Voha va cho‘l qushlari
Mavzular
Chumchuqsimonlar turkumi
Voha qushlari. Shahar va qishloqlarimizdagi bog‘ va xiyobonlar, dalalar va o‘tloqlarda xilma-xil qushlar orasida chumchuqsimonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Chumchuqsimonlar turkumi. Bu turkumga qaldirg‘och, go‘ngqarg‘a, chug‘urchiq, bulbul, chumchuq va boshqa qushlar kiradi. Ularning erkagi yirik va rangli bo‘lishi, ovozi va boshidagi tojga o‘xshash patlari bilan urg‘ochilaridan ajralib turadi. Chumchuqsimonlar barcha qushlar turining deyarli yarmini o‘z ichiga oladi (91-rasm).

Qaldirg‘och tuzilishi va uyasi
Qaldirg‘och tanasining orqasi ko‘kimtir-qora, qorin tomoni oq, peshana va bo‘yni qizg‘ish-qo‘ng‘ir; qanotlari ingichka va uzun; uzun dumi ikkiga ajralgan bo‘ladi. Uning oyoqlari kalta va kuchsiz rivojlangan; yassi va qisqa tumshug‘i juda keng ochiladi. Qaldirg‘och tumshug‘i yordamida havoda uchayotgan hasharotlarni tutadi.
Qaldirg‘och ayvon peshtoqi yoki shift ostidagi to‘sinlarga, ba’zan devorga ham so‘lagi bilan aralashtirilgan loydan uya quradi. Uyaga 4–6 ta tuxum qo‘yib, urg‘ochisi bosadi. Bolalarini hasharotlar bilan oziqlantiradi. Qaldirg‘ochlar deyarli butun kunni havoda o‘tkazadi. O‘ljasini ham havoda tutadi. Uchib ketayotgan qaldirg‘och suv yuzasiga tegib o‘tib, cho‘miladi va suv ichadi.
Yirik turlar va oziqlanish
Chumchuqsimonlardan eng yirik turlari go‘ngqarg‘a, zog‘cha va olaqarg‘a hisoblanadi. Go‘ngqarg‘a qishlash uchun shimoliy hududlardan o‘lkamizga uchib keladi; mart oylarida esa uchib ketadi. Qish kezlari go‘ngqarg‘alar zog‘chalar bilan birga katta gala hosil qiladi. Bunday gala baland daraxtlarning shoxida tunaydi.
Chumchuqsimonlarning ko‘pchilik turlari – hamma narsalarni yeydigan parrandalar. Masalan, chug‘urchiqlar ko‘pincha dalalardagi hasharotlarni terib yeydi, ammo pishiqchilik davrida rezavor mevalarni cho‘qiydi. Ko‘pchilik donxo‘r qushlar bolalarini hasharotlar bilan oziqlantiradi. Chumchuqsimon qushlardan ayniqsa hasharotxo‘rlar qishloq xo‘jaligiga katta foyda keltiradi. Ular juda ko‘p miqdorda zararkunanda hasharotlarni qiradi. Qaldirg‘ochning bitta oilasi yoz mavsumida 1 mln ga yaqin hasharotlarni qiradi. Ayrim chumchuqsimonlar (masalan, chumchuqlar, chug‘urchiqlar) pishiqchilik davrida meva va donlarni yeb, birmuncha ziyon keltiradi.
Kaptarsimonlar turkumi
Kaptarsimonlar turkumi. Shahar va qishloqlarimiz ko‘chalari va xiyobonlarida ko‘k kaptar va musicha ko‘p uchraydi. Ko‘k kaptar to‘kilgan donlar, yovvoyi o‘tlarning urug‘ini terib yeydi; jarliklar, qoyalar, tashlandiq imorat va baland binolarning chordoqlariga uya quradi. Ko‘k kaptar xonaki kaptar zotlarining nasl boshi hisoblanadi.
Musichalar ko‘pincha oziq axtarib odamlar yashaydigan uylarga ham kirib qoladi. Ular har xil don, sabzavot va mevalarning urug‘lari bilan oziqlanadi; juft bo‘lib yashaydi; yil davomida 5 marta bola ochadi.
Cho‘l qushlari va tuvaloqlar
Cho‘l qushlari. Ochiq dasht va cho‘llarda pana joy topish qiyin. Bu joylarda yashaydigan qushlar yerdan oziq qidiradi; yerga tuxum qo‘yib, bola ochadi. Cho‘l qushlarining oyoqlari va bo‘yni uzun va baquvvat, patlari yer rangida bo‘ladi. Bu hol ularga dushmanlaridan oson qochib qutulishiga va ularni uzoqdan payqashga yordam beradi.
Tuvaloqlar turkumi. Tuvaloqlar – yirik, tez yuguradigan qushlar, O‘zbekistonda uchraydigan yo‘rg‘a tuvaloqning patlari yer rangida bo‘lganidan uzoqdan ko‘zga tashlanmaydi. U yovvoyi o‘simliklar bargi, novdasi, urug‘lari, yer osti tuganaklari, har xil hasharotlar, kaltakesaklar va mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadi; juft bo‘lib yashaydi. Urg‘ochisi tuproq ustidagi chuqurchaga bir nechta tuxum qo‘yib bosib yotadi. Yo‘rg‘a tuvaloq (92-rasm) noyob qush sifatida “O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi”ga kiritilgan.

Tuyaqushsimonlar tuzilishi
Tuyaqushsimonlar turkumi. Tuyaqushlar – eng yirik qushlar bo‘lib, qanotlari patlari yelpig‘ich hosil qilmaydi; toj suyagi ham bo‘lmaydi. Ular uchmaydi, ammo kuchli va uzun oyoqlari yordamida tez yuguradi. Oyoqlari ikki barmoqli. Tovoni qalin teri bilan qoplanganidan issiq qumda ham oyoqlari qizib ketmaydi. Tuyaqushlar yovvoyi o‘simliklar urug‘i, yirik hasharotlar bilan oziqlanadi.
Afrika tuyaqushining bo‘yi 3 m ga, vazni 100 kg ga boradi. U soatiga 60–70 km tezlikda yugura oladi. Tuyaqushlar Afrika dashtlarida kichik gala bo‘lib yashaydi.
Tuyaqush ko‘payishi
Erkak tuyaqush tumshug‘i bilan yerni kovlab uya yasaydi. Urg‘ochisi uyaga 4–9 ta tuxum qo‘yadi. Tuxumlarining vazni 1,5 kg ga yetadi. Tuxumlarni kunduzi urg‘ochisi, kechasi erkagi bosib yotadi. Urg‘ochisining patlari qo‘ng‘ir-kulrang tusda bo‘lganidan cho‘l manzarasida uzoqdan ko‘zga tashlanmaydi. Erkak tuyaqushning patlari qora bo‘lib, dumi va qanotlarining uchida oq patlar bor. Tuyaqushlardan Afrikada Afrika tuyaqushi, Janubiy Amerikada nandu, Avstraliyada emu tarqalgan.
Bilimingizni sinang
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- chug‘urchiq
- chumchuq
- zog‘cha
- hakka
To‘g‘ri javob: chug‘urchiq. 91-rasm. Chumchuqsimonlar turkumi: 1 – chug‘urchiq; 2 – hakka; 3 – qaldirg‘och; 4 – zog‘cha; 5 – qarg‘a; 6 – chittak; 7 – chumchuq; 8 – go‘ngqarg‘a
Rasmda «qarg‘a» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 1
- 7
- 4
- 5
To‘g‘ri javob: 5. 91-rasm. Chumchuqsimonlar turkumi: 1 – chug‘urchiq; 2 – hakka; 3 – qaldirg‘och; 4 – zog‘cha; 5 – qarg‘a; 6 – chittak; 7 – chumchuq; 8 – go‘ngqarg‘a
Rasmda 7 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- qarg‘a
- chumchuq
- chug‘urchiq
- chittak
To‘g‘ri javob: chumchuq. 91-rasm. Chumchuqsimonlar turkumi: 1 – chug‘urchiq; 2 – hakka; 3 – qaldirg‘och; 4 – zog‘cha; 5 – qarg‘a; 6 – chittak; 7 – chumchuq; 8 – go‘ngqarg‘a
Chumchuqsimonlar barcha qushlar turining qanchasini o‘z ichiga oladi?
- Taxminan uchdan bir qismini
- Deyarli yarmini
- Taxminan o‘ndan birini
- Taxminan chorak qismini
To‘g‘ri javob: Deyarli yarmini. Chumchuqsimonlar barcha qush turlarining deyarli yarmini tashkil etadi.
Chumchuqsimonlarning erkagi urg‘ochisidan qaysi belgilari bilan ajralib turadi?
- Faqat dumining uzunligi
- Faqat tumshug‘ining shakli
- Kichikligi, oq rangi va jimligi
- Yirikligi, rangliligi, ovozi va boshidagi tojga o‘xshash patlari
To‘g‘ri javob: Yirikligi, rangliligi, ovozi va boshidagi tojga o‘xshash patlari. Erkaklari yirik, rangli, ovozi bor va boshida tojsimon patlari bo‘ladi.
Qaldirg‘och tumshug‘i yassi, qisqa va juda keng ochiladigan bo‘lishi unga qaysi vazifani bajarishda yordam beradi?
- Yerdan donlarni terib yeyishda
- Loydan uya yasashda
- Havoda uchayotgan hasharotlarni tutishda
- Suv tubidan mayda jonivorlarni sizdirib olishda
To‘g‘ri javob: Havoda uchayotgan hasharotlarni tutishda. Qaldirg‘och keng ochiladigan tumshug‘i bilan havoda uchayotgan hasharotlarni tutadi.
Qaldirg‘och uyasiga nechta tuxum qo‘yadi va tuxumni kim bosadi?
- 2–3 ta, ikkala ota-ona navbat bilan
- 8–10 ta, urg‘ochisi
- 4–6 ta, erkagi
- 4–6 ta, urg‘ochisi
To‘g‘ri javob: 4–6 ta, urg‘ochisi. Qaldirg‘och uyaga 4–6 ta tuxum qo‘yadi va uni urg‘ochisi bosadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Go‘ngqarg‘a qishlash uchun shimoliy hududlardan o‘lkamizga uchib keladi. II. Go‘ngqarg‘a mart oylarida uchib ketadi. III. Qish kezlari go‘ngqarg‘alar zog‘chalar bilan birga yerda tunaydi.
- Faqat II
- I va III
- II va III
- I va II
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: gala baland daraxtlarning shoxida tunaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash