Tayanch-harakatlanish sistemasining tuzilishi, funksiyasi va ahamiyati
Mavzular
Sistema funksiyalari va skelet
Tayanch-harakatlanish sistemasi skelet va muskullardan tashkil topgan bo‘lib, organizmda tayanch, harakatlanish va himoya funksiyasini bajaradi. Ko‘krak qafasi skeleti va muskullari — yurak va o‘pkani, qorin bo‘shlig‘i devori — oshqozon, ichak va buyraklarni, kalla qutisi — bosh miyani, umurtqa pog‘onasi — orqa miyani har xil ta’sirlardan himoya qiladi.
Odam skeletining tuzilishi. Odam skeleti 206 ta suyakdan tashkil topgan bo‘lib, ulardan 85 tasi juft, 36 tasi toq va ular joylashishiga ko‘ra umurtqa pog‘onasi, bosh, tana, qo‘l va oyoq hamda ularning kamar skeletlariga ajratiladi (14-rasm).
Umurtqa pog‘onasi
Umurtqa pog‘onasi 33–34 ta umurtqalardan iborat. Har bir umurtqa tana, bir nechta o‘simtalar va teshikdan iborat. Umurtqalar ustma-ust bir qator bo‘lib joylashganida ularning teshigi o‘zaro tutashib, umurtqa pog‘onasi nayini hosil qiladi. Bu nay ichida orqa miya joylashgan.
Umurtqa pog‘onasining bo‘yin bo‘limi 7 ta, ko‘krak 12 ta, bel 5 ta, dumg‘aza o‘zaro harakatsiz tutashgan 5 ta, dum 4–5 ta umurtqalardan iborat (15-rasm).

Bosh skeleti
Bosh skeleti 23 ta suyakning birikishidan hosil bo‘lib, u kalla va yuz qismlariga ajratiladi. Kalla skeleti bir juftdan tepa va chakka, bittadan peshana va ensa suyaklaridan, yuz skeleti bir juftdan yuqori jag‘ va yonoq hamda bitta pastki jag‘ suyaklaridan iborat (16-rasm).
Ko‘krak qafasi
Ko‘krak qafasi skeletiga 12 ta umurtqa, 12 juft qovurg‘alar va bitta to‘sh suyagi kiradi. Barcha qovurg‘alarning keyingi uchi tananing orqa tomonida ko‘krak umurtqalariga birikkan. Ulardan chin qovurg‘alar deb ataladigan oldingi 7 juft qovurg‘alar bevosita oldindan to‘sh suyagiga birikadi yoki oldingi tomondan.
Qolgan 5 juft qovurg‘alardan 3 jufti tog‘ay orqali dastlab o‘zaro tutashib, so‘ng yettinchi juft qovurg‘alar tog‘aylari orqali to‘sh suyagiga birikadi. To‘sh suyagiga birikmagan oxirgi 2 juft qovurg‘alar yetim qovurg‘alar deb ataladi (17-rasm).

Qo‘l va oyoq skeleti
Qo‘l skeleti yelka, bilak, tirsak, kaftusti, kaft, panja va 2 juft yelka kamari (kurak, o‘mrov) suyaklaridan iborat. Yelka kamari qo‘lning erkin suyaklarini umurtqa pog‘onasining ko‘krak bo‘limi bilan tutashtirib turadi.
Oyoq skeleti son, tizza qopqog‘i, katta va kichik boldir, tovon, kaft va barmoq suyaklaridan iborat. Ikkita katta yassi chanoq suyaklari oyoq kamarini hosil qiladi.
Suyaklarning birikish turlari
Suyaklarning birikishi. Suyaklar o‘zaro harakatchan, yarim harakatchan yoki harakatsiz birikishi mumkin (18-rasm). Harakatchan, ya’ni bo‘g‘imlar orqali birikish qo‘l va oyoqning naysimon suyaklari uchun xos bo‘ladi. Suyaklarning harakatchan birikkan joylari bo‘g‘im deyiladi.

Bo‘g‘imlar orqali birikadigan suyaklardan birining uchi qavariq, ikkinchisining uchi botiq bo‘ladi.
Bo‘g‘imning tuzilishi
Birinchi suyakning qavariq o‘simtasi ikkinchi suyak botig‘iga kirib turadi. Suyaklarning birikish yuzasi silliq va yaltiroq tog‘ay bilan qoplangan. Bo‘g‘im xaltasi bilan o‘ralgan. Bo‘g‘im bo‘shlig‘i bo‘g‘im suyuqligi bilan to‘lgan (19-rasm). Tog‘ay va bo‘g‘im suyuqligi suyaklarning bir-biriga ishqalanishini kamaytiradi.

Yarim harakatchan va harakatsiz birikish
Yarim harakatchan birikishda o‘zaro birikadigan suyaklar orasida tog‘ay qatlam bo‘ladi. Umurtqa pog‘onasidagi umurtqalar o‘zaro shu usulda birikadi.
Harakatsiz birikish choksiz va chokli bo‘ladi. Kalla suyaklari o‘zaro chok orqali, yuz va chanoq suyaklari, dumg‘aza umurtqalari choksiz birikadi.
Bilimingizni sinang
Odam skeleti nechta suyakdan tashkil topgan?
- 212 ta
- 206 ta
- 196 ta
- 220 ta
To‘g‘ri javob: 206 ta. Odam skeleti 206 ta suyakdan iborat.
Bosh skeleti nechta suyakning birikishidan hosil bo‘ladi va qaysi qismlarga ajratiladi?
- 23 ta; kalla va yuz
- 23 ta; bosh va bo‘yin
- 23 ta; tepa va chakka
- 29 ta; kalla va yuz
To‘g‘ri javob: 23 ta; kalla va yuz. Bosh skeleti 23 ta suyakdan iborat bo‘lib, kalla va yuz qismlariga ajratiladi.
Bo‘g‘imlar orqali birikadigan suyaklardan birining uchi qavariq bo‘lsa, ikkinchisining uchi qanday bo‘ladi?
- Yassi
- Qavariq
- Tishli
- Botiq
To‘g‘ri javob: Botiq. Bo‘g‘imda bir suyakning uchi qavariq, ikkinchisiniki botiq bo‘ladi.
Kalla skeleti qaysi suyaklardan tashkil topgan?
- Bir juftdan tepa va yonoq, bittadan chakka va ensa
- Bir juftdan peshana va ensa, bittadan tepa va chakka
- Bir juftdan yuqori jag‘ va yonoq, bitta pastki jag‘
- Bir juftdan tepa va chakka, bittadan peshana va ensa
To‘g‘ri javob: Bir juftdan tepa va chakka, bittadan peshana va ensa. Kalla skeleti bir juft tepa va chakka, bittadan peshana va ensa suyaklaridan iborat.
Suyaklarning birikish turlari va ularga misollar qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Harakatchan – naysimon suyaklar; yarim harakatchan – umurtqalar; harakatsiz – kalla suyaklari
- Harakatchan – yuz suyaklari; yarim harakatchan – kalla suyaklari; harakatsiz – naysimon suyaklar
- Harakatchan – umurtqalar; yarim harakatchan – naysimon suyaklar; harakatsiz – kalla suyaklari
- Harakatchan – kalla suyaklari; yarim harakatchan – naysimon suyaklar; harakatsiz – umurtqalar
To‘g‘ri javob: Harakatchan – naysimon suyaklar; yarim harakatchan – umurtqalar; harakatsiz – kalla suyaklari. Naysimon suyaklar bo‘g‘im orqali (harakatchan), umurtqalar tog‘ay orqali (yarim harakatchan), kalla suyaklari chok orqali (harakatsiz) birikadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Umurtqa pog‘onasi nayi ichida orqa miya joylashgan; II. Yelka kamari qo‘lning erkin suyaklarini umurtqa pog‘onasining bel bo‘limi bilan tutashtiradi; III. Ikkita katta yassi chanoq suyaklari oyoq kamarini hosil qiladi.
- I va II
- II va III
- I, II va III
- I va III
To‘g‘ri javob: I va III. Yelka kamari qo‘l suyaklarini umurtqa pog‘onasining ko‘krak bo‘limi bilan tutashtiradi; II noto‘g‘ri. I va III to‘g‘ri.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Kalla qutisi orqa miyani himoya qiladi; II. Ko‘krak qafasi skeleti va muskullari yurak va o‘pkani himoya qiladi; III. Umurtqa pog‘onasi orqa miyani himoya qiladi.
- Faqat III
- I va II
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: II va III. Kalla qutisi bosh miyani himoya qiladi, orqa miyani emas; I noto‘g‘ri. II va III to‘g‘ri.
Umurtqa pog‘onasi bo‘limlarini umurtqalar soni bilan moslang: 1) bo‘yin; 2) ko‘krak; 3) bel; a) 5 ta; b) 7 ta; c) 12 ta.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Bo‘yin bo‘limi 7 ta, ko‘krak 12 ta, bel 5 ta umurtqadan iborat.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash