Yirtqich sutemizuvchilar turkumi
Mavzular
Bo‘risimonlar oilasi: bo‘ri
Bo‘risimonlar oilasi. Bu oilaga bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, korsak va yenotsimon it kiradi (107-rasm). Ular hidni juda yaxshi sezadi; o‘ljasini ta’qib qilib tutib oladi. Bo‘rilar yil bo‘yi juft bo‘lib yashaydi. Ular kunduzi biror pana joyga bekinib olib, kechasi ov qiladi. Bo‘rilar kuchli va chaqqon bo‘lishi tufayli o‘zidan ham yirik hayvonlarni ovlashi mumkin. Bo‘rilar uy hayvonlariga ham hujum qiladi. Hayvonlarni yeyishdan ko‘ra g‘ajib tashlab, nobud qiladi. Shuning uchun ular sonining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Urg‘ochi bo‘rilar 3–4 tadan 13 tagacha ko‘zi yumuq jish bola tug‘adi. Bo‘ri bolalari 35–40 kun davomida onasini emadi, so‘ngra erkak va urg‘ochilari keltirgan go‘sht parchalari va chalajon hayvonlar bilan oziqlana boshlaydi. Ular 15 yilgacha umr ko‘radi.

Tulki
Tulki cho‘l va dashtlarda, tog‘ va tog‘oldi hududlarida, hatto qishloqlar va shaharlar atrofida ham yashaydi. Yozda tulkilar inda yashab, 4–5 ta ko‘zi yumuq bola tug‘adi. Kuzda tulki oilasi tarqalib ketadi. Qishda juni qalin va issiq bo‘lganidan iniga kirmaydi. Tulkilar kemiruvchilar va hasharotlar bilan oziqlanib, qishloq xo‘jaligiga foyda keltiradi. Ular yoz va kuz fasllarida poliz mahsulotlari va mevalarni ham yeyaveradi. Ba’zan uy parrandalariga ham hujum qiladi. Tulki mo‘ynasi uchun ovlanadi.
Mushuksimonlar oilasi
Mushuksimonlar oilasi (108-rasm). Mushuksimonlarning ilmoqqa o‘xshab egilgan va o‘tkir tirnoqlari maxsus xaltachaga kirib turadi. O‘ljasini tirnoqlari yordamida tutib, tishlari bilan ushlab turadi. Ko‘pchilik mushuksimonlar hidni yaxshi sezmaydi, lekin juda yaxshi eshitadi. Ular o‘ljasini pana joyda poylab tutib oladi. Mushuksimonlar oilasiga yo‘lbars, gepard, qoplon, silovsin, ilvirs, mushuklar kiradi. Yo‘lbars Janubiy Osiyo va Uzoq Sharqda tarqalgan; to‘ng‘iz, bug‘u kabi yirik hayvonlarni ovlaydi. O‘zbekistonning daryo o‘zanlarida to‘qay mushugi, baland tog‘li hududlarida ilvirs va silovsin uchraydi. Ularning soni juda kamayib ketganligi tufayli «O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitob»iga kiritilgan.

Suvsarsimonlar oilasi
Suvsarsimonlar oilasiga mansub yirtqichlarning oyoqlari kalta, tanasi ingichka bo‘lib, yoriqlarga kirishga moslashgan. O‘zbekistonda suvsarlardan bo‘rsiq, suvsar, qunduz, olaqo‘zan, latcha va norka uchraydi. Bo‘rsiq (qashqaldoq) tog‘ o‘rmonlari, to‘qay va dashtlarda yashaydi. Inlarini jarliklar va tepaliklar yonbag‘riga quradi; kechasi ovga chiqadi. Turli hasharotlar, kemiruvchilar, shuningdek, to‘kilgan mevalar va o‘simliklarning yer osti tuganaklari bilan oziqlanadi.
Ayiqsimonlar oilasi
Ayiqsimonlar oilasi. Ayiqlar – baquvvat va yirik hayvonlar (109-rasm). O‘zbekiston tog‘larida qo‘ng‘ir ayiq uchraydi. U o‘simliklar ildizi va nihollari bilan oziqlanadi, ba’zan hasharotlar va sug‘urlarni tutib yeydi, yozda esa mevalar bilan oziqlanadi. Ayiq oziq taqchil bo‘lgan qish faslida uyquga ketadi. Arktika muzliklarida oq ayiq yashaydi. Uning og‘irligi 800 kg keladi. Oq ayiq suvda yaxshi suzadi va sho‘ng‘iydi; asosan tyulenlar va baliqlar bilan oziqlanadi.

Bilimingizni sinang
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- bo‘ri
- tulki
- chiyabo‘ri
- yenotsimon it
To‘g‘ri javob: yenotsimon it. 107-rasm. Bo‘risimonlar: 1 – yenotsimon it; 2 – chiyabo‘ri; 3 – bo‘ri; 4 – tulki
Rasmda «chiyabo‘ri» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 2
- 1
- 3
- 4
To‘g‘ri javob: 2. 107-rasm. Bo‘risimonlar: 1 – yenotsimon it; 2 – chiyabo‘ri; 3 – bo‘ri; 4 – tulki
Rasmda 1 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- yaguar
- arslon
- gepard
- yo‘lbars
To‘g‘ri javob: yo‘lbars. 108-rasm. Mushuksimonlar: 1 – yo‘lbars; 2 – arslon; 3 – gepard; 4 – yaguar
Rasmda «gepard» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 2
- 4
- 3
- 1
To‘g‘ri javob: 3. 108-rasm. Mushuksimonlar: 1 – yo‘lbars; 2 – arslon; 3 – gepard; 4 – yaguar
Qaysi qatordagi hayvonlarning hammasi bo‘risimonlar oilasiga kiradi?
- Chiyabo‘ri, yo‘lbars, korsak, qoplon
- Bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, korsak
- Bo‘ri, tulki, ilvirs, silovsin
- Tulki, bo‘rsiq, suvsar, qunduz
To‘g‘ri javob: Bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, korsak. Bo‘risimonlarga bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, korsak va yenotsimon it kiradi.
Bo‘ri bolalari necha kun davomida onasini emadi, so‘ngra go‘sht bilan oziqlana boshlaydi?
- 10–15 kun
- 60–70 kun
- 35–40 kun
- 90 kun
To‘g‘ri javob: 35–40 kun. Bo‘ri bolalari 35–40 kun davomida onasini emadi.
Tulki haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yozda inda yashab, 4–5 ta ko‘zi yumuq bola tug‘adi; II. Qishda juni qalin va issiq bo‘lganidan iniga kirmaydi; III. Kuzda tulki oilasi inda yig‘ilib qishlaydi.
- Faqat II
- II va III
- I va III
- I va II
To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: kuzda tulki oilasi tarqalib ketadi.
Oilalarni ularning vakillari bilan moslang: 1) mushuksimonlar; 2) suvsarsimonlar; 3) ayiqsimonlar. a) bo‘rsiq; b) ilvirs; c) oq ayiq
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Ilvirs – mushuksimon, bo‘rsiq – suvsarsimon, oq ayiq – ayiqsimon.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash