XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 15-§.

Qonning kimyoviy tarkibi

Mavzular

Qon plazmasi va shaklli elementlar

Katta yoshli odam organizmida 5 litrga yaqin qon bo'ladi. Qon suyuq biriktiruvchi to'qima bo'lib, uning asosiy qismini qon plazmasi tashkil etadi.

Plazmada shaklli elementlar, ya'ni qon hujayralari — trombotsitlar, eritrotsitlar va leykotsitlar joylashgan (31-rasm).

31-rasm. Qon hujayralari: a – har xil leykotsitlar, b – trombotsitlar, d – eritrotsitlar.
31-rasm. Qon hujayralari: a – har xil leykotsitlar, b – trombotsitlar, d – eritrotsitlar.

Plazma tarkibi

Qon plazmasining 90 % ini suv, qolgan qismini unda erigan organik moddalar: oqsil, yog', karbonsuv va mineral tuzlar tashkil etadi. Organik moddaning asosiy qismi (7 %) oqsildan iborat.

Plazmaning tarkibi doimiy bo'ladi. Shu sababdan ko'plab moddalarning doimo kelib turishiga qaramasdan, qon tarkibi o'zgarmaydi.

Plazmaga kelib turadigan suv va moddalar almashinuvi mahsulotlarining ortiqcha qismi ayirish organlari va o'pka orqali chiqarib turiladi.

Qon hujayralari qayerda hosil bo'ladi

Qon hujayralari suyaklarning g'ovak moddasi — qizil ilikda hosil bo'ladi. Katta yoshdagi odamlarda bu modda 1500 g ga yetadi. Qonning shaklli elementlari limfa tugunlari va bodomcha bezida ham hosil bo'ladi (32-rasm).

32-rasm. Qon hujayralarining hosil bo'lishi va yemirilishida ishtirok etuvchi organlar: 1 – yumshoq tanglay, 2 – ayrisimon bez, 3 – limfa sistemasi, 4 – qizil suyak iligi, 5 – taloq, 6 – chuvalchangsimon o'simta.
32-rasm. Qon hujayralarining hosil bo'lishi va yemirilishida ishtirok etuvchi organlar: 1 – yumshoq tanglay, 2 – ayrisimon bez, 3 – limfa sistemasi, 4 – qizil suyak iligi, 5 – taloq, 6 – chuvalchangsimon o'simta.

Trombotsitlar

Trombotsitlar, ya'ni qon plastinkalari — qonning yadrosiz hujayralari. Dumaloq oval shaklda, diametri 3–4 mkm ga teng. Suyaklar ko'migi va taloqda hosil bo'lib, 2–5 kun yashaydi. 1 mm³ qonda 300–400 ming trombotsitlar bor.

Qonning ivish mexanizmi

Qonning ivishi trombotsitlar tarkibiga kiradigan tromboplastin oqsili bilan bog'liq. Qon tomirlari shikastlanganda jarohatdan oqayotgan qon ivib, qon laxtasi — tromb hosil qiladi. Tromb shikastlangan joyni to'sib, qon oqishini to'xtatadi.

Qonning ivishi qon plazmasidagi fibrinogen oqsiliga bog'liq. Qon tomirlari jarohatlanganida trombotsitlar yorilib, ulardagi tromboplastin fermenti qon plazmasiga chiqadi. Ferment qon plazmasidagi protrombin fermentini trombinga aylantiradi. Trombin ta'sirida qon plazmasida erigan fibrinogen oqsili erimaydigan fibringa aylanadi.

Fibrin to'ri va laxta

Fibrin tolalari qon tomirining jarohatlangan joyini to'rga o'xshab qoplab oladi. Qon hujayralari fibrin tolalari orasiga tiqilib qolib, tromb hosil bo'lishini tezlashtiradi. 3–4 minut davomida qon laxtasi sekin-asta quyuqlashib, jarohatlangan joyini yopadi va qon ketishini to'xtatadi.

Qon plazmasi ham ivish xususiyatiga ega. Bu jarayon ham qon ivishiga ta'sir qiladigan omillarga bog'liq. Faqat bu jarayon nisbatan sekin kechadi.

Kalsiy, geparin va gemofiliya

Qonning ivishi qon plazmasidagi kalsiy tuzlari va boshqa o'nga yaqin omillar ishtirokida boradi. Agar kalsiy qondan chiqarib tashlansa, qon ivimaydi. Donor qonini saqlashda xuddi shu usuldan foydalaniladi.

Odatda, qon tomirlarida ham kam miqdorda fibrin hosil bo'lib turadi. Lekin ayrim biologik faol moddalar, masalan, jigar ishlab chiqaradigan geparin qonning tomirlarda ivishiga to'sqinlik qiladi. Zuluklarning so'lak bezi ishlab chiqaradigan girudin moddasi ham shunday ta'sir ko'rsatadi. Qon ivishining oldini oluvchi moddalar qon so'ruvchi hasharotlar so'lagida ham aniqlangan.

Qon tarkibida qon ivishini ta'minlaydigan omillarning bo'lmasligi, ya'ni qon ivimasligi — gemofiliya gen bilan bog'liq irsiylanadigan og'ir kasallik. Gemofiliya bilan og'rigan bemor qoni ivimasligi tufayli, qon tomirlari kuchsiz jarohatlanganida ham ko'p qon yo'qotishdan halok bo'lishi mumkin.

Bilimingizni sinang

Katta yoshli odam organizmida qon miqdori taxminan qancha bo'ladi?
  1. 7 litrga yaqin
  2. 3 litrga yaqin
  3. 9 litrga yaqin
  4. 5 litrga yaqin

To‘g‘ri javob: 5 litrga yaqin. Katta yoshli odam organizmida 5 litrga yaqin qon bo'ladi; qon suyuq biriktiruvchi to'qimadir.

Qon plazmasining tarkibida suv va oqsil mos ravishda necha foizni tashkil etadi?
  1. Suv 80 %, oqsil 7 %
  2. Suv 70 %, oqsil 7 %
  3. Suv 90 %, oqsil 7 %
  4. Suv 90 %, oqsil 10 %

To‘g‘ri javob: Suv 90 %, oqsil 7 %. Plazmaning 90 % i suv, organik moddalarning asosiy qismi (7 %) oqsildir.

Qon tomiri jarohatlanganda qon ivishi jarayonini to'g'ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) fibrinogen erimaydigan fibringa aylanadi; 2) protrombin trombinga aylanadi; 3) trombotsitlar yorilib, tromboplastin plazmaga chiqadi; 4) fibrin tolalari jarohatni to'rdek qoplaydi.
  1. 3-1-2-4
  2. 2-3-1-4
  3. 3-2-1-4
  4. 3-2-4-1

To‘g‘ri javob: 3-2-1-4. Avval tromboplastin chiqadi, u protrombinni trombinga, trombin fibrinogenni fibringa aylantiradi, so'ng fibrin to'ri hosil bo'ladi.

Trombotsitlar haqidagi quyidagi hukmlardan qaysilari to'g'ri? I. Trombotsitlar qonning yadrosiz hujayralaridir; II. Ularning diametri 3–4 mkm ga teng; III. Ular 20–30 kun yashaydi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Trombotsitlar yadrosiz, diametri 3–4 mkm, ammo 2–5 kun yashaydi, shuning uchun III noto'g'ri.

Ko'plab moddalar doimo kelib turishiga qaramay qon plazmasi tarkibi o'zgarmaydi. Plazmaning ortiqcha suvi va moddalar almashinuvi mahsulotlari qaysi organlar orqali chiqariladi?
  1. Jigar va taloq
  2. Bodomcha bez va ayrisimon bez
  3. Qizil ilik va limfa tugunlari
  4. Ayirish organlari va o'pka

To‘g‘ri javob: Ayirish organlari va o'pka. Ortiqcha suv va almashinuv mahsulotlari ayirish organlari hamda o'pka orqali chiqariladi, shu sababli tarkib doimiy.

Qon hujayralari hosil bo'ladigan suyaklarning g'ovak moddasi — qizil ilik katta yoshdagi odamlarda qancha massaga yetadi?
  1. 500 g ga
  2. 2500 g ga
  3. 1000 g ga
  4. 1500 g ga

To‘g‘ri javob: 1500 g ga. Qon hujayralari qizil ilikda hosil bo'ladi; kattalarda bu modda 1500 g ga yetadi.

Gemofiliya bilan og'rigan bemor kuchsiz jarohatlanganda ham ko'p qon yo'qotishdan halok bo'lishi mumkin. Buning sababi nima?
  1. Qonida trombotsitlar soni haddan ortiq ko'payib ketadi
  2. Qonida ivishni ta'minlaydigan omillar bo'lmaydi
  3. Qon tomirlari devori juda yupqa bo'lib, yorilib ketadi
  4. Qonida geparin miqdori me'yordan kamayib ketadi

To‘g‘ri javob: Qonida ivishni ta'minlaydigan omillar bo'lmaydi. Gemofiliyada qon ivishini ta'minlaydigan omillar yo'q, shu sabab qon ivimaydi va ko'p yo'qotiladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to'g'ri? I. Tromboplastin fibrinogenni to'g'ridan-to'g'ri fibringa aylantiradi; II. Tromboplastin fermenti protrombinni trombinga aylantiradi; III. Qon laxtasi 3–4 minut davomida quyuqlashib, jarohatni yopadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. Faqat III

To‘g‘ri javob: II va III. Fibrinogenni fibringa trombin aylantiradi, shuning uchun I noto'g'ri; II va III to'g'ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiQon va uning vazifasiKeyingi →Eritrotsitlar