XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 14-§.

Qon va uning vazifasi

Mavzular

Ichki muhit va to‘qima suyuqligi

Ichki muhit to‘g‘risida tushuncha. Organizmning normal hayot kechirishi uchun uning to‘qimalari va hujayralari doimo kislorod hamda oziq moddalar bilan ta’minlanib, moddalar almashinuvi mahsulotlari chiqarilib turilishi lozim. Moddalar faqat suvda erigan holda hujayra membranasidan o‘tishi mumkin. Shu sababdan hujayralar faqat ichki suyuq muhitda o‘z funksiyasini bajaradi. Ana shu suyuq muhit hujayralarni tashqi muhit bilan bog‘lab turadi. To‘qima suyuqligi, qon va limfa organizm ichki muhitini hosil qiladi.

To‘qima suyuqligi hujayralar orasidagi suyuqlikdan iborat. Hujayralar to‘qima suyuqligida joylashgan bo‘lib, suyuqlik orqali zarur oziq moddalar va kislorod oladi. Keraksiz moddalar almashinuv mahsulotlarini chiqarib turadi. To‘qima suyuqligi doimo harakatda bo‘lib, qon tomirlari orqali yangilanib turadi.

Limfa

Limfa – tiniq, biroz sarg‘ish suyuqlik limfa tomirlarida bo‘ladi. Tarkibi qonga yaqin, lekin eritrotsitlar va trombotsitlar bo‘lmasligi bilan qondan farq qiladi. Limfada juda ko‘p limfotsitlar bo‘ladi. Limfa tomirlari barcha organlar va to‘qimalar orqali o‘tadi. Limfa yo‘llari bo‘ylab limfa tugunlari joylashgan. Limfa organizmni har xil mikroblardan himoya qilishda ishtirok etadi.

Qon va gomeostaz

Qon – organizm ichki muhitini saqlashda asosiy ahamiyatga ega. Qon katta yoshdagi odam tanasi massasining 7 % ini tashkil etadi. Organizm ichki muhiti miqdori, kimyoviy tarkibi, osmotik bosimi va barcha fizik va kimyoviy xossalari nisbiy doimiy gomeostaz holatida bo‘ladi. Ichki muhitning gomeostaz holati saqlanib turishida qon aylanish, nafas olish, ovqat hazm qilish, ayirish, nerv va endokrin sistemalari ishtirok etadi. Ichki muhitning doimiyligi organizmdagi barcha hujayralar, to‘qimalar hamda organizmning normal faoliyati uchun zarur. Kasal organizmda ichki muhitning gomeostaz holati, ya’ni hujayra, qon, to‘qima suyuqligi va limfaning miqdori, kimyoviy tarkibi o‘zgaradi. Bu hol organlarning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ichki muhit doimiyligining o‘zgarishi

Ichki muhit nisbiy doimiyligining o‘zgarishi tashqi muhit omillari, ovqat miqdori va sifati, jismoniy mehnat, his-tuyg‘u va boshqa omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Masalan, issiq havoda yoki og‘ir jismoniy mehnat qilinganda organizm terlash orqali ko‘p suyuqlik va tuz yo‘qotadi. To‘qima suyuqligi, qon va hujayralarda suv miqdorining kamayishi chanqoqlik hissini paydo qiladi. Bunday holatda suv yoki boshqa suyuqlik ichish orqali yo‘qotilgan suvning o‘rni to‘ldiriladi. Ichiladigan suvga biroz osh tuzi qo‘shish yoki mineral suv iste’mol qilish orqali ichki muhitning kimyoviy tarkibi ham tiklanadi.

Qonning funksiyalari: transport

Qonning funksiyasi. Qon – suyuq biriktiruvchi to‘qima barcha organlar va to‘qimalarni o‘zaro bog‘lab turadi. Qon organizmda moddalarni tashish-transport, gumoral boshqarish, ichki muhit doimiyligini saqlash, himoya funksiyasini bajaradi.

Qonning transport funksiyasi kislorodni o‘pkadan to‘qimalarga, karbonat angidridni to‘qimalardan o‘pkaga, oziq moddalarni ichaklardan to‘qimalarga, to‘qimalarda hosil bo‘lgan moddalar almashinuv mahsulotlarini ayirish organlariga olib borishdan iborat. Tashqi muhitdan suv orqali kiradigan mineral moddalar ham qon orqali to‘qima va organlarga yetkazib beriladi.

Boshqarish funksiyasi

Qonning boshqarish funksiyasi. Qon organlar va to‘qimalar funksiyasini gumoral yo‘l bilan boshqarishda ishtirok etadi. Sekretsiya bezlari sintezlaydigan biologik faol moddalar qon orqali to‘qima va organlarga borib, organizmni gumoral boshqaradi. Qon organizm ichki muhiti osmotik bosimi, undagi suv va mineral moddalar miqdorining nisbiy doimiyligini boshqarishda ishtirok etadi. Qon barcha to‘qima va organlar orqali o‘tib, ularda haroratning doimiyligini saqlab turadi.

Himoya funksiyasi

Qonning himoya funksiyasi qon tarkibidagi hujayralar – leykotsitlar bilan bog‘liq. Leykotsitlar organizmga kirgan mikroblarni qamrab olib, parchalaydi va zararsizlantiradi. Qon plazmasi tarkibidagi antitelolar mikroblarni bir-biriga yopishtirib, eritib yuborish xususiyatiga ega. Ana shu yo‘l bilan qon organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qiladi (30-rasm).

30-rasm. Yallig‘lanish: 1 – teriga kirib qolgan zirapcha, 2 – qon tomiri, 3 – leykotsitlar, 4 – yiring.
30-rasm. Yallig‘lanish: 1 – teriga kirib qolgan zirapcha, 2 – qon tomiri, 3 – leykotsitlar, 4 – yiring.

Qonning fiziologik xossalari

Qonning fiziologik xossalari. Qonning solishtirma og‘irligi, yopishqoqligi, osmotik bosimi uning fiziologik xossalarini tashkil etadi. Qonning solishtirma og‘irligi suvnikidan birmuncha yuqori bo‘lib, 1,050–1,060 ga, qon plazmasiniki – 1,025–1,034 ga, shakliy elementlarniki – 1,090 ga teng. Qonning yopishqoqligi suvnikidan 5 marta ko‘p. Qon yopishqoqligining yuqori bo‘lishi uning tarkibidagi oqsillar, shaklli elementlar, xususan, eritrotsitlar bilan bog‘liq. Odam organizmi ko‘p suv yo‘qotganida qon plazmasi kamayib, qonning shaklli elementlarining nisbati ortadi, ya’ni qon quyuqlashib, uning yopishqoqligi ortadi.

Osmotik bosim va eritmalar

Qonning osmotik bosimi 7,6–8,1 atm.ga teng. Qon osmotik bosimining doimiyligi uning plazmasida erigan mineral tuzlar va ionlar bilan bog‘liq. Tuz va ionlar qonda va hujayralardagi suyuqlik hajmi, binobarin osmotik bosimning doimiy bo‘lishini ta’minlaydi. Ko‘p qon ketishi organizmni halokatga olib keladi. Yo‘qotilgan qonning o‘rnini to‘ldirish uchun osmotik bosimi qon plazmasi bosimiga teng bo‘lgan izotonik eritma (0,9 % li osh tuzi eritmasi)dan foydalaniladi. Tibbiyotda tarkibida organizm uchun zarur bo‘lgan tuzlar kompleksi, oqsillar, glukoza bo‘lgan qonning o‘rnini bosuvchi eritmalardan ham foydalaniladi.

Eritrotsitlar tuzlarning past konsentratsiyali (gipotonik) eritmasiga solinganda ular ichiga suv o‘tib yoriladi. Gemoglobin qon plazmasiga chiqib, uni bo‘yaydi. Suvini yo‘qotgan eritrotsitlar bujmayib qoladi.

Bilimingizni sinang

Organizm ichki muhitini nimalar hosil qiladi?
  1. qon, limfa va hujayra membranasi
  2. qon plazmasi, o‘t suyuqligi va to‘qima suyuqligi
  3. to‘qima suyuqligi, qon va limfa
  4. to‘qima suyuqligi, ilik va limfa

To‘g‘ri javob: to‘qima suyuqligi, qon va limfa. Ichki muhit to‘qima suyuqligi, qon va limfadan iborat.

Hujayralar nima uchun faqat ichki suyuq muhitda o‘z funksiyasini bajaradi?
  1. moddalar faqat qattiq holda membranadan o‘ta oladi
  2. hujayralar suyuqlikda erimagan moddalar bilan oziqlanadi
  3. membrana suvni umuman o‘tkazmaydi
  4. moddalar faqat suvda erigan holda hujayra membranasidan o‘tishi mumkin

To‘g‘ri javob: moddalar faqat suvda erigan holda hujayra membranasidan o‘tishi mumkin. Moddalar membranadan faqat erigan holda o‘tadi, shuning uchun suyuq muhit zarur.

Limfa tarkibi qonga yaqin bo‘lsa-da, qondan qanday farq qiladi?
  1. unda limfotsitlar bo‘lmaydi, trombotsitlar ko‘p
  2. u qizil rangda bo‘lib, gemoglobinga boy
  3. unda eritrotsitlar va trombotsitlar bo‘lmaydi, limfotsitlar juda ko‘p
  4. unda leykotsitlar bo‘lmaydi, eritrotsitlar juda ko‘p

To‘g‘ri javob: unda eritrotsitlar va trombotsitlar bo‘lmaydi, limfotsitlar juda ko‘p. Limfada eritrotsit va trombotsit yo‘q, limfotsit ko‘p; u tiniq, biroz sarg‘ish.

Katta yoshdagi odamda qon tana massasining necha foizini tashkil etadi?
  1. 3 %
  2. 7 %
  3. 20 %
  4. 12 %

To‘g‘ri javob: 7 %. Qon tana massasining 7 % ini tashkil qiladi.

Qon tana massasining 7 % ini tashkil etadi. Massasi 60 kg bo‘lgan katta yoshdagi odamda qon massasi qancha?
  1. 3,5 kg
  2. 5,6 kg
  3. 4,2 kg
  4. 6,0 kg

To‘g‘ri javob: 4,2 kg. 60 kg · 7 % = 60 · 0,07 = 4,2 kg.

Ichki muhitning miqdori, kimyoviy tarkibi va fizik-kimyoviy xossalarining nisbiy doimiy holati nima deyiladi?
  1. gomeostaz
  2. fassiya
  3. izotoniya
  4. limfostaz

To‘g‘ri javob: gomeostaz. Ichki muhitning nisbiy doimiy holati gomeostaz deyiladi.

Terlash orqali ko‘p suv va tuz yo‘qotilganda ichiladigan suvga biroz osh tuzi qo‘shishdan maqsad nima?
  1. eritrotsitlarni gipotonik muhitga o‘tkazish
  2. ichki muhitning kimyoviy tarkibini tiklash
  3. qon massasini 7 % dan oshirish
  4. limfa tugunlarini faollashtirish

To‘g‘ri javob: ichki muhitning kimyoviy tarkibini tiklash. Suv yo‘qotilgan suvni to‘ldiradi, tuz esa kimyoviy tarkibni tiklaydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qon karbonat angidridni to‘qimalardan o‘pkaga olib boradi. II. Qon oziq moddalarni ichaklardan to‘qimalarga yetkazadi. III. Qon kislorodni to‘qimalardan o‘pkaga tashiydi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: kislorod o‘pkadan to‘qimalarga tashiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMuskullarning rivojlanishi, odam qad-qomatining shakllanishiKeyingi →Qonning kimyoviy tarkibi