XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 4-§.

To‘qimalar, organlar va organizm

Mavzular

Epiteliy to‘qimasi

Organizmda tuzilishi, kelib chiqishi va bajaradigan funksiyasiga ko‘ra o‘xshash bo‘lgan hujayralar va hujayralar oralig‘i moddalari birgalikda to‘qimalarni hosil qiladi. Odam organizmida ham hayvonlardagi singari epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv to‘qimalari mavjud (5-rasm).

Epiteliy to‘qimasi terining sirtqi qavatini hosil qiladi. Hazm qilish, nafas olish, ayirish organlari naylari devorining ichki yuzasini qoplab turadi. Epiteliy organlarni har xil ta’sirdan himoya qiladi, hazm suyuqligi ishlab chiqaradi. Epiteliy hujayralari tez yemirilishi sababli doimo yangilanib turadi.

Biriktiruvchi to‘qima

Biriktiruvchi to‘qima har xil hujayralardan iborat. Hujayralar oralig‘i moddasining holatiga ko‘ra suyuq (qon, limfa), qattiq (suyak, tog‘ay), tig‘iz tolali (chin teri, qon tomirlari devori, paylar), g‘ovak tolali (teriosti yog‘ kletchatkasi, yurak xaltasi) bo‘ladi.

Biriktiruvchi to‘qima organlarni o‘zaro bog‘lash (qon, limfa, paylar), himoya qilish (qon, suyak, tog‘ay), oziq moddalar va kislorodni tashish (qon) funksiyasini bajaradi.

Muskul va nerv to‘qimasi

Muskul to‘qimasi shakli o‘zgargan hujayralar – muskul tolalaridan iborat. Muskul to‘qimasi skelet va bir qancha ichki organlar bilan bog‘liq. Muskul tolalarining qisqarishi tufayli organlar harakatlanib, ish bajaradi.

Nerv to‘qimasi nerv hujayralari (neyronlar) va oraliq hujayralar (neyrogliya)dan iborat. Neyrogliya – yulduzsimon ko‘p o‘simtali mayda hujayralardan iborat. Nerv to‘qimasi organlarni o‘zaro bog‘lab, ular funksiyasini boshqarib turadi.

Organlar

Tananing muayyan tuzilishga va shaklga ega bo‘lgan, bitta yoki bir necha xil to‘qimadan tashkil topgan qismi organ deyiladi. Shakli, tuzilishi, tanada joylashgan o‘rni va funksiyasiga ko‘ra organlar bir-biridan farq qiladi.

Tana bo‘shliqlarida joylashgan jigar, buyrak va yurak – ichki organlar, tanadan tashqarida joylashgan qo‘l, ko‘z va quloq – tashqi organlar hisoblanadi. Organlar bir necha xil to‘qimalardan tashkil topgan.

Organlar sistemasi

Biron funksiyani bajaradigan organlar birgalikda organlar sistemasini hosil qiladi. Tayanch-harakatlanish, qon aylanish, ayirish, nafas olish, hazm qilish, sezgi, jinsiy organlar sistemalari mavjud. Barcha organlar sistemalari birgalikda organizmni hosil qiladi (6-rasm).

6-rasm. Ichki organlar: 1 – kekirdak, 2 – halqum, 3 – qon tomirlari, 4 – yurak, 5 – o‘pka, 6 – diafragma, 7 – jigar, 8 – oshqozon, 9 – taloq, 10 – oshqozonosti bezi, 11 – buyrak, 12 – ingichka ichak, 13 – siydik yo‘li, 14 – yo‘g‘on ichak, 15 – qovuq.
6-rasm. Ichki organlar: 1 – kekirdak, 2 – halqum, 3 – qon tomirlari, 4 – yurak, 5 – o‘pka, 6 – diafragma, 7 – jigar, 8 – oshqozon, 9 – taloq, 10 – oshqozonosti bezi, 11 – buyrak, 12 – ingichka ichak, 13 – siydik yo‘li, 14 – yo‘g‘on ichak, 15 – qovuq.

Odatda, organizmda muayyan vazifani bajarishga moslashgan organlar birgalikda funksional organlar sistemasini, ular esa muvaqqat funksional sistemani hosil qiladi. Masalan, tez yugurishni har xil organlarni o‘z ichiga oladigan nerv, nafas olish, harakatlanish, qon aylanish, ter ajratish sistemalarini o‘z ichiga oladigan muvaqqat funksional sistema ta’minlaydi.

Organizm va tana bo‘shliqlari

Odam organizmi bosh, bo‘yin, tana, qo‘l va oyoq qismlaridan iborat. Odam tanasida miya qutisi, umurtqa pog‘onasi nayi, ko‘krak, qorin va chanoq bo‘shliqlari mavjud.

Umurtqa pog‘onasi nayida orqa miya, miya qutisida bosh miya, ko‘krak qafasida yurak, halqum, kekirdak, o‘pkalar, qorin bo‘shlig‘ida oshqozon, jigar, o‘t pufagi, ingichka ichak va yo‘g‘on ichakning asosiy qismi, chanoq bo‘shlig‘ida yo‘g‘on ichakning keyingi qismi, ayirish organlari va ichki jinsiy organlar joylashgan.

Muskulli diafragma ko‘krak qafasini qorin bo‘shlig‘idan ajratib turadi. Diafragma muskullarining qisqarishi va bo‘shashishi ko‘krak va qorin bo‘shliqlari hajmining o‘zgarishiga olib keladi.

Bilimingizni sinang

Qaysi to‘qima terining sirtqi qavatini hosil qiladi va hazm qilish, nafas olish, ayirish organlari naylari devorining ichki yuzasini qoplab turadi?
  1. Epiteliy to‘qimasi
  2. Nerv to‘qimasi
  3. Biriktiruvchi to‘qima
  4. Muskul to‘qimasi

To‘g‘ri javob: Epiteliy to‘qimasi. Terining sirtqi qavatini va naylar ichki yuzasini epiteliy to‘qimasi qoplaydi.

Nerv to‘qimasidagi oraliq hujayralar – neyrogliya qanday tuzilishga ega?
  1. Shakli o‘zgargan uzun muskul tolalari
  2. Yulduzsimon ko‘p o‘simtali mayda hujayralar
  3. Uzun ipsimon bir o‘simtali yirik hujayralar
  4. Hujayralar oralig‘i moddasi bilan o‘ralgan tolalar

To‘g‘ri javob: Yulduzsimon ko‘p o‘simtali mayda hujayralar. Neyrogliya yulduzsimon ko‘p o‘simtali mayda hujayralardan iborat.

Hujayralar oralig‘i moddasining holatiga ko‘ra biriktiruvchi to‘qimaning qattiq turiga qaysi to‘qimalar kiradi?
  1. Qon va limfa
  2. Chin teri va paylar
  3. Suyak va tog‘ay
  4. Teriosti yog‘ kletchatkasi va yurak xaltasi

To‘g‘ri javob: Suyak va tog‘ay. Qattiq biriktiruvchi to‘qimaga suyak va tog‘ay kiradi.

Odam tanasida ko‘krak qafasi bo‘shlig‘ida qaysi organlar joylashgan?
  1. Oshqozon, jigar va o‘t pufagi
  2. Orqa miya va bosh miya
  3. Yurak, halqum, kekirdak va o‘pkalar
  4. Ingichka ichak va ichki jinsiy organlar

To‘g‘ri javob: Yurak, halqum, kekirdak va o‘pkalar. Ko‘krak qafasida yurak, halqum, kekirdak va o‘pkalar joylashgan.

Nima sababdan epiteliy hujayralari doimo yangilanib turadi?
  1. Tez yemirilishi sababli
  2. Nerv impulslarini uzatishi uchun
  3. Organlarni o‘zaro bog‘lashi uchun
  4. Hazm suyuqligi ishlab chiqarishi uchun

To‘g‘ri javob: Tez yemirilishi sababli. Epiteliy hujayralari tez yemirilgani uchun yangilanib turadi.

Muskul tolalarining qisqarishi tufayli organizmda nima sodir bo‘ladi?
  1. Organlar o‘zaro bog‘lanib, ularning funksiyasi boshqariladi
  2. Kislorod va oziq moddalar tashiladi
  3. Organlar harakatlanib, ish bajaradi
  4. Hazm suyuqligi ishlab chiqariladi

To‘g‘ri javob: Organlar harakatlanib, ish bajaradi. Muskul tolalari qisqarganda organlar harakatlanib ish bajaradi.

Ichki va tashqi organlar qaysi javobda to‘g‘ri ajratilgan?
  1. Ichki: jigar, buyrak; tashqi: ko‘z, quloq
  2. Ichki: yurak, ko‘z; tashqi: jigar, qo‘l
  3. Ichki: jigar, qo‘l; tashqi: buyrak, ko‘z
  4. Ichki: quloq, buyrak; tashqi: yurak, qo‘l

To‘g‘ri javob: Ichki: jigar, buyrak; tashqi: ko‘z, quloq. Jigar, buyrak, yurak tana bo‘shliqlarida – ichki; qo‘l, ko‘z, quloq tashqarida – tashqi organlar.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Odam organizmida epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv to‘qimalari mavjud; II. Biriktiruvchi to‘qimaning suyuq turiga suyak va tog‘ay kiradi; III. Nerv to‘qimasi neyronlar va neyrogliyadan iborat.
  1. I va II
  2. II va III
  3. Faqat III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. Suyak va tog‘ay – qattiq biriktiruvchi to‘qima; suyuq turiga qon va limfa kiradi. I va III to‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHujayra va organizmning hayotiy xossalariKeyingi →Organizm funksiyasining gumoral va nerv boshqarilishi