Qalqonoldi, gipofiz, ayrisimon bez, buyrakusti bezlari, ularning tuzilishi va funksiyasi
Mavzular
Qalqonoldi bezlari
Qalqonoldi bezlari to‘rtta bo‘lakdan iborat. Qalqonsimon bez orqa yuzasida joylashgan bo‘lib, uning to‘qimasiga botib kirgan. Bezlar ishlab chiqargan paratgormon qonda kalsiy va fosfor miqdorini boshqaradi. Nerv va muskul qo‘zg‘aluvchanligiga ta’sir qiladi. Bu gormon organizm o‘sishida muhim ahamiyatga ega.
Paratgormon qonda D vitamini bo‘lganida sintezlanadi.
Qalqonoldi bezi buzilishi
Bezlar funksiyasi ortib, paratgormon ko‘p ishlab chiqarila boshlasa, qonda kalsiy miqdori o‘rtadi, suyaklar yumshab, deformatsiyaga uchraydi. Nerv-muskul sistemasi qo‘zg‘aluvchanligi pasayib, tana muskullari bo‘shashadi, odam holsizlanib, tez charchaydigan bo‘lib qoladi.
Qalqonoldi bezi funksiyasi pasayganida qonda kalsiy miqdori kamayib, nerv-muskul qo‘zg‘aluvchanligi ortadi, qovoq va lablar pirpirab, qo‘llar qaltiraydi, ya’ni tutqanoq (tetaniya) sodir bo‘ladi.
Gipofiz bezi
Gipofiz bezi. No‘xat shaklida, bosh miya ostki yuzasida joylashgan. Og‘irligi katta yoshli odamlarda 0,5–0,6 g bo‘ladi. Bu bez qon tomirlari orqali bosh miya gipotalamusi bilan bog‘langan (13-rasm). Gipofiz gormonlari ko‘pchilik endokrin bezlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Gipofiz gormonlari
Bezning somatotrop gormoni bo‘y o‘sishiga ta’sir qiladi. Yosh bolalarda bu gormon ko‘p ishlab chiqarila boshlansa bo‘y o‘sib, gigantizm, kamroq ishlab chiqarilsa nanizm kelib chiqadi. Katta yoshdagi odamlarda bu gormonning ko‘p ishlab chiqarilishi panja suyaklarining yo‘g‘onlashib, til va burun tez o‘sishi, ya’ni akromegaliyaga olib keladi.
Bezning adrenokortikoid gormoni buyrakusti bezi, tireotrop gormoni qalqonsimon bez, gonadotrop gormoni jinsiy bezlar ishini boshqaradi.
Epifiz bezi
Epifiz bezi o‘rta miyada joylashgan. Bez ishlab chiqaradigan melatonin gormoni organizmda pigment almashinuviga ta’sir ko‘rsatadi. Epifiz gormoni gipofizning gonadotrop gormoniga ta’sir etib, bolani vaqtidan oldin balog‘atga yetishini sekinlashtiradi. Epifiz funksiyasi bola yetti yoshga yetgunicha kuchayib boradi, keyin asta-sekin pasayib, balog‘at davrida to‘xtaydi.
Ayrisimon bez
Ayrisimon bez, ya’ni timus ko‘krak qafasida, to‘sh suyagining orqa yuzasida joylashgan. Bez chaqaloqlarda 12 g, 14–15 yoshda 30–40 g gacha yetadi. Keyin bola ulg‘ayishi bilan kichiklashib boradi.
Bezning timozin gormoni jinsiy bezlar funksiyasini pasaytirib, bolani vaqtidan oldin balog‘atga yetishiga imkon bermaydi. Bez funksiyasi buzilganida barvaqt balog‘atga yetish (8–10 yoshda soqol chiqishi, ko‘krak bezlari rivojlanishi) kuzatiladi. Timozin limfotsitlar hosil bo‘lishini kuchaytirib, immun sistema shakllanishiga ijobiy ta’sir etadi.
Buyrakusti bezlari tuzilishi
Buyrakusti bezlari o‘ng va chap buyrak ustida joylashgan, birmuncha yassilashgan piramidalar shakliga ega. Har bir bez tashqi po‘stloq va ichki mag‘iz qismlardan iborat.
Bezlarning po‘stloq qismi suv, tuz, oqsil va uglevodlar almashinuviga ta’sir ko‘rsatadigan gormonlar ishlab chiqaradi. Androgen va estrogen gormonlari jinsiy bezlar faoliyatini kuchaytiradi. Buyrakusti bezi shish kasalligida jinsiy gormonlar ishlab chiqarilishi kuchayib, yosh bolalarda erta balog‘atga yetish belgilarini paydo qiladi.
Mag‘iz va adrenalin
Bezlarning mag‘iz qismi ishlab chiqaradigan adrenalin gormoni nerv qo‘zg‘alishini kuchaytirib, muskullar toliqishini kamaytiradi, yurak qisqarishi, nafas olish va qon aylanish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Organizmning zo‘riqish (stress) holatlarida, masalan, kishi hayajonlanganida, achchiqlanganida yoki qattiq qo‘rqqanida adrenalin ishlab chiqarilishi keskin ortadi, qon tomirlari torayib, yurak urishi tezlashadi, qon bosimi ortadi, glukogenning glukozaga aylanishi, ya’ni uglevod almashinuvi tezlashadi.
Bilimingizni sinang
Qalqonoldi bezlari nechta bo‘lakdan iborat va qayerda joylashgan?
- Uchta bo‘lak, buyrak ustida
- To‘rtta bo‘lak, qalqonsimon bez orqa yuzasida
- Ikkita bo‘lak, qalqonsimon bezning old yuzasida
- To‘rtta bo‘lak, bosh miya ostki yuzasida
To‘g‘ri javob: To‘rtta bo‘lak, qalqonsimon bez orqa yuzasida. Qalqonoldi bezlari to‘rtta bo‘lak bo‘lib, qalqonsimon bez orqa yuzasida joylashgan.
Paratgormon qonda qaysi vitamin bo‘lganida sintezlanadi?
- B vitamini
- D vitamini
- A vitamini
- C vitamini
To‘g‘ri javob: D vitamini. Paratgormon qonda D vitamini bo‘lganida sintezlanadi.
Ayrisimon bezning massasi chaqaloqlarda va 14–15 yoshda qancha bo‘ladi?
- 12 g va 10 g
- 12 g va 30–40 g
- 30–40 g va 12 g
- 5 g va 25–30 g
To‘g‘ri javob: 12 g va 30–40 g. Ayrisimon bez chaqaloqlarda 12 g, 14–15 yoshda 30–40 g gacha yetadi.
Yosh bolalarda somatotrop gormon ko‘p ishlab chiqarilsa qanday holat kelib chiqadi?
- Akromegaliya
- Nanizm
- Tetaniya
- Gigantizm
To‘g‘ri javob: Gigantizm. Yosh bolalarda somatotrop gormon ko‘p bo‘lsa bo‘y o‘sib, gigantizm kelib chiqadi; kam bo‘lsa nanizm.
Stress holatida adrenalin ishlab chiqarilishi keskin ortganda organizmda qanday o‘zgarishlar kuzatiladi?
- Qon tomirlari kengayib, yurak urishi tezlashadi, qon bosimi pasayadi
- Qon tomirlari kengayib, yurak urishi sekinlashadi, qon bosimi pasayadi
- Qon tomirlari torayib, yurak urishi sekinlashadi
- Qon tomirlari torayib, yurak urishi tezlashadi, qon bosimi ortadi
To‘g‘ri javob: Qon tomirlari torayib, yurak urishi tezlashadi, qon bosimi ortadi. Adrenalin ortganda qon tomirlari torayadi, yurak tezlashadi va qon bosimi ortadi.
Qalqonoldi bezi funksiyasining ortishi va pasayishi oqibatlari qaysi javobda to‘g‘ri?
- Ortganda kalsiy kamayib, tetaniya bo‘ladi; pasayganda kalsiy ko‘payib, muskullar bo‘shashadi
- Ikkala holatda ham qonda kalsiy miqdori kamayadi
- Ortganda kalsiy ko‘payib, nerv-muskul qo‘zg‘aluvchanligi ortadi; pasayganda kalsiy kamayadi
- Ortganda kalsiy ko‘payib, muskullar bo‘shashadi; pasayganda kalsiy kamayib, tetaniya bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Ortganda kalsiy ko‘payib, muskullar bo‘shashadi; pasayganda kalsiy kamayib, tetaniya bo‘ladi. Paratgormon ko‘p bo‘lsa kalsiy ortib, muskullar bo‘shashadi; kam bo‘lsa kalsiy kamayib, qo‘zg‘aluvchanlik ortib, tetaniya kelib chiqadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Gipofiz qon tomirlari orqali bosh miya gipotalamusi bilan bog‘langan; II. Timozin limfotsitlar hosil bo‘lishini kuchaytiradi; III. Ayrisimon bez bola ulg‘ayishi bilan kattalashib boradi.
- I va II
- I va III
- II va III
- Faqat III
To‘g‘ri javob: I va II. Ayrisimon bez bola ulg‘ayishi bilan kichiklashib boradi, shuning uchun III noto‘g‘ri.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Adrenalin buyrakusti bezlarining po‘stloq qismida ishlab chiqariladi; II. Gipofizning tireotrop gormoni qalqonsimon bez ishini boshqaradi; III. Akromegaliyada panja suyaklari yo‘g‘onlashib, til va burun tez o‘sadi.
- Faqat II
- I va III
- I va II
- II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Adrenalin buyrakusti bezining mag‘iz qismida ishlab chiqariladi, shuning uchun I noto‘g‘ri. II va III to‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash