XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 17-§.

Leykotsitlar

Mavzular

Leykotsitlarning tuzilishi

Leykotsitlar — yadroga ega bo'lgan, rangsiz hujayralar. Shuning uchun ularni oq qon tanachalari ham deyiladi. Ular qizil ilik, limfa tugunlari, ayrisimon bez, taloqda hosil bo'ladi. Ular 2–5 kun yashaydi.

Leykotsitlarning shakli o'zgaruvchan bo'lib, ular faol harakatlanish xususiyatiga ega. 1 mm³ qonda 6–8 ming leykotsitlar bo'ladi. Leykotsitlarning tuzilishi va funksiyasiga ko'ra bir-biridan farq qiladigan bir necha xili mavjud.

Fagotsitoz

Leykotsitlar organizmni har xil mikroblar va zaharli moddalardan himoya qiladi. Leykotsitlarning ayrim xillari qon tomirlari devoridan to'qimalarga o'tish va u yerdagi begona zarrachalarni qamrab olib, hazm qilish xususiyatiga ega.

Bu hodisani rus olimi I. I. Mechnikov kashf etgan va uni fagotsitoz (yunoncha «fagos» — yutaman, «sitos» — hujayra), «yutuvchi» hujayralarni esa fagotsitlar deb atagan.

Yallig'lanish va yiring

Teri jarohatlanganida (masalan, zirapcha kirganida) jarohatlangan joy dastlab qizaradi, keyin yiringlaydi. Bu hodisa leykotsitlar funksiyasi bilan bog'liq. Organizmga yot narsalar ko'proq tushib qolganida ularni yutadigan fagotsitlar tobora yiriklasha borib, yoriladi. Yorilganda chiqadigan moddalar yallig'lanish paydo qiladi.

Yallig'langan joy shishib qizarib, harorat ko'tariladi. Yallig'lanish reaksiyalari jarohatlangan joyga yanada ko'proq leykotsitlarni jalb qiladi. Leykotsitlar zararli mikroorganizmlar va halok bo'lgan hujayralarni yo'q qilish bilan birga o'zlari ham ko'plab halok bo'ladi. Yallig'langan to'qimalarda to'plangan yiring o'lik leykotsitlar to'plamidan iborat.

Immunitet va antitelolar

Fagotsitoz bilan bir qatorda organizm boshqa himoya vositalariga ega. Bunday vositalardan biri leykotsitlarning bir xili ishlab chiqaradigan oqsil tabiatiga ega moddalar — antitelo, antitoksinlardir.

Antitelo organizmga kirib qolgan begona tanachalar (antigen) ni eritib yuboradi. Antitoksinlar esa mikroblar ajratadigan zaharli moddalarni parchalab neytrallaydi. Organizmning kasallik tug'diruvchi mikroblar hamda begona moddalardan himoyalanish xususiyati immunitet deyiladi.

Immunitet xillari

Chaqaloq tug'ilishigacha uning qonida ko'pchilik kasalliklarga qarshi tayyor antitelolar hosil bo'ladi. Bu xildagi immunitet ota-onadan bolaga berilganidan tug'ma immunitet deyiladi.

Ko'kyo'tal, qizamiq, suvchechak, tepki kabi yuqumli kasalliklardan keyin ham immunitet paydo bo'ladi. Infeksiyali kasalliklardan so'ng paydo bo'lgan bunday immunitet hosil qilingan immunitet deyiladi. Tug'ma va hosil qilingan immunitet tabiiy immunitet deyiladi.

Ko'pincha poliomiyelit, qizamiq, tepki kasalliklaridan himoya qilish uchun odamlar emlanadi. Emlashda organizmga o'ldirilgan yoki kuchsizlantirilgan kasallik qo'zg'atuvchi mikroblar yuboriladi.

Yuqumli kasalliklarni davolashda tayyor antiteloga ega bo'lgan shifobaxsh zardoblardan foydalaniladi. Bunday zardoblar yuqumli kasallik bilan og'rib sog'aygan odam yoki hayvon qoni plazmasidan olinadi. Zardoblardan yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida ham foydalaniladi.

OITV va OITS

Odam immun tanqisligi virusi (OITV) immun sistemaning buzilishi bilan bog'liq infeksiyali kasallik. Bu virus birinchi marta 1983-yilda orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS) sabablarini tadqiq qilish jarayonida fransiyalik olim Lui Montani tomonidan aniqlangan.

Virus bemor qoni, limfasi va orqa miya suyuqligida ko'p uchraydi. Virus ko'pincha organizmni kasalliklardan himoya qiluvchi antitelolar ishlab chiqaradigan qon hujayralari — limfotsitlarni zararlaydi. Shu sababdan kasal organizmning immunlik xususiyati asta-sekin kuchsizlanib, har xil kasalliklarga tez beriluvchan bo'lib qoladi.

OITSning birinchi davrlari

Virusli immun tanqisligi rivojlanishiga ko'ra 5 davrga bo'linadi:

OITSning oxirgi davrlari

Yuqish yo'llari va oldini olish

Immun tanqisligi virusi bemordan yoki virus yuqtirgan lekin kasallik belgisi paydo bo'lmagan odamdan yuqadi. Immun tanqisligi virusi bilan zararlanish narkomanlar orasida ko'proq uchraydi. Sterillanmagan tibbiy, kosmetologik, sartaroshlik asbob-uskunalari ham virusning tarqalishiga sabab bo'ladi.

Virus homiladorlik davrida ona qonidan va virus bilan zararlangan ona sutidan ham bolaga yuqishi mumkin. «XXI asr o'lati» deb nom olgan OITS ni davolash, unga qarshi emlash usullari yaratilmagan. Bu xavfli kasallikdan saqlanishning asosiy chorasi virusni yuqtirmaslik uchun sog'lom turmush tarziga rioya qilishdan iborat. 1-dekabr «Umumjahon OITS ga qarshi kurash kuni» deb e'lon qilingan.

Bilimingizni sinang

Leykotsitlar nima sababdan oq qon tanachalari ham deyiladi?
  1. Ular yadroga ega bo'lgan, rangsiz hujayralar
  2. Ular yadrosiz, qizil rangli hujayralar
  3. Ularning shakli o'zgarmas va harakatsiz bo'ladi
  4. Ular faqat suyak ko'migida hosil bo'ladi

To‘g‘ri javob: Ular yadroga ega bo'lgan, rangsiz hujayralar. Leykotsitlar yadroli, rangsiz hujayralar bo'lgani uchun oq qon tanachalari deyiladi.

1 mm³ qonda leykotsitlar soni va ularning yashash muddati qaysi javobda to'g'ri berilgan?
  1. 6–8 ming, 120 kun
  2. 300–400 ming, 2–5 kun
  3. 6–8 ming, 2–5 kun
  4. 4–6 mln, 120 kun

To‘g‘ri javob: 6–8 ming, 2–5 kun. 1 mm³ qonda 6–8 ming leykotsit bo'ladi va ular 2–5 kun yashaydi.

Fagotsitoz hodisasini kim kashf etgan va yunoncha «fagos» so'zi nimani bildiradi?
  1. I. I. Mechnikov; yutaman
  2. K. Landshteyner; yutaman
  3. I. I. Mechnikov; hujayra
  4. L. Montane; yutaman

To‘g‘ri javob: I. I. Mechnikov; yutaman. Fagotsitozni I. I. Mechnikov kashf etgan; «fagos» — yutaman, «sitos» — hujayra.

Fagotsitoz jarayonida leykotsitlarning ayrim xillari qanday ish bajaradi?
  1. Antitoksin ishlab chiqarib, begona tanachalarni eritadi
  2. Kislorodni biriktirib, to'qimalarga tashiydi
  3. Qon tomirlari devoridan to'qimalarga o'tib, begona zarrachalarni qamrab olib, hazm qiladi
  4. Qon ivishini ta'minlovchi tromboplastin hosil qiladi

To‘g‘ri javob: Qon tomirlari devoridan to'qimalarga o'tib, begona zarrachalarni qamrab olib, hazm qiladi. Fagotsitlar to'qimalarga o'tib, begona zarrachalarni qamrab oladi va hazm qiladi.

Yallig'langan to'qimalarda to'plangan yiring nimadan iborat?
  1. O'lik leykotsitlar to'plamidan
  2. O'lik eritrotsitlar to'plamidan
  3. Fibrin tolalari to'plamidan
  4. Trombotsitlar to'plamidan

To‘g‘ri javob: O'lik leykotsitlar to'plamidan. Yiring o'lik leykotsitlar to'plamidir.

Organizmga yot narsalar ko'p tushganda ularni yutgan fagotsitlar yorilganda nima yuz beradi?
  1. Chiqadigan moddalar jarohat sathini darhol quritadi
  2. Chiqadigan moddalar qonni ivitib, tromb hosil qiladi
  3. Chiqadigan moddalar antitelolarga aylanib ketadi
  4. Chiqadigan moddalar yallig'lanish paydo qiladi

To‘g‘ri javob: Chiqadigan moddalar yallig'lanish paydo qiladi. Fagotsitlar yorilganda chiqadigan moddalar yallig'lanish paydo qiladi.

Yallig'lanish haqidagi hukmlardan qaysilari to'g'ri? I. Yallig'langan joy shishib qizarib, harorat ko'tariladi; II. Yallig'lanish reaksiyalari jarohatlangan joyga leykotsitlar oqimini kamaytiradi; III. Leykotsitlar mikroorganizmlarni yo'q qilish bilan birga o'zlari ham ko'plab halok bo'ladi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. Yallig'lanish jarohatga yanada ko'proq leykotsitlarni jalb qiladi, shuning uchun II noto'g'ri.

Quyidagilarni ularning vazifasi bilan moslang: 1) antitelo; 2) antitoksin; 3) fagotsit; a) mikroblar ajratgan zaharli moddalarni parchalab neytrallaydi; b) begona tanachalar (antigen) ni eritib yuboradi; c) begona zarrachalarni qamrab olib, hazm qiladi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Antitelo antigenni eritadi, antitoksin zaharni neytrallaydi, fagotsit zarrachani yutib hazm qiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEritrotsitlarKeyingi →Qon aylanishining ahamiyati, yurakning tuzilishi