Toshbaqalar va timsohlar turkumlari
Mavzular
Toshbaqaning tuzilishi
Toshbaqalar. Toshbaqalar tanasi orqa va qorin tomondan suyak hamda muguzdan iborat mustahkam kosa – qalqon bilan qoplangan. Kosa qovurg‘alar, umurtqalar va o‘mrov suyaklari bilan tutashgan. Biron xavf tug‘ilganida toshbaqa boshi, oyoqlari va dumini kosasi ichiga tortib oladi. Toshbaqaning bo‘yni uzun, boshi juda harakatchan bo‘ladi. Tili yo‘g‘on va go‘shtdor, tishlari rivojlanmagan, jag‘lari shoxsimon plastinkalar bilan qoplangan. Ko‘zi va hid bilish organlari yaxshi rivojlangan. Umurtqa pog‘onasida bo‘yin va dum umurtqalari o‘zaro harakatchan, boshqa umurtqalari orqa kosasi bilan harakatsiz birikkan (78-rasm).

Toshbaqalar yashash joyi
Ko‘pchilik toshbaqalar quruqlikda, ayrim turlari suv havzalarida hayot kechiradi. Chuchuk suvda hayot kechirishga moslashgan turlarining barmoqlari orasida suzgich pardasi bo‘ladi. Dengiz toshbaqalarining oyoqlari eshkak vazifasini o‘taydi.
Mamlakatimizning cho‘l va adirlarida O‘rta Osiyo toshbaqasi keng tarqalgan. Toshbaqa yovvoyi o‘simliklar maysalari bilan oziqlanadi. Ba’zan bug‘doy va beda maysalarini yeb, birmuncha ziyon keltiradi. Jazirama yoz boshlanishi bilan adirlarda toshbaqaga oziq bo‘ladigan o‘simliklar qovjirab qoladi. Toshbaqa esa kuz kirgunicha uyquga ketadi. Kech kuzda havo soviy boshlagach, u pana joylarga bekinib olib, qishki uyquga kiradi.
Toshbaqalarning xilma-xilligi
Yevropaning janubida botqoq toshbaqasi uchraydi. Toshbaqa yaxshi suzadi va sho‘ng‘iydi; suvda uchraydigan umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Uzoq Sharq suv havzalarida yashaydigan terili toshbaqaning kosasi bo‘lmaydi.
Tropik dengizlarda hayot kechiradigan dengiz toshbaqasi juda yirik, og‘irligi 300 kg dan oshadi. Toshbaqa eshkaksimon oyoqlari yordamida suvda suzadi; faqat tuxum qo‘yish uchun qirg‘oqqa chiqadi.
Timsohlar turkumi
Timsohlar turkumi. Timsohlar bahaybat kaltakesaklarga o‘xshaydi. Tanasining uzunligi 7 m gacha boradi (79-rasm). Terisi orqa tomondan juda qalin qalqonlar bilan qoplangan; orqa oyoqlari barmoqlari orasiga parda tortilgan va ikki yondan siqilgan kuchli uzun dumi yordamida suzadi va sho‘ng‘iydi. Timsohlarning eng yirigi Nil timsohining uzunligi 7 m ga yetadi. Amerika qit’asida tarqalgan alligatorlar va Hindiston gaviallarining uzunligi 6,5 m gacha bo‘ladi.

Timsohning hayoti va tuzilishi
Timsohlar – yirtqich hayvonlar. Ularning ko‘zlari va burun teshiklari boshi ustidagi maxsus bo‘rtiqchalarda joylashgan. Suvda suzayotgan timsohning burun teshiklari va ko‘zlari suvdan tashqariga chiqib turadi. Shu holatda timsoh suvga yaqinlashayotgan yirik hayvonlarni bemalol kuzatib turadi va sezdirmasdan yaqinlashib ularni tutib oladi. Urg‘ochi timsoh qirg‘oqqa chiqib, o‘zi qazigan chuqurga o‘nlab tuxum qo‘yadi va ko‘pincha tuxumlarini qo‘riqlaydi. Tuxumdan chiqqan bolalarini suvga olib boradi. Timsohlar boshqa sudralib yuruvchilarga nisbatan murakkab tuzilgan. Ularning o‘pka bo‘shlig‘i to‘siqlar bilan ko‘plab kameralarga bo‘lingan, yuragi esa to‘rt kamerali. Lekin vena va arteriya qoni yurakdan chiqqandan so‘ng aralashib ketadi.
Timsohlar terisi yuqori baholanadi. Terisidan chiroyli portfel, sumka va oyoq kiyimlari tikiladi. Ayrim mamlakatlarda, masalan, Kubada timsohlar maxsus hovuzlarda ko‘paytiriladi.
Sudralib yuruvchilarning kelib chiqishi
Sudralib yuruvchilarning kelib chiqishi. Sudralib yuruvchilar qadimda suvda hamda quruqlikda yashovchilardan kelib chiqqan. Bundan 300 mln yil oldin yer yuzida iqlimning tobora quruqlashib borishi ta’sirida suvda yashovchilar quruq iqlimga moslashib borgan: ularning terisi qalinlashgan; o‘pkasi kengayib, teri nafas olishda ishtirok etmaydigan bo‘lib qolgan. Tuxumlarining po‘sti ham qalinlashib, ular quruqlikka tuxum qo‘ya boshlagan. Ulardan hozirgi sudralib yuruvchilar paydo bo‘lgan. Suvda hamda quruqlikda yashovchilarning boshqa bir qismi o‘zgarib, ulardan hozirgi dumlilar va dumsizlar kelib chiqqan.
Bilimingizni sinang
Toshbaqalarni ularga xos belgi bilan moslang: 1) chuchuk suv toshbaqasi; 2) dengiz toshbaqasi; 3) terili toshbaqa. a) kosasi bo‘lmaydi; b) oyoqlari eshkak vazifasini o‘taydi; c) barmoqlari orasida suzgich pardasi bo‘ladi.
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Chuchuk suvda barmoqlar orasida parda, dengizda eshkak oyoq, terili turda kosa yo‘q.
Toshbaqaning jag‘lari nima bilan qoplangan va tishlari qanday holatda?
- Tishlari rivojlangan, jag‘lari yumshoq teri bilan qoplangan
- Tishlari rivojlanmagan, jag‘lari shoxsimon plastinkalar bilan qoplangan
- Tishlari rivojlangan, jag‘lari suyak kosa bilan qoplangan
- Tishlari bo‘lmaydi, jag‘lari tangachalar bilan qoplangan
To‘g‘ri javob: Tishlari rivojlanmagan, jag‘lari shoxsimon plastinkalar bilan qoplangan. Toshbaqaning tishlari rivojlanmagan, jag‘lari shoxsimon plastinkalar bilan qoplangan.
Nima uchun O‘rta Osiyo toshbaqasi jazirama yoz boshlanishi bilan kuz kirgunicha uyquga ketadi?
- Chunki yozda yirtqich hayvonlar ko‘payib ketadi
- Chunki adirlarda toshbaqaga oziq bo‘ladigan o‘simliklar qovjirab qoladi
- Chunki yozda uning tuxum qo‘yish davri boshlanadi
- Chunki yozda uning suv havzalari to‘liq muzlab qoladi
To‘g‘ri javob: Chunki adirlarda toshbaqaga oziq bo‘ladigan o‘simliklar qovjirab qoladi. Yozgi jazirama o‘simliklarni quritadi, oziq qolmagani uchun toshbaqa uyquga ketadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Uzoq Sharq suv havzalarida yashaydigan terili toshbaqaning kosasi bo‘lmaydi. II. Botqoq toshbaqasi Amerika qit’asida uchraydi. III. Dengiz toshbaqasining og‘irligi 300 kg dan oshadi.
- I va II
- II va III
- Faqat II
- I va III
To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: botqoq toshbaqasi Yevropaning janubida uchraydi.
Timsohlarning eng yirigi qaysi tur va uning tanasi uzunligi qancha bo‘ladi?
- Alligator – 7 m gacha
- Nil timsohi – 7 m gacha
- Nil timsohi – 6,5 m gacha
- Hind gaviali – 7 m gacha
To‘g‘ri javob: Nil timsohi – 7 m gacha. Nil timsohi eng yirigi, uzunligi 7 m ga yetadi; alligator va gavial 6,5 m gacha.
Timsoh suvda suzishi va sho‘ng‘ishi uchun qaysi moslamalardan foydalanadi?
- Barcha oyoqlaridagi uzun nay suyaklari va jabralaridan
- Orqa oyoqlaridagi suzgich parda va ikki yondan siqilgan uzun dumidan
- Tanasidagi havo xaltachalari va tekis qalqonlaridan
- Eshkaksimon oldingi oyoqlari va yassi dumidan
To‘g‘ri javob: Orqa oyoqlaridagi suzgich parda va ikki yondan siqilgan uzun dumidan. Orqa oyoq barmoqlari orasida parda bor, ikki yondan siqilgan kuchli uzun dum suzishga yordam beradi.
Timsohning ko‘zlari va burun teshiklari boshi ustidagi bo‘rtiqchalarda joylashganligi unga suvda qanday imkon beradi?
- Suv tubidagi baliqlarni ovlashga
- Tuxumlarini suv ichida qo‘riqlashga
- Suv ostida uzoq vaqt nafas olmay turishga
- Suvdan tashqariga chiqib, yirik hayvonlarni sezdirmay kuzatib, yaqinlashishga
To‘g‘ri javob: Suvdan tashqariga chiqib, yirik hayvonlarni sezdirmay kuzatib, yaqinlashishga. Faqat ko‘z va burun suvdan chiqib turadi, shu holatda timsoh o‘ljani sezdirmay kuzatadi.
Urg‘ochi timsohning ko‘payish davridagi harakatlarini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) Chiqqan bolalarini suvga olib boradi; 2) Qirg‘oqqa chiqib, chuqur qazadi; 3) Ko‘pincha tuxumlarini qo‘riqlaydi; 4) Chuqurga o‘nlab tuxum qo‘yadi.
- 2-3-4-1
- 2-4-1-3
- 4-2-3-1
- 2-4-3-1
To‘g‘ri javob: 2-4-3-1. Avval chuqur qaziladi, tuxum qo‘yiladi, qo‘riqlanadi, so‘ng bolalari suvga olib boriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash