XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 38-§.

Ildam kaltakesakning tuzilishi, ko‘payishi va rivojlanishi

Mavzular

Sudralib yuruvchilar sinfi

Sudralib yuruvchilar – birlamchi quruqlikda yashovchi hayvonlar. Terisi quruq, nafas olishda ishtirok etmaydi. Tuxumini quruqlikka qo‘yadi. O‘pka orqali nafas oladi. Bu sinf tangachalilar, toshbaqalar, timsohlar turkumlariga ajratiladi.

Yashash muhiti va tashqi tuzilishi. Ildam kaltakesak O‘rta Osiyoning cho‘l va tog‘oldi mintaqalarida tarqalgan. Terisi kulrang yoki yashil-kulrang tusda bo‘lganligi tufayli uni o‘tlar orasida yirtqich hayvonlar yaxshi payqamaydi. Ular juft-juft bo‘lib yashaydi, turli hasharotlar bilan oziqlanadi.

Bosh va sezgi organlari

Ildam kaltakesakning uzunligi dumi bilan birga 15–20 sm ga yetadi. Konussimon boshi harakatchan, qisqa bo‘yni orqali tanasiga birikkan. Tumshug‘ining uchida ikkita burun teshigi, undan orqaroqda – boshining ikki yonida ko‘zlari joylashgan (75-rasm). Ko‘zida yuqori va pastki qovoqlari bilan birga yupqa pardaga o‘xshash pirpiraydigan uchinchi qovog‘i ham bo‘ladi. Dam-badam ochilib va yopilib turadigan bu uchinchi qovoq kaltakesak ko‘zini doimo namlab turadi. Ko‘zlaridan orqaroqda joylashgan doirasimon nog‘ora parda tashqi quloq teshigini yopib turadi. Kaltakesak juda yaxshi eshitadi. Hatto hasharotlar o‘rmalayotganda chiqadigan tovushni ham sezadi. Kaltakesakning tili tuyg‘u va ta’m bilish organi hisoblanadi. U uzun ayri tilini tez-tez chiqarib, atrofidagi narsalarni bilib oladi.

75-rasm. Ildam kaltakesakning tashqi tuzilishi: 1 – burun teshigi; 2 – ko‘z; 3 – til; 4 – tangachalar; 5 – quloq teshigi
75-rasm. Ildam kaltakesakning tashqi tuzilishi: 1 – burun teshigi; 2 – ko‘z; 3 – til; 4 – tangachalar; 5 – quloq teshigi

Oyoqlari va terisi, tullash

Kaltakesakning oyoqlarida 5 tadan panjasi bo‘ladi. Oyoqlar tanaga ikki yon tomondan birikkan bo‘lganidan tanasini dast ko‘tarib turmaydi. Shuning uchun harakatlanayotgan kaltakesakning qorni yerda sudraladi; dumi yurishga yordam beradi.

Kaltakesakning quruq terisi muguz tangachalar bilan qoplangan. Tangachalar kaltakesak tumshug‘i va qornining ostida yirik qalqonsimon plastinkalarni, barmoqlari uchida muguz tirnoqlarni hosil qiladi. Muguzli teri hayvonning o‘sishiga xalaqit beradi. Shuning uchun barcha sudralib yuruvchilar singari kaltakesaklar ham faqat tullash davrida o‘sadi. Yoz mavsumida kaltakesak 4–5 marta tullaydi. Tullaganida uning eski terisi parcha-parcha bo‘lib ko‘chib tushib, o‘rniga yangisi hosil bo‘ladi. Kaltakesak tanasi yangi teri qotguncha o‘saveradi.

Skelet va nafas olish

Ichki tuzilishi. Kaltakesakning ichki tuzilishi ko‘p jihatdan baqanikiga o‘xshasa-da, ayrim organlari undan farq qiladi. Xususan, uning boshi 8 ta umurtqalar orqali tanasiga harakatchan birikkan. Ko‘krak umurtqalarining har biriga ikki yon tomondan bittadan qovurg‘alar tutashgan. Qovurg‘alarning ikkinchi uchi esa to‘sh suyagiga tutashgan. Ko‘krak umurtqalari, qovurg‘alar va to‘sh suyagi birgalikda ko‘krak qafasini hosil qiladi. Ko‘krak qafasida o‘pka va yurak joylashgan.

Kaltakesak faqat o‘pkasi orqali nafas oladi. Kaltakesakning o‘pkasi baqanikiga nisbatan murakkab tuzilgan, ya’ni o‘pka devori ko‘plab katakchalarga bo‘lingan. Shu tufayli o‘pkaning gaz almashinadigan yuzasi ancha kengaygan.

Yurak, miyacha va harakat

Kaltakesaklarning yuragi baqaniki singari ikkita bo‘lma va bitta qorinchadan iborat, lekin birmuncha murakkab tuzilganligi bilan suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikidan farq qiladi. Shunga qaramay, ular organizmida moddalar almashinuvi sust boradi. Kaltakesaklar sovuqqonli hayvonlar bo‘lganidan tanasining harorati atrof-muhit haroratiga bog‘liq. Shunga ko‘ra sovuq tushishi bilan ularning harakati sustlashib, hamma sudralib yuruvchilar singari karaxt bo‘lib qoladi.

Kaltakesakning hazm qilish, ayirish va nerv sistemasining tuzilishi suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikiga o‘xshaydi. Lekin tana muvozanatini saqlaydigan va harakatini boshqaradigan miyachasi ancha kuchli rivojlangan. Shuning uchun kaltakesaklar suvda hamda quruqlikda yashovchilarga nisbatan chaqqon va xilma-xil harakat qiladi.

Ko‘payishi va regeneratsiya

Ko‘payishi va rivojlanishi. Sudralib yuruvchilarning tuxumi urg‘ochisi jinsiy yo‘lida urug‘lanadi. Erkagining spermatozoidlari urg‘ochisining kloakasiga tushadi. Sudralib yuruvchilarda boshqa haqiqiy quruqlikda yashovchi hayvonlar singari ichki urug‘lanish sodir bo‘ladi.

Urg‘ochi kaltakesak 5 dan 15 tagacha urug‘langan tuxumlarini oftob tushib turadigan joyga qo‘yadi. Tuxumlar tuproqqa yuzaroq qilib ko‘mib qo‘yiladi. Tuxumlar ancha yirik va sariqligi ko‘p bo‘lib, sirti qalin po‘choq bilan qoplangan. Po‘choq tuxumni qurib qolishdan saqlaydi. Tuxumning sariqligi rivojlanayotgan murtak uchun oziq hisoblanadi. Kaltakesak tuxumidan voyaga yetgan hayvonga o‘xshaydigan kichik kaltakesak chiqadi.

Regeneratsiyasi. Agar yirtqich hayvon kaltakesak dumidan tutib oladigan bo‘lsa, u dumining bir qismini tashlab, qochib qoladi. Uzilib qolgan dum birmuncha vaqt qimirlab turadi. Bu hodisa dum umurtqalaridan birining o‘rtasidan sinishi natijasida yuz beradi. Keyinroq dum yana qaytadan o‘sib chiqadi, ya’ni regeneratsiya sodir bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. tangachalar
  2. til
  3. ko‘z
  4. burun teshigi

To‘g‘ri javob: ko‘z. 75-rasm. Ildam kaltakesakning tashqi tuzilishi: 1 – burun teshigi; 2 – ko‘z; 3 – til; 4 – tangachalar; 5 – quloq teshigi

Rasmda «tangachalar» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 4
  2. 3
  3. 2
  4. 5

To‘g‘ri javob: 4. 75-rasm. Ildam kaltakesakning tashqi tuzilishi: 1 – burun teshigi; 2 – ko‘z; 3 – til; 4 – tangachalar; 5 – quloq teshigi

Ildam kaltakesak O‘rta Osiyoning qaysi mintaqalarida tarqalgan?
  1. Cho‘l va tog‘oldi mintaqalarida
  2. Baland tog‘lar muzliklari yonida
  3. Zich o‘rmonlar va botqoqliklarda
  4. Dengiz qirg‘oqlari va sohillarida

To‘g‘ri javob: Cho‘l va tog‘oldi mintaqalarida. Ildam kaltakesak O‘rta Osiyoning cho‘l va tog‘oldi mintaqalarida tarqalgan.

Nima uchun yirtqich hayvonlar ildam kaltakesakni o‘tlar orasida yaxshi payqamaydi?
  1. Terisi kulrang yoki yashil-kulrang tusda bo‘lgani uchun
  2. Tanasi juda kichik bo‘lgani uchun
  3. Faqat tunda harakatlanganligi uchun
  4. Tezligi juda katta bo‘lgani uchun

To‘g‘ri javob: Terisi kulrang yoki yashil-kulrang tusda bo‘lgani uchun. Teri rangi o‘tlar fonida kaltakesakni ko‘rinmas qiladi, bu himoyalovchi tus.

Kaltakesakning dam-badam ochilib va yopilib turadigan uchinchi qovog‘i qanday vazifani bajaradi?
  1. Tovushni kuchaytirib eshitishga yordam beradi
  2. Yirik o‘ljani ushlashga yordam beradi
  3. Ko‘zni quyosh nuridan to‘liq to‘sib turadi
  4. Ko‘zini doimo namlab turadi

To‘g‘ri javob: Ko‘zini doimo namlab turadi. Yupqa pardasimon uchinchi qovoq tez-tez yopilib, ko‘zni namlab turadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Kaltakesakning boshi 8 ta umurtqa orqali tanasiga birikkan. II. Yoz mavsumida kaltakesak 10–12 marta tullaydi. III. Kaltakesakning oyoqlarida 5 tadan panja bo‘ladi.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: yoz mavsumida kaltakesak 4–5 marta tullaydi.

Kaltakesakning o‘pkasi baqa o‘pkasidan qanday farq qiladi?
  1. O‘pka havo xaltachalari bilan bog‘langan va qanotsiz bo‘ladi
  2. O‘pka bilan bir qatorda teri ham nafas olishda ishtirok etadi
  3. O‘pka devori silliq bo‘lib, gaz almashinuvi yuzasi ancha kichik
  4. Devori ko‘plab katakchalarga bo‘lingan, gaz almashinadigan yuzasi kengaygan

To‘g‘ri javob: Devori ko‘plab katakchalarga bo‘lingan, gaz almashinadigan yuzasi kengaygan. Kaltakesak o‘pkasi murakkabroq: devor katakchalarga bo‘lingani uchun gaz almashinuvi yuzasi kengaygan.

Kaltakesak yuragi baqa yuragiga nisbatan qanday tuzilgan?
  1. Ikki bo‘lma va ikki qorinchadan iborat
  2. Baqanikidan butunlay farq qilmaydi, mutlaqo bir xil
  3. Uch bo‘lma va bitta qorinchadan iborat
  4. Baqaniki singari ikki bo‘lma va bitta qorincha, lekin birmuncha murakkabroq

To‘g‘ri javob: Baqaniki singari ikki bo‘lma va bitta qorincha, lekin birmuncha murakkabroq. Bo‘lma va qorincha soni baqanikidek, biroq tuzilishi birmuncha murakkab.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSuvda hamda quruqlikda yashovchilarning ko‘payishi, rivojlanishi va xilma-xilligiKeyingi →Tangachalilar turkumi