XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 45-§.

Qushlarning mavsumiy hodisalarga moslanishi

Mavzular

Qushlar guruhlari va o‘troq qushlar

Hayot tarzining yil fasllariga qarab o‘zgarishiga binoan qushlarni o‘troq, ko‘chib yuruvchi va uchib ketuvchi guruhlarga bo‘lish mumkin.

O‘troq qushlar. Yil davomida bir joyda yashaydigan chittak, musicha, ko‘k kaptar, kaklik, so‘fito‘rg‘ay, qirg‘ovul, chumchuq, mayna o‘troq qushlar deyiladi. Ayrim qushlar yozda biroz oziq g‘amlaydi. Chittaklar yoz oxirida urug‘ va hasharotlarni daraxt po‘stlog‘i yoriqlariga va shoxlardagi lishayniklar orasiga yashirib qo‘yadi. Oziq taqchil bo‘ladigan qish yoki erta bahorda ana shu oziqni topib yeydi.

Ko‘chib yuruvchi va uchib ketuvchi qushlar

Ko‘chib yuruvchi qushlar. Yil fasllariga qarab joyini o‘zgartirib turadigan qushlar ko‘chib yuruvchi qushlar deyiladi. Go‘ngqarg‘a, olaqarg‘a, zog‘cha va qorayaloqlar sovuq tusha boshlashi bilan gala bo‘lib qor kam, oziq mo‘lroq bo‘lgan joylarga uchib ketadi.

Uchib ketuvchi qushlar. Bunday qushlar kuzda birmuncha sovuq yoki mo‘tadil iqlimli joylardan issiq mamlakatlarga uchib ketadi va o‘sha joylarda qishlaydi (90-rasm). Uchishdan oldin ular gala hosil qiladi.

90-rasm. Oq laylakning uchib ketish yo‘li (qi- zil rangdagi chiziq); qishlov joylar (sariq rangda); in qurib bola ochadigan joylari (yashil rangda)
90-rasm. Oq laylakning uchib ketish yo‘li (qi- zil rangdagi chiziq); qishlov joylar (sariq rangda); in qurib bola ochadigan joylari (yashil rangda)

Uchib ketish vaqti va sabablari

Qushlar har xil paytda uchib ketadi. Qaldirg‘och, bulbul, zarg‘aldoq va laylaklar ancha barvaqt, ya’ni yoz oxirlarida yoki erta kuzda, hali uya qurgan joyda havo iliq va oziq mo‘l bo‘lishiga qaramasdan uchib ketadi. O‘rdak, g‘oz va oqqush kech kuzda, yashash joyidagi suv havzalari muzlab, oziq topolmay qolganidan so‘ng uchib keta boshlaydi. Qushlar qishlov joyiga doimo bir xil yo‘ldan uchib boradi.

Qushlarning uchib ketish sabablari. Qushlarning uchib ketishi yashash joyidagi iqlimning mavsumiy o‘zgarishiga moslashishdan iborat. Shimoliy va o‘rta mintaqalarda yashaydigan qushlar yilning eng qulay issiq davrida uya qurib, jo‘ja ochadi va uni boqib, voyaga yetkazadi. Ular yilning noqulay, oziq kam bo‘ladigan qish mavsumi boshlanishidan oldinroq qishlov joylariga uchib ketadi. Qushlarning bahorda o‘z vatanlariga uchib kelishi ko‘payish instinkti bilan bog‘liq. Kuzda kunlarning qisqarishi qushlarning qishlov joyiga uchib ketishi uchun signal bo‘ladi.

Yo‘l topish va halqalash

Qushlarning uchib ketish yo‘lini aniqlash. Qishlov joyiga uchib ketayotgan qushlarning yo‘l topishida quyoshga qarab mo‘ljal olish qisman ahamiyatga ega. Chunki ko‘pchilik qushlar kunduzi oziqlanib, kechasi uchadi. Tajribalarda ularning yulduzlarga qarab yo‘l topishi aniqlangan. Ayrim qushlar yer magnit maydonining o‘zgarishini qabul qilishi ham mumkin.

Qushlarni halqalash. Qishlov joyi, uchib ketish yo‘li, tarqalishi va umr ko‘rishini aniqlash maqsadida qushlar halqalanadi. Buning uchun qushning oyog‘iga halqalash markazining manzili yozilgan yengil halqa kiydirilib uchirib yuboriladi. Halqalangan qushni tutib olgan kishi halqani yechib olib, uni xat orqali ko‘rsatilgan manzilga yuborishi kerak. Halqalash orqali O‘rta Osiyo laylaklarining Shimoliy Hindistonda, Yevropa laylaklarining Janubi-Sharqiy tropik Afrikada; bulbullarning tropik Afrikada, qaldirg‘ochlarning Afrika va Hindistonda qishlashi aniqlangan.

Bilimingizni sinang

Qushlar guruhi va ularning xususiyatini moslang: 1) o‘troq qushlar; 2) ko‘chib yuruvchi qushlar; 3) uchib ketuvchi qushlar. a) qor kam, oziq mo‘l joylarga uchib ketadi; b) yil davomida bir joyda yashaydi; c) issiq mamlakatlarga uchib borib qishlaydi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. O‘troq qushlar bir joyda yashaydi, ko‘chib yuruvchilar yaqin joyga, uchib ketuvchilar issiq mamlakatlarga boradi.

Quyidagi qushlardan qaysi biri o‘troq qushlar qatoriga kiradi?
  1. Qaldirg‘och
  2. Kaklik
  3. Go‘ngqarg‘a
  4. Bulbul

To‘g‘ri javob: Kaklik. Kaklik yil davomida bir joyda yashaydi; qolganlari ko‘chib yuruvchi yoki uchib ketuvchi.

Chittaklar yoz oxirida urug‘ va hasharotlarni daraxt po‘stlog‘i yoriqlariga yashirib qo‘yishi nima uchun kerak?
  1. Issiq mamlakatlarga uchishdan oldin kuch to‘plash uchun
  2. Jo‘jalarini yozning o‘zida boqish uchun
  3. Oziq taqchil qish yoki erta bahorda ana shu oziqni topib yeyish uchun
  4. Bahorda uya qurish materialini jamg‘arish uchun

To‘g‘ri javob: Oziq taqchil qish yoki erta bahorda ana shu oziqni topib yeyish uchun. G‘amlangan oziq qish va erta bahorda, oziq kam paytda ishlatiladi.

Qaldirg‘ochlardan farqli ravishda o‘rdak, g‘oz va oqqushlar qachon uchib keta boshlaydi?
  1. Erta kuzda, oziq mo‘l bo‘lib turganda
  2. Qishning o‘rtasida, qor ko‘p yog‘gach
  3. Yoz oxirlarida, hali havo iliq bo‘lganda
  4. Kech kuzda, suv havzalari muzlab, oziq topolmay qolgach

To‘g‘ri javob: Kech kuzda, suv havzalari muzlab, oziq topolmay qolgach. Qaldirg‘ochlar erta uchib ketadi, suv qushlari esa suv muzlagach uchadi.

Kuzda qushlarning qishlov joyiga uchib ketishi uchun qanday omil signal bo‘ladi?
  1. Kunlarning qisqarishi
  2. Shamolning kuchayishi
  3. Daraxt barglarining to‘kilishi
  4. Yog‘ingarchilikning ko‘payishi

To‘g‘ri javob: Kunlarning qisqarishi. Kuzda kunlarning qisqarishi qushlarga uchib ketish vaqti kelganini bildiradi.

Qushlarning bahorda o‘z vatanlariga uchib kelishi nima bilan bog‘liq?
  1. Qishlov joyida oziq tugashi bilan
  2. Ko‘payish instinkti bilan
  3. Yer magnit maydonining o‘zgarishi bilan
  4. Yulduzlarning ko‘rinmay qolishi bilan

To‘g‘ri javob: Ko‘payish instinkti bilan. Bahorda vatanga qaytish ko‘payish instinktiga bog‘liq.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qushlarning yo‘l topishida quyoshga qarab mo‘ljal olish qisman ahamiyatga ega. II. Tajribalarda qushlarning yulduzlarga qarab yo‘l topishi aniqlangan. III. Ko‘pchilik qushlar kechasi oziqlanib, kunduzi uchadi.
  1. Faqat I
  2. I va III
  3. II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: ko‘pchilik qushlar kunduzi oziqlanib, kechasi uchadi.

Halqalash natijasida aniqlangan qishlov joylarini moslang: 1) O‘rta Osiyo laylaklari; 2) Yevropa laylaklari; 3) qaldirg‘ochlar. a) Janubi-Sharqiy tropik Afrika; b) Shimoliy Hindiston; c) Afrika va Hindiston.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-a, 2-b, 3-c
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. O‘rta Osiyo laylaklari Shimoliy Hindistonda, Yevropa laylaklari Janubi-Sharqiy tropik Afrikada, qaldirg‘ochlar Afrika va Hindistonda qishlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQushlarning ko‘payishi, rivojlanishi va kelib chiqishiKeyingi →Voha va cho‘l qushlari