Muskullarning rivojlanishi, odam qad-qomatining shakllanishi
Mavzular
Muskullarning rivojlanishi
Muskullarning rivojlanishi. Skelet va muskullar odamning yoshlik davrida tez o‘sib, rivojlanadi. Muskullar 17 yoshgacha, ayniqsa, jadal o‘sadi. Bola o‘sishi va rivojlanishi bilan uning harakatlari ham xilma-xil bo‘lib, murakkablasha boradi. 18 yoshli bola muskullari massasi katta yoshdagi odam muskullariga teng bo‘ladi.
Mashq va suyak–muskul aloqasi
Mehnat qilish, jismoniy mashq va sport bilan shug‘ullanish skeletning to‘g‘ri shakllanishi, suyaklarning tez o‘sib, pishiq bo‘lishiga va muskullarning kuchli rivojlanishiga yordam beradi. Suyaklar va muskullarning rivojlanishi o‘zaro chambarchas bog‘langan. Muskullar rivojlanishi suyaklarga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababdan muskullar qancha kuchli rivojlansa, suyaklar ham shuncha mustahkam bo‘ladi. Paylarning suyaklarga birikadigan joyida suyaklar yo‘g‘onlashib, bo‘rtmalar paydo bo‘ladi.
Ortiqcha yuk va semirish
Lekin suyakning o‘sishi davrida me’yoridan ko‘p yuk ko‘tarish bo‘g‘imlarning kasallanishiga olib kelishi mumkin. Odam semirganida ham oyoqdagi bo‘g‘imlarning tayanch yuzasiga katta bosim tushib, og‘riq paydo bo‘ladi va oyoqlarning qon bilan ta’minlanishi buziladi. Odamlarda bolalikda tayanch-harakat sistemasi shakllanishining buzilishi ularning katta yoshda bo‘g‘imlarining kasallanishiga olib keladi.
Mashq qildirishning ahamiyati
Muskullarni mashq qildirishning ahamiyati. Har qanday organ qanchalik ko‘p mashq qilsa, unga shuncha ko‘p qon oqib kela boshlaydi. Shu sababdan ishlayotgan muskullar ko‘proq oziq moddalar va kislorod bilan ta’minlanadi. Jismoniy mehnat va sport bilan muntazam shug‘ullanilganda muskul tolalari tez o‘sib, muskullar massasi ortadi. Muskullarda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar qon aylanish, nafas olish va boshqa organlar ishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Jismoniy mashq bilan shug‘ullanish hujayralarning kislorod va oziq moddalar bilan ta’minlanishini yaxshilaydi, moddalar almashishini tezlashtirib, butun organizm faoliyatining keskin o‘zgarishiga olib keladi, ya’ni organizmni chiniqtiradi.
Qad-qomat tushunchasi
Odam qad-qomatining shakllanishi. Qad-qomat odam tanasini o‘zi odatlangan erkin tutadigan holati hisoblanadi. Qad-qomat muskullar, skelet, ayniqsa, umurtqa pog‘onasining to‘g‘ri rivojlanishi bilan bog‘liq. Normal holatda umurtqa pog‘onasining bo‘yin va bel qismi biroz oldinga, ko‘krak va dumg‘aza qismi biroz orqaga egilgan bo‘ladi. Bu egilishlar bola oyoqda tik yura boshlagandan so‘ng bolalik va o‘smirlik davrida shakllanadi.
Tik holat va umurtqa qiyshayishi
Odam tanasi juda ko‘p muskullar, jumladan, tanani yozuvchi orqa muskullar yordamida tik holatda ushlab turiladi. Tananing bukilmasdan tik holatda turishi umurtqa pog‘onasini yozuvchi va bukuvchi muskullarning o‘zaro ta’siri va gavda og‘irligining umurtqa pog‘onasini bukuvchi muskullarga ta’siri bilan bog‘liq. Qad-qomati to‘g‘ri shakllangan odam tik turganida boshi va bo‘yinini gavdasiga nisbatan tik tutadi, yelkalari bir tekislikda, ko‘kragi keng bo‘ladi.
Bolalar va o‘smirlarda umurtqalar orasidagi tog‘aylar batamom suyakka aylanmaganligi tufayli umurtqa pog‘onasi egikliklari to‘g‘ri shakllanmasdan, qiyshayib qolishi mumkin. Bunday qiyshayishlar kifoz, lordoz, skolioz yoki spondiloz tipida bo‘lishi mumkin.
To‘g‘ri qad-qomat uchun qoidalar
Umurtqa pog‘onasining to‘g‘ri shakllanmasligi ichki organlarning rivojlanishi va funksiyasiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Bunday odamlar jismoniy mehnat qilganlarida ularning nafas olishi qiyinlashadi, yurak urushi tezlashib, tez charchab qolishadi.
Bolaning qad-qomati to‘g‘ri shakllanishi uchun yoshligidan tekis va biroz qattiqroq to‘shakda yotishga o‘rgatish zarur. Yumshoq to‘shak, baland yostiq va notekis o‘rin umurtqa pog‘onasi va bosh suyaklarining noto‘g‘ri shakllanishiga sabab bo‘ladi. Kichik bog‘cha yoshidagi bolalar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bir joyda uzoq vaqt qimirlamasdan o‘tirmasligi, turib qolmasligi, uzoq yurmasligi, og‘ir narsalarni ko‘tarmasligi, doimo bir qo‘lda ishlamasligi lozim. Bunga rioya qilmaslik bolalar umurtqa pog‘onasi va oyoq suyaklarining noto‘g‘ri shakllanib, ular qad-qomatining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin (28-rasm).
Tovon tuzilishi
Yassioyoqlik. Oyoqning tovon kafti ustki yuzasi gumbaz shaklida yuqoriga ko‘tarilgan, pastki yuzasi esa chuqur egilgan bo‘lib, tana uchun ressorlik vazifasini bajaradi. Tovonning bunday tuzilishi tufayli odam harakat qilganida yoki yuk ko‘targanida og‘irlik kaft bilan tovonga teng taqsimlanadi. Tovon gumbazi odam sakraganida yoki tasodifan yiqilganida organizmni kuchli zarbadan saqlaydi.
Yassioyoqlik
Yassioyoqlik tovon gumbazining pasayib, yassilanishi, ba’zan butunlay yo‘q bo‘lib ketishidan iborat (29-rasm). Yassioyoq odam ko‘p yurganida yoki uzoq vaqt tik turib qolganida uning oyoqlari kaftida og‘riq paydo bo‘ladi. Yassioyoqlik tug‘ma yoki hayot davomida orttirilgan bo‘lishi mumkin. Tug‘ma yassioyoqlik ota-onadan o‘tgan yoki homiladorlik davrida ona organizmida paydo bo‘ladigan ayrim o‘zgarishlar ta’sirida paydo bo‘lishi mumkin.

Yassioyoqlik tug‘ilishdan keyin paydo bo‘lishi ko‘pincha bolalik va o‘smirlik davrida tor, ayniqsa, poshnasi baland poyabzal kiyib yurish bilan bog‘liq. Yassioyoqlik uzoq vaqt tik turib ishlaydigan yoki ortiqcha semirgan kishilarda ham paydo bo‘ladi. Yassioyoqlikning oldini olish uchun uning dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilan mutaxassis shifokorga murojaat qilish va uning tavsiyasi bilan maxsus mashqlarni muntazam bajarib borish zarur.
Bilimingizni sinang
Skelet va muskullar qaysi yoshgacha ayniqsa jadal o‘sadi?
- 17 yoshgacha
- 12 yoshgacha
- 22 yoshgacha
- 25 yoshgacha
To‘g‘ri javob: 17 yoshgacha. Muskullar 17 yoshgacha jadal o‘sadi.
18 yoshli bolaning muskullari massasi qanday bo‘ladi?
- katta yoshdagi odamnikidan ancha ortiq
- hali o‘sishdan to‘xtamagan, ancha kichik
- katta yoshdagi odam muskullari massasiga teng
- katta yoshdagi odam muskullari massasining yarmiga teng
To‘g‘ri javob: katta yoshdagi odam muskullari massasiga teng. 18 yoshda muskul massasi kattalarnikiga teng bo‘ladi.
Muskullar kuchli rivojlansa, suyaklar nima uchun mustahkam bo‘ladi?
- paylar suyaklarni yumshatib, o‘sishini sekinlashtiradi
- suyaklar va muskullarning rivojlanishi o‘zaro chambarchas bog‘langan
- suyaklar muskullarni qon bilan ta’minlaydi
- muskullar suyakdagi tog‘aylarni yo‘qotadi
To‘g‘ri javob: suyaklar va muskullarning rivojlanishi o‘zaro chambarchas bog‘langan. Muskul rivojlanishi suyaklarga ta’sir qiladi: muskul kuchli bo‘lsa, suyak ham mustahkam.
Paylarning suyaklarga birikadigan joyida nima paydo bo‘ladi?
- qizil ilik to‘planib, qon hosil qila boshlaydi
- suyaklar yupqalashib, chuqurchalar hosil bo‘ladi
- tog‘aylar suyakka aylanib, o‘sish to‘xtaydi
- suyaklar yo‘g‘onlashib, bo‘rtmalar hosil bo‘ladi
To‘g‘ri javob: suyaklar yo‘g‘onlashib, bo‘rtmalar hosil bo‘ladi. Payning birikish joyida suyak yo‘g‘onlashib bo‘rtma hosil qiladi.
Mashq qilayotgan organga nima uchun ko‘proq oziq moddalar va kislorod yetib keladi?
- chunki mashq paytida qon tomirlari torayadi
- chunki mashq qilmagan organlarga qon umuman bormaydi
- chunki har qanday organ qancha ko‘p mashq qilsa, unga shuncha ko‘p qon oqib keladi
- chunki muskul tolalari soni mashq vaqtida ikki baravar ortadi
To‘g‘ri javob: chunki har qanday organ qancha ko‘p mashq qilsa, unga shuncha ko‘p qon oqib keladi. Ishlayotgan organga qon ko‘p oqib keladi, shu sababli oziq va kislorod ko‘proq yetadi.
Odamning o‘zi odatlangan erkin tutadigan tana holati nima deb ataladi?
- kifoz
- gomeostaz
- qad-qomat
- yassioyoqlik
To‘g‘ri javob: qad-qomat. Qad-qomat — odam tanasining o‘zi odatlangan erkin holati.
Normal holatda umurtqa pog‘onasining qaysi qismlari biroz oldinga egilgan bo‘ladi?
- bel va dumg‘aza qismi
- bo‘yin va ko‘krak qismi
- ko‘krak va dumg‘aza qismi
- bo‘yin va bel qismi
To‘g‘ri javob: bo‘yin va bel qismi. Bo‘yin va bel oldinga, ko‘krak va dumg‘aza orqaga egilgan.
Bolalar va o‘smirlarda umurtqa pog‘onasi egikliklari nima uchun qiyshayib qolishi mumkin?
- umurtqalar orasida tog‘ay umuman bo‘lmaydi
- tovon gumbazi yaxshi rivojlanmagan
- umurtqa pog‘onasi qizil ilikdan mahrum
- umurtqalar orasidagi tog‘aylar batamom suyakka aylanmagan
To‘g‘ri javob: umurtqalar orasidagi tog‘aylar batamom suyakka aylanmagan. Tog‘aylar hali suyakka aylanmaganligi egiklikning noto‘g‘ri shakllanishiga imkon beradi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash