XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 11-§.

Suyaklar shikastlanganida birinchi yordam ko‘rsatish

Mavzular

Pay cho‘zilishi

Pay cho‘zilishi. Uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lgan yoki sport bilan shug‘ullanayotgan odam tasodifan noqulay harakat qilganida bo‘g‘im muskullarini suyakka tutashtirib turadigan paylari shikastlanishi, ya’ni payi cho‘zilishi, hatto ko‘chishi mumkin. Bunda shikastlangan joy shishib, qattiq og‘riydi, ba’zan qon tomirlari shikastlanib yorilishi tufayli qon chiqadi.

Pay cho‘zilganda yordam

Pay cho‘zilganida jarohat olgan odamga iloji boricha tezroq birinchi yordam ko‘rsatilishi lozim. Shikastlangan joyga muz solingan xaltacha yoki sovuq suvda ho‘llangan sochiq bosiladi (21-rasm). Bu tadbir zararlangan joyda shish paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, og‘riqni va ichki qon ketishini kamaytiradi. Pay cho‘zilganda og‘riq paydo bo‘lgan bo‘g‘im harakatlanmasligi uchun siqib bog‘lanib, shifokorga murojaat qilinadi.

21-rasm. Suyaklar jarohatlanganda va pay cho‘zilganda birinchi tibbiy yordam: a – tutqich bog‘ich, b – muz bosib sovitish, d – mahkam siqib bog‘lash.
21-rasm. Suyaklar jarohatlanganda va pay cho‘zilganda birinchi tibbiy yordam: a – tutqich bog‘ich, b – muz bosib sovitish, d – mahkam siqib bog‘lash.

Suyak chiqishi

Suyak chiqishi. Ba’zan tasodifan keskin harakat qilinganida suyakning bo‘g‘im chuqurchasiga kirib turgan qismi chiqib ketadi. Suyak chiqishi pay cho‘zilishi, hatto payning uzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda bo‘g‘imda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Chiqqan bo‘g‘imni shifokor yordamisiz joyiga tushirishga harakat qilmaslik kerak. Aks holda uquvsizlik bilan qilingan har qanday harakat jarohatni kuchaytirishi va jarohat olgan kishini qattiq azoblantirishi mumkin.

Suyak chiqqanda yordam

Suyak chiqqanda ko‘rsatiladigan birinchi yordam jarohatlangan bo‘g‘imning qimirlamasligini ta’minlashdan iborat. Buning uchun jarohatlangan qo‘l biron bog‘ich yoki bint yordamida bo‘yinga osib qo‘yiladi. Shikastlangan oyoqqa yog‘och yoki karton taxtakach bog‘lab qo‘yiladi (22-rasm). Og‘riqni kamaytirish uchun lat yegan bo‘g‘imga muz yoki sovuq suv bosiladi. Shundan so‘ng shifokorga murojaat qilinadi.

22-rasm. Suyak chiqqanida va singanida birinchi yordam ko‘rsatish: a – umurtqa pog‘onasi singanida taxtakach qo‘yib bog‘lash, b – pay cho‘zilganida siqib bog‘lash, d – qo‘l singanida taxtakach qo‘yib bog‘lash.
22-rasm. Suyak chiqqanida va singanida birinchi yordam ko‘rsatish: a – umurtqa pog‘onasi singanida taxtakach qo‘yib bog‘lash, b – pay cho‘zilganida siqib bog‘lash, d – qo‘l singanida taxtakach qo‘yib bog‘lash.

Suyak sinishi va harakatsizlik

Suyak sinishi. Suyaklar qancha pishiq bo‘lmasin, odam yiqilganida yoki biron jarohat olganida sinishi mumkin. Ayniqsa, qo‘l va oyoq suyaklari ko‘proq sinadi. Suyaklar yopiq va ochiq sinishi mumkin. Yopiq singan suyak tashqi ko‘rinishi bilan sog‘lom suyaklardan deyarli farq qilmaydi, faqat kuchli og‘riq suyakning singanligidan darak beradi. Bunday hollarda, birinchi navbatda, suyakning singan joyining harakatsizligi ta’minlanishi lozim.

Taxtakach qo‘yish

Suyaklar joyidan qo‘zg‘almasligi uchun singan joyga taxtakach qo‘yib bog‘lanadi. Tayyor taxtakach bo‘lmaganida taxta, daraxt novdasi yoki kartondan taxtakach yasaladi. Shikastlangan joy ezilmasligi uchun taxtakach ostiga yumshoq narsa qo‘yiladi. Taxtakach bint bilan qo‘l yoki oyoqqa bog‘lab qo‘yiladi. Buning ham iloji bo‘lmaganda singan qo‘l tanaga, singan oyoq sog‘lom oyoqqa bog‘lab qo‘yiladi. Bunday chora og‘riqni kamaytirish bilan birga singan suyaklarning joyidan siljib, boshqa organlarning jarohatlanishidan saqlaydi.

Ochiq sinish

Suyaklarning ochiq sinishi ayniqsa xavfli hisoblanadi. Ochiq singan suyak g‘ayritabiiy shaklga kiradi. Odatda, oyoq yoki qo‘l suyaklari ochiq sinadi. Bunday hollarda singan suyakni mutlaqo harakatlantirmaslik lozim. Aks holda, suyakning singan qirralari muskullar, qon tomirlari, nerv to‘qimalari va teriga shikast yetkazadi. Jarohatga infeksiya tushishi xavfi tug‘iladi. Shu sababdan ochiq singan suyak dastlab dezinfeksiya qilinib, unga toza bog‘ich qo‘yiladi. So‘ngra singan joyga taxtakach qo‘yilib, bemor kasalxonaga jo‘natiladi.

Qovurg‘a sinishi

Ayrim hollarda, masalan, qovurg‘alar singanida taxtakach qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday hollarda birinchi yordam suyaklarning harakatlanishini kamaytirishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Buning uchun jarohatlangan kishidan chuqur nafas chiqarib, nafasni to‘xtatib turish talab qilinadi. Bu vaqtda uning ko‘krak qafasi sochiq bilan mahkam bog‘lanadi. Shundan so‘ng jarohatlangan kishi sekin nafas ola boshlashi lozim. Yuza nafas olinganida qovurg‘alar kam harakatlanganligi tufayli og‘riq kamayadi.

Umurtqa va miya qutisi

Umurtqa pog‘onasi shikastlanganda jarohatlangan odam biron tekis yuza, masalan, taxtaga yuztuban yotqizilib, tibbiy yordam chaqiriladi. Jarohat olgan kishi yotqizilgan holatda olib yuriladi. Chunki o‘tirgan holda olib yurilganida uning umurtqalari siljib, orqa miyani shikastlashi mumkin.

Miya qutisi suyaklari jarohatlangan kishi orqasi bilan yotqiziladi. Miya qutisi ichiga qon ketmasligi uchun uning boshi biroz ko‘tarib qo‘yilib, kechiktirmasdan tibbiy yordam chaqiriladi.

Bilimingizni sinang

Pay cho‘zilganda jarohatlangan joyga birinchi yordam sifatida nima bosiladi?
  1. yumshoq bint va taxtakach
  2. spirtli kompress va issiq xaltacha
  3. issiq suvda ho‘llangan sochiq
  4. muz solingan xaltacha yoki sovuq suvda ho‘llangan sochiq

To‘g‘ri javob: muz solingan xaltacha yoki sovuq suvda ho‘llangan sochiq. Sovuq shishni, og‘riqni va ichki qon ketishini kamaytiradi.

Pay cho‘zilganda shikastlangan joyga muz yoki sovuq sochiq bosilishining sababi nima?
  1. shish paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, og‘riqni va ichki qon ketishini kamaytiradi
  2. qon aylanishini tezlashtirib, shishni tezroq tarqatadi
  3. singan suyakning joyidan siljishini oldini oladi
  4. jarohatga infeksiya tushishining oldini oladi

To‘g‘ri javob: shish paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, og‘riqni va ichki qon ketishini kamaytiradi. Sovuq shish hosil bo‘lishini to‘xtatib, og‘riq va ichki qon ketishini kamaytiradi.

Suyak chiqqanda jarohatlangan qo‘l birinchi yordamda qanday holatda mahkamlanadi?
  1. tanaga mahkam bog‘lab qo‘yiladi
  2. sog‘lom qo‘lga bog‘lab qo‘yiladi
  3. bog‘ich yoki bint yordamida bo‘yinga osib qo‘yiladi
  4. boshdan yuqoriga ko‘tarib qo‘yiladi

To‘g‘ri javob: bog‘ich yoki bint yordamida bo‘yinga osib qo‘yiladi. Bo‘g‘im qimirlamasligi uchun qo‘l bo‘yinga osib qo‘yiladi.

Chiqqan bo‘g‘imni shifokor yordamisiz joyiga tushirishga urinish nima uchun noto‘g‘ri?
  1. bo‘g‘im o‘z-o‘zidan joyiga tushib ketadi
  2. uquvsiz harakat jarohatni kuchaytirib, kishini qattiq azoblantirishi mumkin
  3. bunday urinish faqat pay cho‘zilishini to‘xtatadi
  4. suyak darhol ochiq sinishga aylanib ketadi

To‘g‘ri javob: uquvsiz harakat jarohatni kuchaytirib, kishini qattiq azoblantirishi mumkin. Noto‘g‘ri harakat jarohatni og‘irlashtiradi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Suyak chiqishi pay cho‘zilishi, hatto payning uzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. II. Chiqqan oyoqqa yog‘och yoki karton taxtakach bog‘lab qo‘yiladi. III. Suyak chiqqanda og‘riqni kamaytirish uchun bo‘g‘imga issiq suv bosiladi.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I va II
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: og‘riqni kamaytirish uchun muz yoki sovuq suv bosiladi.

Yopiq va ochiq suyak sinishi o‘rtasidagi asosiy farq qaysi?
  1. yopiq sinishda suyak g‘ayritabiiy shaklga kiradi, ochiq sinishda esa tashqi ko‘rinish o‘zgarmaydi
  2. yopiq sinish faqat qo‘lda, ochiq sinish faqat qovurg‘ada bo‘ladi
  3. yopiq sinish ayniqsa xavfli, ochiq sinishda esa og‘riq bo‘lmaydi
  4. yopiq sinishda suyak tashqi ko‘rinishi sog‘lomdan deyarli farq qilmaydi, ochiq sinishda g‘ayritabiiy shaklga kiradi

To‘g‘ri javob: yopiq sinishda suyak tashqi ko‘rinishi sog‘lomdan deyarli farq qilmaydi, ochiq sinishda g‘ayritabiiy shaklga kiradi. Yopiq sinish ko‘rinmaydi, faqat kuchli og‘riq bildiradi; ochiq sinish ayniqsa xavfli.

Ochiq singan suyakni mutlaqo harakatlantirmaslik kerak, chunki:
  1. suyak bir zumda butunlay qotib qoladi
  2. bunda taxtakach qo‘yish imkoni yo‘qoladi
  3. suyakning singan qirralari muskul, qon tomir, nerv va terini shikastlaydi
  4. qizil ilik qonga chiqib ketadi

To‘g‘ri javob: suyakning singan qirralari muskul, qon tomir, nerv va terini shikastlaydi. Harakat natijasida qirralar atrofdagi to‘qimalarni shikastlaydi va infeksiya xavfi ortadi.

Ochiq singan suyakka birinchi yordam amallarini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) taxtakach qo‘yish; 2) dezinfeksiya qilish; 3) bemorni kasalxonaga jo‘natish; 4) toza bog‘ich qo‘yish.
  1. 2-4-1-3
  2. 2-1-4-3
  3. 4-2-1-3
  4. 1-2-4-3

To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Avval dezinfeksiya, so‘ng toza bog‘ich, keyin taxtakach va kasalxonaga jo‘natish.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSuyaklarning tuzilishi va o‘sishiKeyingi →Muskullar