi ortida yana bitta suzgichi bo‘ladi. Ko‘pchilik turlari ko‘payish davrida dengizlardan chuchuk suvlarga o‘tadi. Dengizlarda yashovchi losos, keta, bukri baliq (gorbusha) ham shu turkumga kiradi. Sirdaryo va Amudaryoda gulmoyi, ya’ni forel ham tarqalgan.
Karpsimonlar turkumi. Tana skeleti suyakdan iborat. Bu turkumning vakillari barcha suv havzalarida keng tarqalgan bo‘lib, bir necha yuzlab turlarni o‘z ichiga oladi. Biz tanishib chiqqan zog‘orabaliq ham shu turkumga kiradi.
Karpsimonlar vakillari
Orol dengizi, Zarafshon, Amudaryo va Sirdaryo havzalarining daryo va ko‘llarida uchraydigan mo‘ylov baliq; tog‘ daryolari va soylarda tarqalgan qora baliq; Orol dengizi sohillarida, Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshonning quyi oqimida yashaydigan moybaliq va oqcha baliq, shuningdek, Orol dengizi va unga quyiladigan daryolarda uchraydigan laqqa ham shu turkumga kiradi. O‘rta Osiyo suv havzalariga Uzoq Sharq daryolaridan oq amur va xumbosh baliq keltirilib iqlimlashtirilgan (68-rasm).

Panjaqanotlilar turkumi
Panjaqanotlilar turkumi. Panjaqanotlilar skeleti va suzgichlarining tuzilishi quruqlikda yashaydigan umurtqalilar oyoqlariga o‘xshab ketadi. Bu turkumning yagona vakili – latimeriya Hind okeanining Afrika sohili yaqinidan topilgan. Uni o‘rganish quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlarning kelib chiqishini tushuntirishda katta ahamiyatga ega.
Baliqlarning ahamiyati
Baliqlarning ahamiyati. Baliq go‘shti va ikrasi xushta’m taom hisoblanadi. Ayniqsa, osetrsimonlar va losossimonlar go‘shti va ikrasi qadrlanadi. Jahon bo‘yicha har yili 50 mln tonnaga yaqin baliq ovlanadi. Baliqlarning asosiy qismi dengizlardan ovlanadi. Baliq ovlash uchun maxsus kemalar – traulerlardan foydalaniladi. Baliqchilik sanoati chiqindilaridan chorva mollari uchun baliq uni, qishloq xo‘jaligi uchun o‘g‘it ishlab chiqariladi. Baliq moyi farmatsevtikada vitaminli dori hisoblanadi. O‘zbekistonda baliqlar ichki suv havzalaridan ovlanadi. Zog‘ora, oq amur, oqcha, xumbosh, oq sla, ilonbosh asosiy ovlanadigan baliqlar hisoblanadi.
Urchitish va kelib chiqishi
Tabiiy sharoitda baliqlar uvildirig‘i va chavoqlari ko‘plab nobud bo‘ladi. Shuning uchun baliqlar maxsus zavodlarda urchitilib, tabiiy suv havzalariga qo‘yib yuboriladi. Baliqlarni boshqa suv havzalariga ko‘chirib o‘tkazish mumkin. Uzoq Sharq daryolaridan respublikamizdagi suv havzalariga oq amur, xumbosh, ilonbosh kabi baliqlar olib kelib, iqlimlashtirilgan.
Baliqlarning kelib chiqishi. Baliqlarning qadimgi ajdodlari lansetnikka o‘xshash sodda tuzilgan xordalilar bo‘lgan. Tarixiy rivojlanish davomida dastlabki xordalilardan juft suzgich qanotli hayvonlar paydo bo‘lgan. Ular yirtqich hayot kechirishgan. O‘lja axtarib faol hayot kechirishi natijasida ularning nerv sistemasi va sezgi organlari rivojlana borib yo‘l bilan baliqlar kelib chiqqan.
Bilimingizni sinang
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- sterlyad
- bakra
- Amudaryo qilquyrug‘i
- beluga
To‘g‘ri javob: beluga. 67-rasm. Bakra baliqlar: 1 – bakra; 2 – beluga; 3 – sterlyad; 4 – Amudaryo qilquyrug‘i
Rasmda «Amudaryo qilquyrug‘i» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 2
- 1
- 4
- 3
To‘g‘ri javob: 4. 67-rasm. Bakra baliqlar: 1 – bakra; 2 – beluga; 3 – sterlyad; 4 – Amudaryo qilquyrug‘i
Rasmda 3 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- oqcha
- zog‘ora
- cho‘rtan
- laqqa
To‘g‘ri javob: zog‘ora. 68-rasm. O‘zbekiston suv havzalari baliqlari: 1 – laqqa; 2 – cho‘rtan; 3 – zog‘ora; 4 – oq amur; 5 – oqcha
Rasmda «oqcha» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 3
- 2
- 5
- 1
To‘g‘ri javob: 5. 68-rasm. O‘zbekiston suv havzalari baliqlari: 1 – laqqa; 2 – cho‘rtan; 3 – zog‘ora; 4 – oq amur; 5 – oqcha
Bakra baliqlar turkumi vakillarining tanasi bo‘ylab nechta qator romb shaklidagi suyak plastinkalar joylashgan?
- 4 qator
- 5 qator
- 7 qator
- 3 qator
To‘g‘ri javob: 5 qator. Bakra baliqlarda orqa, yon va qorin tomonida 5 qator romb shaklidagi suyak plastinkalar bor.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Bakra baliqlar skeleti asosan tog‘aydan iborat, bosh qutisi suyak bilan qoplangan. II. O‘q skeleti xordadan iborat bo‘lib, butun hayoti davomida saqlanadi. III. Og‘iz teshigi boshining ustki tomonida joylashgan.
- I va II
- II va III
- Faqat III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: bakra baliqlarning og‘iz teshigi boshining ostki tomonida joylashgan.
Baliqlarni tavsifi bilan moslang: 1) bakra baliq; 2) soxta kurakburun; 3) qora baliq. a) noyob tur sifatida muhofaza qilinadi; b) tog‘ daryolari va soylarda tarqalgan; c) uzunligi 2 m gacha, og‘irligi 30 kg gacha boradi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Bakra baliq 2 m va 30 kg gacha boradi, soxta kurakburun muhofaza qilinadi, qora baliq tog‘ daryolarida yashaydi.
Amudaryo etaklarida tarqalgan soxta kurakburun (qilquyruq) baliq nima bilan oziqlanadi?
- Mayda baliqlar va hasharotlarning qurtlari bilan
- Suv o‘simliklari va plankton bilan
- Daryo tubidagi chirindi bilan
- Mollyuskalar va qisqichbaqalar bilan
To‘g‘ri javob: Mayda baliqlar va hasharotlarning qurtlari bilan. Soxta kurakburun mayda baliqlar va hasharotlarning qurtlari bilan oziqlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash