Sutemizuvchilarning xilma-xilligi: tuxum qo‘yuvchilar, xaltalilar, yo‘ldoshlilar
Mavzular
Tuxum qo‘yuvchilar
Sutemizuvchilar tuzilishi, ko‘payishi va bolasining rivojlanish xususiyatlariga binoan tuxum qo‘yuvchilar, xaltalilar va yo‘ldoshlilar guruhlariga ajratiladi.
Tuxum qo‘yuvchilar, ya’ni kloakalilar tirik bola tug‘masdan tuxum qo‘yib ko‘payadi. Sut bezlarining rivojlanganligi va tanasida jun yoki qillar bo‘lishi bilan ular sutemizuvchilarga o‘xshaydi. Lekin ularning haqiqiy sutemizuvchilar uchun xos belgilari birmuncha kuchsiz rivojlangan. Chunonchi, bosh miyasi ancha sodda tuzilgan; sut bezlari so‘rg‘ichlari rivojlanmagan; tana harorati nisbatan pastroq (26° dan 36 °C gacha) bo‘ladi. Shuning bilan birga ularning tuzilishida sudralib yuruvchilarga xos bir qancha xususiyatlar (masalan, kloakasining bo‘lishi, tuxum qo‘yib ko‘payishi) mavjud. Tuxum qo‘yuvchi sutemizuvchilarga o‘rdakburun va yexidna kiradi (103-rasm). Ular Avstraliya qit’asi va uning yaqinidagi orollarda tarqalgan.

O‘rdakburun va yexidna
O‘rdakburunning o‘rdaknikiga o‘xshash keng va uzun muguz tumshug‘i bor. Tanasi jun bilan qoplangan. U daryo qirg‘oqlaridagi uyasida yashaydi. Oyog‘ining barmoqlari orasidagi suzgich pardasi yordamida yaxshi suzadi. O‘rdakburun tuxum qo‘yib, uni bosib yotadi. Lekin tuxumdan chiqqan bolalarini sut bilan boqadi. Sut bezlari so‘rg‘ichlari bo‘lmaganidan junining sirtiga oqib chiqadi; bolalari ana shu sutni yalab oziqlanadi.
Yexidna – ko‘rinishi tipratikanga o‘xshaydigan hayvon. Tanasi uzun qillar bilan qoplangan. Urg‘ochisi bitta tuxum qo‘yib, uni qornidagi xaltasida olib yuradi. Uning bolasi ham onasining qorin tomonidan terisi ustiga oqib chiqqan sutni yalaydi.
Xaltalilar
Xaltalilar tuxum qo‘yuvchilarga nisbatan birmuncha murakkab tuzilgan. Ular tirik bola tug‘adi; kloakasi bo‘lmaydi. So‘rg‘ichlari rivojlangan, tana harorati nisbatan yuqori (37°C gacha), bachadoni rivojlanmagan yoki juda kuchsiz rivojlangan. Shuning uchun tug‘ilgan bolalari juda kichik va zaif bo‘ladi. Masalan, bo‘yi 2 m keladigan kenguru bolasining uzunligi bor-yo‘g‘i 3 sm. Xaltalilarning urg‘ochisi tug‘ilgan bolasini ancha vaqt qornidagi xaltasida olib yuradi (104-rasm).

Xaltalilar tarqalishi va yo‘ldoshlilar
Xaltalilar Avstraliya qit’asi va uning yaqinidagi orollarda, ayrim turlari esa Markaziy va Janubiy Amerikada yashaydi. Ularning 270 ga yaqin turi ma’lum. Ulardan kenguru, koala, xaltali sichqon, xaltali bo‘ri ko‘pchilikka ma’lum. Kenguru uzun va kuchli orqa oyoqlarida sakrab harakatlanadi, oldingi oyoqlari yordamida o‘tlar, shox-shabbalardan iborat ozig‘ini og‘ziga soladi.
Yo‘ldoshlilar tuxum qo‘yuvchilar va xaltalilarga nisbatan ancha yuqori tuzilgan. Ularning homilasi urg‘ochisi bachadonida rivojlanadi. Yo‘ldoshlilar mayda sichqonlardan tortib, juda yirik fillargacha bo‘lgan xilma-xil sutemizuvchilar, shu jumladan, deyarli barcha xonaki hayvonlarni o‘z ichiga oladi.
Bilimingizni sinang
Tuxum qo‘yuvchi sutemizuvchilarga qaysi hayvonlar kiradi?
- Tipratikan va ko‘rshapalak
- O‘rdakburun va yexidna
- Xaltali bo‘ri va sichqon
- Kenguru va koala
To‘g‘ri javob: O‘rdakburun va yexidna. Tuxum qo‘yuvchilarga o‘rdakburun va yexidna kiradi.
Xaltalilar tuxum qo‘yuvchilardan qaysi belgisi bilan farq qiladi?
- Tuxum qo‘yib ko‘payadi, kloakasi bor
- Tana harorati 26° dan 36 °C gacha
- Sut bezlarining so‘rg‘ichlari rivojlanmagan
- Tirik bola tug‘adi, kloakasi bo‘lmaydi
To‘g‘ri javob: Tirik bola tug‘adi, kloakasi bo‘lmaydi. Xaltalilar tirik bola tug‘adi va kloakasi yo‘q; tuxum qo‘yuvchilar tuxum qo‘yadi.
Tuxum qo‘yuvchi sutemizuvchilarning tana harorati qaysi oraliqda bo‘ladi?
- 37° dan 38 °C gacha
- 30° dan 40 °C gacha
- 20° dan 30 °C gacha
- 26° dan 36 °C gacha
To‘g‘ri javob: 26° dan 36 °C gacha. Tuxum qo‘yuvchilarning tana harorati nisbatan past: 26° dan 36 °C gacha.
Xaltalilarning bolalari nima uchun juda kichik va zaif tug‘iladi?
- Bachadoni rivojlanmagan yoki juda kuchsiz rivojlangan
- Homilasi yo‘ldosh orqali ona qonidan oziqlangani uchun
- Tana harorati juda past bo‘lgani uchun
- Sut bezlari so‘rg‘ichlari rivojlanmagan
To‘g‘ri javob: Bachadoni rivojlanmagan yoki juda kuchsiz rivojlangan. Xaltalilarda bachadon rivojlanmagan yoki juda kuchsiz, shuning uchun bola kichik tug‘iladi.
O‘rdakburun va yexidna haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. O‘rdakburun barmoqlari orasidagi suzgich parda yordamida suzadi; II. Yexidnaning tanasi uzun qillar bilan qoplangan; III. O‘rdakburun bolalarini so‘rg‘ichlari orqali emizadi.
- I va II
- Faqat I
- II va III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: o‘rdakburunning so‘rg‘ichlari yo‘q, sut junning sirtiga oqib chiqadi.
Hayvonlarni ularga xos belgi bilan moslang: 1) o‘rdakburun; 2) yexidna; 3) kenguru. a) orqa oyoqlarida sakrab harakatlanadi; b) keng va uzun muguz tumshug‘i bor; c) tuxumni qornidagi xaltasida olib yuradi
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. O‘rdakburun – muguz tumshuq, yexidna – tuxumni xaltada olib yuradi, kenguru – sakrab harakatlanadi.
Xaltalilarning ayrim turlari Avstraliya va uning yaqinidagi orollardan tashqari qayerda yashaydi?
- Afrika va Janubiy Osiyoda
- Markaziy va Janubiy Amerikada
- Antarktida va Arktikada
- Yevropa va Shimoliy Amerikada
To‘g‘ri javob: Markaziy va Janubiy Amerikada. Xaltalilarning ayrim turlari Markaziy va Janubiy Amerikada ham yashaydi.
Yo‘ldoshlilarda homila qayerda rivojlanadi?
- Qorindagi xaltada
- Tashqi muhitda, tuxum ichida
- Kloaka bo‘shlig‘ida
- Urg‘ochisi bachadonida
To‘g‘ri javob: Urg‘ochisi bachadonida. Yo‘ldoshlilarning homilasi urg‘ochisi bachadonida rivojlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash