XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 49-§.

Parrandachilik

Mavzular

Xonaki parrandalar zotlari

Xonaki parrandalar zotlarining xilma-xilligi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish maqsadida xonaki parrandalardan tovuq, g‘oz, o‘rdak, kurka, ba’zan bedana boqiladi. Xonaki parrandalar inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan farq qiladigan zotlarga ajratiladi. Zotlar odamlar tomonidan sun’iy yaratilgan xonaki hayvonlar hisoblanadi.

Tovuqlarning kelib chiqishi

Tovuqlar. Tovuqlar xonaki parrandalar orasida eng ko‘p boqiladi (95-rasm). Hozirgi tovuq zotlari tropik o‘rmonlarda yashaydigan yovvoyi bankiv tovuqlaridan kelib chiqqan. Bundan taxminan 4 500 yil ilgari qadimgi Hindistonda bankiv tovuqlari xonakilashtirila boshlangan. Beradigan mahsulotlariga ko‘ra hozirgi tovuqlar go‘sht, go‘sht-tuxum va tuxum yo‘nalishidagi zotlarga ajratiladi. Zotlar tashqi ko‘rinishi bilan bir-biridan farq qiladi.

95-rasm. Xonaki tovuq zotlari: 1 – rus oq tovug‘i; 2 – pervomaysk; 3 – zagorsk
95-rasm. Xonaki tovuq zotlari: 1 – rus oq tovug‘i; 2 – pervomaysk; 3 – zagorsk

Tovuq zotlari yo‘nalishlari

Tuxum yo‘nalishidagi zotlardan rus oq tovug‘i va Lekgorn zot tovuq boqiladi. Ular nisbatan kichik bo‘lib, og‘irligi 1,6–2,4 kg keladi, lekin tez voyaga yetadi va har qaysisi yiliga 200–300 tadan yoki undan ham ko‘proq tuxum qiladi. Bunday tovuqlar 5–6 oyda tuxumga kiradi, tuxumlari 50–65 g keladi.

Tuxum-go‘sht yo‘nalishidagi tovuq zotlari (Zagorsk, Nyugempshir, Pervomaysk) birmuncha yirikroq bo‘lib, og‘irligi 2,5–4,0 kg keladi. Tuxumlari mayda, tullash davrida (15–20 kun) tuxum qilmaydi.

Go‘sht yo‘nalishidagi tovuqlar (Kornuel, Plimutrok zotlari)ning og‘irligi 3,0–4,5 kg ga yetadi, kam tuxum qiladi. Ular faqat broyler olish uchun boqiladi, ikki oylik jo‘jalarining og‘irligi 1,6 kg va undan ortiq keladi.

O‘rdak, g‘oz, kurka

O‘rdaklar. Yovvoyi o‘rdak bundan 3 000 yil oldin xonakilashtirilgan. Xonaki o‘rdak tuxumining ta’mi uncha yaxshi bo‘lmaganligi tufayli, odatda, go‘sht olish maqsadida boqiladi. Ularning Moskva, Pekin, Ukraina zotlari ko‘paytiriladi. O‘rdaklarning ikki oylik jo‘jalari og‘irligi 2,6 kg va undan ham ko‘proq keladi.

G‘ozlar. Xonaki g‘ozlar yovvoyi kulrang g‘ozlardan kelib chiqqan. Ular xonakilashtirish oqibatida yiriklashib, uchish qobiliyatini yo‘qotgan. Xonaki g‘ozlar go‘sht va momiq par olish uchun boqiladi.

Kurka zotlari Amerika qit’asida yashagan yovvoyi kurkadan kelib chiqqan. Kurkani Amerikadagi mahalliy xalqlar qo‘lga o‘rgatishgan. Bu parranda XVI asrda Yevropaga olib kelingan. Kurka xonakilashtirilgan parrandalar orasida eng yirigi bo‘lib, vazni 16 kg ga boradi.

Parrandachilik fabrikalari

Parrandachilik sanoati. O‘zbekistonda aholini parrandachilik mahsulotlari bilan ta’minlash uchun parrandachilik fabrikalari va naslchilik zavodlari tashkil etilgan. Fabrikalarda ishlab chiqarish jarayonlari mexanizatsiyalashtirilgan. Har bir fabrikada nasl beruvchi (erkak va urg‘ochi) va tuxum qiluvchi parrandalar, jo‘ja ochirish (inkubatsiya) sexlari hamda tuxum va go‘sht ishlab chiqarish, chiqindilarga ishlov berish sexlari bo‘ladi. Go‘sht yetishtiriladigan fabrikalarda bundan tashqari, go‘sht uchun boqiladigan, ya’ni jo‘jalar (broylerlar) o‘stiriladigan sex ham bo‘ladi. Bu sexda jo‘jalar og‘irligi 1,4–1,5 kg ga yetguncha 60–70 kun boqiladi. Broyler go‘shti yumshoq va mazali, yog‘i kam bo‘ladi.

Fabrikada parvarish

Parrandachilik fabrikalarida tovuqlar maxsus kataklarda asraladi; oziq ifloslanmasligi uchun donxo‘rak va suvdon katakdan tashqarida joylashgan novga qo‘yiladi. Maxsus apparatlar sexda harorat, namlik va kun uzunligini boshqarib turadi. Qishda bino sun’iy yoritiladi, kun uzayganida tovuqlar ko‘proq tuxum qiladi. Jo‘jalar maxsus inkubatorlarda ochiriladi.

Bilimingizni sinang

Hozirgi tovuq zotlari qaysi yovvoyi qushdan kelib chiqqan?
  1. Amerikalik yovvoyi kurkadan
  2. Kulrang g‘ozdan
  3. Tropik o‘rmonlarda yashaydigan yovvoyi bankiv tovuqlaridan
  4. Dasht tuvaloqlaridan

To‘g‘ri javob: Tropik o‘rmonlarda yashaydigan yovvoyi bankiv tovuqlaridan. Tovuq zotlari tropik o‘rmonlardagi yovvoyi bankiv tovuqlaridan kelib chiqqan.

Tovuq yo‘nalishi va zotlarni moslang: 1) tuxum yo‘nalishi; 2) tuxum-go‘sht yo‘nalishi; 3) go‘sht yo‘nalishi. a) Kornuel, Plimutrok; b) Zagorsk, Nyugempshir, Pervomaysk; c) rus oq tovug‘i, Lekgorn.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Rus oq tovug‘i va Lekgorn tuxum, Zagorsk va boshqalar tuxum-go‘sht, Kornuel va Plimutrok go‘sht yo‘nalishida.

Go‘sht yo‘nalishidagi tovuqlar tuxum yo‘nalishidagilardan qanday farq qiladi?
  1. Og‘irligi 1,6–2,4 kg, yiliga 200–300 tadan tuxum qiladi
  2. Og‘irligi 3,0–4,5 kg, yiliga 200–300 tadan tuxum qiladi
  3. Og‘irligi 3,0–4,5 kg, kam tuxum qiladi
  4. Og‘irligi 1,6–2,4 kg, kam tuxum qiladi

To‘g‘ri javob: Og‘irligi 3,0–4,5 kg, kam tuxum qiladi. Go‘sht yo‘nalishidagi tovuqlar 3,0–4,5 kg, kam tuxum qiladi; tuxum yo‘nalishidagilar kichik va serhosil.

Tuxum-go‘sht yo‘nalishidagi tovuqlar tullash davrida necha kun tuxum qilmaydi?
  1. 30–40 kun
  2. 50–60 kun
  3. 15–20 kun
  4. 5–10 kun

To‘g‘ri javob: 15–20 kun. Tullash davri 15–20 kun davom etadi, bu vaqtda tuxum qilmaydi.

Go‘sht yetishtiriladigan fabrikalarda broyler jo‘jalar og‘irligi 1,4–1,5 kg ga yetguncha necha kun boqiladi?
  1. 45–50 kun
  2. 90–100 kun
  3. 60–70 kun
  4. 30–40 kun

To‘g‘ri javob: 60–70 kun. Broylerlar 1,4–1,5 kg ga yetguncha 60–70 kun boqiladi.

Xonaki g‘ozlar yovvoyi kulrang g‘ozlardan farqli ravishda xonakilashtirish oqibatida qanday o‘zgargan?
  1. Kichiklashgan, uchish qobiliyatini yo‘qotgan
  2. Yiriklashgan, uchish qobiliyatini yo‘qotgan
  3. Yiriklashgan, uchish qobiliyatini saqlab qolgan
  4. Kichiklashgan, uchish qobiliyatini kuchaytirgan

To‘g‘ri javob: Yiriklashgan, uchish qobiliyatini yo‘qotgan. Xonaki g‘ozlar yiriklashib, uchish qobiliyatini yo‘qotgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Kurka zotlari Amerika qit’asida yashagan yovvoyi kurkadan kelib chiqqan. II. Kurkani Hindistonda qo‘lga o‘rgatishgan. III. Kurka xonakilashtirilgan parrandalar orasida eng yirigi bo‘lib, vazni 16 kg ga boradi.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: kurkani Amerikadagi mahalliy xalqlar qo‘lga o‘rgatgan.

Fabrikalarda donxo‘rak va suvdon nima uchun katakdan tashqarida joylashgan novga qo‘yiladi?
  1. Tovuqlar harakatlanmasligi uchun
  2. Oziq ifloslanmasligi uchun
  3. Tovuqlar kam oziqlanishi uchun
  4. Jo‘jalar inkubatordan chiqishi uchun

To‘g‘ri javob: Oziq ifloslanmasligi uchun. Oziq va suv ifloslanmasligi uchun idishlar katakdan tashqarida novga qo‘yiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiYirtqich qushlarKeyingi →Itning skeleti va muskullari