XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 18-§.

Qon aylanishining ahamiyati, yurakning tuzilishi

Mavzular

Qon aylanishining ahamiyati

Yurak va qon tomirlari qon aylanish sistemasi organlari hisoblanadi. Yurak muskullari qisqarib, organizmda qonning to'xtovsiz oqib turishini ta'minlaydi. Qonning tomirlar bo'ylab oqib turishi qon aylanishi deyiladi. Qon aylanishi tufayli to'qima va hujayralarga oziq moddalar va kislorod to'xtovsiz kelib turadi, moddalar almashinuvi mahsulotlari organizmdan chiqarib turiladi.

Yurakning joylashishi va o'lchami

Yurak qon aylanish sistemasining markaziy organi hisoblanadi. Yurak xaltaga o'xshash muskulli organ bo'lib, ko'krak qafasida, to'sh suyagi orqasida joylashgan (33-rasm). Uning ko'proq qismi ko'krak qafasining chap qismida turadi. Yurakning kattaligi odam mushtidek keladi. Uning massasi erkaklarda 220–300 g, ayollarda 180–220 g bo'ladi.

33-rasm. Yurakning tuzilishi: a – tashqi ko'rinishi, b – ichki tuzilishi: 1 – aorta yoyi, 2 – yuqori kovak vena, 3 – o'pka arteriyasi, 4 – o'pka venasi, 5 – pastki kovak vena, 6 – o'ng bo'lmasi, 7 – chap bo'lmasi, 8 – tavaqali klapanlar, 9 – chap qorincha, 10 – o'ng qorincha.
33-rasm. Yurakning tuzilishi: a – tashqi ko'rinishi, b – ichki tuzilishi: 1 – aorta yoyi, 2 – yuqori kovak vena, 3 – o'pka arteriyasi, 4 – o'pka venasi, 5 – pastki kovak vena, 6 – o'ng bo'lmasi, 7 – chap bo'lmasi, 8 – tavaqali klapanlar, 9 – chap qorincha, 10 – o'ng qorincha.

Sistolik va minutlik hajm

Yurak nasos singari qonni qon tomirlariga haydab chiqaradi. Tinch turgan odam yuragining yurak qorinchalari bir marta qisqarganda 65–70 ml qonni aortaga chiqaradi. Bu yurakning sistolik hajmi deb ataladi.

Sistolik hajmni bir minutdagi qisqarishlar soniga ko'paytirish orqali har bir yurak qorinchasining minutlik sistolik hajmini topish mumkin, ya'ni minutlik hajmi o'rtacha tinch holatda 5 litr (70×70=4,9).

Yurak devori va kameralari

Odam yuragi boshqa sutemizuvchilar singari to'rt kamerali bo'ladi. Yurak tashqi tomondan ikki qavat biriktiruvchi to'qimadan iborat yupqa yurakoldi xaltasi bilan o'ralgan. Bu qavatlar o'rtasidagi bo'shliqdagi suyuqlik yurak qisqarganida ishqalanishni kamaytiradi.

Yurak devori uch qavatli bo'ladi. Ichki qavati yurak bo'lmalari va qorinchalari bo'shlig'ini qoplab turadigan yupqa epiteliydan iborat. Yurak devorining o'rta qavati esa yurak muskullaridan iborat. Devorning tashqi qavati biriktiruvchi to'qimadan iborat.

Yurakning ichki bo'shlig'i to'rt qismga bo'lingan. Uning yuqori bo'limlari o'ng va chap bo'lmalar, pastki bo'limlari o'ng va chap qorinchalar deyiladi.

Klapanlar

Yurakning o'ng bo'lmasi uch tavaqali klapan orqali o'ng qorinchaga, chap bo'lmasi ikki tavaqali klapan orqali chap qorinchaga ochiladi. Bo'lmalar qisqarganida ulardagi klapanlar qorinchalar bo'shlig'iga ochilib, qon bo'lmalardan qorinchalarga oqib o'tadi.

Chap qorincha bilan aorta qon tomiri o'rtasida hamda o'ng qorincha bilan o'pka arteriyasi o'rtasida bittadan yarimoysimon klapanlar joylashgan.

Qorinchalar devori

Yurak bo'lmalari devori ancha yupqa, muskullari kuchsiz rivojlangan. Yurak qorinchalari muskullari qonni katta va kichik qon aylanish doiralari orqali chiqarib, katta ish bajaradi. Shu sababdan qorinchalar devori qalin va muskulli bo'ladi.

Ayniqsa, qonni katta qon aylanish doirasiga chiqaradigan chap qorincha muskullari kuchli rivojlangan. Uning devori o'ng qorincha devoriga nisbatan 2–3 marta qalin bo'ladi.

Yurak avtomatiyasi va sikli

Tinch holatda yurak 1 minutda 70 marta qisqaradi. Yurak bir kecha-kunduzda 100000 marta qisqarib, 10 tonnaga yaqin qonni qon tomirlariga chiqaradi. Yurak tanadan ajratilganda ham ma'lum vaqt davomida qisqarib turadi. Yurak muskullarida paydo bo'ladigan qo'zg'alishlar ta'sirida bir me'yorda qisqarish xususiyati yurak avtomatiyasi deyiladi.

Yurak bo'lmalari va qorinchalarining bir martadan qisqarib, bo'shashishi yurak sikli deyiladi. Yurak bo'lmalarining qisqarishi 0,1 sekund davom etadi. Shundan so'ng qorinchalar 0,3 sekund davomida qisqaradi. Keyin bo'lmachalar va qorinchalar muskullari 0,4 sekund davomida bo'shashib, dam oladi. Shunday qilib, yurak sikli o'rtacha 0,8 sekund davom etadi.

Yurak ishining nerv boshqaruvi

Yurakning qisqarish tezligi va qisqarish kuchi tashqi va ichki muhit sharoitiga bog'liq. Organlarning ishlashiga qarab ularning qon bilan ta'minlanishi ham o'zgarib turadi. Yurak qisqarishi tezligi va kuchi oshgan sayin qon tomirlariga chiqadigan qon ko'paysa, aksincha, yurak qisqarish kuchi va tezligi kamaygan sari qon tomirlariga chiqadigan qon miqdori kamayib boradi.

Yurak nerv sistemasi orqali reflektor tarzda boshqarib turiladi. Parasimpatik nervlar orqali keladigan nerv impulslari yurak ishi va qisqarishini sekinlashtiradi. Simpatik nervlar orqali keladigan nerv impulslari esa yurakning qisqarishini kuchaytiradi va qisqarish tezligini oshiradi.

Yurak ishining gumoral boshqaruvi

Yurak ishining gumoral boshqarilishi gormonlar va boshqa biologik faol moddalar bilan bog'liq. Buyrakusti bezi gormoni adrenalin, kalsiy tuzlari yurakning qisqarishini kuchaytiradi va tezlashtiradi. Buyrakusti bezining miya qismida ishlab chiqariladigan adrenalin gormoni, xuddi simpatik nervga o'xshab, yurak ishini tezlashtiradi va arterial bosimni oshiradi.

Gipofiz bezining orqa bo'lagidan chiqadigan vazopressin gormoni ham qon tomirlarini toraytirib, bosimni oshiradi. Boshqa biologik faol moddalar va kalsiy tuzlari esa yurak ishiga teskari ta'sir ko'rsatadi.

Qon aylanish sistemasi organlari ishining boshqarilishi nerv sistemasi va gumoral omillarning organlarga birgalikda ta'sir ko'rsatishi bilan bog'liq. Masalan, kishi jismoniy mehnat bilan shug'ullanganida muskullar va paylardagi retseptorlardan keladigan nerv impulslari markaziy nerv sistemasiga kelib, yurak ishini boshqarib turadi.

Bilimingizni sinang

Qon aylanishi tufayli to'qima va hujayralarga nimalar kelib turadi hamda organizmdan nimalar chiqarib turiladi?
  1. Oziq moddalar va kislorod keladi; almashinuv mahsulotlari chiqariladi
  2. Faqat suv keladi; mineral tuzlar chiqariladi
  3. Almashinuv mahsulotlari keladi; oziq moddalar va kislorod chiqariladi
  4. Karbonat angidrid keladi; kislorod chiqariladi

To‘g‘ri javob: Oziq moddalar va kislorod keladi; almashinuv mahsulotlari chiqariladi. Qon oziq moddalar va kislorodni yetkazadi, almashinuv mahsulotlarini olib ketadi.

Yurak ko'krak qafasida qanday joylashgan?
  1. To'sh suyagi orqasida, ko'proq qismi chap tomonda
  2. To'sh suyagi orqasida, ko'proq qismi o'ng tomonda
  3. Diafragma ostida, qorin bo'shlig'ida
  4. Umurtqa pog'onasi orqasida, ko'proq qismi chap tomonda

To‘g‘ri javob: To'sh suyagi orqasida, ko'proq qismi chap tomonda. Yurak to'sh suyagi orqasida joylashgan va ko'proq qismi ko'krak qafasining chap qismida turadi.

Yurakning massasi erkaklarda va ayollarda mos ravishda qancha bo'ladi?
  1. 220–300 g va 180–220 g
  2. 150–180 g va 100–150 g
  3. 300–400 g va 220–300 g
  4. 180–220 g va 220–300 g

To‘g‘ri javob: 220–300 g va 180–220 g. Yurak massasi erkaklarda 220–300 g, ayollarda 180–220 g.

Tinch turgan odam yuragi qorinchasi bir marta qisqarganda 70 ml qon haydaydi va 1 minutda 70 marta qisqaradi. Minutlik hajm qancha?
  1. 4,9 litr
  2. 49 litr
  3. 0,49 litr
  4. 14 litr

To‘g‘ri javob: 4,9 litr. Minutlik hajm = sistolik hajm × qisqarishlar soni = 70 ml × 70 = 4900 ml ≈ 4,9 litr.

Tinch turgan odam yuragi qorinchalari bir marta qisqarganda aortaga qancha qon chiqaradi va bu hajm nima deb ataladi?
  1. 650–700 ml, sistolik hajm
  2. 65–70 ml, sistolik hajm
  3. 5 litr, sistolik hajm
  4. 65–70 ml, minutlik hajm

To‘g‘ri javob: 65–70 ml, sistolik hajm. Bir qisqarishda aortaga chiqadigan 65–70 ml qon sistolik hajm deyiladi.

Yurak devori qavatlarini ularning tuzilishi bilan moslang: 1) ichki qavat; 2) o'rta qavat; 3) tashqi qavat; a) biriktiruvchi to'qima; b) yupqa epiteliy; c) yurak muskullari.
  1. 1-c, 2-b, 3-a
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-a, 2-c, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Ichki qavat yupqa epiteliy, o'rta qavat yurak muskullari, tashqi qavat biriktiruvchi to'qimadan iborat.

Yurakning o'ng va chap bo'lmalari qorinchalarga qaysi klapanlar orqali ochiladi?
  1. O'ng bo'lma — uch tavaqali, chap bo'lma — ikki tavaqali klapan orqali
  2. Ikkala bo'lma ham yarimoysimon klapan orqali
  3. O'ng bo'lma — ikki tavaqali, chap bo'lma — uch tavaqali klapan orqali
  4. Ikkala bo'lma ham uch tavaqali klapan orqali

To‘g‘ri javob: O'ng bo'lma — uch tavaqali, chap bo'lma — ikki tavaqali klapan orqali. O'ng bo'lma uch tavaqali, chap bo'lma ikki tavaqali klapan orqali ochiladi.

Nima uchun yurak qorinchalarining devori bo'lmalar devoridan qalin va muskulli bo'ladi?
  1. Qorinchalar qonni faqat yurak bo'lmalariga qaytaradi
  2. Qorinchalar ichida qon ivishini ta'minlovchi moddalar ishlanadi
  3. Qorinchalar qonni katta va kichik qon aylanish doiralari orqali chiqarib, katta ish bajaradi
  4. Qorinchalar yurakoldi xaltasini ishqalanishdan saqlaydi

To‘g‘ri javob: Qorinchalar qonni katta va kichik qon aylanish doiralari orqali chiqarib, katta ish bajaradi. Qorinchalar qonni ikkala doiraga haydab katta ish bajargani uchun devori qalin.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiLeykotsitlarKeyingi →Qon tomirlari, qon aylanish doirasi