XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 54-§.

Qo‘lqanotlilar va kemiruvchilar turkumlari

Mavzular

Qo‘lqanotlilar tuzilishi

Qo‘lqanotlilar turkumi. Qo‘lqanotlilar – uchishga moslashgan sutemizuvchilar. Ularning oldingi oyoqlari o‘zgarib, qanotga aylangan (105-rasm). Oldingi oyoqlari suyaklari oralig‘iga hamda orqa oyoqlari bilan tanasining ikki yoni o‘rtasiga yupqa teri parda tortilgan. Bu parda hayvon uchganida ko‘tarish yuzasini hosil qiladi. Lekin oldingi oyoqlarining birinchi barmog‘i hamda keyingi oyoqlarining panjasi erkin bo‘ladi. Ular qo‘nganida bu panjalari bilan g‘orlarning devoriga, daraxtlar tanasiga yopishib oladi yoki ularga asta-sekin chirmashib chiqadi.

105-rasm. Qo‘lqanotlilar: 1 – malla shomshapalak; 2 – taqaburun ko‘rshapalak; 3 – quloqdor ko‘rshapalak; 4 – terili ko‘rshapalak; 5 – katta shomshapalak
105-rasm. Qo‘lqanotlilar: 1 – malla shomshapalak; 2 – taqaburun ko‘rshapalak; 3 – quloqdor ko‘rshapalak; 4 – terili ko‘rshapalak; 5 – katta shomshapalak

Ultratovush bilan mo‘ljal olish

Ko‘rshapalaklarning ko‘zlari ojiz bo‘lib, yaxshi ko‘rolmaydi. Lekin ular tunda ham biron narsaga urilmasdan ucha oladi; hasharotlarni og‘zi bilan tutib oladi. Ko‘rshapalaklarning fazoda mo‘ljal olish xususiyati ularning ultratovush tarqatishi va uni qabul qilishi bilan bog‘liq. Uchayotgan hayvon burni va og‘zidan uzuq-yuluq ultratovush chiqaradi. Tovush uning yo‘lida uchraydigan obyektdan aks-sado singari qaytadi. Uning qulog‘i ana shu qaytgan tovush to‘lqinlarini qabul qilganligi tufayli o‘z o‘ljasini topadi yoki to‘siqni sezadi. Ko‘rshapalaklar qon so‘ruvchi va zararkunanda hasharotlarni qirib, foyda keltiradi. Ko‘rshapalaklarni aholi yashaydigan joylarga jalb qilish uchun pana joylarni buzmaslik va yangi pana joylar yaratish zarur.

Kemiruvchilar tishlari

Kemiruvchilar turkumi. Kemiruvchilarning yirtqich (qoziq) tishlari bo‘lmaydi. Kurak tishlari esa yirik va o‘tkir bo‘ladi. Qattiq oziqni o‘tkir kurak tishlari bilan uzib olib, oziq tishlari yordamida ezib maydalaydi. Ularning kurak tishlari doimo yedirilib turadi, lekin o‘tmaslashmaydi. Chunki kurak tishlarining orqa tomonida emali bo‘lmaydi. Yuqori va pastki kurak tishlar bir-biriga ishqalanishi tufayli charxlanib o‘tkirlashadi. Kurak tishlar hayvonning hayoti davomida o‘sib turadi.

Kemiruvchilarning xilma-xilligi

Kemiruvchilar – keng tarqalgan, xilma-xil, juda serpusht hayvonlar (106-rasm). Ko‘pchilik turlari bir yilda bir necha marta bolalaydi. Shuning uchun ayrim yillari ularning soni juda tez ko‘payib ketib, katta ziyon yetkazadi. Turarjoylar yaqinida sichqonlar va kalamushlar, cho‘llarda yumronqoziqlar ko‘p uchraydi. Yumronqoziqlar koloniya bo‘lib, inlarda yashaydi. Tog‘ etaklarida va cho‘llarda yirik kemiruvchilardan biri – jayra yashaydi. Uning tanasi uzun ninalar bilan qoplangan.

106-rasm. Kemiruvchi sutemizuvchilar: 1 – uy sichqoni; 2 – ko‘k sug‘ur; 3 – sariq yumronqoziq; 4 – tolay tovushqoni; 5 – kulrang kalamush; 6 – ondatra
106-rasm. Kemiruvchi sutemizuvchilar: 1 – uy sichqoni; 2 – ko‘k sug‘ur; 3 – sariq yumronqoziq; 4 – tolay tovushqoni; 5 – kulrang kalamush; 6 – ondatra

Kemiruvchilar – zarar va foyda

Ko‘pchilik kemiruvchilar – zararkunanda hayvonlardir. Sichqonlar va kalamushlar omborxonalarda saqlanayotgan don va oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat mollarini kemirib, katta ziyon keltiradi. Kalamushlar o‘lat kasalligini ham tarqatishi mumkin.

Kemiruvchilardan foydalilari ham bor. Ondatra, nutriya, sug‘ur, yumronqoziq va tyinlar mo‘yna uchun ovlanadi. Ondatra va nutriya qimmatli mo‘yna beradi. Ularning vatani Amerika hisoblanadi. Respublikamizda ham bu hayvonlar ko‘paytiriladigan mo‘ynachilik xo‘jaliklari tashkil etilgan. Tog‘larda ko‘k sug‘ur uchraydi. Uning terisi boshqa sug‘urlarnikiga nisbatan yuqori baholanadi; yog‘idan xalq tabobatida dori-darmon o‘rnida foydalaniladi. Hozir soni juda kamayib ketganligi tufayli ko‘k sug‘ur «Qizil kitob»ga kiritilgan.

Bilimingizni sinang

Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. malla shomshapalak
  2. taqaburun ko‘rshapalak
  3. terili ko‘rshapalak
  4. katta shomshapalak

To‘g‘ri javob: malla shomshapalak. 105-rasm. Qo‘lqanotlilar: 1 – malla shomshapalak; 2 – taqaburun ko‘rshapalak; 3 – quloqdor ko‘rshapalak; 4 – terili ko‘rshapalak; 5 – katta shomshapalak

Rasmda «taqaburun ko‘rshapalak» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 3
  2. 4
  3. 2
  4. 1

To‘g‘ri javob: 2. 105-rasm. Qo‘lqanotlilar: 1 – malla shomshapalak; 2 – taqaburun ko‘rshapalak; 3 – quloqdor ko‘rshapalak; 4 – terili ko‘rshapalak; 5 – katta shomshapalak

Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. ko‘k sug‘ur
  2. ondatra
  3. kulrang kalamush
  4. uy sichqoni

To‘g‘ri javob: kulrang kalamush. 106-rasm. Kemiruvchi sutemizuvchilar: 1 – uy sichqoni; 2 – ko‘k sug‘ur; 3 – sariq yumronqoziq; 4 – tolay tovushqoni; 5 – kulrang kalamush; 6 – ondatra

Rasmda «sariq yumronqoziq» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 3
  2. 6
  3. 4
  4. 1

To‘g‘ri javob: 3. 106-rasm. Kemiruvchi sutemizuvchilar: 1 – uy sichqoni; 2 – ko‘k sug‘ur; 3 – sariq yumronqoziq; 4 – tolay tovushqoni; 5 – kulrang kalamush; 6 – ondatra

Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. sariq yumronqoziq
  2. ondatra
  3. tolay tovushqoni
  4. ko‘k sug‘ur

To‘g‘ri javob: ko‘k sug‘ur. 106-rasm. Kemiruvchi sutemizuvchilar: 1 – uy sichqoni; 2 – ko‘k sug‘ur; 3 – sariq yumronqoziq; 4 – tolay tovushqoni; 5 – kulrang kalamush; 6 – ondatra

Ko‘rshapalakning ultratovush yordamida mo‘ljal olish jarayonini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) burni va og‘zidan ultratovush chiqaradi; 2) tovush yo‘ldagi obyektdan qaytadi; 3) qulog‘i qaytgan to‘lqinlarni qabul qiladi; 4) o‘ljani topadi yoki to‘siqni sezadi.
  1. 1-3-2-4
  2. 2-1-3-4
  3. 1-2-3-4
  4. 1-2-4-3

To‘g‘ri javob: 1-2-3-4. Avval tovush chiqariladi, obyektdan qaytadi, quloq qabul qiladi va hayvon o‘ljani topadi.

Kemiruvchilarning tishlari haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yuqori va pastki kurak tishlar bir-biriga ishqalanib charxlanadi; II. Kurak tishlarining orqa tomonida emal qatlami qalin bo‘ladi; III. Qoziq tishlari kuchli rivojlangan.
  1. I va II
  2. Faqat I
  3. Faqat III
  4. II va III

To‘g‘ri javob: Faqat I. II va III noto‘g‘ri: orqa tomonda emal yo‘q, kemiruvchilarning qoziq tishlari bo‘lmaydi.

Kemiruvchilarni ularga xos belgi bilan moslang: 1) jayra; 2) yumronqoziq; 3) ondatra. a) tanasi uzun ninalar bilan qoplangan; b) koloniya bo‘lib, inlarda yashaydi; c) vatani Amerika hisoblanadi
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-a, 2-c, 3-b
  3. 1-a, 2-b, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Jayra ninalar bilan qoplangan, yumronqoziqlar koloniya bo‘lib yashaydi, ondatraning vatani Amerika.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSutemizuvchilarning xilma-xilligi: tuxum qo‘yuvchilar, xaltalilar, yo‘ldoshlilarKeyingi →Yirtqich sutemizuvchilar turkumi