Tangachalilar turkumi
Mavzular
Kaltakesaklar
Kaltakesaklar. Tangachalilar turkumiga har xil kaltakesaklar va ilonlar kiradi. Ularning tanasi tangachalar bilan qoplangan. Bizning cho‘llarimizda kaltakesaklardan dasht agamasi, kulrang echkemar va oyoqsiz kaltakesak – sariq ilon uchraydi. Eski imoratlar devorida tunda hayot kechiruvchi gekkonlarni uchratish mumkin. Gekkonlar kunduzi devor yoriqlariga yashirinib oladi; tunda ularning ohista chirqillashi eshitiladi. Gekkonlar har xil hasharotlar va o‘rgimchaklar bilan oziqlanadi. Respublikamiz cho‘llarida yirik kaltakesaklardan echkemarni uchratish mumkin.
Kaltakesaklar orasida oyoqsiz turlari ham bo‘ladi. Misol tariqasida sariq ilon va urchuqsimon kaltakesakni ko‘rsatish mumkin. Shuning uchun ularni ba’zan ilonlar bilan adashtirishadi.
Ilonlarning tuzilishi
Ilonlar. Ilonlarning oyog‘i bo‘lmaydi. Ular gavdasini egib, qovurg‘alariga tayangan holda harakatlanadi. Kaltakesaklarning ochilib-yumiladigan uchinchi xira qovog‘i bo‘lishi eslatib o‘tilgan edi. Ilonlarning haqiqiy qovoqlari bo‘lmaydi. Ularning shaffof qovoqlari soat oynasi singari ko‘zini qoplab turadi. Kaltakesaklar singari ilonlar ham tullaydi. Lekin ilonlar tullaganda terisi paypoqqa o‘xshab yaxlit ko‘chib tushadi. Ilonlarning yuqori va pastki jag‘ suyaklari cho‘ziluvchan paylar yordamida harakatchan birikkan. Ular og‘zini juda katta ochib, tanasidan ancha yo‘g‘on o‘ljani ham butunligicha yuta oladi. Ilonlar havoda tarqalgan tovushlarni eshitmaydi.
Zaharli ilonlar
Zaharli ilonlarning og‘iz bo‘shlig‘ida yuqori jag‘idan orqaroqda zahar bezlari va yuqori jag‘ida ikkita yirik zahar tishlari joylashgan (76-rasm). Ilon chaqqanida bezlar ishlab chiqaradigan zahar ana shu tishlardagi egatcha yoki naycha orqali o‘ljasi yoki g‘animi tanasiga o‘tadi. Ilonning uchi ayri tili ham kaltakesakniki singari tuyg‘u va ta’m bilish organi hisoblanadi. Ilonlarning eshitish organi yaxshi rivojlanmagan. Bo‘g‘ma va shaqildoq ilonlarning issiqlikni uzoqdan sezadigan organi bo‘ladi.

Ilonlar o‘rgimchaksimonlar, hasharotlar, baliqlar, baqalar, qurbaqalar, kaltakesaklar, mayda qushlar va sutemizuvchilar bilan oziqlanadi. Ular bittadan bir necha o‘ntagacha tuxum qo‘yadi.
Bo‘g‘ma, suvilon va chipor ilon
Qizilqum, Ustyurt va Amudaryo qumloqlarida tanasining uzunligi 70 sm keladigan qum bo‘g‘ma iloni tarqalgan. Bu ilon zaharli emas. U kaltakesaklar, kemiruvchilar va mayda qushlar bilan oziqlanadi. O‘ljasini boshqa ilonlar singari tanasi bilan o‘rab olib, bo‘g‘ib o‘ldirgandan so‘ng yutib yuboradi. Bu ilon tirik tug‘adi. Suv havzalarida uchraydigan suvilon mayda baliqlar va baqalar bilan oziqlanadi. Baliqchilik xo‘jaliklariga ilon birmuncha ziyon keltirishi mumkin. Vohalardagi jarliklar, tashlandiq eski binolar, molxonalar, hatto xonadonlarda chipor ilon uchrab turadi. Chipor ilon turli qushlar va ularning jo‘jalari, kemiruvchilar va kaltakesaklar bilan oziqlanadi.
Kapcha, ko‘lvor va charx ilon
O‘zbekistonning janubiy hududlarida kapcha ilon (kobra) tarqalgan. Ilonning uzunligi 170 sm dan 2 m gacha boradi. Biron xavf tug‘ilganida yoki odam yaqinlashganida ilon tanasining oldingi qismini ko‘taradi; bo‘ynini kengaytirib, ogohlantiruvchi holatga o‘tadi. Kapcha ilon qurbaqa, kemiruvchilar, kaltakesaklar va boshqa ilonlarni tutib yeydi. Bu ilon o‘ta zaharli, uning zaharidan tibbiyotda foydalaniladi. Janubiy hududlardagi tog‘larda va tog‘ etaklarida uzunligi 120 sm gacha keladigan ko‘lvor ilon uchraydi. Ilon qushlar, kemiruvchilar, kaltakesaklar bilan oziqlanadi. Ko‘lvor ilonning zahari juda xavfli. O‘rta Osiyo janubidagi cho‘llarda va tog‘ etaklarida uzunligi 80–90 sm keladigan charx ilon tarqalgan. Bezovta qilingan ilon bir joyda aylana boshlaydi va terisidagi tangachalarini ishqalab, aylanadigan charx tosh singari ovoz chiqaradi. Charx ilon chaqqanida badanda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, lekin ko‘pincha odam tuzalib ketadi.
Qalqontumshuq va birinchi yordam
Toshkent va Samarqand viloyatlari tog‘ etaklari, Mirzacho‘l va Xorazm cho‘llarida qalqontumshuq ilonni uchratish mumkin. Ilon chaqqan odamning badani shishib ketadi va tana harorati ko‘tariladi. U 10–15 kundan so‘ng tuzala boshlaydi (77-rasm).

Zaharli ilonlar chaqqanida zahar jarohatlangan joydan qo‘l bilan siqib yoki og‘iz bilan so‘rib qon bilan birga chiqarib tashlanadi. So‘ngra jarohatga margansovka, sirka yoki sodali suv bilan ho‘llangan bint yoki paxta bosiladi. Dastlabki chora-tadbirlar ko‘rilgandan so‘ng zaharga qarshi zardob qabul qilish uchun tezda shifoxonaga murojaat qilish zarur.
Bilimingizni sinang
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- ko‘lvor ilon
- qalqontumshuq
- qora ilon
- kapcha ilon
To‘g‘ri javob: qalqontumshuq. 77-rasm. O‘zbekistonning zaharli ilonlari: 1 – qalqontumshuq; 2 – qora ilon; 3 – charx ilon; 4 – ko‘lvor ilon; 5 – kapcha ilon
Rasmda «qora ilon» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 1
- 2
- 3
- 4
To‘g‘ri javob: 2. 77-rasm. O‘zbekistonning zaharli ilonlari: 1 – qalqontumshuq; 2 – qora ilon; 3 – charx ilon; 4 – ko‘lvor ilon; 5 – kapcha ilon
Quyidagi hayvonlardan qaysi biri oyoqsiz kaltakesaklarga misol bo‘ladi?
- Sariq ilon
- Gekkon
- Dasht agamasi
- Kulrang echkemar
To‘g‘ri javob: Sariq ilon. Oyoqsiz kaltakesaklarga sariq ilon va urchuqsimon kaltakesak misol; ularni ilonlar bilan adashtirishadi.
Ilonlarning ko‘zi kaltakesaklarnikidan qanday farq qiladi?
- Haqiqiy qovoqlari yo‘q, shaffof qovoq soat oynasi singari ko‘zini qoplaydi
- Yuqori va pastki qovoqlari bor, lekin ular shaffof emas
- Uchinchi pirpiraydigan qovog‘i yaxshi rivojlangan bo‘ladi
- Ko‘zi boshining ustidagi bo‘rtiqlarda joylashgan bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Haqiqiy qovoqlari yo‘q, shaffof qovoq soat oynasi singari ko‘zini qoplaydi. Ilonlarda haqiqiy qovoq yo‘q; ko‘zni shaffof qovoq soat oynasidek qoplab turadi.
Nima sababdan ilonlar tanasidan ancha yo‘g‘on o‘ljani ham butunligicha yuta oladi?
- Tanasi qovurg‘alarsiz bo‘lgani uchun
- Jag‘ suyaklari cho‘ziluvchan paylar yordamida harakatchan birikkani uchun
- Tishlari o‘ljani maydalab bera olgani uchun
- Oshqozoni juda kichik bo‘lgani uchun
To‘g‘ri javob: Jag‘ suyaklari cho‘ziluvchan paylar yordamida harakatchan birikkani uchun. Cho‘ziluvchan paylar jag‘larni harakatchan qiladi, og‘iz juda katta ochiladi.
Qaysi ilonlarda issiqlikni uzoqdan sezadigan maxsus organ bo‘ladi?
- Kapcha va charx ilon
- Bo‘g‘ma va shaqildoq ilonlar
- Qalqontumshuq va ko‘lvor ilon
- Suvilon va chipor ilon
To‘g‘ri javob: Bo‘g‘ma va shaqildoq ilonlar. Issiqlikni uzoqdan sezadigan organ bo‘g‘ma va shaqildoq ilonlarga xos.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qum bo‘g‘ma iloni tanasining uzunligi 170 sm ga yetadi. II. Qum bo‘g‘ma iloni zaharli emas. III. Qum bo‘g‘ma iloni tirik tug‘adi.
- Faqat II
- I va II
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: II va III. I noto‘g‘ri: qum bo‘g‘ma ilonining uzunligi 70 sm keladi.
Ilonlarni ularga xos belgi bilan moslang: 1) suvilon; 2) kapcha ilon; 3) charx ilon. a) mayda baliqlar va baqalar bilan oziqlanadi; b) uzunligi 170 sm dan 2 m gacha boradi; c) tangachalarini ishqalab, charx tosh singari ovoz chiqaradi.
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Suvilon baliq va baqa yeydi, kapcha ilon eng uzun, charx ilon tangachalarini ishqalab ovoz chiqaradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash