XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 48-§.

Yirtqich qushlar

Mavzular

Yirtqich qushlarning moslashuvi

Yirtqich qushlar, asosan, umurtqali hayvonlar bilan oziqlanadi. Ularning tana tuzilishi va xatti-harakati o‘ljani qidirib topish va ushlab olishga moslashgan. Xususan, uzun va o‘tkir tirnoqlarining uchi ilmoqqa o‘xshash qayrilgan bo‘lib, o‘ljani ushlash va o‘ldirishga moslashgan; qisqa baquvvat va uchi pastga qayrilgan tumshug‘i esa o‘ljasi etini yulib olishga imkon beradi (94-rasm). Yirtqich qushlarning ko‘zi o‘tkir bo‘lganidan o‘ljasini uzoqdan payqab oladi. Yirtqichlar juft bo‘lib yashaydi. Yirik qushlarning jufti butun hayoti davomida saqlanib qoladi. Ular daraxtlarga va baland qoyalarga uya qurib, jo‘ja ochadi. Yirtqich qushlar kunduzgi yirtqichlar va yapaloqqushlar turkumlariga bo‘linadi.

94-rasm. Yirtqich qushlar: 1 – kalxat; 2 – miqqiy; 3 – burgut; 4 – qirg‘iy; 5 – tasqara; 6 – ukki
94-rasm. Yirtqich qushlar: 1 – kalxat; 2 – miqqiy; 3 – burgut; 4 – qirg‘iy; 5 – tasqara; 6 – ukki

Kunduzgi yirtqichlar, kalxat

Kunduzgi yirtqichlar turkumi. O‘rta Osiyo hududida kunduzgi yirtqichlardan qora kalxat, miqqiy, tasqara, jo‘rchi, burgut, qarchig‘ay va boshqalar uchraydi.

Qora kalxat vohalar, to‘qaylar va tog‘larda, xullas, daraxtlar bo‘lgan hamma joyda uchraydi. Uchib borayotgan kalxatni ayri dumiga qarab oson bilib olish mumkin. Kalxat Markaziy Afrika va Janubiy Osiyoda qishlaydi, mart oylarida uchib kelib, daraxtlarning shoxiga in quradi. Kalxat juda foydali qush bo‘lib, ko‘pincha baqalar, kemiruvchilar, har xil hasharotlar, shuningdek, kushxonalarning tashlandiqlari va o‘laksalar bilan oziqlanadi; mayda qushlarni ham tutib yeydi. U havoda baland uchib, o‘lja axtaradi.

Tasqara

Tasqara – o‘lkamizda uchraydigan qushlarning eng yirigi. Tanasining uzunligi 1,5 m ga, qanotlarini yozganda kengligi 3 m gacha yetadi; uning og‘irligi 6–12 kg, boshi va bo‘ynidagi patlari juda siyrak bo‘ladi. Tasqarani uchganida keng va uzun qanotlaridagi oqish patlarini panjasimon yozilishiga qarab bilish mumkin. U havoda uzoq vaqt qanot qoqmasdan ucha oladi, lekin yerda beso‘naqay qadam tashlaydi. Tasqara hayvonlarning o‘laksasi bilan oziqlanadi. Sayhonlik ustida soatlab uchib, o‘laksa izlaydi. Tasqaraning tirnoqlari kuchsiz bo‘lganidan tirik hayvonlarga hujum qilolmaydi. Lekin juda kuchli, uchi qayrilgan tumshug‘i bilan hayvonlar terisini yirta oladi.

Kunduzgi yirtqichlar ahamiyati

Ko‘pchilik kunduzgi yirtqichlar zararkunanda kemiruvchilar va hasharotlarni qirib, qishloq xo‘jaligiga foyda keltiradi. Boshqalari esa ko‘pincha kasal va qari hayvonlarni yo‘q qilib, boshqa hayvonlarning kasallanishi oldini oladi; hayvonlar naslini sog‘lomlashtirishga yordam beradi.

Yapaloqqushlar turkumi

Yapaloqqushlar turkumi. Yapaloqqushlar – tunda hayot kechirishga moslashgan yirtqichlar. Ularga faqat qorong‘i tushgandan so‘ng ov qiladigan yapaloqqushlar: ukki, boyo‘g‘li, boyqushlar kiradi. Yapaloqqushlar tumshug‘ining uchi qayrilgan, tirnog‘i o‘tkir bo‘lib, tirik o‘ljani tutishga imkon beradi. Ularning ko‘zlari katta, ko‘z qorachig‘i keng ochiladi. Shuning uchun g‘ira-shira yorug‘likda ham mayda hayvonlarni ko‘ra oladi. Sezgir quloqlari esa tunda shitirlagan ovozni ham ilg‘ab oladi. Patlari g‘ovak va yumshoq bo‘lganidan uchganida ovoz chiqmaydi. Tungi yirtqichlarning yuzi yapaloq yuraksimon bo‘lganidan yapaloqqushlar turkumiga kiritilgan.

Ukki va boyo‘g‘li

Ukki – yapaloqqushlar orasida eng yirigi. Boshining ustida quloqqa o‘xshash ikki to‘p pati dikkayib turadi. Ukki ko‘proq turli kemiruvchilar bilan oziqlanadi; ba’zan o‘rgimchaklar va ayrim qushlarni ham tutib yeydi.

Boyo‘g‘li – ukkiga nisbatan ancha kichik. Kechqurunlari simyog‘och yoki daraxtlarning qurigan shoxida o‘tirib olib, o‘lja poylaydi. Bu qush o‘simliklarga ziyon keltiradigan qo‘ng‘iz, chigirtka va kemiruvchilarni qirib, juda katta foyda keltiradi.

Qushlarning ahamiyati

Qushlarning ahamiyati. Qushlar zararkuranda hasharotlar va kemiruvchilarni qirib, tabiatda ular sonini cheklab turadi. Qushlarning o‘zi ham ko‘pchilik hayvonlar uchun oziq bo‘ladi. Ular meva va urug‘lar bilan oziqlanib, o‘simliklarning tarqalishiga yordam beradi. Nektarchi qushlar esa gullarni changlatadi. Kaklik, qur, qirg‘ovul, o‘rdak, g‘oz, bedana, kaptar va boshqa qushlar go‘shti uchun sanoat miqyosida yoki sport usulida ovlanadi. Dengiz o‘rdagi – gaaganing uyasiga to‘shaydigan pari yengil sanoatda foydalanish uchun yig‘ib olinadi. Qushlar axlati esa azot va fosforli moddalarga boy o‘g‘it hisoblanadi.

Qushlarni muhofaza qilish ularni bezovta qilmaslik va uyasini buzmaslikdan iborat. Qushlarni dalalarga jalb etish uchun dalalar chetida daraxtlar ekiladi. Qor ko‘p yog‘gan qish kunlari mayda qushlar uchun daraxt shoxlari orasiga donxo‘raklar o‘rnatilib, don-dunlar sepib qo‘yiladi.

Bilimingizni sinang

Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. ukki
  2. tasqara
  3. burgut
  4. kalxat

To‘g‘ri javob: kalxat. 94-rasm. Yirtqich qushlar: 1 – kalxat; 2 – miqqiy; 3 – burgut; 4 – qirg‘iy; 5 – tasqara; 6 – ukki

Rasmda «tasqara» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 1
  2. 4
  3. 5
  4. 2

To‘g‘ri javob: 5. 94-rasm. Yirtqich qushlar: 1 – kalxat; 2 – miqqiy; 3 – burgut; 4 – qirg‘iy; 5 – tasqara; 6 – ukki

Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. burgut
  2. ukki
  3. miqqiy
  4. kalxat

To‘g‘ri javob: miqqiy. 94-rasm. Yirtqich qushlar: 1 – kalxat; 2 – miqqiy; 3 – burgut; 4 – qirg‘iy; 5 – tasqara; 6 – ukki

Yirtqich qushlarning qisqa, baquvvat va uchi pastga qayrilgan tumshug‘i ularga qanday imkon beradi?
  1. O‘ljani tirnoqlari bilan ushlab olishga
  2. O‘ljasini uzoqdan payqab olishga
  3. O‘ljasi etini yulib olishga
  4. Suv tubidagi balchiqni sizdirishga

To‘g‘ri javob: O‘ljasi etini yulib olishga. Qayrilgan tumshuq o‘lja etini yulib olish uchun moslashgan.

Yirtqich qushlarning jufti qachon butun hayoti davomida saqlanib qoladi?
  1. Yirik qushlarda
  2. Faqat ko‘payish davrida
  3. Faqat yapaloqqushlarda
  4. Mayda turlarda

To‘g‘ri javob: Yirik qushlarda. Yirik yirtqich qushlarning jufti butun hayot davomida saqlanadi.

Yirtqich qushlar qaysi turkumlarga bo‘linadi?
  1. Tuvaloqlar va yapaloqqushlar
  2. Kunduzgi yirtqichlar va yapaloqqushlar
  3. Kunduzgi yirtqichlar va laylaksimonlar
  4. Tungi yirtqichlar va tuyaqushsimonlar

To‘g‘ri javob: Kunduzgi yirtqichlar va yapaloqqushlar. Yirtqich qushlar kunduzgi yirtqichlar va yapaloqqushlar turkumlariga bo‘linadi.

Uchib borayotgan qora kalxatni qaysi belgisiga qarab oson bilib olish mumkin?
  1. Siyrak patli bo‘yniga
  2. Ayri dumiga
  3. Keng va oqish qanotlariga
  4. Boshidagi ikki to‘p patiga

To‘g‘ri javob: Ayri dumiga. Kalxatni uchayotganda ayri dumidan bilib olinadi.

Ukki boyo‘g‘lidan qaysi belgilari bilan farq qiladi?
  1. Yapaloqqushlar orasida eng yirigi, boshida quloqqa o‘xshash ikki to‘p pati bor
  2. Ancha kichik, kemiruvchilarni qirmaydi
  3. Boyo‘g‘lidan kichik, qo‘ng‘iz va chigirtka bilan oziqlanadi
  4. Kunduzi ov qiladi, boshida to‘p pat yo‘q

To‘g‘ri javob: Yapaloqqushlar orasida eng yirigi, boshida quloqqa o‘xshash ikki to‘p pati bor. Ukki yapaloqqushlarning eng yirigi bo‘lib, boshida quloqsimon to‘p patlari bor; boyo‘g‘li ancha kichik.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSuv havzalari va sohil qushlariKeyingi →Parrandachilik