XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 37-§.

Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning ko‘payishi, rivojlanishi va xilma-xilligi

Mavzular

Baqaning tuxum qo‘yishi

Tuxum qo‘yishi. Ko‘klam kelib, kunlar isiy boshlashi bilan baqalar qishki karaxtlik holatidan chiqib, suv havzalari yaqinida oziq axtara boshlaydi. Urchish payti yaqinlashgan sayin erkak baqalarning baland ovoz bilan sayrashi avj oladi. Urg‘ochi baqalar suvga tashlagan tuxumlariga erkak baqalar urug‘ suyuqlig‘ini to‘kib ketadi. Bitta baqa 5 000–10 000 tagacha tuxum qo‘yishi mumkin. Urug‘langan tuxumning qobig‘i bo‘rtib, tiniq yopishqoq shilimshiq parda hosil qiladi. Tuxumning ustki qismi qoramtir tusda bo‘lganidan quyosh nuri ta’sirida yaxshi isiydi. Tuxumlar suv yuzasida to‘p-to‘p bo‘lib qalqib yuradi.

Itbaliqning tuzilishi

Rivojlanishi. Urug‘langan tuxumdan lichinka (itbaliq) rivojlanib chiqadi (74-rasm). Itbaliqning ko‘rinishi mayda baliqchaga o‘xshaydi. Uning uzun va keng dumi, ikki yonida joylashgan ikki tutam tashqi jabralari bo‘ladi. Rivojlangan sayin tashqi jabralar halqum devorida joylashgan ichki jabralar bilan almashinadi. Itbaliqning yuragi ikki kamerali, qon aylanish sistemasi ham bitta doiradan iborat. Tanasining ikki yonida yon chiziqlari bo‘ladi.

74-rasm. Baqaning rivojlanishi: 1 – tuxumlar; 2–3–4–5 – itbaliqlarning rivojlanishi; 6–7–8 – itbaliqning baqaga aylanishi
74-rasm. Baqaning rivojlanishi: 1 – tuxumlar; 2–3–4–5 – itbaliqlarning rivojlanishi; 6–7–8 – itbaliqning baqaga aylanishi

Itbaliqning baqaga aylanishi

Tuxumdan chiqqan itbaliq dastlab tuxumdan qolgan oziq moddalar hisobiga yashaydi. Keyinroq u mayda suv o‘tlari, bir hujayrali hayvonlar va suv o‘tlari sirtiga yopishgan turli mikroorganizmlar bilan oziqlana boshlaydi. Rivojlanish davomida dastlab uning orqa oyoqlari, so‘ngra oldingi oyoqlari paydo bo‘ladi; jabrasi o‘pka bilan almashinadi. Qon aylanish sistemasi organlari ham qayta quriladi. Yosh baqa suv yuzasiga ko‘tarilib, atmosfera havosi bilan nafas ola boshlaydi. Dumi asta-sekin yo‘qolib ketishi bilan itbaliq yosh baqaga aylanadi va quruqlikka chiqadi. Yosh baqalar uch yildan keyingina voyaga yetadi va urchiy boshlaydi.

Dumsizlar va dumlilar

Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning xilma-xilligi. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarga 4 000 dan ortiq tur kiradi. Ular dumsizlar (baqalar, qurbaqalar) va dumlilar (tritonlar, salamandralar) turkumlariga ajratiladi. Dumlilar O‘rta Osiyoda uchramaydi. Ulardan eng yirigi Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan gigant salamandraning uzunligi 1,7 metrga yetadi. O‘zbekiston hududida dumsizlardan ko‘l baqasi va yashil qurbaqa keng tarqalgan.

Yashil qurbaqa

Yashil qurbaqa baqaga nisbatan ancha yirik, rangi och yashil yoki kulrang, terisida sassiq oqish zaharli suyuqlik ishlab chiqaradigan bezlari bo‘ladi. U kunduzi kemiruvchilar inida, daraxtlar ildizi va to‘nkalar ostida, yerto‘lalarda bekinib yotadi. Faqat kechqurunlari ovga chiqadi. Uning orqa oyoqlari nisbatan kuchsiz bo‘lganidan o‘rmalab yoki qisqa-qisqa sakrab yuradi. Qurbaqaning terisi dag‘alroq, o‘pkasi nisbatan yaxshi rivojlangan. U kechqurunlari qurillab sayraydi. Qurbaqa faqat ko‘payish davrida suvga tushadi. U ko‘lmak suvlar va hovuzlarga marjon shodasiga o‘xshab tizilgan tuxumlarini qo‘yadi.

Ahamiyati va kelib chiqishi

Ahamiyati. Suvda hamda quruqlikda yashovchilar – foydali hayvonlar. Qurbaqa o‘simliklarga ziyon yetkazadigan hasharotlarni qirib, katta foyda keltiradi. Qurbaqa bir kechada 100 tagacha, 9 oy davomida uch mingtagacha hasharotni yeydi. Baqa zararkunanda hasharotlar (chivinlar)ning suvdagi lichinkalarini va suv bo‘yidagi hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Baqaning o‘zi ham turli hayvonlar uchun oziq bo‘ladi. Baqadan tibbiyot va biologiyada laboratoriya hayvonlari sifatida ham foydalaniladi.

Kelib chiqishi. Dastlabki suvda hamda quruqlikda yashovchilar bundan 300 mln yil ilgari chuchuk suvda yashovchi panjaqanotlilardan kelib chiqqan. Haqiqatan ham, qadimgi panjaqanotlilarning suzgichlari skeleti suvda hamda quruqlikda yashovchilar oyoqlari skeletiga o‘xshab ketadi. Qadimgi panjaqanotlilar o‘pka bilan nafas olgan. Ular chuchuk suvli sayoz daryo va ko‘llarda yashagan. Suv qurib qolganida esa muskulli suzgichlari yordamida boshqa suv havzasiga o‘rmalab o‘ta olishgan. O‘pkali panjaqanotlilardan qadimgi dumlilar, ulardan dumsizlar kelib chiqqan.

Bilimingizni sinang

Bitta baqa nechta tuxum qo‘yishi mumkin?
  1. 1 000–2 000 tagacha
  2. 50 000–100 000 tagacha
  3. 5 000–10 000 tagacha
  4. 500–1 000 tagacha

To‘g‘ri javob: 5 000–10 000 tagacha. Bitta baqa 5 000–10 000 tagacha tuxum qo‘yishi mumkin.

Baqa tuxumining ustki qismi qoramtir tusda bo‘lishi qanday ahamiyatga ega?
  1. Quyosh nuri ta’sirida yaxshi isiydi
  2. Urug‘lanishni tezlashtiradi
  3. Yirtqichlardan ko‘rinmay qoladi
  4. Suv yuzasida qalqib turishini ta’minlaydi

To‘g‘ri javob: Quyosh nuri ta’sirida yaxshi isiydi. Qoramtir ustki qism quyosh nurini yaxshi yutib, tuxumning isishini ta’minlaydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Urug‘langan tuxum qobig‘i bo‘rtib, tiniq yopishqoq shilimshiq parda hosil qiladi. II. Tuxumlar suv tubiga cho‘kib yotadi. III. Erkak baqalar urg‘ochilar tashlagan tuxumlarga urug‘ suyuqligini to‘kib ketadi.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: tuxumlar suv yuzasida to‘p-to‘p bo‘lib qalqib yuradi.

Itbaliqning baqaga aylanishidagi o‘zgarishlarni ketma-ketlikda joylashtiring: 1) dumi yo‘qolib ketadi; 2) orqa oyoqlari paydo bo‘ladi; 3) oldingi oyoqlari paydo bo‘ladi; 4) yosh baqa atmosfera havosi bilan nafas ola boshlaydi.
  1. 2-3-1-4
  2. 3-2-4-1
  3. 2-3-4-1
  4. 4-2-3-1

To‘g‘ri javob: 2-3-4-1. Avval orqa, so‘ng oldingi oyoqlar paydo bo‘ladi, keyin havo bilan nafas olinadi va oxirida dum yo‘qoladi.

Yosh baqalar necha yildan keyin voyaga yetadi va urchiy boshlaydi?
  1. Besh yildan keyin
  2. Bir yildan keyin
  3. Ikki yildan keyin
  4. Uch yildan keyin

To‘g‘ri javob: Uch yildan keyin. Yosh baqalar uch yildan keyingina voyaga yetadi.

Moslang: 1) dumsizlar; 2) dumlilar; 3) gigant salamandra. a) baqalar va qurbaqalar kiradi; b) uzunligi 1,7 metrga yetadi; c) tritonlar va salamandralar kiradi.
  1. 1-b, 2-c, 3-a
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-a, 2-c, 3-b
  4. 1-a, 2-b, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-c, 3-b. Dumsizlarga baqalar va qurbaqalar, dumlilarga tritonlar va salamandralar kiradi; gigant salamandra 1,7 m ga yetadi.

O‘zbekiston hududida dumsizlardan qaysilari keng tarqalgan?
  1. Yashil qurbaqa va gigant salamandra
  2. Tritonlar va salamandralar
  3. Tritonlar va ko‘l baqasi
  4. Ko‘l baqasi va yashil qurbaqa

To‘g‘ri javob: Ko‘l baqasi va yashil qurbaqa. O‘zbekistonda dumsizlardan ko‘l baqasi va yashil qurbaqa keng tarqalgan, dumlilar O‘rta Osiyoda uchramaydi.

Yashil qurbaqa baqadan qaysi belgilari bilan farq qiladi?
  1. Terisi dag‘al, orqa oyoqlari kuchli, kunduzi ovga chiqadi
  2. Terisi dag‘alroq, orqa oyoqlari kuchsiz, o‘pkasi yaxshiroq rivojlangan
  3. Terisi silliq, orqa oyoqlari kuchli, sakrab harakatlanadi
  4. Terisi silliq, o‘pkasi sust, kechqurun ovga chiqadi

To‘g‘ri javob: Terisi dag‘alroq, orqa oyoqlari kuchsiz, o‘pkasi yaxshiroq rivojlangan. Qurbaqaning terisi dag‘alroq, orqa oyoqlari nisbatan kuchsiz, o‘pkasi esa yaxshiroq rivojlangan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiKo‘l baqasining ichki tuzilishiKeyingi →Ildam kaltakesakning tuzilishi, ko‘payishi va rivojlanishi