XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 8-§.

Oshqozonosti va jinsiy bezlar, sekretsiya bezlari ishining boshqarilishi

Mavzular

Oshqozonosti bezi

Oshqozonosti bezi oshqozon ostida va biroz orqada joylashgan. Bezning Langergans orolchasi deb ataladigan qismi gormonlar ishlab chiqaradi. Ulardan biri — insulin qondagi ortiqcha glukozani glikogenga aylantirib, jigarda to‘playdi, qondagi shakar miqdori kamayishiga yordam beradi. Bezning glukogon gormoni glikogenni glukozaga aylantirish bilan qonda shakar moddasi miqdorini oshiradi.

Insulin va diabet

Insulin ko‘payganida hujayralarda glukoza sarfi oshib, glikogen sintezi tezlashadi. Buning natijasida qonda glukoza miqdori kamayib, qon bosimi pasayadi. Insulin yetishmaganida qonda qand miqdori oshib, qandli diabet kasalligi kelib chiqadi. Bezning gastrin gormoni oshqozonning ferment ajratish funksiyasiga ta’sir ko‘rsatadi.

Erkaklar jinsiy bezlari

Jinsiy bezlar — aralash sekretsiya bezlari hisoblanadi. Erkaklarning jinsiy bezlari bir juft urug‘donlar – moyaklardan iborat. Ular jinsiy yo‘llarga urug‘ hujayralar va qonga androgen gormonlari ishlab chiqaradi.

Gormonlardan eng muhimi testosteron ikkilamchi jinsiy belgilar (mo‘ylov, soqol, jinsga moyillik) rivojlanishiga ta’sir qiladi. Gormon ko‘p ishlab chiqarilganida barvaqt balog‘atga yetish, yetarli ishlab chiqarilmaganida jinsga befarqlik va tez qarish kuzatiladi.

Ayollar jinsiy bezlari

Ayollarning jinsiy bezlari — bir juft tuxumdonlar bachadon orqasida, kichik chanoq bo‘shlig‘ida joylashgan. Tuxumdonlar tuxum hujayralar hosil qiladi va qonga estrogen gormonlari ishlab chiqaradi. Bu gormonlar ikkilamchi ayollik belgilari rivojlanishiga va homiladorlikning me’yorda kechishiga ta’sir etadi. Tez-tez shamollash va infeksiya kasalliklari tuxumdonlarning yallig‘lanishi hamda bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Bezlarni boshqarish: stress

Sekretsiya bezlari funksiyasining boshqarilishi. Sekretsiya bezlari funksiyasi nerv va gumoral omillarning o‘zaro ta’siri orqali boshqariladi. Misol tariqasida bosh miyaning bir qismi bo‘lgan gipotalamusni gipofiz bilan birgalikda boshqa bezlar ishiga ta’sirini ko‘rsatish mumkin.

Biron omil ta’sirida organizm ichki muhiti o‘zgarib, stress holati (lotincha stress — zo‘riqish) yuzaga keladi. Stress sovuq, issiq, og‘riq, turli kasalliklar va hissiy omillar (qo‘rquv, hayajonlanish, xafa bo‘lish) ta’sirida paydo bo‘ladi.

Gipotalamus–gipofiz zanjiri

Bunday o‘zgarishlar ta’sirida nerv sistemasi qo‘zg‘aluvchanligi o‘zgaradi. Paydo bo‘ladigan nerv impulslari ta’sirida gipotalamus faollashib, uning sekretor hujayralari gormon ishlab chiqaradi. Gormonlar gipofizni faollashtiradi. Gipofiz gormonlari esa boshqa bezlarga ta’sir qilib, ularning funksiyasini kuchaytiradi yoki pasaytiradi.

Shunday qilib, gipotalamus – gipofizar sistema barcha organlar funksiyasiga ta’sir qiladi, qon tarkibini o‘zgartiradi, yurak-qon tomir sistemasi ishini tezlashtiradi, qon bosimini oshiradi, nafas olish organlari ishini kuchaytiradi va moddalar almashinuvi, muskullarning qon bilan ta’minlanishi va tayanch-harakat sistemasi ishini tezlashtiradi. Bu o‘zgarishlar stressning organizmga ta’sirini kamaytiradi.

Bilimingizni sinang

Oshqozonosti bezining qaysi qismi gormonlar ishlab chiqaradi?
  1. Langergans orolchasi
  2. Bezning mag‘iz qismi
  3. Bezning o‘t yo‘li qismi
  4. Bezning po‘stloq qismi

To‘g‘ri javob: Langergans orolchasi. Oshqozonosti bezining gormonlar ishlab chiqaradigan qismi Langergans orolchasi deyiladi.

Stress atamasidagi lotincha stress so‘zi qanday ma’noni bildiradi?
  1. Zo‘riqish
  2. Suyuqlik
  3. Harakatsiz
  4. Qo‘zg‘ataman

To‘g‘ri javob: Zo‘riqish. Lotincha stress – zo‘riqish.

Tuxumdonlarda ishlab chiqariladigan estrogen gormonlari organizmga qanday ta’sir qiladi?
  1. Ikkilamchi erkaklik belgilari rivojlanishiga ta’sir etadi
  2. Bo‘y o‘sishini boshqaradi
  3. Qondagi ortiqcha glukozani glikogenga aylantiradi
  4. Ikkilamchi ayollik belgilari rivojlanishiga va homiladorlikning me’yorda kechishiga ta’sir etadi

To‘g‘ri javob: Ikkilamchi ayollik belgilari rivojlanishiga va homiladorlikning me’yorda kechishiga ta’sir etadi. Estrogenlar ikkilamchi ayollik belgilari va homiladorlik kechishiga ta’sir qiladi.

Qandli diabet kasalligi qaysi gormon yetishmasligidan kelib chiqadi?
  1. Glukogon
  2. Insulin
  3. Gastrin
  4. Testosteron

To‘g‘ri javob: Insulin. Insulin yetishmaganda qonda qand miqdori oshib, qandli diabet kelib chiqadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Gipotalamus bosh miyaning bir qismi hisoblanadi; II. Tuxumdonlar bachadon oldida, qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismida joylashgan; III. Stress sovuq, issiq, og‘riq, kasalliklar va hissiy omillar ta’sirida paydo bo‘ladi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. Faqat I
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. Tuxumdonlar bachadon orqasida, kichik chanoq bo‘shlig‘ida joylashgan; II noto‘g‘ri. I va III to‘g‘ri.

Gormonlarni ularning ta’siri bilan moslang: 1) insulin; 2) glukogon; 3) gastrin; a) oshqozonning ferment ajratish funksiyasiga ta’sir qiladi; b) glikogenni glukozaga aylantirib, qondagi shakarni oshiradi; c) glukozani glikogenga aylantirib, qondagi shakarni kamaytiradi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Insulin shakarni kamaytiradi (c), glukogon oshiradi (b), gastrin oshqozon fermentlariga ta’sir qiladi (a).

Stress paytida bezlar ishini boshqarish jarayonini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) gipofiz gormonlarining boshqa bezlarga ta’sir qilishi; 2) gipotalamus sekretor hujayralarida gormon ishlab chiqarilishi; 3) nerv impulslarining paydo bo‘lishi; 4) gipofizning faollashishi.
  1. 3-4-2-1
  2. 3-2-4-1
  3. 2-3-4-1
  4. 3-2-1-4

To‘g‘ri javob: 3-2-4-1. Impulslar gipotalamusni faollashtiradi, u gormon chiqaradi, gipofiz faollashadi, gipofiz gormonlari boshqa bezlarga ta’sir qiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQalqonoldi, gipofiz, ayrisimon bez, buyrakusti bezlari, ularning tuzilishi va funksiyasiKeyingi →Tayanch-harakatlanish sistemasining tuzilishi, funksiyasi va ahamiyati