Qonning qon tomirlari bo‘ylab oqishi
Mavzular
Qon bosimi
Qon bosimi. Qon bosimi yurak qorincha muskullarining qisqarish kuchi va qon tomirlari devorining qarshilik kuchi bilan bog‘liq. Qon bosimi yurakdan chiqadigan aorta qon tomirida eng yuqori bo‘ladi. Yurakdan uzoqlashgan sari qon bosimi ham pasayib boradi. Bosim kapillarlarda pasayib, yuqori va pastki kovak venalarda eng past bo‘ladi. Qon aylanish sistemasining turli qismlarida qon bosimining bir xil bo‘lmasligi qonni qon tomirlarida oqib turishini ta’minlaydi.
Qon bosimi tinch holatda yurak muskullari qisqarganida 110–120 mm, yurak bo‘shashganda 70–80 mm simob ustuniga teng bo‘ladi. Qon bosimi yelka arteriyasida sfigmomonometr yoki tonometr orqali o‘lchanadi (37-rasm).

Tomir urishi (puls)
Tomir urishi (puls). Yurak qorinchasi muskullari har safar qisqarganida qon kuch bilan yurakdan otilib chiqib, aorta devoriga uriladi va uning muskullarini cho‘zadi. Muskullar bo‘shashishi bilan aorta devori ham o‘z holiga qaytadi. Aorta devorining elastikligi tufayli qon tomirining kengayishi va torayishi ta’sirida qon tomiri devorida paydo bo‘lgan tebranish arteriyalar bo‘ylab tarqalish to‘lqini — «puls», ya’ni tomir urishini paydo qiladi.
Tana yuzasiga yaqin joylashgan arteriyalarni, masalan, chakka, panjaning ichki tomoni yoki bo‘yinning yon tomonini barmoq bilan bosib turib, pulsni sezish mumkin (38-rasm).

Har bir puls yurak qorinchalari muskullarining bir marta qisqarishiga to‘g‘ri keladi. Pulsni sanash orqali yurak qorinchasining bir minut ichida qisqarishlari sonini bilib olish mumkin (39-rasm).

Qon oqimi tezligi
Qon oqimi tezligi. Qon oqishining o‘rtacha tezligi aortada 40 cm/sek, arteriyalarda 40–10 cm/sek, arteriolalarda 10–0,1 cm/sek, kapillarda 0,1 cm/sek, venalarda 0,3–0,5 cm/sek. gacha sekinlashadi. Qonning sekin oqishi tufayli kapillarlardagi oziq moddalar va kislorod qondan hujayralarga, moddalar almashinuvi mahsulotlari hujayralardan qonga o‘tishga ulguradi.
Qonning arteriya va venalarda oqishi
Qonning arteriya va venalarda oqishi. Qon bosimi arteriyalarda yuqori, kapillarlarda past bo‘ladi. Qon bosim yuqori bo‘lgan joydan bosim past bo‘lgan joyga, ya’ni arteriyalardan kapillarlarga oqadi. Yurak qorinchasi 120 mm simob ustuniga teng bosim ostida qonni aortaga haydab chiqaradi. Bosim kapillarlarda 15 mm simob ustunigacha pasayadi. Qon bosimi tonometr yordamida yelka arteriyalarida o‘lchanadi. Yosh, sog‘lom odamlar qon bosimi yurakning tinch qisqarish holatida (maksimal bosim) 120 mm, yurak bo‘shashganda (minimal bosim) 15 mm simob ustuniga teng bo‘ladi.
Qonning venalar bo‘ylab oqishi ularni o‘rab turgan skelet muskullarining qisqarishiga bog‘liq. Bundan tashqari, bo‘lmalar qondan bo‘shab, bosim pasayganida yurak nasos kabi qonni venalardan so‘rib oladi.
Limfa aylanishi
Limfa aylanishi. Odam tanasida 460 taga yaqin limfa tugunlari bor. Tanadagi barcha limfa tomirlarida hammasi bo‘lib o‘rtacha 1–2 l limfa suyuqligi bo‘ladi. Bir kecha-kunduzda 1200–1500 ml limfa suyuqligi limfa tomirlaridan vena qon tomirlariga quyiladi. Buning o‘rniga to‘qimalardagi suyuqlikdan limfa hosil bo‘lib turadi. Limfa sistemasi limfa suyuqligining limfa tomirlari bo‘ylab oqishi va to‘qimalardan ortiqcha suyuqlikning olib chiqib ketilishini ta’minlaydi.

Limfa sistemasi to‘qimalar suyuqligida joylashgan bir uchi berk limfa kapillarlaridan boshlanadi (40-rasm). To‘qima suyuqligi limfa kapillarlariga o‘tib, limfa suyuqligiga aylanadi. Limfa kapillarlari o‘zaro birlashib, yirik limfa tomirlarini hosil qiladi. Bu tomirlar barcha organlar orqali o‘tadi. Limfa tomirlarining ichki devorida joylashgan klapanlar limfaning teskari tomonga oqishiga yo‘l bermaydi. Klapanlar tufayli limfa faqat oldinga qarab oqadi.
Limfa tugunlari va ichki muhit
Limfa tomirlari bo‘ylab limfa tugunlari joylashgan (41-rasm). Tugunlar mikroorganizmlarni tutib qoluvchi filtr hisoblanadi. Limfa tugunlarida ko‘plab hosil bo‘ladigan limfotsit hujayralar organizmning immun reaksiyalarida faol ishtirok etadi. Limfa tugunlari qo‘ltiqosti, bo‘yin, tirsak va tizza bo‘g‘imlari, ko‘krak va qorin bo‘shlig‘ida ayniqsa ko‘p bo‘ladi.

Limfa qon, to‘qima suyuqligi bilan birgalikda organizm ichki muhitini hosil qiladi. Barcha limfa tomirlari o‘zaro birlashib, limfa oqimlarini hosil qiladi. Limfa oqimlari esa yirik venalarga kelib quyilib, tomirlarda qon bilan aralashib ketadi. Ana shu tariqa to‘qima suyuqligi qon oqimiga qaytib keladi.
Taloq
Taloq qorin bo‘shlig‘i chap tomonining yuqori qismida, ya’ni chap qovurg‘alar ostida joylashgan. Uning massasi katta odamda 140–200 g.
Taloqda limfotsitlar hosil bo‘ladi va ular limfa tomirlariga chiqarib turiladi. Limfotsitlar odam organizmining immunitet xususiyatini ta’minlashda ishtirok etadi. Demak, taloq organizmni yuqumli kasalliklardan himoya qilish (immunitet) vazifasini bajarishda ishtirok etadi. Bundan tashqari, taloqda qonning ortiqcha qismi zaxira holda to‘planadi va u qon deposi vazifasini bajaradi. Shu bilan birga taloqda qonning yashash muddatini o‘tagan shaklli elementlari (eritrotsitlar va leykotsitlar) parchalanadi.
Jismoniy mehnat va sport bilan shug‘ullanganda taloqda limfotsitlar hosil bo‘lishi ko‘payadi. Demak, bunda odam organizmining immuniteti kuchayadi.
Bilimingizni sinang
Qon bosimi qon aylanish sistemasining qaysi qismida eng yuqori bo‘ladi?
- Kapillarlarda
- Yuqori va pastki kovak venalarda
- Arteriolalarda
- Yurakdan chiqadigan aortada
To‘g‘ri javob: Yurakdan chiqadigan aortada. Qon bosimi yurakdan chiqadigan aortada eng yuqori bo‘ladi, yurakdan uzoqlashgan sari pasayadi.
Qon bosimi odatda qaysi arteriyada tonometr yordamida o‘lchanadi?
- Chakka arteriyasida
- Son arteriyasida
- Bo‘yin arteriyasida
- Yelka arteriyasida
To‘g‘ri javob: Yelka arteriyasida. Qon bosimi yelka arteriyasida sfigmomonometr yoki tonometr bilan o‘lchanadi.
Kapillarlarda qon oqishining o‘rtacha tezligi qancha?
- 10 cm/sek
- 0,3–0,5 cm/sek
- 0,1 cm/sek
- 40 cm/sek
To‘g‘ri javob: 0,1 cm/sek. Kapillarda qon eng sekin oqadi: 0,1 cm/sek; venalarda 0,3–0,5 cm/sek.
Odam tanasida limfa tugunlarining soni taxminan qancha?
- 160 taga yaqin
- 360 taga yaqin
- 460 taga yaqin
- 260 taga yaqin
To‘g‘ri javob: 460 taga yaqin. Odam tanasida 460 taga yaqin limfa tugunlari bor.
Taloq odam tanasining qayerida joylashgan?
- Qorin bo‘shlig‘ining chap tomonidagi yuqori qismida, chap qovurg‘alar ostida
- Qorin bo‘shlig‘ining chap tomonidagi pastki qismida
- Qorin bo‘shlig‘ining o‘ng tomonidagi yuqori qismida, o‘ng qovurg‘alar ostida
- Qorin bo‘shlig‘ining o‘ng tomonidagi pastki qismida
To‘g‘ri javob: Qorin bo‘shlig‘ining chap tomonidagi yuqori qismida, chap qovurg‘alar ostida. Taloq qorin bo‘shlig‘i chap tomonining yuqori qismida, chap qovurg‘alar ostida joylashgan.
Katta odam taloqining massasi qancha bo‘ladi?
- 140–200 g
- 80–100 g
- 40–60 g
- 400–500 g
To‘g‘ri javob: 140–200 g. Taloqning massasi katta odamda 140–200 g.
Kapillarlarda qon sekin oqishining biologik ahamiyati nimada?
- Qon laxtasi hosil bo‘lishi to‘xtaydi
- Qon yurakka tezroq qaytib keladi
- Qon bosimi aortadagiga nisbatan oshadi
- Oziq moddalar va kislorod hujayralarga, almashinuv mahsulotlari qonga o‘tishga ulguradi
To‘g‘ri javob: Oziq moddalar va kislorod hujayralarga, almashinuv mahsulotlari qonga o‘tishga ulguradi. Sekin oqish tufayli kapillarlarda modda almashinuvi (oziq moddalar, kislorod, mahsulotlar) to‘liq amalga oshadi.
Qon tomirlarida qonning oqib turishini nima ta’minlaydi?
- Arteriyalarda qon tezligining eng kam bo‘lishi
- Qon aylanish sistemasi qismlarida bosimning bir xil bo‘lmasligi
- Barcha tomirlarda bosimning bir xil bo‘lishi
- Limfa tomirlaridagi klapanlarning mavjudligi
To‘g‘ri javob: Qon aylanish sistemasi qismlarida bosimning bir xil bo‘lmasligi. Qon bosimi yuqori joydan past joyga oqadi, shu sababli bosim farqi qon oqimini ta’minlaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash