XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 12-§.

Muskullar

Mavzular

Muskul to‘qimasi va skelet muskullari

Muskul to‘qimasi. Odam tanasidagi muskullar skelet, yurak va silliq muskullarga ajratiladi (23-rasm).

Skelet muskullari tolalari ingichka va uzun bo‘lib, mikroskop ostida tekshirilganida ko‘ndalang chiziqlari ko‘rinadi. Muskul tolalari ichida qisqaruvchi oqsil tolachalar joylashgan. Bu tolachalar qisqarganda organlar harakatlanib, ish bajaradi. Skelet muskullari tez va kuchli qisqaradi. Ularning ishlashi odam ixtiyoriga bog‘liq bo‘ladi.

Yurak va silliq muskullar

Yurak muskullari ham ko‘ndalang chiziqli tolalardan iborat. Lekin ularning tolalari ayrim qismlari orqali o‘zaro yopishib, to‘rga o‘xshash joylashgan. Yurak muskullari tez va kuchli qisqaradi. Ularning qisqarishi kishi ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmaydi.

Silliq muskullar ichki organlar (qon tomirlari, ichak, qovuq) devorini qoplab turadi. Silliq muskul tolalari duksimon kalta, sekin va kuchsiz qisqaradi. Ularning qisqarishi kishi ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmaydi.

Muskullarning tuzilishi

Muskullarning tuzilishi. Skelet muskullari alohida boylamlar hosil qilib, biriktiruvchi to‘qimadan iborat yupqa parda bilan o‘ralgan bo‘ladi va bu parda fassiya deb ataladi. Muskullar paylar orqali suyaklarga yopishadi. Muskullar qon tomirlari va nervlar bilan ta’minlangan (24-rasm).

23-rasm. Muskul to‘qimasining xilma-xilligi: 1 – ko‘ndalang-targ‘il muskullar, 2 – silliq muskullar, 3 – yurak muskullari. 24-rasm. Skelet muskullarining tuzilishi: 1 – qon tomiri, 2 – muskul boylami, 3 – muskul tolalari, 4 – muskulning ustki pardasi, 5 – pay.
23-rasm. Muskul to‘qimasining xilma-xilligi: 1 – ko‘ndalang-targ‘il muskullar, 2 – silliq muskullar, 3 – yurak muskullari. 24-rasm. Skelet muskullarining tuzilishi: 1 – qon tomiri, 2 – muskul boylami, 3 – muskul tolalari, 4 – muskulning ustki pardasi, 5 – pay.

Odam gavdasi muskullari. Odam tanasida 600 dan ortiq muskullar bor. Ular bosh, bo‘yin, tana, qo‘l va oyoq muskullaridir (25-rasm).

Bosh, bo‘yin va tana muskullari

Bosh muskullari ko‘z va og‘iz atrofida hamda yuzda joylashgan mimika va chaynash muskullaridan iborat.

Bo‘yin muskullariga teriosti, to‘sh-o‘mrov, so‘rg‘ichsimon, narvonsimon muskullar kirib, ular boshni harakatlantirish, katta va kichik ko‘krak muskullari qo‘lni yelkadan harakatlantirish, qovurg‘alar orasidagi muskullar nafas olishda ishtirok etadi. Qorin muskullari bir necha qavat joylashib, qorin devorini hosil qiladi. Bu muskullar umurtqa pog‘onasining bukilishida ishtirok etadi. Qorinning orqa tomonida joylashgan muskullar gavdani rostlashda qatnashadi.

25-rasm. Odam tanasi muskullari. a – old tomondan ko‘rinishi: 1 – mimika, 2 – chaynash, 3 – boshni buradigan, 4 – qo‘lni bukadigan va yozadigan, 5 – tanani bukadigan va yozadigan, 6 – oyoqni bukadigan va yozadigan muskullar; b – orqa tomondan ko‘rinishi: 1 – boshni buradigan va ushlab turadigan, 2 – tanani buradigan va ushlab turadigan, 3 – qo‘lni bukadigan va yozadigan, 4 – oyoqni bukadigan va yozadigan muskullar.
25-rasm. Odam tanasi muskullari. a – old tomondan ko‘rinishi: 1 – mimika, 2 – chaynash, 3 – boshni buradigan, 4 – qo‘lni bukadigan va yozadigan, 5 – tanani bukadigan va yozadigan, 6 – oyoqni bukadigan va yozadigan muskullar; b – orqa tomondan ko‘rinishi: 1 – boshni buradigan va ushlab turadigan, 2 – tanani buradigan va ushlab turadigan, 3 – qo‘lni bukadigan va yozadigan, 4 – oyoqni bukadigan va yozadigan muskullar.

Qo‘l va oyoq muskullari

Qo‘l muskullari yelka kamari va qo‘lning o‘z muskullaridan iborat. Yelka suyagining oldingi tomonida qo‘lni tirsakdan bukuvchi ikki boshli muskul, orqa tomonida qo‘lni tirsakdan yozuvchi uch boshli muskul bor.

Oyoq muskullari sonning oldingi tomonida to‘rt boshli, orqa tomonida ikki boshli, boldirning orqa yuzasida uch boshli muskullar bo‘ladi. To‘rt boshli muskul oyoqni chanoqdan bukish, ikki boshli muskul oyoqni chanoqdan yozish, uch boshli muskul oyoqni tovondan bukish funksiyasini bajaradi.

Muskullarning ishlashi

Muskullarning ishlashi. Odamning harakatlanishi muskullarning qisqarishi va bo‘shashishi bilan bog‘liq. Bukuvchi muskullar qisqarib, yozuvchi muskullar bo‘shashganida qo‘l va oyoqlar bo‘g‘imdan bukiladi. Bukuvchi muskullar bo‘shashib, yozuvchi muskullar qisqarganida qo‘l va oyoqlar bo‘g‘imdan yoziladi (26-rasm).

26-rasm. Muskullarning ishlashi: 1 – yuk, 2 – qo‘lni bukadigan muskul, 3 – qo‘lni yozadigan muskul.
26-rasm. Muskullarning ishlashi: 1 – yuk, 2 – qo‘lni bukadigan muskul, 3 – qo‘lni yozadigan muskul.

Bukuvchi va yozuvchi muskullar bir vaqtning o‘zida bo‘shashgan yoki qisqargan holatda bo‘lishi mumkin. Qo‘llar tananing ikki yonida osilib turganida bu muskullar bo‘shashgan, qo‘llar oldinga uzatilib, biron yuk ko‘tarib turilganida qisqargan holatda bo‘ladi. Muskullar qisqarganida mexanik ish bajarib, energiya sarflaydi. Organizmga oziq bilan kiradigan organik moddalar muskullar uchun energiya manbai bo‘ladi. Muskullarda bu moddalar parchalanib, energiya hosil qiladi.

Muskullarning charchashi

Muskullarning charchashi. Uzoq vaqt dam olmasdan, jismoniy mehnat qilinganida muskullarning ish qobiliyati asta-sekin pasayadi. Ish qobiliyatining vaqtincha bunday pasayishi charchash deyiladi. Dam olingandan so‘ng muskullarning ish qobiliyati tiklanadi. Muskullarning charchashi qisqarish tezligiga va yukning og‘irligiga bog‘liq. Qisqarish qancha jadal va yuk og‘ir bo‘lsa, charchash ham shuncha tez yuz beradi. Bir me’yorda jismoniy mehnat qilinganida muskullarning ish qobiliyati qisqarishlar orasida tiklanishga ulguradi.

Muskullar ishining boshqarilishi

Muskullar ishining boshqarilishi. Muskullar bosh va orqa miyadan keladigan nerv impulslari ta’sirida qisqaradi. Teri, pay, bo‘g‘imlar va muskullarda sezuvchi nervlar uchlari – retseptorlar joylashgan. Biron ta’sir tufayli retseptorlarda hosil bo‘lgan nerv impulslari sezuvchi nervlar orqali retseptorlardan orqa miyaga uzatiladi. Orqa miyadan chiqadigan harakatlantiruvchi nervlar orqali nerv impulslari muskullarga uzatiladi (27-rasm). Nerv impulslari ta’sirida muskullar qisqarib, harakat sodir bo‘ladi. Ayni vaqtda bosh miya katta yarimsharlari po‘stloq qismidan ham orqa miyaga nerv impulslari kelib turadi. Bosh miya yarimsharlari po‘stloq qismi faoliyati tufayli odam harakati uning xohishiga bo‘ysunadi.

27-rasm. Muskullar ishlashida nerv impulslarining o‘tkazilish sxemasi: 1 – teri, 2 – retseptorlar, 3 – sezuvchi neyron, 4 – oraliq neyron, 5 – orqa miya, 6 – muskul, 7 – harakatlantiruvchi neyron, 8 – nerv tuguni.
27-rasm. Muskullar ishlashida nerv impulslarining o‘tkazilish sxemasi: 1 – teri, 2 – retseptorlar, 3 – sezuvchi neyron, 4 – oraliq neyron, 5 – orqa miya, 6 – muskul, 7 – harakatlantiruvchi neyron, 8 – nerv tuguni.

Bilimingizni sinang

Odam tanasidagi muskullar qaysi uch turga ajratiladi?
  1. skelet, yurak va silliq muskullar
  2. skelet, silliq va chaynash muskullari
  3. yurak, mimika va silliq muskullar
  4. skelet, yurak va fassiya muskullari

To‘g‘ri javob: skelet, yurak va silliq muskullar. Muskul to‘qimasi skelet, yurak va silliq turlarga bo‘linadi.

Qaysi muskullar ko‘ndalang chiziqli tolalardan tuzilgan, tolalari to‘rga o‘xshash joylashgan va qisqarishi ixtiyorga bog‘liq emas?
  1. mimika muskullari
  2. yurak muskullari
  3. silliq muskullar
  4. skelet muskullari

To‘g‘ri javob: yurak muskullari. Yurak muskullari tolalari ko‘ndalang chiziqli, o‘zaro yopishib to‘r hosil qiladi; ixtiyorga bo‘ysunmaydi.

Skelet muskullari alohida boylamlar hosil qilib, qanday parda bilan o‘ralgan bo‘ladi?
  1. paylar
  2. fassiya
  3. teriosti pardasi
  4. suyakusti pardasi

To‘g‘ri javob: fassiya. Biriktiruvchi to‘qimadan iborat yupqa parda fassiya deyiladi.

Muskullar suyaklarga nima orqali yopishadi?
  1. paylar
  2. boylamlar
  3. tog‘aylar
  4. fassiyalar

To‘g‘ri javob: paylar. Muskullar paylar orqali suyaklarga birikadi.

Oyoq muskullarini vazifasi bilan moslang: 1) sonning oldingi tomonidagi to‘rt boshli; 2) sonning orqa tomonidagi ikki boshli; 3) boldirning orqa yuzasidagi uch boshli. a) oyoqni tovondan bukish; b) oyoqni chanoqdan yozish; c) oyoqni chanoqdan bukish.
  1. 1-b, 2-c, 3-a
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-a, 2-b, 3-c
  4. 1-c, 2-b, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. To‘rt boshli — chanoqdan bukadi, ikki boshli — chanoqdan yozadi, uch boshli — tovondan bukadi.

Harakat sodir bo‘lishidagi nerv impulsi yo‘lini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) impuls sezuvchi nerv orqali orqa miyaga uzatiladi; 2) retseptorlarda nerv impulsi hosil bo‘ladi; 3) muskullar qisqarib, harakat sodir bo‘ladi; 4) harakatlantiruvchi nerv orqali impuls muskullarga boradi.
  1. 2-1-3-4
  2. 1-2-4-3
  3. 2-4-1-3
  4. 2-1-4-3

To‘g‘ri javob: 2-1-4-3. Retseptor → sezuvchi nerv → orqa miya → harakatlantiruvchi nerv → muskul qisqarishi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Silliq muskullar qon tomirlari, ichak va qovuq devorini qoplab turadi. II. Silliq muskul tolalari duksimon kalta bo‘ladi. III. Silliq muskullar tez va kuchli qisqaradi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. Faqat II

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: silliq muskullar sekin va kuchsiz qisqaradi.

Muskullarning charchashi qaysi omillarga bog‘liq?
  1. paylarning suyaklarga birikish joyiga
  2. fassiyaning qalinligiga
  3. muskul tolalarining ko‘ndalang chiziqlariga
  4. qisqarish tezligiga va yukning og‘irligiga

To‘g‘ri javob: qisqarish tezligiga va yukning og‘irligiga. Qisqarish qancha jadal va yuk og‘ir bo‘lsa, charchash shuncha tez yuz beradi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiSuyaklar shikastlanganida birinchi yordam ko‘rsatishKeyingi →Muskullarning rivojlanishi, odam qad-qomatining shakllanishi